Jono, jamolingni ko‘rib, jononlar aytur ofarin...
Jono, jamolingni ko‘rib, jononlar aytur ofarin,
O‘z ko‘ksiga o‘zi urib, yoronlar aytur ofarin.
Qaddi niholingga qarab, abru kamolingga qarab,
Shoho, visolingga qarab, sultonlar aytur ofarin.
Bulbul sanga nolon o‘lib, qumri ajab hayron o‘lib,
To‘ti ko‘rib giryon o‘lib, xushxonlar aytur ofarin.
Lutfu karam xonlar berur, do‘st do‘stig‘a nonlar berur,
La’li labing jonlar berur, o‘lganlar aytur ofarin.
Ishqingda ko‘p ovoralar, borsun qayon bechoralar,
Husning aro parvonalar, kuyganlar aytur ofarin.
Yor kelsa mahbubing bo‘lib, bir necha ma’shuqing bo‘lib,
Mezbon duogo‘ying bo‘lib, mehmonlar aytur ofarin,
Shavqiy qulingni dodig‘a, tun kechalar faryodiga
Tahsin etib abyotig‘a, jononlar aytur ofarin.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |