Kulmading bir, to mani yuz qatla giryon qilmading...

Kulmading bir, to mani yuz qatla giryon qilmading...
by Komil Xorazmiy
332660Kulmading bir, to mani yuz qatla giryon qilmading...Komil Xorazmiy

Kulmading bir, to mani yuz qatla giryon qilmading
Tutmading bir jom, to koʻnglum toʻla qon qilmading.

Xotirim davron gʻamidin qilmading bir lahza jam’,
To mani bir yilgʻacha zoru parishon qilmading.

Xasta koʻnglum tah-batah qon qilmagʻuncha gʻunchadek,
Ochilib majlisda ruxsoring gulafshon qilmading.

Man tarafgʻa qilmading hargiz xatodin bir nigoh,
To raqibimgʻa boqib yuz lutfu ihson qilmading.

Aylading mehru vafo bobida qaysi va’dalar,
Kim yana ul ahdu paymondin pushaymon qilmading.

Otmading qahru itobing novakin agʻyorgʻa,
To malomat oʻqigʻa koʻksimni qalqon qilmading.

Qilmagʻuncha xoni vaslingdin bu zoring benasib,
Oʻzgani bu xoni ihson uzra mehmon qilmading.

Egnima kiydurmading lutfu inoyat xil’atin,
To libosi ofiyatdin jismim uryon qilmading.

Qaysi bir ummidkim lutfingdin etdim oqibat,
Ul umidim hosilini ya’si xirmon qilmading.

Ey sitamgar, qaysi bedilgʻa berib vaslingda joy,
Soʻngra oni mubtaloyi dogʻi hijron qilmading.

Qilmagʻuncha xonu monimni qaro hijron aro,
Kulbam ichra orazing sham’i shabiston qilmading.

Donish ahligʻa qayu qilmishlaring dey, ey falak,
Qay birin ul zumranitsg magʻlubi nodon qilmading.

Sirri ishqing necha pinhon tutti eldin, ey pari,
Qoʻymading Komilni to rasvoi davron qilmading.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.