Layli va Majnun (Abdulla Qodiriy)
Kichkina feleto‘n
Maqolaning sarlavhasini ko‘rib «Layli va Majnun» operasiga tanqid ekan, deb miyangni aynitib o‘lturma, aka. «Layli va Majnun»ni va umuman teatru kechalarini tanqid qilib: «Mana bu artist qing‘ir ekan, mana bunisi qiyshiq ekan, kitobi unday ekan, dekaratsiyasi bunday ekan deb kritika sanayturg‘an jinni bo‘lg‘animcha yo‘q. O‘yunni bir artist buzub o‘ynasa, yaxshi belgilaki, «darbisot» dastmoyaning o‘zi shul, tuzatib o‘ynaydimi, bunisi ham o‘zida bori; bir dramaturg‘ning yozg‘ani to‘rtta shoptoli danakdan iborat bo‘lsa, bunga ham haligi «darbisot»ning o‘zi kofiy, shofiy — lo‘nda javob». Kaminaning nazariyasidek faylaso‘fona bir nazariyani kunchiqar bilan kunbotarg‘a zir yugurib izlasang ham yaxshi bilgilki, topolmaysan!
Mavzudan chetka chiqdim shekillik, maqsadga ko‘chaylik endi:
O‘ng biqinimda samarqandlik birtasi, chap biqinimda qo‘qonliqnamo yana birtasi bo‘lg‘ani holda ketdik «Layli va Majnuni»ga qarab.
Hali soat yetti. Demak, o‘yun boshlanishig‘a bir yarim, ikki soatlab vaqt bor. Kuni bo‘yi tiriklik orqasida yurub zerikkan xalq kechning yengil latif shamoli ostida rohatlanib, toza havo isinmakda edi. Biz ham uchchovlashib, og‘zimizni toza havo sari kappa-kappa ochib, ko‘chaning u boshidan bu boshiga bo‘zchining mokkisidek borib kela boshladiq. Zebo bo‘y, sarviqadsimon tan, shahlo ko‘z, bodom qovoq, yupqa tomoq sanamlar halidan-hali yonimizdan o‘tib turadirlar. Boshqa vaqtdag‘i kabi sitam, iltifotsizlik, nozu karashma degan gaplar ham bilmadimki qayoqqa ketibdir, yo‘q. Uyoq-buyoqni xoli, ko‘zni shamg‘ilat qilib sanga qaraydurlar-da qoshlarini uchurib, ko‘zlarini qisib yuboradirlar… Bu vaqt manga o‘xshag‘an jiz ixtiyori qo‘lida bo‘lmag‘anlar po‘rt uchdi, deyilsa mumkindir…
O‘zimizning bir yigit, haligi qisqichbaqalardan birtasi, bir daqiqalik «imqo‘q» bilan tanishib ham oldilar. Yigitimiz so‘raydir:
— O‘zingizga o‘xshag‘an Laylilardan tag‘in bormi?
Qisqichbaqa javob beradir:
— Bor. Biz to‘rt Layli.
— Ochen xorosho, biz ham to‘rt Majnun, ayda! Qo‘ltuqlashib ham ketadirlar. Savdo ortiq qizg‘in, bozor chaqqon. Ularning Laylisiga yetarlik bizning Majnunlarimiz ham yo‘q emas.
«Kolizey»da o‘lturamiz. Layli va Majnunlar tanaffus choqlarida jangdan bezor qiladirlar. Birinchi qo‘ng‘iroq Layli-Majnunlar tashqarida, ikkinchi qo‘ng‘iroq, hamon darak yo‘q, uchinchi qo‘ng‘iroq chalinib parda ko‘tarilgach, zolning ichida duv to‘polon. Sahnada o‘yun, bizning zolda qiy-chuv, taqur-tuqur, xuddi ketmon bozor.
«— Uying kuygurlar, ilgariroq harakatingni qilib olsang bo‘lmasmi», deyaturg‘an tergovchi yo‘q. Man bo‘lsam:
— Layli va Majnunlar, — deb o‘lturaberaman.
Yonimda o‘lturg‘an samarqandlikni boshda esli bir yigit, deb o‘ylag‘an edim; keyinda buning ham palchavasi chiqib qoldi, «oh» tortadir, afsus yeydir. Uning keyinidan bir juft forsiy g‘azal ham o‘qib yuboradir.
— Ha, nima bo‘ldi, akun?
— Maorif masalasi esimga tushdi…
— Maorifga nima qilibdir?
— Maorifimizning nima bo‘lgoni maydonga. Samarqanddan maorif ishlari to‘g‘risiga vakil bo‘lub kelgan edim. Tashkandga bo‘lgon maorif ishchilari dumlarini tutquzmaylar… — deb hasratidan chang chiqara boshladi. Bizning Toshkandning taraqqiysidan xabari yo‘q ko‘rindi bechoraning.
— Eyy, — dedim, — bizning Toshkandning taraqqiysi oshib ketdi, o‘rtoq, — dedim. — Bizning Toshkandda maorif degan narsaning tarixga topshirilg‘anig‘a endi ko‘b vaqt bo‘ldi… Agar Toshkand maorifi bilan ko‘rishmakchi bo‘lsangiz muzai milliyamizga marhamat qilingiz, dedim.
Chirog‘ o‘chdi.
Parda ochildi.
Layli o‘lgan edi. Majnun ham o‘ldi.
«Xudo rahmat qilsin!» — dedik-da, ketdik…
Mana biz «Layli va Majnun» kechasini shunday qilib o‘tkazdik.
Julqunboy
«Turkiston» 1922 yil, 17 sechtyabr, Z-son
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|