Kuz (II)
Daraxtlar taniga tirmashdi izg’irin,
Shoxlarga ilonday chirmashdi izg’irin.
Qo’llari barglarning betida surundi,
Barglarning bandini qirt etib kesishka
Urundi…
Er beti qoplandi malla rang choyshap-la;
Boqchalar rang-barang choyshap-la!
Qish, qirov orqali jo’natti nomasin,
Yaqinda chalajak yoqimsiz nag’masin…
Guppi to’n vazminin solajak bus-butun,
Ishiga qaytajak o’t, o’tin!
Lekin biz qosh-qovoq solmaymiz kuz kabi,
Yuzlarga g’am rangi olmaymiz kuz kabi.
Yulduzday yonuvchi ko’zlarni o’ynatib,
Shu katta,
Dumaloq kurraning –
6-dan biriga qaraymiz!
Qish-u yoz
Bir xilda ishlagan,
Shu tinmas
Va sayoq kurraning
6 dan 5 ini o’ziga qaratgan;
Ishlash-la tishlagan
Yeriga qaraymiz!
Ishlashda – buyuk zavq,
Mehnatda – ulug’ shavq,
Ijodda – o’lmaslik
Va foniy bo’lmaslik
Ko’ramiz!
Kuzda ham,
Qishda ham,
Bahorlar shavqi-la,
Aylanar kurramiz!
Mayli,
Har daraxtka tirmashsin izg’irin!
Shoxlarga, ilonday chirmashsin izg’irin!
Mayliga,
Qish agar
Yo’llasa nomasin!
Boshlasa
Beta’sir,
Yoqimsiz nag’masin
Biz
Qishdan
Yozlarning rizqini olamiz!
Qishni ham,
Yozni ham
Rejaga solamiz!..
1934 yil, noyabr
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|