Mahmudxo‘ja Behbudiy (II)

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1923)
by Hoji Muin
334452Mahmudxo‘ja Behbudiy1923Hoji Muin

SO‘Z BOShI

Har millatning o‘zig‘a maxsus madaniyati, adabiyot va matbuoti, milliy tarix va tarojimi ahvol kitoblari, shoir va adiblari bo‘ladi. Bir millatning taraqqiyoti madaniyasi qaysi darajada ekanligini bilmak uchun uning adabiyot va matbuotini bir daraja ko‘zdan kechirmak lozimdur.

Biz Turkiston turklari burung‘i muhtasham va madaniyatimiz so‘ng‘ondan keyin so‘ngg‘i asrlarda har bir jihatdan juda ketda qoldiq. Madaniyat va maorifimiz xarob, davlat va hukumatimiz barbod bo‘ldi. O‘zimiz Yovrupo jahongirlarining asoratida qoldiq. Lekin so‘ng bo‘lsa ham, gunoh va xatolarimizdan xabardor bo‘la boshladiq. Bir oz uyg‘ondiq. Bizda «intiboh davri» 1901nchi yildan boshlandi. Biz uyg‘onish davridamiz. Bizda yangi adabiyot endigina o‘sdi. Matbuot yaqindag‘ina tug‘uldi. Shoir va muharrirlar bu kunlardagina yetisha boshladilar. Tarix va tarojim yozish ishlari esa, hanuz gullanish arafasidadur.

Yangigina uyg‘ona boshlag‘on millatlarning «davri intibohi» juda qiziq bo‘lg‘onidek, ul davrning kahramon yo‘lboshchilari ham nihoyatda ibratlik mojaro (sarguzasht)ga molik bo‘ladilar. Shunga ko‘ra, bizda ham uyg‘onish davrining o‘ziga yarasha yo‘lboshchilari bordur. Bizdagi yangilik rahbarlarining biri va balki birinchisi, shubhasiz, Mahmudxo‘ja Behbudiydir. Behbudiy afandi uyg‘onish davri va o‘zbek adabiyoti tarixida birinchi o‘runni olurg‘a loyiq bir zotdur. Ul yigirma yilliq xidmati chog‘ida turlik yoqdan turlik to‘suqliqlarg‘a yo‘luqub, ko‘b qiyinliqlarni ko‘rdi va oxiri o‘zining tutqon maqsad, maslagi yo‘lida qurbon bo‘ldi.

Behbudiy afandi 1901nchi yiddan boshlab qo‘lig‘a qalam olib, xalqni oqarturishqa kirishgan va umrining oxirig‘acha Turkistonning yangilik va yuksalishig‘a hormay-tolmay, talashib-tortishib xidmat qilg‘on birdan-bir muharrir va fidokor yo‘lboshchimiz edi.

Behbudiy afandining shahid bo‘lg‘onig‘a to‘rt yil to‘lub kelayotgan bo‘lsa ham, bu kungacha uning to‘la tarjimai holi yozilmadi. Uning tarjimai holini yozmoq uchun kuchlik va tajribalik qalam kerak edi. Lekin esizkim, muqtadir muharrirlarimiz bu kungacha bu vazifani o‘tamadilar. Oqibat, men o‘zim iqtidorsizlig‘img‘a qaramay, bu xidmatni bo‘ynumg‘a olurg‘a jasorat etdim. Ustozimiz Behbudiy afandining kuchim yetgancha to‘laroq tarjimai holini yozarg‘a kirishdim. Mening bu yozg‘onlarim Behbudiyning «mukammal tarjimai holi» sanalmasa ham, mundan so‘ng mukammal tarjimai hol yozaturg‘onlar uchun birinchi manba va ishonchlik ma’lumot bo‘la olur, deb umid etaman.

Men Behbudiyning 1903nchi yildan boshlab so‘ngg‘i kunlarig‘acha qilg‘on xidmatlarini bilsam-da, lekin bundan burung‘i hollarini bilmas edim. Mazkur tarixdan ilgarigi ahvolini o‘zining ustozlari, qarindoshlari va bilish-tanishlaridan surushturub yozdim. Muning uchun ko‘b kishilarga murojaat etishga va ko‘b hollarni takror tekshirib, tuzatib yozishqa to‘g‘ri keldi. Behbudiy haqida yozg‘on narsalarimni eng oxirida Samarkand maorifparvarlarining majlisida o‘qub, mumkin kadar tashih va takmiliga tirishdim.

BEHBUDIYNING OTA-BOBOLARI VA O‘ZINING VALODATI

Mahmudxo‘ja bin Behbudxo‘ja bin Solihxo‘ja bin Ni-yozxo‘ja, Behbudiyning yuqori bobolari. Nasab jihatidan turkistonlik Xo‘ja Ahmad Yassaviyga borib yetadi (?)

Behbudiyning 2nchi bobosi Niyozxo‘ja o‘zi modarzod ko‘r (so‘qur) bo‘lub, yoshlig‘idan Qur’onni yodlab qori (hofizi Qur’on) bo‘ldi. Bu zot Urganjdan bo‘lub, taqriban bir asr ilgari Samarqandg‘a kelib, shunda o‘runlashib qoldi. Shuning uchun bu kishi Samarqandda xalq orasida Qori Niyozxo‘ja Urganjiy ismi bilan shuhrat chiqardi. Bu kishining Samarqandg‘a qaysi ravishda kelganligi to‘g‘risida bu kungi bolalari orasida ushbu yo‘sunda rivoyat bor:

12nchi asri hijriy o‘rtalarida Turkiston o‘lkasidagi amir va xonlarning o‘zaro qilishg‘on urushlari natijasila Samarqand shahri xarob bo‘lub, xalqi har tomong‘a tarqalishib ketgan. Amir Shohmurod Samarqandni qaytadan obod etarga kirishgan. Samarqand muzofotidan va Turkistonning ba’zi shaharlaridan ancha odamlarni va bir necha mullolarni (oilalari bilan) kelturub shaharda o‘runlashturg‘on. Bulardan shaharda ayrim guzar (mahalla)lar tashkil etdurgan. Shul chog‘larda Urganjning mashhur qorilaridan sanalg‘on Niyozxo‘jani Samarqandg‘a kelturub yangidan qorilar yetishturish harakatida bo‘lg‘on.

Niyozxo‘jadan Solihxo‘ja otli bir o‘g‘ul qoldi. Bu kishi ham qori bo‘lub, ulumi arabiya va diniyadan xabardor edi. O‘zi qoriliq va imomatchilik bilan tirikchilik etib, ruslar Samarqandni olmasdan burun o‘ldi. Bu zotdan Behbudxo‘ja otli bir o‘g‘ul, Huriniso va Najimaniso ismlarida ikki qiz qoldi. Solihxo‘ja o‘zining tiriklik chog‘ida o‘g‘li bilan qizi Hurinisoni o‘zi o‘qutdi. Xat va savod chiqargonlaridan so‘ng alarg‘a Qur’on yodlatib qori qildurdi. Hatto qizi Hurinisog‘a bir miqdor arabiy va diniy ilmlar o‘rgatdi, Qur’oni karimni butun yodlag‘ondan keyin Hurinisog‘a «qoribegim» laqabi berilib, o‘zining qarindoshlari ichida ham xalq orasida shul laqab bilan shuhrat chiqardi. Otasi o‘lgandan so‘ng Huriniso uning bir necha shogirdlarini Qur’onni tamom yodlag‘onlarig‘acha o‘qutub yurdi. Uning uchun o‘shal zamondag‘i amir hukumati tomonidan o‘n yidda 96 pud g‘alla vazifa berilib turdi. Behbudxo‘ja ham ushbu singlisi huzurida qoriliqni takmil etdi. Bu xotun 1921nchi yidda 98 yoshida vafot etdi.

1868nchi yidda rus askarlari Samarqandg‘a kirgach, Behbudxo‘ja o‘zining oilasini olib Samarqand uyezining Siyahi ob bo‘lusidagi Baxshitepa qishlog‘ig‘a ko‘chub chiqtsi va shunda yetti yil chamasi imom va xatib bo‘ldi. Mahmudxo‘ja shul qishloqda 1291nchi hijriy yilida Yunchi zulhijja oyida oqshom (1874 yil martda) dunyog‘a keddi.

Behbudxo‘ja 1875nchi yidda yana shaharg‘a ko‘chub kirib Foniy mahallasida tura boshladi. Bu zot umrining oxirig‘acha qoriliq va shaharning ba’zi masjidi jome’larida imomatchilik va xatiblik qilib turdi.

Behbudxo‘janing asl oti Sultonxo‘ja bo‘lub, «Behbudxo‘ja» uning laqabi edi. Bora-bora ismg‘a aylanib, asl oti unutilub ketdi. Behbudxo‘ja o‘zining tirik chog‘ida besh xotun oldi. Uning ikkinchi xotuni mufti mulla Odil Mansur o‘g‘lining singlisi bo‘lub, shundan Mahmudxo‘ja dunyog‘a keddi.

BEHBUDIYNING IBTIDOIY TAHSILI, QORILIQ VA DARSXONLIQ ChOQLARI

Behbudiy afandi 6-7 yoshg‘a kirgach, o‘zining katta tog‘asi Muhammad Siddiq huzurida o‘qub xat va savod chiqardi. So‘ngra o‘zining otasi Behbudxo‘ja qori qildurmoq maqsadi bilan unga oz-oz Qur’on o‘rgatib yodlata boshladi. 3-4 yil ichida Behbudiy afandi Qur’onni butun yodladi va ramazon kechalarida xatmlarg‘a o‘tub yurdi. Behbudiy afandi uch kechalik bir xatmda yolg‘uz birgina xato qilg‘on, derlar. Bu esa uning quvvai hofizasi na darajada ekanligini ko‘rsatadi.

Behbudiy afandi yolg‘uz qoriliq bilan qanoatlanmay, 15 yoshlarida o‘zining tog‘asi mufti mulla Odil huzurida dars o‘qurg‘a kirishdi. Arabiy sarf, nahvdan «Kofiya» va «Sharhi mullo»ni, mantiqdan «Shamsiya»ni, fiqhdan «Muxtasar ul-viqoya»ning birinchi daftarini va bir oz «Hoshiya»ni mazkur zotning halqai tadrisida o‘qudi. Hisob ilmini ham (masohatg‘acha) shul kishidan o‘rgandi.

O‘shal chog‘da Behbudiyning dars sheriklari mulla Salim mulla Nazir o‘g‘li, mulla Ahmad qori Yormuhammad o‘g‘li, mirzo Zayniddin Nazriddin o‘g‘li va boshqalar edi.

Behbudiy afandi dars jamoasining qorisi edi. Tog‘asi ham ustozi mufti mulla Odilning so‘ziga ko‘ra, Behbudiy afandi yoshliq chog‘ida o‘tkur zehnlik va o‘qushg‘a juda havaslik bo‘lg‘on. Ustozining bir qatla o‘rgatishi bilan saboqini o‘rgana ekan. O‘zi g‘oyat halim, adablik, oz so‘zlik va o‘yun-kulguni sevmayturg‘on bo‘lg‘on.

Behbudxo‘ja Mahmudxo‘jani uylanturub oradan ko‘b vaqt o‘tmay o‘zi 1311nchi yil 19nchi zulhijja oyida 54 yoshida o‘ldi (qabri xo‘ja Abdi Darun qabristonidadur).

BEHBUDIYNING MIRZOLIQ HAM MUFTILIK DAVRI

Mahmudxo‘ja Behbudiy otasi o‘lgandan keyin o‘qushni tark etib biron kasb-kor qilishg‘a va o‘z maishatini o‘zi ta’min etishga majbur bo‘ldi. Samarqand muzofoti Chashmai ob bo‘lusida yangigina qozi bo‘lg‘on tog‘asi Muhammad Siddiqning qoshida mirzoliq xidmatig‘a kirib ishladi. Bunda qilg‘on ikki yilliq xidmati chog‘ida ul qozixona ishlari bilan oshno bo‘ldi. Masoili fiqhiya, meros taqsimi va boshqa muftilikka tegishlik narsalardan xabardor bo‘ldi. Ikki yildan so‘ng tog‘asi Muhammad Siddiq qoziliqdan bekor bo‘lg‘onda, Behbudiy afandi Kobud bo‘lusining qozisi mulla Zabirning qozixonasig‘a mirzoliqqa kirib, bir-ikki oy o‘tmay, muftilikka o‘tdi. 1916nchi yilgacha shul yerda fatvo ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldi.

O‘zi oilasi bilan shaharda tursa ham, haftada bir necha qun mazkur bo‘lus qozixonasig‘a borib kela edi. Shul chog‘larda daladan bir necha tanob yer olib dehqonchiliq qilib yurdi.

HAJ SAFARI VA FIKRINING OChILIShI

Behbudiy afandi 3-4 yoshdag‘i birinchi (to‘ng‘ich) o‘g‘li o‘lgani uchun juda xafalanib, bir yoqdan, qayg‘usini taskin etmak, ikkinchi yoqdan, adoi haj qilmoq maqsadi bilan 1317(1899)nchi yilda o‘zining do‘sti buxorolik hoji Baqo bilan safarg‘a chiqtsi. Borish-kelishda yo‘lda Istanbul, Misr kabi katta shaharlarg‘a kirib, undagi ba’zi eski-yangi maktablarni, aynuqsa, Misrdag‘i «Jome’ ul-Azhar»ni ziyorat etdi. Qaytishda Misr va Istanbuldan turlik gazeta va yangi kitoblar olib keldi. Bu muborak safar Behbudiyg‘a anchagina ibrat va intiboh berdi. Safar rafiqi hoji Baqo yangi fikrlik bir zot bo‘lg‘oni uchun Behbudiy uning yo‘ldoshlig‘idan xeyli istifoda qilg‘on, derlar.

Hijoz safaridan keyin Behbudiy afandi Bog‘chasaroyda chiqaturg‘on «Tarjumon» gazetasini oldurib o‘quy boshladi. Ikkinchi tomondan, turlik ilmiy, fanniy kitoblarning mutolaasi bilan ma’lumotini kengaytura berdi.

Behbudiy afandi haj safaridan burun bir necha yil qozixona va hukumat idoralarig‘a kelmakda bo‘lg‘on missioner Ostroumovning «Turkiston viloyatining gazeti»ni o‘qub yurgan bo‘lsada, bu gazeta uning fikrini ochmaydi. Balki «Tarjumon»ni o‘quy boshlag‘ondan so‘ng fikri ochilib, «Turkiston» gazetasining musulmonlarni ag‘fol etish maqsadi bilan yozaturg‘on so‘zlarini tushuna boshlaydi va o‘zig‘a uchrag‘on yoru do‘stlarini mustabid hukumatning buzuq maqsadidan ogohlanturadi. Har vaqt har yerda yo‘luqqan va musohib bo‘lg‘on oshnolarini sayohatg‘a targ‘ib va gazeta o‘qushg‘a tashviq etib yurdi. Shu bilan barobar alarg‘a o‘zi o‘qub chiqqan gazetalarini tarqatdi.

Behbudiy afandi haj safaridan kelgandan so‘ng Xo‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li degan samarqandlik bir ziyoli bilan tanishib uning ilm va fikridan istifoda etdi. Fanniy va falsafiy masalalarda u bilan mukolama qilishib ma’lumotini ko‘payturdi. Boshqa yoqdan, o‘shal vaqtdag‘i gazeta o‘qug‘uvchilardan soatchi Badriddin bilan tanishib, buning bilan har kun deyarlik ko‘rushdi va fikr olishdi.

Mana ushbu yo‘l bilan Behbudiy afandi dunyodan, siyosatdan va zamona ahvolidan xabardor bo‘lub, so‘ngra o‘zi xalqni uyg‘otish fikriga tushdi va qalam xidmatig‘a kirishmakni o‘zig‘a lozim bildi.

Behbudiy afandi bir necha yil fikriy inqilobg‘a uchrab e’tiqodsizlanib yurgan bo‘lsa ham, so‘ngra ko‘b mutolaa soyasida va har bir diniy, falsafiy masalalarni tekshirish natijasida e’tiqodini tashih va tabdil etdi. Taraddud va shubhalardan chiqib, dindor va mahkam e’tiqodlik bo‘ldi.

1906nchi yilda Zokirjon Alixonuf degan bir tatar muallimi Samarqandg‘a kelib, Behbudiy hovlisida bir necha oy yotib-turgonida, bu zot bilan Behbudiy afandi xeyli vaqt musohib bo‘lub diniy, ijtimoiy va falsafiy ko‘b masalalar xususida mubohasa va munozara etishdi. Bu muhim mubohasalar natijasida Behbudiy goh g‘olib va goh mag‘lub bo‘lar edi. Behbudiyning kengrak suratda fikriy ochilishig‘a va ba’zi shubhalardan chiqishig‘a shul munozaralar zo‘r yordam bergan derlar.

(Bitmadi).

«Uchqun» jurnali, 1923 y., 1-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"