Maorifimiz, nashriyotimiz
(Maskovdan maktub)
Inqilob to‘lqunining mudhish zarbalari bilinarlik darajada sekinlashgan shu zamonda ishlar o‘z tabiiiy yo‘liga kirgan kabidir. Shu qatorda tabiiy o‘laroq maktab va talabalik jarayoni ham asosiy chiziqlarg‘a tusha boshladi. Endi bitta-yarimta tuzukkina maktablar ko‘rinmakda, turli shaharlarda jiddiy o‘qush toliblari davom etmakdadir.
Samarqand viloyat bilim yurti eshitganimizga ko‘ra bu yil kengaytirilib, uch yuzga yaqin talaba qabul qilib, to‘qqiz yillik bir ish maktabi qurulmoqchi va hokazo.
Maktab hayotining eng muhim nuqtasi bo‘lg‘op ilmiy tarafi ham bulturgilarga qarag‘onda oz-moz jonlanmoqda va ba’zi tashabbuskor maorifchilarning harakatlari soyasida tashqaridan muallimlar keturmaqda va ularning ta’mini uchun tirishilmoqdadir.
Bularning ustiga Qofqozyoga va ichki Rusiyaga talabalar har yilgidan ko‘brak yuborilmoqda, hatto Bakuda Samarqand viloyati o‘qug‘uvchilarining ta’mini uchun o‘ttiz kishilik yotoqxona tuzulmakdadir. Bu so‘nggi voqea Turkistonning o‘qug‘uvchi hayoti yo‘lida juda katta qadam sanalishi mumkin. Chunki barchasi ma’lumki, Turkistonning o‘zida boshlang‘ich maktablarimiz bo‘lsa-da, bu kungi oliy tahsil ko‘rish orzusida bo‘lg‘on yoshlarning ehtiyojini qoplab olaturg‘on maktablarimiz yo‘q. Buning uchun birdan-bir chora, tabiiy, xorijga talabalar yuborishdir.
Maskovda Turkiston hukumati ta’minoti bilan yashayturg‘on o‘qug‘uvchilar bo‘lsa ham, haligacha Qofqozyo uchun yo‘q. Ko‘b tashabbuslar bo‘lg‘on bo‘lsa ham, maataassuf, natijasiz qolg‘on edi. Bu kungi Samarqand viloyati talabalari uchun tuzilgan yotoqxona kambag‘al talabalarning bir oz rohatda o‘kushg‘a davom etishlarini ta’min qila olsa juda katta xizmat qilg‘on bo‘lur. Bu o‘runlik qiling‘on harakatni juda olqishlamoq keraqdir. Bundan boshqa Turkistonning boshqa shaharlarida qachonlar boshlang‘ich yangi maktab binolari qurish harakati kechrak bo‘lsa ham, boshlang‘ich kabi ko‘rinadir. Samarqandda avqof sho‘basining va maorif byurosining tashabbuslari diqqatga shoyondir. Qizlar maorifi ham bu yil o‘tganlardan ko‘ra jiddiylashgandir. Yozdagi kursdan istifoda etgan xotin-qizlar borlig‘i ko‘riladir. Bu yil esa qizlar maktabining adadini ortdirmoq harakati ko‘riladir.
Yuqoridag‘i satrlarni o‘qug‘onlar albatta sezadirlarkim, maorif ishlari to‘g‘risida haligacha yozilg‘on narsalarga qarag‘onda bu kungisi boshqacharoqdir.
Haligacha biz u kerak, bu kerak deb edik. Bugun esa qilg‘on ishlarimizning natijasini ko‘rish bilan quvonamiz. Albatta, bu ishlarga faoliyat bilan kirishgan maorif doiralarini qutlaymiz.
Endi kelamiz nashriyot ishlariga: Bu yil bu maydonda qilinaturg‘on muhim ishlar bor. Fursatni qo‘ldan qochirmasliq va tashabbusni bir oz ortdirish soyasinda albatta ko‘b ishlar qilish mumkindir. Maktab kitoblari hozirlash masalasi ilmiy hay’at tomonidan ko‘rilayotgan bo‘lsa ham haligacha maydong‘a chiqg‘oni ko‘rilmaydir. Tayyorlang‘on maktab kitoblarini tezroq bosdirishga harakat qilish kerakdir. Buni esa yolg‘iz ilmiy hay’atga topshurub o‘ltirish xatodir. Har yerdagi maorif byurolari buning oddiy jihatini ta’min qilishga yordam bersalar, biz aminmizkim, ilmiy hay’atning ishlari tezrak maydong‘a otilg‘on bo‘lur. Chunki bizning ilmiy-adabiy sohamiz hozir juda qiyin va ishlamagan holdadir. Buni ishlash ko‘b zahmatlarga va bu zahmatlar esa, tabiiy, moddiy ta’minotga bog‘liqdir.
Biz doimo xgshqni oqartish kerakligini takror qilamiz. Faqat bu to‘g‘rida jiddiy harakat qilmaymiz. Bir yoqdan xalqni xat va savodli qilishg‘a tirishamiz. Faqat xat va savodliklarimizning qanday narsalar o‘qushlarini xotirga kelturmaymiz. Qancha kam bo‘lsa bo‘lsun bizda xat va savodlik kishilar bor. Ularning mutolaa qilaturg‘on narsalari eskidan bizga ma’lum. Inqilobdan ilgari Turkistonning har qaysi shahrida shu mutolaachilarni ta’min qilaturg‘on asarlari uzulmasdan bosdirilib, tarqatilib turar edi. Holbuki, bu yetti yilda hech bir mutolaaga yaroqliq narsa hech bir yerda bosilmadi. Yarimchiq gazetalar, bir chiqib yotaturg‘on bir necha son majallalardan boshqa hech narsa bo‘lmadi. Holbuki, o‘tgan yillarga qarag‘onda hozir mutolaaga havasli kishilar ko‘paygan va kundan-kun ko‘paymakdadir. Hozir eski vaqtda bo‘lmag‘on bir muallimlar zumrasi borkim, bular uchun mutolaa kitoblari hayot masalasidir. Majallalarimizda ta’lim-tarbiyaga oid arzimas, ilmiy bo‘lmag‘on maqolalardan boshqa narsa yo‘qdur. Haligacha muallim qo‘lida rahbar bo‘larak narsa yo‘qdir. Bizda asar yozaturg‘on kishi yo‘q ekan, tarjima qila olaturg‘onlar har vaqt topiladir. Eng muhim narsalarni chet tillardan tarjima qilish kerakdir. Bu kun maktablarni tuzatish uchun eng birinchi masala, muallimlarni kuchaytirishdir. Bu esa ta’lim-tarbiyaga oid ilmiy asarlar bilan va maxsus bir ta’lim-tarbiya majallasi vositasi bilan bo‘lishi mumkin. Buni ochiq bilish kerakdirkim, Turkistonning boshiga kelgan balolardan qutulish yolg‘iz maorif orqasidag‘ina bo‘ladir. Bu muallimlar zumrasidan boshqa hukumat doiralarida ishlayturg‘onlar, talabalar, yangi xat va savodlari chiqg‘on ishchilar ko‘paymakdadirkim, bularg‘a ham tabiiy o‘laroq, ehtiyojlarini ta’min etarlik mutolaa kitoblari kerakdir. Ovrupoliklarda hukumat idoralaridan boshqa xususiy shirkatlar tarafidan ham ko‘b yaxshi narsalar bosdirilib tarqatilmoqdadir. Biz shular orasida bizga va bizning maishatimizga to‘g‘ri keladigan ro‘monlar, hikoyalar va turli-turli kitobchalar olsoq mumkindir. Bularni tarjima qilish va bosdirish lozim. Man o‘ylaymankim, hozirda bunday narsalar ko‘b tarqaladir. O‘tkanlarda bo‘lg‘on kabi zarar qilinmasa kerak.
Haligacha Turkistonning bir tarixi va jugrofiyasi bosilmag‘ondir. Butun turkistonlilar uchun birinchi darajada o‘z mamlakatlarini tanishlari lozim bo‘lsa, hali bundan mahrumdirlar. Buxoro nazorati tarafidan bir-ikki tarix kitobi tarjima qiling‘on va yozdirilg‘on bo‘lsa ham haligacha bosdirilmag‘oni qiziqdir. Turkistonda tarjima qildirish qiyin ekan, Buxoroda tayyor asarni tayyor matbaa va asbob bor ekan, bosdirmay turish juda katta jinoyatdir. Ayniqsa, Buxoro inqilobiga oid Turkistonda birdan-bir yozilg‘on asarkim, uning Turkiston uchunda ahamiyati buyukdir. Haligacha bosilmay turishi nashriyot ishlari bilan mashg‘ul kishilarning tushunmasliklari bo‘lmasa nima bo‘la olur? Istar Bartold va Vamberi asari bo‘lsun, istar S. Ayniy asari bo‘lsun, mukammal bir Turkiston tarixi bo‘la olmasalar ham muhim materiallar bera oladirlar. Buxoro hukumati o‘z asarlarini bosdirish bilan o‘z tarixida eng muhim bir ish qilg‘on bo‘la oladi. Faqat afsuskim, bu sohada juda kech qoldi.
Bu yil tag‘in boshqa bir qilinadurg‘on ish bor. Buda Navoiy esdaligidur. 1925-nchi yilda shu choqlarda mashhur shoirimiz Navoiyning tug‘ilganiga besh yuz yil to‘ladir. Uning sharafiga bir tantanali to‘y yasash kerakdir. Bu bir yil muddatida Navoiyning mukammal tarjimai holi yozilishi va yasalishi lozim. Uning asliga muvofiq rasmini tayyorlash kerakdir. Mumkin bo‘lsa, juda topilmayturg‘on bir asarini bildirish va Navoiyning kichik, qo‘lda bir muntahab she’r majmuasini tarqatish kerakdir.
Har millat o‘zini buyuk kishilari bilan isbot qiladir. Hozirgi vaqtimizda faxr qilaturg‘on kishilarimiz yo‘q ekan, bir oz tariximizdagisi bilan maqtanaylik. Bu maqtanish bo‘sh bir narsa bo‘lib qolmas. O‘shal buyuk kishilarni yetishdirgan o‘lka hozir ham bor. O‘shal iste’dod hozir ham yashirin xazina kabi o‘lkamizning burchaklarida turibdir. Biz boshlarimizni bir oz qarasak, yuzidagi zanglarni, dog‘larni silasak, yana hayot maydonig‘a chiqamiz. Mana shu «ba’s ba’dalmavt»ga (qayta tirilishga — B.K.) erishmak uchun bir oz harakat kerakdir. Shu harakatni buyuk kishilarimizdan olamiz. Va shu yo‘lga ishonib kiramiz. Bu yo‘lda ishlash uchun har shaharda — Buxoro ham shuning ichida — turlik komissiyalar tuzilishi kerakdir. Bularning birgalashib, bir xatti-harakat bilan ishga kirishishlari kerakdir. Muvaffaqiyat tashabbusga bog‘liqdir.
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]
This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home. | |