334702Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

Ikki kun burun Qumariq qishlog‘iga yettita yigiti bilan mingboshi kelib ketgan edi. Uning bu kelishi qiziq bo‘ldi. Hech kimga hech narsa demasdan to‘ppa-to‘g‘ri machitga tushib domlani yo‘qlatdi. O‘zlari xabar topib machitga kelgan amin va ellikboshilar hayron bo‘ldilar. «Nimaga bizga hech narsa demaydi mingboshi dodxo?» deb bir-birlaridan so‘rashdilar.

Ellikboshilardan biri yugurganicha borib domla-imomga xabar berdi. Domla-imom yaqindagina uylangan yoshroq bir mullavachcha bo‘lganligidan, «mingboshi chaqirayotir» degach, ancha tashvishga tushdi. Salla-choponini kiyib machitga tomon borarkan, o‘yladi: «Nima uchun yo‘qlatgan bo‘lsa?»

Mingboshining uni izlatishiga zohiriy bir sabab yo‘q edi. Shuning uchun turli xayollarga borib ko‘rdi:

«Tunov kun, shaharga tushganimda, mudarris domlaning o‘g‘illariga qattiqroq tegishib qo‘yuvdim… O‘zi ham, bachchag‘ar, ipak sallani chambarak qilib o‘rab, yomon ko‘zga ilashadigan bo‘pti-da! Ustimdan arz qilgan bo‘lsa-ya, haromi bachcha?»

«Yo… burungi imomat qilgan joyimda vahim6 yerni Sadriddin boy bilan chiqishib, ikki-uch yil o‘zim yolg‘iz tasarruf qilib edim. Mahalladan bitta-yarimtasi shuni qo‘zg‘adimikin».

«Yo bo‘lmasa o‘tgan hafta qovun sayilida yangicha maktab ochgan toshkentlik no‘g‘oy domlaga yo‘liqib qolib, ancha qattiq so‘kib edim. Uning maktabini Abdisamat mingboshi ochib bergan ekan, men uni bilmabman… Bu bizning mingboshiga Abdisamat mingboshi itob qilib yozdimikin? Keyin, maktabning asl sohibi Abdisamat mingboshi ekanini bilib, haligi no‘g‘oy domla bilan murosaga ham bordimku-ya… Har qalay, boshda ahvoldan bexabar, qattiq, gapirib qo‘yib edim… attang! Shu tashvishlarga Abdurahmon ponsot sabab bo‘ldi, bachchag‘ar! Noinsof! Bo‘lmasa, jimgina o‘tirib edim. Keyin no‘g‘oy domlaning oldida odamlarga bir-ikki og‘iz va’z qilib, la’nati jadidning ko‘nglini ko‘tarib qo‘ydimku-ya… «Albatta, – dedim, – no‘g‘oy ham – musulmon, ahli sunnat, toshkentlik ham – musulmon, ahli sunnat… Hammamiz bir odam. Dunyoviy ilmlarni o‘qish ham shariatimizda bor, chunonchi, janobi hasti payg‘ambarimiz «utlubulilmu valavkana bissin», ya’ni «Chin mulkida, ya’ni Xitoyda bo‘lsa ham ilm talabida bo‘lg‘il» deganlar. Bu – «hadisi sahih», dedim. Jadid domla xur­sand bo‘lib ketdi: «Shunday haqiqiy ulamolar bo‘lsa, millat taraqqiy qiladi», – dedi. Shu «millat» degan so‘z tufaylidan yana jindak munozara qilib olishdik. Abdurahmon ponsot no‘g‘oy domladan «millatingiz ni­ma?» deb so‘rab qoldi, no‘g‘oy domla avval «islom millati» dedi, undan keyin – negadir – «islom va turk millati» deb, «turk» degan toifani ham qo‘shib qo‘ydi. Men chidayolmadim: «Yo‘q, dedim, musulmon odamdan «millating nima» deb so‘ralsa, «millatim Ibrohim Xalillullo» deb javob berishi vojib. Dinimiz – islom, millatimiz – millati Ibrohim Xalillullo. «Turk» degan toifa O‘zgan taraflarida bor, o‘zlari elatiyadan, bizning sartiyadek kasiruladad7 emas, uning millatga hech bir daxli yo‘q!» dedim. Undan keyin hasti Ibrohim Xalillullo to‘g‘risida hasti So‘fi Olloyordan dalil keltirdim:

Xalillulo uchun yondirdilar nor,

Qadam qo‘ymay o‘shal o‘t bo‘ldi gulzor.

Jadid domla turib «Ibrohim payg‘ambar yahudiylar payg‘ambari, hatto to‘rt kitobdan biriga ham ega bo‘lgan emas», dedi. «To‘vba de, eshak!» deb baqirdim. Ortiqcha qizib ketibman. Keyin pushaymon bo‘ldimku-ya… Endi foydasi yo‘q. Afsus! Afsus!»

Imom domla kelgandan so‘ng, ko‘p o‘tmasdan, mingbo­shi machitdan chiqdi. Otiga otlanib turib bir ellikboshi bilan bir-ikki og‘iz gaplashdi. Aminga va boshqa ellikboshilarga sipo qarashi bilan bir qarab qo‘yib, yana darhol yo‘lga tushdi. Guzarda o‘tirgan besh-olti ki­shi hayron bo‘lishib bir-birlariga qarashdilar. «Nimaga keldi-yu, nimaga darrov jo‘nab qoldi?» degan savolga javob axtardilar.

– Nimaga aminni chaqirtirmasdan, imom domlani chaqirtiradi?

– Nimaga imom domla kelar-kelmas jo‘nab qoladi?

– Nimaga bu safar yigiti ko‘p?

– Nimaga qishlog‘iga qaytib ketmasdan daryo to­monga o‘tdi?

– Nimaga guzarda o‘tirganlarga hech narsa demay o‘tdi?

– Nimaga? Nimaga… nimaga…

Duv-duv gap ketdi. Har kim har tarafdan har xil ovoz chiqardi, lekin hech bir ovoz quloqqa yoqmadi, «soz tushmadi». Machit tomonda imom ko‘rindi. Uning yuziga tikildilar.

– Hoy kal, sarasop soldingmi? Hali o‘tganida imom domlaning qosh-qovog‘i soliq edi. Endi ochila tushibdi. Xayriyat bo‘lsa kerak.

– So‘raymiz qo‘yamiz-da, jinni, – dedi kal.

– Sen so‘ra, tilla bosh, senga aytadi.

– So‘rayman, qovoqbosh. So‘ramay nima?

Imom domla sekin-sekin, lekin ishonchli va xotirjam oyoq tashlab guzar o‘rtasiga keldi. Ikki tomondan salomlar ko‘tarildi.

– Taqsir, choy bor ekan! – dedi kal. – Bir piyola tutaylik.

– Qulluq! – dedi domla, to‘xtadi. – Uyga boray…

– Bilamiz, taqsir, yangi uylangan odamdi gapga tutib bo‘lmaydi! Mingboshi dodxo nima xabar olib kelgan ekan deb so‘ramoqchi edik.

Imom domla kuldi.

– Uylangandan emas, Hasanboy, – dedi. – Boshinglar qichimaganda, tilinglar qichib turmasa bo‘lmaydi-da, a?

Guzardan kulgi ko‘tarildi.

– Qichig‘ini bosib o‘ting deymiz-da, domla! – dedi kal Hasan.

Yana kuldilar. Domla qip-qizarib ketdi.

– Mingboshi dodxo yurtning omon-esonligini so‘rab o‘tdilar, xolos. Boshqa gap aytmadilar. Xo‘sh, menga ja­vob endi!

Domla yana yo‘liga tushdi. Guzar odamlari uning gapiga ishonib yetmadilar. Hasan kal dedi:

– Bizdek fuqaro yolg‘on aytganda, ishonmagan odam bir-ikki marta zo‘raki yo‘talib qo‘ysin. Amaldor bilan domla-imom yo obro‘yi katta boylar yolg‘on aytsa, ishon­magan odam kavshini qo‘lga olib tursin: «O‘g‘ri ketdi» bo‘lmay iloji yo‘q!

Yana kuldilar.

Narida, ko‘prik boshida domlaga Umaraliboy duch keldi.

– Ha, domla, Akbarali nima dedi?

– Mingboshi dodxo hech narsa deganlari yo‘q. «Jamoatning namozga yurishi qalay?» deb so‘radi. «Ma’nisi yo‘q», dedim. «Ellikboshiga aytaman, ko‘proq haydab beradi», dedi. Shu, xolos.

Umarali boy qahqaha solib kuldi.

– Umrida bir marta peshonasi sajda ko‘rganmikin, so‘ramadingizmi?

– Katta odam. Men nima deyolaman.

– Xayr, domla! – dedi boy. Yo‘lga tushdi. Keyin orqasiga qayrilib kuldi va dedi: – Zamonaning oxir bo‘lgani shu-da, taqsir. Benamoz rais bo‘lib, namozdan qolganni tergaydi!

Uch kundan keyin juma namoziga juda ko‘p odam yig‘ildi. Umuman, machit bilan hech bir aloqasi bo‘lmagan kishilar ham qoq yerga belbog‘larini yozib, faqat peshonalariga yarasha joyni to‘shadilar: imomdan burun bosh qo‘yib, imomdan burun bosh ko‘tardilar, imom «ollohu akbar» deb sajdaga egilganda, bular qiyomga ko‘tarildilar… Saflarda pix-pix kulishlar ketdi. Salom berilar-berilmas yo‘talga zo‘r berib o‘rinlaridan turgan «namozxonlar»ni so‘fining yog‘lanmagan aravaniki singari ingichka va g‘ashga tegadigan ovozi to‘xtatdi:

– Xaloyiq! Yaqin-yaqin kelib imom domlaning va’ziga quloq solinglar!

Xalq orasida o‘tirgan amin va ellikboshilar ham ularning belgilab qo‘ygan kishilari so‘fining so‘zlarini ilib oldilar:

– Ha, jamoat! Domlaning so‘zlarini eshitish zarur!

Yuqorida, ayvonning ichkarisida o‘tirgan domla saf oralab tashqariga chiqdi. Panjara eshik oldida to‘xtab gap boshladi.

Mingboshi o‘sha kungi kelishida, shahardan berilgan ta’limotga muvofiq, hamma machitlarda to‘xtalgan, jumadan so‘ng odamlarga va’z aytib, «ularni tinch tiriklik bilan shug‘ullanishga va har xil fitna-fasodlarga berilmaslikka» chaqirish vazifasini machit imomlari zimmasiga yuklab ketgan edi. Bizning domla so‘z topolmasdan tutilibroq va qiynalibroq boshlasa-da, keyincha jo‘nashib ketdi: qavmining hammasi deyarlik savodsiz qishloq odamlaridan iborat bo‘lganiga qaramasdan, «balog‘ati arab va fasohati furs»ni mumkin qadar ko‘p ishlatdi, eshon So‘figa juda muxlis bo‘lganligidan, uning ma’nilik baytlaridan anchasini har yer-har yerga qistirib o‘tdi. Bir qancha vaqt zo‘r berib shahardagi hokim to‘ralarni, o‘zimizning «Mulla Akbara­li dodxo»ni, shular qatorida – garchi boshqa mahkumning ulug‘i bo‘lsa-da – «farosatlik, hushyor, donishmand, saxiy va muruvvatmand» hukumatdorlardan mulla Abdisamat mingboshini maqtab o‘tdi. «No‘g‘oy domla eshitsin» deb yangi zamon maktablaridan, unda Qur’onning tajvid bilan – maxrajiga to‘g‘rilab – o‘qitilishidan, u maktabda o‘qigan bolalarning «Shariatul imon»ni kattalardan ko‘ra yaxshiroq bilganlaridan, ozod bo‘lishga yaqin Misr ohangida salovot o‘qiganlaridan, uni eshitgan odam yig‘lamay o‘tolmaganidan, hatto… hatto garchi u maktabning domlasi bolalarga «yer mudavvar, ya’ni bamisoli soqqa yoki yong‘oq va yoki tarvuz – dumaloq» degan bo‘lsa ham, bu da’voning shariati Mustafoga uncha xilof kelmaganidan, ya’ni eshon So‘fi Olloyor, Amir Navoiy, Mavlono Fuzuliy, eshoni Haziniy ab’yotlarida falakning gardishi, ya’ni aylanishi xususida ko‘p so‘zlanganidan gapirdi. Bosh qizib, gap qo­zoni qaynagandan so‘ng, domlamiz aljiy boshladilar. Gaplar poyma-poy kela boshladi. Undan keyin qavmning namozga kam yurganiga, boylarning zakot va sadaqa xususida shariat amridan chetlashganlariga, qishloq odamlari orasida «xamr», ya’ni aroq ichadiganlarning ko‘payganiga o‘tdi… Hech kimni qoldirmay so‘ka boshladi. Endi bu ruhoniy gramofonni to‘xtatish qiyin edi. Domla kimdan koyisa, yonidagisi, albatta, xur­sand bo‘lardi. Domlaning o‘tkir tillaridan faqat ellikboshilar bilan aminlargina qutulib qoldilar.

Domla so‘zni tamom qilgandan keyin, odamlar yana o‘rinlaridan tura boshlagan edilarki, ayvonning ichidan Umaraliboyning xirqiroq ovozi ko‘tarildi.

– Domla yaxshi aytdilar! Balli domlaga! – dedi boy. – Benamozlarning kasofatidan hammayoq qimmatchilik bo‘lib ketayotir!

– Xotinbozning kasofatidan-chi, xotinbozning? – dedi birov pastdan.

– Boybuva o‘z qilmishidan ham gapirsin jindak! Eshitaylik! – dedi yana birov.

Boy achchig‘landi. Saf oralab ayvon qirg‘og‘iga keldi.

– Kim u menga ta’na qilgan? Qaysi benamoz? – dedi u. O‘zi qaltirardi.

Javob bo‘lmadi.

– Imom domlaning qo‘llariga darra olib beramiz endi, benamozlarning jazosini beradi? – dedi ichkaridan tashqariga chiqayotgan Yodgorxo‘ja.

– Sudxo‘rdan gap eshiting! Sudxo‘rdan! – dedi pastdagilardan biri.

– Pul meniki! Kimga qanday shart bilan bersam – ixtiyor o‘zimda! Senga nima, o‘g‘ri? – dedi Yodgorxo‘ja.

– O‘zing o‘g‘ri, hammani o‘g‘ri deb bilasan!

– Nima, nima?

– Hovliqma!

– Bilasizmi, taqsir, – dedi Umaraliboy, – hamma balo amaldorlarimizning yomonligida. Mingboshimiz – Akbarali bo‘lsa, peshonasi bir umr sajda ko‘rgan bo‘lmasa, xotinlari buzuq bo‘lsa, o‘zi piyanista, buzuq odam bo‘lsa! Boshqalardan koyib bo‘ladimi?

– Hay, Umaraliboy, unday demang! – dedi imom. – Mulla Akbarali dodxoga til tegizmang. U kishidan fuqaro hech qanday bir yomonlik ko‘rgan emas. Uncha-muncha chakki yurishlari bo‘lsa, amaldor ham podshoday gap, podsholarga buyuradi o‘zi…

– Men mulla Abdisamatga hech narsa demayman, – dedi Umaraliboy.

– Mulla Abdisamat bo‘lsa hamma jon deydi! – de­di Yodgorxo‘ja.

– Mulla Abdisamatdek amaldor yo‘q! – deb davom etdi Umaraliboy. – Akbarali odammi? Sipohmi? Amaldormi? Uning o‘rnida men bo‘lsam, guzardagi samovarlarni taqatak berkitdirardim. Hamma benamoz shu yer­ga yig‘iladi. Namoz o‘qimaganni yozda darralatardim, qishda muz teshib suvga pishardim.

– Shu uchun xudo senga amal bermaydi-da! – dedi birov pastdan.

– Tuyaga qanot bersa, qaysi imorat sog‘ qoladi? – dedi kal Hasan.

Hamma kulib yubordi.

Umaraliboy yana davom qildi:

– Men amaldor bo‘lsam, shu qishloqdan besh-to‘rtta yalangoyoqni Sivirga haydatardim.

– Habbarakalla! – dedi Yodgorxo‘ja.

– Biz Sivirga ketardik, senlar qolib – bittang qishloqda sog‘ xotin qoldirmasiding, bittang yuzni mingga berarding!

– Yurt obod bo‘lardi!

– Bittang Qumariqning suvini o‘z yeringdan chiqarmasding. Bittang Katta ariqdan qishloq odamlariga bir tomchi suv bermasiding. Xayriyat, amaldor emassan!

– Bo‘laman amaldor!

– Ko‘ramiz!

– Ko‘ramiz!!

Umaraliboy qizib ketdi:

– Ko‘rasan! Ko‘rsataman sen xotintaloqlarga!

Pastdagilarning hammasi deyarlik na’ra soldi:

– Kim xotintaloq?!!

O‘nlab kishi mushtini tugumlab ayvonga yugurdi. Baqirishlar, dod-voylar, faryodlar yuksaldi. Og‘ir mushtlarning og‘ir zarbalari eshitildi. Butun qavm bir-biriga kirishib ketdi… Amin osmonga qaratib bir-ikki marta to‘pponcha chiqardi. Unga qaragan va ahamiyat bergan bo‘lmadi. Bir yigit rosa mo‘ljallab turib aminning qo‘liga mushtlagan edi, to‘pponchasi йo‘lidan tushdi. Uni boshqa bir yigit olib yoniga soldi, yonidagilarga qarab mag‘rur-mag‘rur… kuldi. Muni ko‘rgan ikki ellikboshi o‘zini darvozaga urib qochdi. Machit ayvoni oldidagi eski chirik panjaraning sharaq-shuruq sinishi ko‘chaning u yuzida cho‘ziq bir aks sado berdi.

Bir ozdan so‘ng butun qishloq isyon holatida edi.

Mingboshi bu yoqda yigit ortdirish to‘g‘risidagi buyruqning amin va ellikboshilar tomonidan nechik bajarilgani xususida rasmiy ma’lumot kutib o‘tirardi. Qishloqlarni aylangan vaqtida amin va ellikboshilarning ba’zilariga o‘zi yana eslatib o‘tgan edi. Hakimjondan tez-tez so‘rab turardi. U bu ishni mumkin qadar tez va hammadan oldin bitkazib, o‘zi shaharga tushmoqchi, hokim to‘raga arz qilib, o‘z sadoqatini ko‘rsatmoqchi bo‘lardi. Ikkinchi tomondan, Hasan abzining vasvasalik fikrlari ham uni hali tark etmagan edilar. Bu jihatni o‘ylagan vaqtida u o‘zining qishloq aylanib kelishidan xursand bo‘lardi…

«O‘zimni ko‘rsatdim! Xo‘p yaxshilab ko‘rsatdim! Abdisamatning qishlog‘idan ot qo‘yib o‘tish nasib bo‘lmasa ham, shu aylanishimning o‘zi chakki bo‘lmadi. Abdisamat eshitgandir. Eshitdirmay qo‘yadimi odamlar? Yuragi o‘rtansin bachchag‘arning!..»

Faqat, amin va ellikboshilar joylariga qaytgandan so‘ng nafaslarini ichlariga solib o‘tira berdilar. Ko‘plari ko‘chaga ham chiqmay qo‘ydi. Ular odamlarga qanday qilib yangi pul solig‘idan gapirishga hayron edilar. Oradan bir hafta o‘tdi. Hech bir amin va ellikboshi bu to‘g‘rida hech bir kimga og‘iz ochgani yo‘q.

Mingboshi tajanglana boshladi.

– Mirza, bu zang‘arlaring esidan chiqardimi? Yo imoni o‘chib indayolmay turadimi? Bir-ikkitasiga farmoyish yozib, ot choptir!

– Xo‘p, taqsir!

Yigitlar farmoyishni ko‘tarib yo‘rta ketdilar.

Ichkarida butun ishlar mingboshining istaganicha hal bo‘lgan edi. Ilgari dutor chalib «Netayxon» kuyiga sayraydigan shahar bulbuli, keyincha sekin-sekin qo‘lga qo‘na boshlab, Sultonxon tashqariga yo‘l solgan kechasi – biroz ijirg‘anib bo‘lsa ham – o‘zini mingboshi dodxoning ixtiyorlariga topshirdi…

Topshirmay nima qilsin? Boshqa iloji bormidi? Qani u iloj? U ham shu o‘lkadagi minglarcha, necha o‘n ming, yuz minglarcha ayanch qullarning biri emasmi? Savdogarlar bilan liq to‘la qul bozorida sotiladigan kanizak hech bir tadbir bilan sotilishdan o‘zini qutqarolmaydi. Muning uchun o‘ziga o‘xshash kanizlarning ko‘p bo‘lishi, u ko‘pning bir butun bo‘lishi, bir butunning savlatli hukmlarga, ya’ni o‘limga tayyor bo‘lishi kerak. Ota-onalari tomonidan qari chollarga sotilgan qizlar ozmidi? Qaysi biri qarshilik qilib eplay olgan? Qaysi biri hiyla bilan qutulib ketgan? Undaylar to‘g‘risida xalq og‘zida bitta-yarimta doston ham yo‘q. Xalq taqdirga tan berganlardan gapiradi. Ko‘pchilikka quloq solsangiz: quturganlarning chor-nochor yumshaganini, osiylarning bo‘yinsunganini, telbalarga es kirganini, olovlarning pasayganini, alangalarning so‘nganini, faryodlarning bo‘g‘ilganini, dod-voylarning bo‘g‘izlardan beriga chiqolmasdan eriganini aytadi, aytarkan yo ko‘zidan bir-ikki tomchi an’anavny yosh chiqaradi, yo bo‘lmasa ma’nilik qilib boshini chayqaydi.

Zebi otasining xunuk fe’lini biladi. Otasi shahardan piyoda kelgan edi. Oppoq soqoli bilan ko‘z yoshlarini to‘kib yig‘ladi. «Qizim, – dedi, – meni munaqa sharmanda qiladigan bo‘lsang, ilohim, bo‘yning tagingda qolsin… Murodingga yetmagin…» Munday qarg‘ishlarning ortiq darajada qo‘rqinch ekanini har og‘izdan eshita-eshita o‘sgan; «erga tekkuncha, xudodan keyin ota-ona keladi» degan talqinlar ostida katta bo‘lgan ojiz, irodasiz, ayanch va yakkabosh bir qiz uchun, Razzoq so‘fiday odamning omonsiz nazarlari ostida yetilgan bir notavon maxluq uchun haligi xilda qarg‘ishlarning ruhiy ta’siri bo‘lmasa mumkinmi?

Muning ustiga, Zebi onasini haddan ortiq yaxshi ko‘radi, bu ko‘ngli qattiq otaning dardini u mushtipar ham kam tortgan emas… U bechora hali ham shaharga qaytib ketolmaydi. Bir siqim ro‘zg‘or sovrilib bitmadimikin? Ona sho‘rlik har kun yig‘laydi, ko‘z yoshi qiladi: «Aylanay qizim, menga rahming kelsin, – deydi. – Men senga onalik mehrimni qo‘yib katta qilganman, boshqa gunohim yo‘q. Seni suymagan kishiga bergan bo‘lsa, otang berdi… Men bir narsa deb eplay olamanmi, qalay? O‘zing bilasan. Otang tepa to‘nini teskari kiyib kelibdi. Mingboshi dodxo oldida munaqa sharmanda qiladigan bo‘lsa, qiz ham kerak emas menga, sen ham kerak emassan, deydi. Aylanay bolam. Men otangdan qo‘rqaman… Shaharga borolmayman. Bu yerda ham qololmayman… Hech bo‘lmasa menga rahming kelsin, bolam. Jon bolam, ko‘z bolam!» Har kun boshqacharoq shaklda takror qilingan bu so‘zlar ta’sirsiz qolmaydi, albatta. Ayniqsa, yumshoq ko‘ngilli qiz bolaga…

O‘zi ham o‘ylaydi: «Men, – deydi Zebi, – yakka boshim bilan qarshilik qilib eplay olamanmi? U devday bir erkak bo‘lsa, men bir siqim joni bor qiz bo‘lsam? Onam bechora shaharga ketolmay, jonini qo‘liga olib, har kun, har kecha qulog‘im ostida yig‘lab tursa? Ikki kundoshim kecha-kunduz menga qarab kulib, meni erkalatib, silab-siypab muomala qilgani bilan, kecha-kun­duz menga deydigani shu: «Munaqa qilmang, aylanay!» Mingboshini mendan uzoq tutish uchun jon olib, jon berib urinishi kerak bo‘lgan Sultonxon kelganidan be­ri har kun qulog‘imga egilib ikkala kundoshining gapini qaytaradi… bilolmay qoldim! Umrinisabibini chiqarmay qo‘ydilar, qiziga ham yo‘l yo‘q. Enaxon ham kam chiqadi, chiqqanda ham shu kundoshlarning gapini qaytaradi. Yolg‘iz jonim bilan hech narsa qilolmaydiganga o‘xshayman, taqdirga tan beraman, shekilli. Voy, xudoyim, o‘zing tashlaganingdan keyin boshqa chora bormi?»

Shunday qilib, qiz bechora taqdiriga tan berishga jazm qilganidan keyin, omonsiz taqdirning sunib tur­gan jomidan o‘zini mast bo‘lganday xayol qilib, o‘zi xohlamagan va o‘zi qo‘rqqan zavqqa toldi.

O‘sha shumlik kunda to kechgacha Zebi necha marta tishini tishiga bosib g‘ijindi, oyog‘i bilan yer depsab o‘zini zo‘rladi, oqshom chog‘i ko‘nglidagi iztiroblarni dutor qillariga va Netayxon yallalariga topshirdi. Ortiqcha qiynalmaslik uchun butun oqshom ichi fonar yoqmadi, tashqaridan tushgan zaif yorug‘da – mingboshiga qayrilib qaramasdan – dutorini chalib, yallasini qila berdi. Kelin bo‘lib kelgan kundan beri o‘ntacha qalin ko‘rpadan iborat hashamli yotoq uyning o‘rtasida har kun kuyov-qayliqni kutardi. Mingboshi har kungi odatini qilib, kirgan hamon yechinib yotgan, ustiga katta choyshab­ni tashlab o‘zi sevgan yallalarini tinglardi. Itlik qilmaslikka va’da bergan bu odam, bilmadim kimdan xijolat tortib, va’dasini buzishga urinmagan edi. «Bu oqshom ham sehrli yallani eshitib uxlab ketarman» deb o‘ylardi u. Zebi avval ashulla ni to‘xtatdi. Undan ke­yin, tashqarida hamma uxlagach, birdaniga dutorini irg‘itdi: «Bir narsa bo‘lmadimi?» deb o‘ylab boshini ko‘targan mingboshi yoniga salgina qaltiranib Zebining kirib kelayotganini ko‘rdi. Qiz uning ochilgan quchoqlariga bir qulday e’tirozsiz kirib ketdi… Ertasi kuni uncha ijirg‘anmadi. Undan keyin tabiat o‘z ishini qildi. Mamlakatning qizg‘in quyoshida tez yetilgan tan bechora qizning ma’yus ko‘nglini o‘z iliq quchog‘iga oldi.

Erta bilan ikkala katta kundosh qahqaha solib turib bu yosh kundoshni olqishladilar. Ular o‘z qahqahalari bilan narigi kundoshni – Sultonxonni bo‘g‘moq istardilar. Holbuki, u har kecha deyarlik mirzaning qo‘ynida saodatdan bo‘g‘ilardi… U haligi yuksak qahqahani eshitgach, uning ma’nosini angladi: yugurib Ze­bining yoniga kirdi, hammaga birdan salom bergach, Zebiga osildi; uni ham – xuddi mirza kabi – butun hirsi bilan quchoqlab, cho‘p-cho‘p o‘pdi, bu bilan ikkala kat­ta kundoshga demoqchi bo‘ldiki:

«Siz qancha sevinsangiz, men sizdan ortiqroq sevinaman! Siz quruq vahimani quchoqlab sevinasiz, men tirik va joni bor odamni quchoqlab yayrayman. Kim ahmoq! Kim ahmoq?!»

Sultonxon bechora kundoshlarnni «ahmoq» deb o‘ylaydi. Holbuki, u siqiq muhitda, u kishanli jamiyatda va u «mamnu’ o‘lka»da yashovchilarning hammasi bir-birini aldashga, bir-birini «ahmoq» qilib qoldirishga urinadi va o‘zi muvaffaq bo‘lgach, boshqa hammani «ahmoq» sanaydi. Yashash uchun kurash borayotgan bo‘lsa, odatda, kuch bilan yengolmagan odamlar hiyla bilan yengadilar: bu – juda tabiiy narsa. Ayniqsa, xotinni quldan battar xo‘rlovchi bir muhitda xotin chor-nochor hiylaning ustasi bo‘ladi. Xotinning ikki qo‘liga kishan solib, ko‘cha darvozasini tashqaridan qulflab do‘koniga ketadigan savdogar hammadan ortiq ahmoq bo‘lganini anglamaydi…