Kleo‘patra uyqusi
1
Kleo‘patra Nilning bo‘yida
O‘z qo‘li bilan nilufar uzdi.
Go‘zal chechakni, yoziqsiz gulni
Ishdan chiqardi, turmushin buzdi.
Bir to‘plam qildi, bir ipak bilan
Boshiga osib, uyquga ketdi.
U uxlaganda butun Misrda,
Butun o‘lkada uyg‘oqlik bitdi…
Jim tur, farishta, qanoting qoqma,
Fir’avnning qizi tinchlab uxlasin!
Uning yuzidan, go‘zalligidan
Oshiqning ko‘ngli bir orom olsin!
Uning yotishi – kunning botishi!
Qorong‘ulikda yulduzlar o‘ynar.
Butun oshiqlar, ko‘ngli yoniqlar
Go‘zal o‘ylarni shu chog‘da o‘ylar.
Tuban qarab yur, Nilning suvin ko‘r:
Qanday chiroyli, limillab oqar,
Fir’avn qiziday, ilon iziday
Buralib oqar, qimirlab oqar…
2
Kleo‘patra uyg‘ondi nega?
Nega u chog‘siz uyqusin ochdi?
Uning ko‘zidan, go‘zal yuzidan
Uyqu, qizillik, to‘liqlik qochdi!
Ana: qo‘lini gulga uzatdi,
Boq: ipni uzdi… gullar qo‘lida!
Oh… g‘ujum qildi, yerga tashladi.
Ko‘p yo‘qsil gullar qurbon yo‘lida…
– Nega tashladi?
– Gul so‘lgan edi…
Shuning-chun zolim yerga tashladi!
O‘zini ko‘r bir: mast ilon yanglig‘
Joyida yotib, to‘lg‘oq boshladi.
Bor, ey yigit, sen Nilning bo‘yidan
Zolim qizi-chun nilufar keltir!
Zolim qizini bu sirli kechda
Ko‘p urintirma, tezroq tinchlantir!
Bir to‘plam gulni boshiga ossa,
Yana uyquga ochar quchog‘in,
Yo‘qsa, bu zolim hech bosa olmas
Yuragidagi «sevmaslik» dog‘in…
3
Qo‘y, sen qo‘zg‘alma… mening ko‘ksimda
Ko‘z yoshim bilan o‘sgan chechak bor,
Shuni berarman, bir hidlash bilan
Sevgiga botib bir umr uxlar!..
Buxoro. 1921, 17 avgust
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|