Ko‘zumni ravshan et mehri jamoling ko‘rsatib...

Ko‘zumni ravshan et mehri jamoling ko‘rsatib...
by Muhammad Rahimxon Feruz
332683Ko‘zumni ravshan et mehri jamoling ko‘rsatib...Muhammad Rahimxon Feruz

Dedim: «Ko‘zumni ravshan et mehri jamoling ko‘rsatib!»
Dedi: «Uzorim o‘tig‘a joning netarsan o‘rtatib?!»

Dedim: «Tarahhum aylabon holimg‘a qil nazzora».
Dedi: «Ko‘zum joning figor etgusi noz o‘qin otib».

Dedim: «Visol ichra labing shaxdi mening komim erur».
Dedi: «Sanga bergum ani zahri firoq ichra qotib».

«Dedim: «Labingning sharbati shirinmu yo kavsar suyi?»
Dedi: «Bo‘lurmu har suyi obi baqog‘a o‘xshatib?!»

Dedim: «Nedin erkan bugun olam muattar bo‘lmog‘i?»
Dedi: «Sochimni tong yeli yuz uzra solmish butratib».

Dedim: «Ko‘zung bedor qil noz uyqusidin, ey pari».
Dedi: «Bu lahza fitnayi noyimni netkung uyg‘otib?!»

Dedim: «Ko‘zungdin o‘rgilay, bir bo‘sa ber Feruzg‘a».
Dedi: «Yuzumni og‘ritur har yon xating nishi botib».


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.