334689Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

Enaxon yo‘qsul bir oilaning qizi edi. Otasi muning yoshligida o‘lib ketgan, onasi ikkovi birgina akaning boqimiga qarab qolgan edilar. Akasi Xolmat esini tanigandan beri mehnat peshida chopardi. Hali eng o‘yinqaroq bola vaqtlarida ham butun qishloqning podasini boqib, oilaning ehtiyojlariga biror narsa qo‘shib turardi. Uning podachi bo‘lgan vaqtlarini hali ham qishloq odamlari havas bilan eslashadi. Ko‘cha-ko‘yda unga yo‘liqqanlar:

– Podamizni yetim qilib qo‘yding-da! – deb boshlarini afsus bilan chayqab o‘tishadi. Tez-tez bo‘lib turadigan bu xil gaplar uning yuzini kuldirib, ko‘nglini ko‘taradi, tinmasdan ishlash uchun bilagiga darmon va quvvat beradi. Uning o‘z bisotida bir shapaloqqina sholipoyasi bor, u ham marhum qaynotasidan tekkan: bor kuchini shunga sarf qiladi, hammadan burun ish boshlab, hammadan kech tugatadi va hammadan ko‘p urinadi. Shu bilangina olti jondan birikkan katta bir oilani naridan beri tebratib keladi. Onasi qarib, mukchayib qolgan, bir qizi bilan bir o‘g‘li hali yosh go‘dak, ro‘zg‘orning butun ishi xotini bilan singlisining bo‘ynida. U ikkovi tola ishlarida unga yordam berishdan ham bosh tortmaydilar, ularning tolada ham foydalari ko‘p tegadi. Xolmat o‘zi shuncha tirishib ishlab, katta ro‘zg‘orni yolg‘iz boshi-la tebratgani uchun xotini ham, singlisi ham uni boshlariga ko‘taradilar. Har to‘g‘rida uning talablariga xursandlik bilan ko‘nib, hech bir ishda ko‘nglini qoldirmaslikka tirishadilar. Mehnatdan boshqa hech narsani bilmagan bu yo‘qsul yigitning qanday zo‘r talablari bo‘lar edi deysiz? Butun havaslar, talablar va o‘ylar – har nechuk bo‘lsa ham – shu oilani tebratib o‘tish tegrasida aylanadi… Albatta, kelin ham, qiz ham – yosh narsalar, yoshlarning nozlari, injiqliklari bo‘lmaydi emas… Ularning injiqliklarini butunlay haqsiz deyish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Chunki ular ham – odam, ular ham – yoshlar, boshqa o‘z tenglari kabi ularning ham orzu-havaslari bor, ko‘ngillari ko‘p narsani tusaydi… Zindondagi bandini hech bir xayol surmaydi deb kim aytadi? Gadoy podshoh bo‘lmoq istasa yomonmi? Ba’zan shu xil kuchli talablar yo kelinda, yo qizda ko‘rilib, salgina yuzaga chiqa boshlasa, ko‘pni ko‘rgan ziyrak kampir darrov payqaydi va oldini oladi. Xolmatga sal og‘ir keladigan bir ish bo‘lsa, unga yetkizmasdan, o‘zi bir ish qilib bitiradi: joyi kelganda muloyim gapirib, joyi kelganda po‘pisa qilib, qizi yoki kelinining ko‘nglida ko‘tarilgan havas olovlariga suv sepadi, u olovlarni avj olmasdan turib so‘ndiradi. Ularning talablari juda o‘rinli bo‘lsa, o‘zi ilojini qilib qondiradi. Ularning ko‘nglini oladi, Xolmatni ortiqcha tashvishlardan qutqazadi.

Shahardan Saltilarning bir arava bo‘lib kelishlari ham Enaxonning shu xil havaslaridan biri edi. Saltanatlar oilasi bilan Enaxonlar oilasi orasida ota-bobodan qolib kelgan bir do‘stlik, qadrdonlik hukm surardi. Bu ikki oila kishilari yilda bir-ikki marta bir-birlari bilan ko‘rishib turardilar. O‘tgan kuz, xirmonlar olingandan keyin, Enaxon bilan kelin Saltanatlarnikida bir haftacha turib kelgan edilar. Shunda Enaxon o‘z o‘rtog‘ini bir-ikkita tengdoshlari bi­lan birga bahorda qishloqqa chaqirib ketgan, bahor ke­lib, tabiat jonlangach, shaharga tushgan bir odamdan yana aytdirib yuborgan edi. Kampir qizining bu talabini, albatta, o‘rinli topardi. Enaxonning yonida bola-chaqasi bilan birga bir necha kun yayrab kelgan kelin ham qizning fikriga jon-u dilidan qo‘shilgach, kampirga hech bir gap qaytarish o‘rni qolmagan edi.

– Gaplaring juda ma’qul! – dedi u shu to‘g‘rida maslahat boshlanganda. – Buning ilojini o‘zimiz qilishimiz kerak. Xolmat bechoraga hech bir og‘iri tushmasin. Iloji bo‘lsa, unga bildirmaylik. Mehmonlar kelganda bilar.

Enaxon kelinga qaradi. Kelin Enaxonning bu qarashidan «qani, gapiring, nima deysiz?» deganini anglagan bo‘lsa-da, qaynona oldida birinchi bo‘lib gap ochishni ep ko‘rmasdan, jim qoldi. Shundan keyin Enaxon bir narsa demakka majbur edi.

– Mayli, siz o‘zingiz bilasiz, oyi. Chaqirish kerakligiga yo‘q demadingiz. Mehmon deganni non qoqiga chaqirib bo‘lmaydi. Muni o‘zingiz bilasiz.

Kelin shu yerga kelganda bir og‘izgina so‘z bilan aralashib qo‘ydi:

– Albatta, ayniqsa, shuncha joydan keladigan mehmonni.

– Xo‘p yaxshi bilaman! – dedi kampir. U kelinining og‘zidan gapini uzib olganday tez gapirardi. – Kuzda ikkalang borib bir hafta turib kelding. Bechorahol bo‘lsalar ham, senlarni xo‘p xursand qilib jo‘natishdi. Ikkalang ham anchagacha gapirib yurding…

– Rost-da! – dedi Enaxon. – Uning otasi ham nihoyati bir ayronchi, yer-suvi yo‘q, dastgohi yo‘q. Ro‘zg‘or katta… Shunday bo‘lsa ham, bizga deb nimalarni qilishmadi-a?

So‘nggi savolni kelinbibisiga bergan edi. U ham:

– Ha, nimasini aytasiz, – deb darhol tasdiq qildi.

Shu bilan hammalari jim bo‘ldilar. Kampir iloj axtarib o‘yga botgan edi. U sekin-sekin og‘il tomiga yotqizilgan shotining ikkinchi pog‘onasiga o‘tirdi. Qiz bilan kelin yerga cho‘nqaydilar. Kampir shotining yon yog‘ochini silab o‘ynar, Enaxon og‘zidan olgan saqichni qo‘lida ezib «soqqa» yasar, kelinchak bo‘lsa bir cho‘p bi­lan yerni chizg‘alar – uchalasi ham shu ravishcha o‘yga bot­gan edilar. Kampirning butun xayoli haligi to‘g‘rida bo‘lsa ham, ikki ko‘zi bularda; bular esa dam bir-birlariga, dam kampirga qarar, dam bo‘lsa yerga tikilardilar.

Sukutni kampir buzdi:

– Kambag‘allik o‘lsin, kambag‘allik! – dedi u va chuqur bir «uh» tortdi. – Hech bir ilojini topib bo‘lmaydi…

Biroz jim qolgach, birdaniga ovozini ko‘tarib:

– Shuncha yerdan bizning so‘k oshimizni ichgali kelisharmidi? Uch-to‘rt kun turishadi. Durustroq bir narsa qilib qo‘ymasak bo‘ladimi? – dedi.

Ular ikkovi ham uyg‘onganday bo‘ldilar:

– Albatta, albatta! – deyishdi ikkalasi.

Xuddi shu vaqtda somonxonaning yonida Xolmat ko‘rindi. Bular unga qayrilib qaragali ulgurmasdan, uning:

– Oyi, bormisiz? – degan ovozi eshitildi.

Kampir suhbatni bo‘lib o‘rindan turarkan:

– Shoshmanglar, bir oz o‘ylaylik, ertagacha biror iloji topilib qolar, – dedi va yugurib Xolmatning yoniga ketdi.

Kechqurun yotar paytda kampir haligi ikkovini yoniga chaqirib, o‘z fikrini aytdi:

– O‘ylab-o‘ylab qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, o‘limligimga atalgan narsalardan bir ozroq ajratdim. Endi, Ena, sen ham bisotingda boridan bir-ikki narsa ajrat, kelin, siz ham bir narsa qo‘shing, ertalab bitta-yarimtani bozorga tushiraylik, shularni sotib ul-bul olib chiqsin.

Kampir o‘limligiga atalgan narsalardan ajratgandan keyin gap tamom edi.

– Bo‘libdi, oyi! – dedi Enaxon. – Mening bor-yo‘g‘im o‘z qo‘lingizda, o‘zingiz ajratib olarsiz. Xayr, mayli, o‘zim ham bir o‘ylab ko‘ray…

– Men erta bilan sizga topshiraman, – dedi kelin.

Kampir turib yotog‘iga ketdi; ikki yosh o‘sha joyda o‘tirib qolib, nima ajratish va nima berish to‘g‘risida maslahatlashdilar. Bisotdagining mazasi bo‘lmaganligidan bu maslahat ancha uzoq cho‘zildi.

Har qalay, erta bilan kampirning qo‘lida mo‘jazgina bir tuguncha bor edi. Tugunchani xurjunning bir ko‘ziga solgan bola yag‘ir otni yo‘rtdirib shaharga tomon yo‘l soldi. O‘sha kun Saltanatlarga ikkinchi chaqiriq yetkazilgan va katta xurjunning ikki ko‘zi to‘lib qaytgan edi.

Mehmonlarga qo‘lidan kelgancha yaxshi dasturxon solib, qo‘ni-qo‘shni qizlar va kelinchaklarni chaqirtirib, allaqaylardan tori uzilgan dutorlarni topdirib kel­gan va ularni xursand qilmoq uchun tirishib-tirmashgan Enaxon o‘z ko‘nglida yana xijolat tortishdan qutulmadi. Qadrli mehmonlarini yana allaqanday ziyofatlar, mehmondorchiliklar, takalluflarga ko‘mib tashlamoqchi bo‘lardi. Uncha narsa bo‘lmaganda ham, odamlar singari tuzukroq bir siylab yuborishni albatta lozim deb o‘ylardi. O‘z qo‘lida munday qudrat yo‘qligini o‘ylab noumidlikka tushar, bo‘g‘ilardi… Yuragi yomon g‘ash bo‘lib ketganidan keyin chiday olmasdan kampirga aytib ko‘rdi:

– O‘lganim yaxshi mening! – dedi u. – Ko‘nguldagidek bir siylay olmasam mehmonlarimni!

Odatda yumshoq gapiradigan kampir bu gapga achchig‘landi…

– Bo‘lmasa, o‘zingni bozorga olib chiqib sot! Ko‘nguldagidek mehmon qilolasan… – dedi.

– Sizga odam ko‘nglidagi hasratini ham ayta olmas ekan-da, – dedi Enaxon, ko‘zlariga yosh olib onasidan uzoqlashdi.

Xuddi shu hasratini tomorqa hovlichadagi ariq bo‘yida o‘tirib kelinbibisiga aytganida, u darrov buning fikriga qo‘shildi:

– Shunday yaxshi narsalarki! Bularga qancha qilsangiz oz! Zebixondi qarang, Zebixondi! Kuzda biz borganimizda ko‘rmagan edik-a?

– Otasi o‘lgur, sovuq so‘fi, javob bermagan ekan…

– Muncha ham ovozi chiroylik bu qizning!.. Ashulla aytsa, qulog‘ing mast bo‘ladi odam… Nafasi muncha issiq, muncha mazalik! Muncha ta’sirlik!

– Shuni aytaman-da. Suyuq osh qildik, oshqovoq somsa qildik, palov qildik… – bo‘ldi! Bundan ortig‘iga mana bu kambag‘allik o‘lgur yo‘l qo‘ymaydi…

Shu yerda chuqur bir «uh» tortdi Enaxon. So‘ngra yana so‘zida davom etdi:

– Varaqi somsalar qilsak, oq unlardan g‘alati mantilar, chuchvaralar qilsak, boylarnikida bo‘ladigan dimlama-qo‘g‘urmalar qilsak…

Birdan tajanglanib o‘rnidan turdi:

– Oshqovoq somsa! Oshqovoq somsa! Kambag‘alligi qursin, ilohim! «Kambag‘al xudoyimning suygan bandasi» deydilar, shumi suygan bandaning holi?!

Boyadan beri shu to‘g‘rida o‘ylanib, oqqan suvga xashak tashlab o‘tirgan kelinning yuzlarida xuddi shu paytda bir yoqimli kulimsirash paydo bo‘lgan edi. O‘rnidan tu­rib, haligi shirin kulimsirashi borgan sari ochilgani va yoyilgani holda Enaxonga yaqin bordi:

– Xafa bo‘lmang, aylanay! – dedi. – Men ilojini topdim. Boylarnikiga o‘xshagan g‘alati ziyofat qilib jo‘natamiz mehmonlarimizni!

Enaxon bu ilojning nimaligini anglayolmaganidan hayron bo‘lib kelinbibisiga qarar, hali yuzi kulmas edi.

– Nechik? – dedi u va kelinbibisining ko‘zlariga baqrayib tikilgani holda uning ikkala qo‘lini qo‘llari orasiga oldi.

– O‘zimizning kuchimiz yetmasa, teng-to‘shlarimiz, o‘rtoqlarimiz bor. Ularga aytib chaqirtiramiz…

Enaxonning yuzi birdaniga ochildi. Lablariga keng bir tabassum yoyildi. U kelinbibisi topgan ilojni anglagan edi:

– Mingboshining qiziga aytmoqchimisiz? O‘sha chaqirsin deysizmi?

– Yo u, yo bo‘lmasa kichik xotini Sultonxon-chi?

– Bo‘larmikin?

Shu yergacha ular ikkovi bir joyda to‘xtashib so‘zlashmoqda edilar. Kelin:

– Bo‘ldirishni menga qo‘yib bering. Ishingiz bo‘lmasin. Ishqilib, mehmonlarni xursand qilsam bo‘ldimi? – dedi.

Shundan so‘ng ikkalasi bel ushlashib uyga tomon yura boshladilar.

– Yaxshi maslahat! Jon kelinbibi, bir ish qiling! – dedi Enaxon, kelinbibisini mahkamroq quchoqladi.

Kelin birdaniga to‘xtab:

– Ularnikidan hech kimni chaqirtirdikmi? – deb so‘radi.

Enaxon ham yetgan joyida to‘xtab:

– Yo‘q! – deya javob berdi. – Kim biladi deysiz muni? «Mingboshining falon-falonlari bizni ko‘ziga iladimi?» deb xabar ham qilmabmiz. Endi qanday bo‘lar ekan?

– Biz shu kechaga mingboshi tog‘aning qizi bilan kichik xotinini chaqirtiraylik. Kecha chaqirtirganimizda kelmasalar, bugun chaqirtirsak, albatta, kelishadi. Siz nima deb o‘tiribsiz! Zebixonning ovozi, ashullalari undan kattaroqlarni ham sudrab keltiradi. Siz xotirjam bo‘ling. Men o‘zim g‘izillab chiqib kelaman. Bu kecha bitta-yarimta ashulla eshitib suhbatni ko‘rishsa, ertaga albatta chaqirtirishadi.

Ikkalasi yuzlari yulduzday charaqlagani holda darichadan ichkariga hatlagan vaqtlarida, Zebining «Qora sochim» kuyiga aytayotgan ashulla si quloqlarni shirin-shirin qitiqlamoqda edi…

Bir tomchi suv dengizga aylangan bir kecha bo‘ldi. Shu kambag‘al, bebuzoat oilaning issiq va halol quchog‘iga qishloq qizlari va yosh juvonlarining hammasi deyarlik to‘plandi. Bevosita qo‘shni bo‘lgan xonadonlarning «oshini oshab, yoshini yashagan» kampirlari ham chiqishdilar. Bu kecha hatto shahar qizlariga poyloqchi bo‘lib kelgan uyquchi kampirga ham jon kirdi. Uning jonlanganini ko‘rganlar ixtiyorsiz yoyilib kular va chin ko‘ngildan sevinardilar. Bir emas, ikki dutor va ikki yaxshi dutorchi, bir nechta o‘yinchi, Zebixondan boshqa yana ikkita ovozi durustgina yosh juvonlar kelishdi. Dasturxonga qaragan kishi bo‘lmadi: hech kim bu faqir va sodda hashamat ichida takalluf axtarmas, ko‘ngilning xursandliklarga bo‘lgan ketsiz maylini qondirish bilangina ovora edi. Shu uchun bo‘lsa kerak, dasturxon ustida duv-duv gaplashib, ayvonni ovozga to‘ldirib o‘tirgan qiz-juvonlardan hech biri o‘ng biqinida yonma-yon o‘tirib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a dasturxonga qo‘l uzatgan mingboshi oyimlarning «shu ham mehmondorchilikmi?» degan ma’noda bir-biriga qarab lab burishtirganlarini payqamadi. Dasturxon yig‘ilgandan keyin bazm boshlandi, shundan keyin hamma o‘zini unutdi, hamma yosh bolaga aylandi.

Uch ovozlik qizga yana bir nechtasi qo‘shilib, yalla ohangi ko‘klarga ko‘tarilgandan keyin qishloqning past-past, yiqiq-yoriq devollaridan osongina oshib o‘tib bitta-yarimta yigit-yalang ham to‘plana boshladi. Ular xira yongan chiroqchaning ishig‘i zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yetadigan joylarda – ayvonning ikki yonida cho‘nqayib o‘tirishgan, nafaslarini ichlariga olgan edilar. Ular orasida Xolmat bilan aravakash bola ham bor, ular ikkovi katta tut yog‘ochiga suyanib tikka turardilar. Xolmat havas bi­lan qiziqib qarasa-da, uning ko‘ngli tamom betaraf edi, faqat aravakash yigit shuncha to‘palang yalla orasida Zebining ovozidan boshqa ovozlarni, nechikdir, farq etolmasdi. U ovozni eshitish bilan ko‘nglining chuqur joylaridan xuruj qilib kelgan allaqanday totli bir sevinchni yashirolmadi:

– Zebinisaning ovozini aytaman, Xolmat aka… – dedi u, o‘zi shu so‘zni aytganidan keyin, negadir, biroz qizara tushib yerga qaradi.

– Chakki emas! – dedi Xolmat. So‘ngra so‘radi: – Oti Zebinisami?

– Ha, Zebinisaxon!

Yigitchaning shu «xon» degan qo‘shimchasida «mening Zebinisam» degan ma’noda bir maqtanish, bir g‘urur ohangi bor edi. Bu ohang juda ochiq eshitilgan bo‘lsa kerakki, Xolmat darhol fahmiga bordi va «O, haromiyey!» deganday qilib unga qaragach:

– Yurakdan urgan ekan-a!.. – dedi.

Yigitcha bu so‘zdan o‘ng‘aysizlandi va tona boshladi:

– Yo‘g‘-e, ovozi soz deyman-da, ovozi! – dedi, lekin tili gapirgani bilan, yuragi «yolg‘on, yolg‘on» deb turganini o‘zi ham bilar, Xolmatning ishonmasligiga aqli yetardi. Shu uchun masalani chuqurlashtirmasdan so‘zni boshqa tomongaroq burishni ep ko‘rdi.

– Ovoziga nima deysiz, chinakam qiyomat-a? – dedi Xolmatga.

– Ha, ovozi joyida. Saltanatxondi o‘rtog‘imi?

– Eng yaqin o‘rtog‘i.

– Kimning qizi o‘zi?

– Razzoq so‘fi degan bir odamning…

– Razzoq so‘fi?

– Ha, Razzoq so‘fi. Xudo bergan lekin so‘figa!

– Xaridori ham ko‘pdir?

– Sovchining ko‘pligidan ostonasi yeyilib ketgan deydilar… Bilmadik, qaysi toleyi balandga nasib bo‘lar ekan!

– Xudodan tilab turing, «noumid shayton» degan gap bor…

Shu so‘zlarni ayta turib Xolmat ham yigitchaga shay­ton qarashi bilan qaradi.

Bu vaqtda ashulla chi qizlar yalladan to‘xtaldilar, ingichka-yo‘g‘on ayol ovozlaridan iborat kuchli bir xorning:

– Bor bo‘lsinlar! – degan olqishi yuksaldi. Erkaklar o‘z olqishlarini ichlarida saqlamoqqa majbur edi­lar. Ularning to‘planganlarini bir-ikkita kampirdan boshqa hech kim bilmas edi. Yalla bitgach, ba’zi qizlar o‘rinlaridan turib, u yoq-bu yoqqa jilishdilar: ba’zilari o‘choq boshiga choy olgali ketdilar, ba’zilari joylarini almashtirib, yaqin ko‘rgan o‘rtoqlarining yonlariga o‘tib o‘tirdilar. Endi erkaklar ham o‘zlarini orqagaroq olmoqqa majbur edilar, ular ham jilishdilar. Mehmonlardan Qumrixon birdaniga tutning tagiga bo­rib qolib, u yerda ikki erkakning o‘ziga qarab kulib turganini ko‘rgach, «Voy o‘laqolay!» deb uyalib orqaga qaytdi. Yana Saltining yoniga borib o‘tirgach, pichirlabgina:

– Tevaragimizni shundoqqina qishloq yigitlari o‘rab olishibdi. Bilmasdan tutning tagiga borib qolsam, ikkitasi menga qarab baqrayib turibdi… Bittasi o‘zimizning aravakashmi…

Bu vaqtda bu ikkala qizning nimalar deb pichirlashayotganidan vasvasaga tushgan Zebi sekingina bo‘ynini cho‘zib, gapga quloq soldi. U faqat Qumrining so‘zini – «bittasi o‘zimizning aravakash…» degan so‘nggi so‘zini – eshita oldi. Yuragi o‘ynadi… va darhol burilib tashqariga qaradi. Chirog‘ning xira ishig‘ida kampirlarning ivirsib yurganlarini ko‘rdi. Boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Yurak o‘ynashi bosilmadi.

Lablari titramoqqa boshlagan edi… Birdaniga o‘rnidan turdi: qizlar yo‘l bo‘shatdilar, ularni oralab o‘tdi. Ayvondan chiqib olguncha hammaning ko‘zi unda edi, ayvondan sahnga tushgach, qizlar yana o‘z suhbatlariga mashg‘ul bo‘ldilar. Sahnda uni poyloqchi kampir qarshi olib peshonasidan o‘pdi:

– Ilohim, yomon ko‘zdan saqlasin, bolam! – dedi. Ikkala ko‘zidan yana bir martadan o‘pgach, ichkari uyga tomon burildi.

– Ha, xola, uyda nima qilasiz? – deb so‘radi Zebi.

– Uxlayin, bolam, men qari narsa yarim kechagacha o‘tirolamanmi? Sizlar, yosh-yalang, o‘ynab-kulib ko‘ngillarni yozinglar. Men orom olay…

Poyloqchining bu xislati hammaga ma’qul edi. Ayniqsa, shu topda ko‘ngli allaqaylarga tortayotgan Zebi uchun bir xil ezma kampirlardan ko‘ra bu – kamgap, seruyqu kampir yaxshi edi.

Yuragi urgani holda bitta-bitta bosib qorong‘ilikka kirdi. U ham tut tagiga – katta so‘rining yoniga borayotir edi. Qorong‘ida turgan aravakash yigit yorug‘ tomondan kelayotgan qizni tanidi, birdaniga:

– Ana, o‘zi kelayotir! – deb qichqirdi.

Uning bu qichqirishi ixtiyorsiz bo‘lgan edi. Allaqachonlar masalaning fahmiga borib qolgan Xolmat shu topda yigitchadan yiroqlashuvni ep ko‘rdi. Unga ma’nili qarash bilan kulimsirab qarab, yelkasiga bir-ikki urgach:

– «Umidsiz shayton» dedim-ku, uka… Mana, biz ketdik… – dedi va quyuq qorong‘ilikka kirib, yo‘q bo‘ldi.

Yigit esa Xolmatning bor-yo‘g‘ini farq etolmaydigan holda edi. Shunday paytlarda og‘izdan ixtiyorsiz chiqishi lozim bo‘lgan «bor bo‘ling», «o‘lmang» kabi minnatdorlik so‘zlari ham esiga kelmasdi. U yuragini hovuchlagani holda, ixtiyorsiz qari tutning yo‘g‘on badaniga yopishdi…

Zebi yigitchaning «ana, o‘zi kelayotir!» degan so‘zlarini eshitgan edi. Agar esi o‘zida bo‘lsa, u ham Qumri singari «voy o‘laqolay!» deb qaytib ketishi kerak edi. Holbuki, u o‘zini bilmasdan va hech narsa o‘ylayolmasdan telba qadamlar bilan bitta-bitta bosib ilgari yurardi… Uning oyoqlari allaqanday yomon bir kuchning afsuniga ilashganlar, o‘sha kuchning sudragan tomoniga borardilar. Yosh qiz o‘z ko‘nglining birinchi marta o‘ziga begonalashganini, o‘zidan boshqa bir kuchning ko‘ngliga egalik qilganini sezardi…

Zebi tegrasiga bir ko‘z yugurtib olgach, qadam bosishini sekinlatib, katta tutning o‘ng tomonida to‘xtadi. Yigitcha chap tomonda edi.

Ikkalasi ham anchagacha jim qoldilar. Qaysi biri oldin gap boshlashni va nima deyishni bilmasdi. Nihoyat, yigitcha bir gap topgan bo‘ldi.

– Bugun sahar… aravani qo‘shamanmi?

– Nimaga?

– Ketmaymizmi?

Zebi javob berolmay qoldi… Bu savolga javob bo‘lgunday bir so‘z uning shu topda juda yomon g‘ovlab ketgan miyasiga yaqin kelmasidi. So‘zga-so‘z qaytarmoq uchungina:

– Shoshiltirib nima qilasiz? – dedi va bu so‘zlarning o‘z og‘zidan uzilib tushib borganini sezdi. Shu topda o‘z ovozi ham o‘ziga yot edi, shu so‘zlarni aytayotgan ovoz uning o‘z qulog‘iga soyning narigi betidan kelayotganday eshitilardi.

Yigitcha o‘zini to‘xtatib olgan edi. Endi u dadillanib va kulib turib qo‘lini tutning o‘ng tomoniga uzatdi. Faqat, ikkalasining orasi ancha yiroq bo‘lganidan boshqa bir qo‘l uning qo‘liga urinmadi. Holbuki, Zebi birovning qo‘l uzatganini payqaydigan holda emasidi. Yigitcha Zebidan muqobala ko‘rmagach, qo‘lini tortib oldi va endi, bu safar bo‘ynini egib ikki ko‘zi bilan qizni axtararkan, quvnoq bir ovoz bilan:

– Hali bir-ikki kun o‘ynaymizmi? Otga dam beramizmi? – dedi.

Zebidan javob bo‘lmagach, ilova qildi:

– Xayr, mayli, sizlar qachon «qo‘sh» desanglar, shunda qo‘shaman.

Zebi tutga suyangan, o‘zining qayda turganini unutayozgan, shuncha gapga bir og‘iz javob bermasdan og‘ir o‘ylarga tolgan edi. U shu topda o‘zining yaqin kelajakdagi qora kunlarini, qay rangda ko‘rinishi ma’lum bo‘lmagan baxti, toleyini o‘ylardi. Uning butun baxti Razzoq so‘fining johil vujudiga bog‘liq emasmi? O‘sha sovuq so‘fi shu quvnoq jonni va sayroq qushchani istagan vaqtida baxtli yo baxtsiz eta olmaydimi? Uning bir og‘iz «ha» yoki «yo‘q» deyishi qiz bechoraning behad quvnab yayrashiga yoxud xazon yaprog‘iday bir nafasda so‘lib nobud bo‘luviga yaramaydimi? Qiz sho‘rlik u bir umr qovog‘i soliq va yuzi kulmas otadan hech bir xayriyat kutmaydi. Otasi to‘g‘risida o‘ylagan vaqtida o‘zini o‘limga mahkum bir odam, otasini mahkumning jallodi kabi ko‘radi… va titraydi! Bu qishloq sayohati, aravakash yigitcha bilan tasodifan tanishib qolishi, shu tanishuv orqasida ko‘nglida sezgani besaranjomliklar bechora qizni haligidek qora o‘ylarni o‘ylashga majbur qilgan edi. U xil qora o‘ylar uning uchun yangi emas, albatta. Yoshi balog‘atga yetib, uylari sovchilarning qatnov yo‘llariga aylanganidan beri u sho‘rlikning qora o‘ylarga botmagan kuni yo‘q! Faqat, shi­rin bir umid bilan, ko‘zda ko‘rilib, qo‘lda tutilgan – naqd bir umid bilan birga kelgan qora o‘ylar qiz bechorani yomon ezib tashlaydi! Bir-ikki kundan beri ashulla , o‘yin deganda o‘zini bilmas darajada berilib ketishi shu iztiroblarning hordig‘ini chiqarish uchun emasmi?

Ko‘ngliga og‘ir tashvishlar solgan yigitchaning shundoq yonginasida juda shirin xayollar bilan birga juda qora o‘ylarga botib turgan vaqtida, birdaniga ayvon tomondan bir ovoz eshitildi:

– Hay, nima bu hammayoq jimjit bo‘lib qoldi? Zebinisaxon qanilar? Saltanatxon, aylanay, o‘rtoqjoningizni topmaysizmi?

Yana bir ovoz qo‘shildi:

– Rost-a, hammayoq muzlab ketdi! Hay qizlar, sizga nima bo‘ldi?

Birdan bir necha ovoz ko‘tarildi:

– Zebinisaxon, Zebinisaxon!

Qizlar o‘rinlaridan turib u yoq-bu yoqqa yurishib qoldilar.

Bu qichqirishlar har qanday og‘ir uyqudan uyg‘otishga yarardilar. Zebi ham yarim mastlik holatidan seskanib uyg‘ondi va apil-tapil javob qildi:

– Mana men… Hozir boraman… hozir…

Faqat, bu safar uning ovozi kasal odamning ovozi singari darmonsiz va jonsiz chiqardi. Yigit buni ang­ladi va tezgina:

– Boring, bemalol o‘yin-kulgingizni qiling! Hech narsadan qo‘rqmang, hech bir g‘am yeya ko‘rmang! – dedi. So‘ngra darhol o‘zini tutning panasiga oldi.

U yoqdan bir-ikkita qiz yugurib kelib, Zebini yetaklab ketishdi, shularning biri mingboshining kichik xotini Sultonxon edi.

Bu safar faqat o‘yin bo‘ldi. Yosh juvonlar va qizlarning hammasini deyarlik tortdilar. Shaharliklardan yaxshi o‘ynagan Qumri bo‘ldi. Qishloq qizlaridan ikki-uchtasi yaxshi o‘ynadilar. Hatto kampirlarni ham tortdilar. Enaxonning onasi, o‘zi pakana va uning ustiga bukchaygan kampir, o‘yin qilgan bo‘lib hammani kuldirdi. Enaxonni ko‘ndira olmadilar. U «men xizmatlaringdaman» degan bahonani qildi. Mingboshining qizi bir-ikki aylanib to‘xtadi, kichik xotini esa ko‘nmadi: uni ko‘p ham zo‘rlay olmadilar. Zebi esa dutorchilar va ashulla chilar bilan birga yengil-yengil yallalar qilib turdi.

O‘yin tamom bo‘lib, palov dasturxoni yozilganda, oy ancha balandga ko‘tarilgan edi. Oshdan so‘ng qishloq qizlaridan o‘ziga durustroq bir dehqonning qizi o‘rnidan turib:

– Ertaga mehmonlarni biz kutamiz, – dedi.

Shundan keyin mingboshining kichik xotini Sulton­xon katta kundoshining qizi bilan gapni bir joyga qo‘yib o‘rnidan turdi va Enaxonga tomon yuzlanib:

– Bo‘lmasa, mehmonlaringiz indinga biznikida bo‘lishadi, – dedi. –Tuzukmi? Endi bizga ruxsat!

U kundoshining qizi bilan birga ayvondan pastga tushib, kavshini kiya boshlagach, boshqa qizlar ham bitta-bitta o‘rinlaridan turdilar. Shunday qilib bu qiyomat yig‘in kecha yarim bo‘lganda guv-guv bilan tarqaldi.