Jar bo‘ylarida
Yana jar bo‘ylarida yonboshlab,
Ko‘zni atrofga yurgizib qoldim.
Yana sebargalarga gap tashlab,
Tilda qillarni tirgizib qoldim…
Yana do‘stlar bilan kulib, o‘ynab,
Qayg‘uni ko‘mmak istadim yerga.
Yana bor-yo‘qni munglanib kuylab,
Yana tovushimni quvladim qirga.
Yana jarlarda sakrashib, chopib,
Yana qizlarni quvlashish ketdi.
Yana gullarni yastashib, yanchib,
Ko‘kat ustida o‘ynashish ketdi…
Yana yumshoq shamol boshimdan uchib,
Yana sochlarni tarqatib ketdi.
Yana o‘ylar balandga – ko‘kka ko‘chib,
Yana umidga yo‘l topib ketdi…
Qo‘rqa-qo‘rqa sekin kulib gullar,
Yana kun tig‘ini quchoqlaylar.
Yo‘q, faqat munda toza sunbullar,
Shu uchun chin amallar og‘laylar…
Quyida suv oqar qo‘shiq aytib,
Jimgina tinglamoqda bir tup tol…
«Men o‘roz axtaray tubanga ketib,
Sen bu jar bo‘ylarida yashnab qol!»
Bu qo‘shiqlar menim-da ko‘nglimda
Eski o‘ylarni qo‘zg‘atib qo‘yadir.
Gul emas, shox-tikon-ku qo‘ynimda,
Har bahor bir botib, ezib qo‘yadir.
Yana yor bo‘ylarida… qayg‘u faqat,
Yana yastandi, so‘ldi… maysa, ko‘kat…
Toshkent. 1923, 8–aprel
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|