Maktab (Avaz Oʻtar)

Maktab
by Avaz Oʻtar
308515MaktabAvaz Oʻtar

Ochinglar, millati vayronni obod etgusi maktab,
O‘qusin yoshlarimiz ko‘nglini shod etgusi maktab.
 
Dil-u jon birla el maktab ocharga ijtihod etsin,
Nedinkim, bizni g‘am qaydidin ozod etgusi maktab.

Ko‘ngullarning sururi, dog‘i ko‘zlar nuridur farzand,
Alaming umrini, albatta obod etgusi maktab.

Ota birla onaga farz o‘qitmoq bizni majburiy –
Ki bizni yaxshiliq qilmoqqa mu’tod etgusi maktab.

Qayu millatga bizdek gar nasimi inqiroz yetsa,
Anga, albatta, mustahkamlik ijod etgusi maktab.

Bu ne navmidlikdur, maktab ochsak, oqibat bizni,
Aro‘si kom ila maqsudga domod etgusi maktab.

Avaz, himmatni qil oliy ocharg‘a emdi maktabkim,
Baloyi jahl-u nodonlikni barbod etgusi maktab.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.