Jam’ bo‘lg‘on g‘unchalar, guldek parishon o‘lmangiz...

Jam’ bo‘lg‘on g‘unchalar, guldek parishon o‘lmangiz...
by Qoriy Xoʻqandiy
332928Jam’ bo‘lg‘on g‘unchalar, guldek parishon o‘lmangiz...Qoriy Xoʻqandiy

Jam’ bo‘lg‘on g‘unchalar, guldek parishon o‘lmangiz.
Andalibi xushnavo bo‘lg‘on gulafshon bo‘lmangiz.

Sabzadin olam tamoshogoh, sayri bog‘ uchun
Ochiling gul-gul davomat dog‘i xirmon o‘lmangiz.

Do‘stlar go‘yo banotun-na’sh bo‘stonlar aro,
Lola bargidek parishon, dillari qon o‘lmangiz.

Vasl bog‘i sabzu xurram gullar ochilgan kabi,
Sochilib haryon judolikdin pushaymon o‘lmangiz.

Sab’ai sayyoradek bir burjdin aylab tulu’,
Dil uyini ravshan aylab, becharog‘on o‘lmangiz.

Oshnolik rutbasi bo‘lsin musallam sizlara,
Nozaninlar zulfidek haryona larzon o‘lmangiz.

Sayri gulzor aylagan bulbul kabi bo‘ston aro
Betamoshoyi suman, besarvu rayhon o‘lmangiz.

Iftiroqi vaslidin ko‘ksi qarodur lolani,
Qamchi urgan raxshdek haryona javlon o‘lmangiz.

Sayr etib obi ravondek kelsangiz Farg‘onaga,
Qorining bo‘stonidin g‘ayriga mehmon o‘lmangiz.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.