Maorif ishlari to‘g‘risida mulohazalarim

Maorif ishlari to‘g‘risida mulohazalarim (1923)
by Vadud Mahmud
334541Maorif ishlari to‘g‘risida mulohazalarim1923Vadud Mahmud

Butun o‘lkada maorif ishlari to‘g‘risida jiddiy harakat va samimiy fikr olishmoqlar ko‘rulishga boshladi. Bu bizning maorif ishlari tariximizda birinchi davrdir. Bu kungacha bu yanglig‘ asosli suratda muzokaralar, fikr olishmoqlar ko‘rulmagan va maorif ishlari uchun qiziq majlis bo‘lmagan ediki, bu kungi tebranishimiz esa buning uchun quvonarliq hollardandir.
O‘lkamizning har bir shahrida maktab, maorif degan tovushlar eshitilmakka, har yerda matbuotimiz shu haqda so‘z ochib qichqirmoqqa boshladi. Vaqti kelganda biz ham shu umumiy maorif muhokamalariga qotishmoq va ojizona fikrimizni arz qilmoq bo‘ldik.
«Inqilob» majmuasining oltinchi sonida «Shayx ota» o‘rtoqning «Umumiy ta’limni amalga qo‘yish mumkinmi?» unvonli maqolasi bosilib o‘tdi. Maqolada maorifimiz to‘g‘risida ba’zi fikrlar bayon etildi. Biz «Shayx ota» o‘rtoqning maqolasini o‘qib chiqqach, «bu o‘rtoq ishga oshno emas ekan va yo bilfe’l ishga qotishmagan ekan» deyishga majbur bo‘ldik. Maqola muqaddima tarzida eski gaplar bilan boshlanib, o‘rtasida bir necha asosning to‘g‘ri hal qilinishi kerakligi ko‘rsatiladir va oxirida yarimchiq holda tugab, qat’iy bir natija berilmaydir.
Birinchi asos masala qilib, «Maktablar tuzishga qanday tip maktab — shahar maktabimi, qishloq maktabimi asos qilib olinmog‘i kerak» degan modda qo‘yilgan. Javobda ham «birlik maktabi masalasiga shunday mahkam asos solinganki…» deb nimagadir qat’iyaga berilib ketadir. Lekin biz «shahar maktabimi, qishloq maktabimi» deb ketishning ma’nosiga shahar maktabidan murod nima va o‘zi qanday maktab, qishloq maktabi-chi, deb yana savol qo‘yamiz. Bu esa bir muammo bo‘lgani kabi javobi ham shu yo‘sin bo‘lib chiqadir. Bizda hali hech bir turli maktab yo‘qki, biz ularni birlashtirib «birlik maktabi» deb atasak. So‘ngra bizda «birlik maktabi» masalasi hal etilmagan, faqat tarjimagina qilingandir.
«Birlik maktabi»dan maqsad shu birlashgan mehnat maktabi bo‘lsa, hali bu ovro‘polik muallimlarning o‘z e’tiroficha o‘lkamizda birta ham yo‘q!
Hol shunday ekan, qatiy o‘laroq «birlashgan mehnat maktabi asos qilib olinadir» demak tush ko‘rmakdir.
Ikkinchi asos, deb ko‘rsatilgan ko‘chma xalqlar maktabiga ham maqola egasi «muzokaradan keyin bir gap bo‘lar» deb aytadir. Boshqa asoslariga hech nima demaydir. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi asoslarga bir «ta’lim-tarbiya» qoidalariga va ahvolning musoadasiga qarab bo‘lsin, deymiz. Oltinchi asos ham hal qilish kerak bo‘lgan masalalardandir.

 * * *

Bizda muhim o‘rin tutadirgan masalalardan biri «umumiy, majburiy tekin ta’lim»ni amalga oshirishdir. Lekin biz bunga ikki turlik mone’ ko‘rsatamiz:
1. Moddiy kuchsizlik.
2. Ma’naviy kuchsizlik.
Buning ustiga xalqimizning o‘qishga havasi so‘nganligini ham qo‘shsak, mone’ uchta bo‘ladirkim, bizga qolsa mone’larning eng kuchligi shu keyingisidir.
Agar xalqimizga «o‘qish va o‘qitish» targ‘ibot qilinsa, bu masalalar yengil hal etilur edi, deb o‘ylaymiz. Bu o‘qish dardi so‘nganlik tarixini tekshirib ketsak, juda uzoq yillarni darak etamiz, eng oz uch yuz yillab shu kasalga mubtaloligimizni mushohada etamiz.
Shuncha ko‘b yillardan beri kundan-kunga so‘nishda davom etib kelgan maorifimizni tirgizmak va birdan oyoqqa bosdirib yubormoq yengil hal etiladurgan ishlardan emasdir. Nechukkim, sho‘rolar hukumatining o‘tgan yillaridagi tajribalari shuni ko‘rsatadi.
Bizlar «umumiy maorif» to‘g‘risida o‘ylar ekanmiz, xalqimizning qayg‘usini yer ekanmiz, ahvolga ko‘zimizni ochib qaramog‘imiz va tuzuk qilib asoslar tuzishimiz kerakdir. Yo‘qsa, boshqa millatlarning maorifi bilan o‘zimiznikini o‘lchamak, adadi butun o‘lkada bir nechadan oshmagan yarimtalik ibtidoiy maktablar bilan bir narsaga hukm etmak to‘g‘ri bo‘lmas.
Shu yanglish asossiz, muhokamasiz ishlarimizning natijasidirkim, hech bir ishimizni hamisha to‘g‘ri va asoslik bir yo‘lga qo‘ya olmay kelamiz.
Bir vaqtlar maktablarni xalqlashtirish kerak, xalq bilan yaqin munosabatda bo‘lmoq kerak, deb ko‘b og‘iz ko‘pirtirishdik. Bu kun esa biz boshqa aytaylikki, shuning ila so‘ngan maorifimizni yo‘lga qo‘yib yuborgan bo‘laylik. Biz bundan so‘ng bu kungacha bo‘lib kelganidek «Yuqoridan xalqqa qarab oqmaylik-da, xalq bilan birga yuqoriga qarab intilaylik!» Mana shu yo‘lgina bizni natijaga qarab tortar.
Biz endi tekshirib ko‘raylik.
Bizda eski maktab — yangi maktab otlari ila ikki turlik maktab bor, tag‘in aytamiz bizda «qishloq maktabi, shahar maktabi» degan maktablar yo‘q. Butun o‘lkada taxminan ellik (50)dan oshmay turgan yarimchiq, aksariyat e’tibori bilan buzuq maktablar bor. Eski maktabga kelganda bular yolg‘iz Samarqand viloyatining o‘zida uch yuzdan ortiqdir. (Butun o‘lkadagi maktablar adadini bilmog‘imiz uchun «Inqilob»ning shunday bir hisob jadvalini topib tarqatishini tilar edik.) Biz mana shu zaminda muhokamaga kirishmog‘imiz keraqdir. Mana shu ikki turlik maktabni ko‘zda tutib birlashgan maktab yasaymizmi, tekshirilsa, ma’lum bo‘lar.
Eski maktabimizda o‘qitish yo‘li ila eski «quruq vasat» usuli ta’lim bo‘lg‘oni kabi yangi maktabimizda yarimchiq (ta’bir ma’zur ko‘rilsin) yangidir.
Modomiki biz xalq bilan birga bormoqchimiz, eski maktablar ham bizga kerakdir. Qo‘limizda xalqning ehtiyojini tamoman qoplayturgan kuchimiz bo‘lsa edi, ularning bizga kerakligi ham bo‘lmas edi. Hol shu nuqtada ekan, bizning uchun ikki ish ko‘ndalang keladir:
1. Zamonamizning ta’lim-tarbiya qonunlariga muvofiq maktablar.
2. Umumiy maorif maktablari.
Bularning birinchisi hozirgi yangi maktablarni moddiy va ma’naviy jihatlardan ta’min etmak bilan bo‘lsa, ikkinchisi eski maktablarni isloh qilish bilan bo‘lur.
Zamonamizning ta’lim-tarbiya qonunlari turgan joyda maktablarning ishlari, pro‘grammasi to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqdir. Chunki uning asosi qachonlar qurilgandir. Shuning uchun biz yolg‘iz umumiy maorif maktablari to‘g‘risida so‘z so‘zlamoqchimiz.
Umumiy maorif maktablarini hozirdan vujudga chiqara boshlamoq mumkindir. Ammo basit bir pro‘gramm tayyorlamoq kerakdir. Bundagi qavoyi va umumiy ta’birga muvofiq «birlashgan maktab» shu umumiy maorif maktablari bo‘lg‘usidir. Chunki biz munda yangi bilan eskini bir yerga jamlab ikki yorti bir butun chiqara olamiz.
Eskining din va axloq darsini, yangining hisob va dunyo ma’lumotini olib o‘quv-yozuvni qo‘shamiz; eski bo‘lsin, yangi bo‘lsin muallim topib qo‘liga dars, darsliklar topshiramiz. Mahallalarda, qishloqlarda va masjidlar qoshida o‘qitila beradir. Bularning ta’minotini xalqning o‘zidan olmoq ham mumkin, vaqflar bilan bajarsa ham bo‘lur.
Buni ta’lim jihatidan idora etish ham qiyin emasdir. Har bir o‘n maktab ustiga bir rahbar berib ellik (50) rahbar tayyorlasak, besh yuz (500) maktabni idora qila olamiz. Bu umumiy maorif maktablariga muallimlarni zamon yetishtirgan kishilardan topmoq ham mumkindir. Shuning uchun bu yo‘sin maktablarning tez taraqqiy qilishi ham umidlikdir. So‘zimiz oxirida shuni ham aytib o‘tamizkim, maorifimizning boshida yerlik xalq maorifini tushuna olaturg‘on kishilar bo‘lgandagina maorif ishlarimizning yo‘lga qo‘yilishi mumkindir.
Hozirgi ahvolda bizning ishlarimizdan butunlay begona shaxslar bilan bir yerga yetish juda qiyindir. Agar bizga maorif ishlarini to‘g‘ridan ham endi yo‘lga qo‘ymoq kerak bo‘lsa, asosan tuzatmak, boshqatdan qurmoq kerak bo‘lur.
Bu esa bizning dardimizni anglay olg‘on kishilarning ish boshig‘a minishlariga muvofiqdir.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Maorif_ishlari_to%E2%80%98g%E2%80%98risida_mulohazalarim