Kishi holimni bilmas...

Kishi holimni bilmas...
by Furqat
308521Kishi holimni bilmas...Furqat

Kishi holimni bilmas, mehribonidin adashganman,
Vatan ovoradurmen, do‘stonidin adashganman,
Vatansiz benavodurmen, makonidin adashganman,
G‘aribi ko’yi g‘urbat, xonumonidin adashganman,
Vayo bir murg’i vahshiy oshiyonidin adashganman.

Boshimda dam-badam bir kulfati digar makon aylar,
Dilimni har nafas anduhi digar oston aylar,
Falak payvasta tiyri g‘amg‘a ko’ksumni nishon aylar,
Tirikman zohirida, xalq bir odam gumon aylar,
Valekin holi surat tanda jonidin adashganman.

G‘arib-u bekas-u sarsonlig‘imni boisi shuldur,
Hazin-u xasta-yu giryonlig‘imni boisi shuldur,
Jahon ovarayi hayronlig‘imni boisi shuldur,
Xarob-u besar-u somonlig‘imni boisi shuldur,
Ki, bir sohib karomat ostonidin adashganman.

Bo‘lubman oshiqi sho’ridayi bir nozanin dilbar,
Firoqida dilim g‘amnok, bag‘rim chok, chashmim tar,
Tanam xoshokidin shu’la urar ishq otashi yaksar,
Muhabbat o‘tida kuyg’och, bo‘lub bir to’da xokistar,
Fano bodi tegib nom-u nishonidin adashganman.

Kezib dashti biyobon bahr-u barlar yig‘lasam, tong yo‘q,
To’kub yosh o’rnig‘a ko‘zdin guharlar yig‘lasam, tong yo‘q,
Malomat zohir etmang, hamsafarlar, yig‘lasam, tong yo‘q
Chekib bulbul kibi afg‘on saharlar yig‘lasam, tong yo‘q
Ki, keldi fasli gul, men gulistonidin adashganman.

Menga kor etti davron inqilobi, na iloj aylay?
Nasib o‘ldi mazallat xo’rdi xobi, na iloj aylay?
Qolibmen tashna, yo‘q bir kosa obi, na iloj aylay?
Boshimg‘a tushdi g‘urbat oftobi, na iloj aylay?
Falakni gardishidin soyabonidin adashganman.

Laqab har kimsaga mardum ba qadri odatiy derlar,
O‘shal kim anjumanda o‘tsa umri suhbatiy derlar,
Fano ko’yida kimki mu’takifdur xilvatiy derlar,
Zamon ahli bu boisdin taxallus Furqatiy derlar,
Necha yildur bir oshubi zamonidin adashganman.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.