Jonimg‘a qilur hardam o‘shal turki dilozor...

Jonimg‘a qilur hardam o‘shal turki dilozor...
by G‘oziy
333007Jonimg‘a qilur hardam o‘shal turki dilozor...G‘oziy

Jonimg‘a qilur hardam o‘shal turki dilozor.
Ming javru jafoni,
Bilmaz magar ul mahvashi bedodu sitamgar
Oyini vafoni.
Har sirri xafikim o‘la ifsho eda halqa
Xoli labi la’ling,
Ey shohi jahon, aylamag‘il mahrami asror
Bu yuzi qaroni.
Qoshina chekib o‘sma, olib ilgina xanjar
Keldi g‘azab olud
Ul sho‘x mening qatlima, ey vohidi qahhor,
Qaytar bu baloni.
Ne lutf ila manga davo qildi, ne marham,
Berahm tabibim,
Ko‘rdi meni ishqida ajab bekasu bemor,
Ko‘ksimda yaroni.
Yuz pand ila qaytib edi ishq yo‘lidin,
Bu g‘amzada ko‘nglum,
Ko‘rgach yuzini bo‘ldi taqi zoru giriftor
Ul hurliqoni.
Sarmast agar ko‘rsa buti bodakashimni
Hargiz anga shak yo‘q,
Darhol edar mayg‘a garav zohidi beor,
Tasbihu ridoni.
Ishqida bo‘lub zor, o‘lar holata yettim
Ul mohvashimni,
Tengri uchun, ey bodi sabo, ayla xabardor
Etkur bu duoni.
Laxti jigaru luqmai anduh damodam
Har kechayu har kun
O‘ldum g‘am ila, hech sanga qilmadim izhor
Cho‘x bil bu g‘izoni.
Holini ko‘rub goh tarahhum bila yod et
Ranjuri g‘amingdur,
Bu G‘oziyi bechorag‘a zulm aylama zinhor,
Yod ayla xudoni.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.