334685Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

«Hamal keldi, amal keldi».

Har yil bir keladigan bahor sevinchi yana ko‘ngillarni qitiqlay boshladi. Yana tabiatning dildiragan tanlariga iliq qon yugurdi…

Tollarning ko‘m-ko‘k sochpopuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa boshladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalar-da, bo‘shalgan qul singari erkinlik nash’asini kemira-kemira ilgari bosadilar. Simyog‘ochlarning uchlarida yakka-yakka qushlar ko‘rina boshladi. Birinchi ko‘ringan ko‘klam qushi birinchi yorilgan bodroq nash’asini beradi. Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi… Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat! Erkaklarning gullik to‘ppisiga tegmay, yalang ayollar bilan, ularning sochlari, gajaklari va ro‘mol popuklari bilan hazillashib o‘ynagan salqin shabada… ko‘klam nash’asi bilan sho‘xlik qiladi.

Hayot nega bu qadar go‘zal va shirin bo‘ladi bahorda?

Zebi (Zebinisa)ning qish ichi siqilib, zanglab chiqqan ko‘ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan, endi, ustiga poxol to‘shalgan aravada bo‘lsa ham, allaqaylarga – tola-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi. Qish ichi ham keti uzilmagan sovchilar bir-ikki haftadan beri kelishdan to‘xtaganlar, endi tashqari eshikning «g‘iyt» etishi bir-ikki ayolning astagina bosib, paranjisini sudrab kirib kelishiga dalolat qilmas, hali endigina o‘n beshga qadam qo‘ygan bu yosh qizning go‘dak ko‘nglini uncha cho‘chitmas edi.

Ko‘k terish bahonasi bilan bir-ikki marta keng hovlilarga, shahar ichida bo‘lsa hamki tola-tuzlarga chiqib kelganidan beri ko‘ngli qirlarni, tolalarni, ishqilib, olis-olis joylarni yana ko‘proq tusay boshlagan edi.

Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog‘ish bi­lan ovora, o‘zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqari eshikning besaranjom ochilishi Zebining ko‘nglini bir qur seskantirib oldi. Bir qo‘lida supurgisi, bir qo‘li tizzasida – yerga egilgan ko‘yi eshik tomonga tikilib qoldi. Otasining odatdagi tomoq qirish va yo‘talishlar bilan, katta eshikning og‘ir zanjirini sharaq-shuruq qilib tushirib namozga chiqib ketganiga hali ko‘p o‘tmagan edi. Halol-haromni ko‘p ham farq qilmayturgan bu odamning avrodda o‘tirish odatlari, hatto hammadan keyin qolib machit shamlarini puflab chiqish rasmlari bo‘lardi.

Aytganidek, eshikdan shoshilib kirib kelgan – yoshgina, o‘zi tengi bir qizcha bo‘ldi. Hali tuzuk-quruq odam qatoriga kirib yetmagan bu qizchani katta xotinlarning oriyat paranjisiga burkaganlar, paranjining uzun etaklari katta bir tugundek uning qo‘ltig‘ini to‘lg‘azardi…

O‘rgangan qiz ichkari eshikdan hatlar-hatlamas paranjini irg‘itdi va o‘zining bolalik ruhi bilan yugurganicha borib Zebini quchoqladi. Ikkalasi quvona-quvona ko‘rishdilar. Supurgi yetgan joyidan nariga o‘tmasdan yerga yonboshladi… Ikkala yosh – yuzlari kulgan, ko‘ngillari yozilgan – qo‘ltiqlashib ayvonga bordilar va Zebining otasi turib ketgan so‘rining chekasiga o‘tirishdilar.

Salti (Saltanat) erta saharda munaqa halloslab kelishining sababini hali aytgani yo‘q edi: ular ko‘rishgan hamon yosh qizlarning o‘z oralarida o‘taturgan mahram gaplarini gaplashib, tikayotgan kashtalari, piltaga kirgan to‘ppilari to‘g‘risida bir-birlariga kalta-kalta ma’lumot berishgan edilar. Salti endi gap ochdi:

– Erta saharlab chopganim bekorga emas…

– Men ham sezganman… Yuragim bir qur seskanib ham oldi…

– Nimaga, o‘rtoqjon?

– O‘zingiz bilgan sovchilar balosi-da… Qish ichi keti uzilmadi.

– Menam bezganman, jonim qaqa… Shu uchun bir qishloqqa chiqib kelsakmikan deb edim…

– Nimasini aytasiz… Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqdi-ku.

Zebining yuzini shu topda butun qish ichi to‘planib qolgan horg‘inlikning asarlari egallagan edi. Uning ikkala yuzi, ayniqsa, ko‘rpaning katta-katta qavig‘iga tikilgan andishalik ko‘zlari, hovur bosgan oynakning betiga o‘xshardi. Aksincha, Saltining yuzlari charaqlagan yulduzday, sernash’a, quvnoq va har qanday andishadan yiroq bo‘lib, ko‘nglining chuqur burchaklaridan chiqib kelgan sevinch to‘lqinlarini aks ettirardi. Shu uchun u Zebining so‘ng so‘zlaridagi og‘ir ma’yuslikni payqay olmadi. Uning ko‘zlari Zebida bo‘lsa ham, nazarlari boshqa yoqlarda edi.

– Enaxonni bilasiz-a? Yoyilma soydagi o‘rtog‘im bor-ku?

Zebi boshini ko‘tarib o‘rtog‘iga qaradi, shu qarash uning nechikdir Enaxonni eslolmay turganini ko‘rsatardi. So‘ngra Salti ta’rif qildi:

– O‘tgan kuz biznikiga mehmon bo‘lib kelishdi-ku, kelinbibisi bilan birga? O‘shanda necha marta kishi yuborib chaqirtirdim, bormadingiz, otangiz javob bermadi…

Zebi bosh tebratdi:

– Ha, ha… bildim, bildim. O‘zini ko‘rganim yo‘q-ku, eshitib bilaman.

– Ana o‘sha qiz o‘sha safar kelganida meni aytib ketib edi. Bahorlashib bir borib kelaman deb yurib edim. Yaqinda yana aytib yuboribdi. Shunga teng-to‘shlarim bilan bir borib kelmakchiman. Sizni ham olib boraman…

– Qachon?

Zebining bu kalta savolidan Salti ko‘p narsani angladi. Bu savol Zebining iloji bo‘lsa shu kun paranjisini qo‘liga olib (yopinib ham o‘tirmasdan!) shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpinganini ko‘rsatardi. Shu uchun Salti:

– Men sizni olib ketgali keldim, aylanay! – dedi.

Va ikki yosh bola nihoyasiz quvonchlar ichida yana bir-birlariga chirmashdilar…

Odatda, onaning ko‘ngli yumshoq bo‘ladi. Zebining onasi – Qurvonbibi Saltidan haligi chaqiriqni eshitgandan keyin darhol rozilik berdi:

– Mayli, o‘ynab, yozilib kelinglar. Qish ichi yuraklaring g‘ash bo‘lgandir… yosh narsalar, – dedi.

Zebi onasining beraturgan javobini ilgaridan bilardi. Bu ona qizining saodatidan boshqa narsani bilmayturgan onalardan edi. Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. Lekin…

Onaning rozilik so‘zlariga shu birgina «lekin» elchib kelganidan, bechora qizlar sevinish to‘lqinlarini yana bir qur ko‘tarishga fursat topolmadilar.

Hamma jim qoldi. Har kim o‘z oldida bir narsa topib shunga ko‘z tikkan va u narsada Zebi – o‘z otasini, Qurvonbibi – o‘z erini, Salti – qovog‘idan doim qor yog‘ib turgan sovuq bir so‘fini ko‘rardi.

Bu bulutli havoni ochmoq faqat onaning vazifasi edi:

– Otasi bomdoddan kirsin, – dedi u Saltiga qarab, – men o‘zim yotig‘i bilan aytib ko‘ray, yo‘q demas, – so‘ngra Zebiga yuzlandi: – Sen, qizim, uyga joy qil, o‘rtog‘ingni o‘tqiz, dasturxon sol. Biz otang bilan choyni so‘rida ichib, haligi gapni gaplashamiz.

Ikkala qiz ham og‘iz ochmay jim qolishdi. Chunki Razzoq so‘fining mizojini ularning ikkalasi ham yaxshi bilardi. So‘figa eng ma’qul bir masalani bo‘lsa ham uqtirib roziligini olmoq uchun yo o‘zining piri, yoki katta bir davlatga ega bo‘lish kerak edi. U odam o‘z tenglaridan hech birining hech qachon hech bir gapini tinglagan emasdi. Ayollardan maslahat, ayniqsa, o‘z xotinidan bir taklif eshitmoq uchun Razzoq so‘fining qayta boshdan bunyodga kelishi kerak bo‘lardi…

Shu uchun Zebi, ko‘zlari andisha bilan kengayib ochilgani holda, indamasdan joylarni yig‘a boshladi.

U o‘rinlarini yig‘ishtirib, nonushta joylarini tayyorlab bo‘lgandan so‘ng o‘choq boshida choynaklarga choy tashlarkan:

– Otamdan darak yo‘q-ku? – deb so‘radi onasidan.

Qurvonbibi bir ko‘cha eshigiga, bir yonboshdagi daraxtlar orasidan ko‘tarilib kelayotgan quyoshga, bir o‘choqboshidagi qiziga qaragandan keyin:

– Bilmadim, avrod cho‘zilibroq ketdimikin? Sen choyni jindek qo‘yib turib, chala qoldirgan yerlaringni supuratur, kelib qolar, – dedi.

Zebi shu topda yana qaytib qo‘liga supurgi olishni istamasa-da, o‘rtog‘ining «bu qiz enasining gapiga kirmas ekan» degan o‘yga borishini o‘ylab, indamasdan supurgini qo‘liga oldi va bir qo‘lini bir tizzasiga qo‘yib, sahn betini supura boshladi. Zebining choy damlab kelishini kutib uyda – dasturxon boshida o‘tirgan Salti ikkala qanoti ochiq turgan eshik orqali bu holni ko‘rganidan keyin o‘rnidan turib o‘rtog‘ining yoniga chiqdi. Zebi uni uzr aytib qarshi oldi:

– O‘rtoqjon, – dedi, – otam avrodda o‘tirib qoldi, shekilli, shunaqa odati bor. Endiyoq kirib kelsa kerak. Xafa bo‘lmang-a?

Bu so‘nggi kalta jumlaning aytilishidagi samimiyat bir-biri bilan yaqin o‘rtoq tutishgan yosh qizlardagina bo‘ladi. «Xafa bo‘lmang-a?» deb turgan vaqtida Zebining yuzini ko‘rish kerak edi! Bir qo‘lida supurgi, bir qo‘li tizzasida, supurgi ham yerdan uzib olingan emas, faqat bosh yuqori ko‘tarilgan-u – butun vujud Saltining ixtiyorida! Ko‘ngil, orzu, sevgi, sevinch… bular hammasi Saltiga tomon uchadi, unga tomon otiladi, uni o‘rab, uni aylantirib, uni quchadi! Zebining yuzlaridagi oyday tiniq va quyoshday yorug‘ bu holat moddiy haqiqatlar qadar ochiq ko‘rinardi.

O‘rtog‘ining bu samimiyatini Salti ham ko‘z bilan ko‘ribgina emas, ko‘ngil bilan sezib anglagan edi. Shu uchun Zebining u so‘ziga javob ham berib o‘tirmasdan birdaniga uning qo‘lidagi supurgiga yopishdi. O‘z ko‘nglida supurgini olib biroz supurishib bersa, haligi samimiyatga yarasha javob bergan bo‘lardi. Zebi supurgini qo‘ldan oldirdi, lekin o‘rtog‘i supura boshlagandan so‘ng:

– Voy, bu nimasi! Qo‘ying, o‘zim supuraman! – deb yana supurgiga yopishdi. Salti bermadi – bu olmoq istadi, Salti qochdi – bu quvaladi, shunday qilib sahnni supurish o‘rniga bu ikki o‘rtoq butun hovlini boshlariga ko‘tarib, shovqinlar va qiyqirishlar bilan dunyoni buzib bir-birlarini quvalasha ketdilar…

O‘z uyining qabristonlar qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz, o‘z ko‘ngli qadar tund va xo‘mraygan bo‘lishini istagan Razzoq so‘fi xuddi shu ola-to‘polon ustiga kirib keldi!

Eshikdan kirar-kirmas ovozining boricha:

– Bu nima qiyomat!!! – deb shovqin solishi ikkala yosh qizni chaqmoq tekkan daraxtday turgan joylarida qotirib qo‘ydi. Yo‘qsa, so‘fi erining dindor xotini bo‘lgan Qurvonbibi ham «bas endi!» deb ozmuncha qichqirmagan edi… Agar bu sovuq so‘fi kirib kelgan bo‘lmasa, ikki yosh qizning qish bo‘yi to‘plagan ko‘ngil g‘ashliklari biroz sho‘xlik bilan ancha yozilgan bo‘lardi. Zotan, ularning o‘zlarini unutar darajada bir-birlari bilan bu xilda o‘ynashuvlari o‘sha g‘am-g‘ashlar purjinasining bo‘shalishi, siqintilar oqimining to‘g‘onni buzib oldinga tomon yo‘l solishi emasmidi?! Bunday telbalarcha ko‘pirib-toshuvlarni to‘xtatmoq uchun ham, albatta, telba­larcha hayqirishlar, chaqmoq qadar quvvatli zarblar lozim bo‘lardi.

Otasi kirib kelganidan keyin Zebining ko‘nglida o‘ynagan iztirob va hayajonlar Razzoq so‘fining «nima bu qiyomat!» degan qiyomatidan qo‘rqinchroq edi. Sovuq bir so‘fining nazdida bu qadar vahimali bo‘lib ko‘ringan oddiy va tabiiy bir bolalik o‘yini qafas darichasining ochilishini kutgan vaqtida darichaga kattakon bir qulf urilayotganini ko‘rgan bir qushning iztirobidan kam bo‘larmidi?!

Ikkala qizning, ayniqsa, Zebining ko‘nglidagi izti­rob, zotan, so‘fi kirgandan so‘ng avj olishi kerak edi. Chunki qizlar sho‘xlik va o‘yinga berilib ketib hamma narsani esdan chiqargan emasmidilar? Qorong‘i qish kunlaridan qolgan dog‘lar, to‘rt dovol orasida yashashdan kelgan siqintilar, otalardan o‘tgan zulmlar, sovchilardan yetgan tashvishlar barham yemaganmidi? Yoshlikning quvvatli to‘lqinlari ularning barchasini bir bahor yog‘muri kabi yuvib ketmaganmidi? Shunday o‘rtoqning shunday shirin muomilalari oldida shunday teska­ri, shunday o‘jar va qaysar otaning borligi ham unutilgan emasmidi? Uyidan «bir zumda borib kelaman» deb chiqqan Salti ham bergan va’dasini, uyini va ota-onasini unutib – qo‘lida maymoq va tullagan bir su­purgi bilan! – qolib ketmaganmidi?

G‘aflatda qolganlarning boshiga tushadigan tayoq yomon zil ketadi, deydilar. Bu ikkala qiz o‘yin va sho‘xlik havasi bilan g‘aflatda edilar. So‘fining og‘ir zarbi bilan o‘zlariga kelgach, oldilarida zo‘r bir tog‘ turganini ko‘rib, ixtiyorsiz cho‘chib ketdilar. Bu tog‘dan o‘tish kerak edi, holbuki, bu tog‘ – munaqa yosh bolalar o‘ta oladigan tog‘lardan emasdi. Ikkalasi ham iztirobning bu og‘ir yukini bir-birlarining ko‘zlarida o‘qidilar…

So‘fining baqirishidan so‘ng biroz shoshib turgach, ular yugurgancha uyga kirdilar va o‘zlarini eshikli derazaning panasiga olib, Razzoq so‘fining harakatlarini kuzata boshladilar. Ko‘zlari so‘fida bo‘lsa, quloqlari Qurvonbibining og‘zida edi. Uning gapiradigan gaplari ularning ko‘ngillarida tugilgan og‘ir va chigal tugunchakni yo yechib yuborajak, yoki yana battarroq chigallashtirib, ikki yosh narsani – yana necha oy! – bir-biridan ajratib tashlayajakdi.

So‘fi bular uyga kirib olguncha eshik oldida bo‘zarib-gezarib turdi. Bular uyga kirganlaridan keyin, sallasini Qurvonbibiga uzatib, ustidagi malla yaxtagini olisdan turib kartga irg‘itdi va o‘zining oddiy ovozi bilan:

– Qanjiqlar! – deb baqirdi.

– Yosh narsalar, o‘ynashsa nima bo‘libdi? Muncha endi zabtiga oldingiz? –dedi Qurvonbibi.

– Gapirma, eshak!

Qurvonbibi jim bo‘ldi. So‘fi kart tomonga qarab yurdi. Kart ustiga dasturxon yozilib, bir mistovoq non bilan piyolada qiyom qo‘yilgan edi. So‘fi kartga chiqib o‘tirgandan keyin, Qurvonbibi o‘choqdan choyni olib keldi.

So‘fining bu avzoyini ko‘rgandan keyin ikki qizning borqadar umidi ham uzilib bo‘ldi. Zebi bu umidsizlikni yashirolmadi:

– O‘ynashmay o‘laylik, endi otam hech qayerga chiqarmaydi…

Salti ham o‘z tashvishini anglatdi:

– Nima qilamiz endi? Siz bormasangiz, men ham bormayman… Enaxon toza koyiydi-da.

– Tek o‘tirgan bo‘lsak, ko‘ngli yumsharmidikan? – de­di Zebi.

Salti indamadi. Birozdan so‘ng yana o‘zi ilova qildi:

– Ko‘ngli o‘lsin, yumshagan vaqtini ko‘rganim yo‘q! Katta-katta xarsangtoshlarni soy bo‘yiga devlar tashlashgan, deydi… Eng kattasini otamning ko‘kragiga tashlab qo‘yib, «mana shu sening ko‘ngling!» deganmikan, yashshamagurlar!

Bu gap Saltiga ta’sir qildi, shekilli, «pix-x!» eta kulib yubordi.

Zebining munga chinakam achchig‘i kelgan edi, qo‘lini uzatib o‘rtog‘ining og‘zini to‘sdi.

– Voy, anovi qizni! Yana beshbattar qilasiz ishni! – dedi.

Salti zo‘r bilan o‘zini bosib oldi. Ikkalasi yana – ko‘zlarini miltillatib – chol bilan kampirga tikildilar.

Boyadan beri eriga qarab jim o‘tirgan kampirning endi astagina kulimsirashi bularga jon kirgizdi. «Ko‘rdingizmi?» deganni qilib ikkalasi bir-biriga qarab olishdi.

Chinakam, Qurvonbibi so‘figa yoqadigan bir so‘z topganday, dadillik va bemalollik bilan, kulib turib gap boshladi:

– Men Zebini bir joyga jo‘natib yotirman…

So‘fi bu safar baqirmasa hamki, dag‘al bir ovoz bilan so‘radi:

– Qayerga? Nega?

– Oydinko‘ldagi Xalfa eshonimizning kichik qizlari bir-ikkita o‘rtog‘ini «bahorlashib ketinglar» deb chaqirtirgan ekanlar. Shularning bittasi Zebi, yana bittasi uning o‘rtog‘i Saltanatxon ekan. Saltanatxon aravani qo‘shtirib qo‘yib, o‘zi Zebini aytgali kelibdi. Yo‘q desak qanday bo‘ladi?

Xotini nima desa «yo‘q» deydigan so‘fi bu safar birdaniga «yo‘q» demasdan, xayolga ketdi. Qizlar Qurvonbibining bu tadbiridan xursand bo‘lib, yana umidlana boshlagan edilar.

– Qurvon xolam bopladi! – dedi Salti.

– Enam gapga usta. Eshondan tushganini ko‘ring. Eshon desangiz otam o‘lganini ham bilmaydi… Xudo muni eshonlar uchun yaratgan.

Salti Zebining bu gaplarini eshitgandan keyin so‘fining xo‘p deb javob berishiga ishonib ketdi. Bir qo‘lini o‘rtog‘ining bo‘yniga tashlab uni quchoqlar ekan:

– Bo‘ldi, o‘rtoq, endi! Jo‘naymiz! – dedi.

– Sanamasdan sakkiz demay turing hali! Otam osonlik bilan ma’qul gapga ko‘nadigan odam emas… Jim turib qolishini ko‘ring: hali ham churq etmaydi.

Sukut uzoqqa cho‘zilgandan keyin Qurvonbibi endi bu safar jiddiy bir chehra bilan:

– Nimaga indamaysiz? Xo‘p deng! Katta odam, uyat bo‘ladi. Bir yaxshi xotinlari, bir otincha qizlari borki… O‘zlarini bo‘lsa o‘zingiz bilasiz, – dedi.

So‘fi negadir:

– Bilaman, fitna, bilaman! – deb qo‘yib, yana jim bo‘ldi.

Endi Qurvonbibi yana ham jiddiylashdi:

– Bo‘lmasa «yo‘q» deng. Saltanatxonga juvob beray, ketsin! Azonda kelib edi.

Shundan keyin so‘fining tili aylandi:

– Shoshma, fitna! «Yo‘q» dema, mayli, bora qolsin… Qachon keladi?

– Indinga erta bilan yo kechqurun.

– Eshonoyimning ra’ylariga qarasin.

So‘fi o‘rnidan turdi. Kartdan tushib, kavshini kiyarkan:

– Ovozim bor deb ashullaga zo‘r bermasin, – dedi. – Nomahramga ovozini eshitdirsa, rozi emasman!

Bu safar odamga o‘xshash gapirib Qurvonbibini quvontirgan Razzoq so‘fi shu so‘zlardan so‘ng yana o‘z jimligiga qaytdi. Biroz so‘ngra, sallasini kiyib, yaxtagini qo‘liga olgandan so‘ng:

– Xurjinni ber, fitna! Bo‘lmasa, ikkita qop ber! – deb qoldi.

Qurvonbibi qopni uzatarkan, erining qo‘liga shu topda bir oz pul tushganini, endi kattaroq xarid qilish uchun bozorga ketayotganini va haligi zo‘r iltifotning ham pulning kuchi bilan bo‘lganini angladi…

So‘fi tomoq qirib eshikdan chiqarkan, uydagi ikki sho‘x qiz yana bir-biriga chirmashgan edi.

Qafasning darichasi ochildi!

Endi qushlarga qanotlarini rostlab turib «pir!» eta uchmoqdan, keng ko‘klarga, fazolarga parvoz qilmoqdan boshqa narsa qolmadi. Paranjini yopinib o‘tirmasdan, shundoq bosh ustiga tashlab, chimmatni «xo‘ja ko‘rsin»ga tutgan bo‘lib yugurish kerak, xolos…

Faqat, unda darichaning ochilganiga kim sevinadi? Shodlikni kim qiladi? Erkinlikning lazzatini kim totiydi? Shu qadar qaysar bir odamni bu qadar ustalik bilan yo‘lga solgan onaning hurmatini kim o‘rniga keltiradi? Uni kim quchoqlab, kim o‘padi?

Ikkala qizning uydan yugurib chiqib, bab-barobar Qurvonbibining bo‘yniga osilishlari ana o‘sha ne’matning shukroni edi. Qizlar o‘zlarining behad sevinchlarini yuzaga chiqarmoq bilan birga onaga bo‘lgan minnatdorliklarini ham tegishincha izhor qilmoqqa oshiqardilar. Ular kampirga shu qadar osilib, erkalik qilib, u bilan shu qadar qattiq o‘ynashdilarki, kampir holdan ketib kartga dumalandi… Bular qiyqiriq solishib, tobiga kelgan choydishdek sharaqlashib… kampir bilan o‘ynasharkan, u charchab entikkanidan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a nafas olib:

– Bas, qizi qurg‘urlar… bas deyman… bo‘ldi endi… Yo‘lingdan qolasan!.. – deya so‘zlanardi.

Kampir yolvorgan sari bular avj olishar, biri qo‘yib biri:

– Shunaqa ekanmi? Voy, to‘vva-yey! Xalfa eshonning qizi chaqirtirgan ekanmi? Voy, to‘vva-yey!.. – deb uning eng qitig‘i keladigan joylariga chang solishardi. Nihoyat, o‘zlari ham o‘lgudek charchab, kampirdan qo‘l tortdilar va «uh!» deb ikkalasi ikki tomonga o‘tirdilar.

Bular taraq-turuq eshik ochib, shoshilib ko‘chaga chiqqan vaqtlarida, paxta zavodining ingichka tovushli jing‘irog‘i soat o‘n ikki bo‘lganini bildirib qichqirardi.