Maqbul qurbonlar (1917)
by Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli
334500Maqbul qurbonlar1917Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli

Butun dunyodagi hurriyatchilar orasida bir so‘z bor: «Hurriyat berilmas, olinur. Hech narsa ila olub bo‘lmas, faqat qon va qurbon ilagina olub bo‘lur». Mana bu jumlalar haqiqatga shul qadar muvofiqdurki, hazrati Odamdan shul vaqtgacha hech bir davlat va mamlakatda hurriyatning berilgani, qon va qurbonsiz berilgani tarixlarda ko‘rilmaydur. Balki, har zamon va yerda hurriyat berilmagan, olingan ham ko‘p qon va qurbonlar barobarinagina olingan. Bizning Russiyada ham hozirgi hurriyat 1772 yil (Pugachyov ixtiloli) dan davom etub kelgan tortishuvlar, to‘kilgan qonlar, berilgan qurbonlar barobarinagina olindi. Ushbu 145 yil ichinda Rusiyada hurriyat uchun minglarcha olimlarning badanlari turma va zindonlarda churidi. Minglarcha faylasuflar qo‘l va oyoqlari bog‘langan holda Sibiriya sahrolarida umr o‘tkazdilar. Minglarcha dohiylar aziz vatanlaridan ayrilib, chet mamlakatlarda qochib yurmakka majbur bo‘ldilar. Minglarcha qahramonlar ko‘kraklarin o‘qqa, bo‘yinlarin dor arqonlarina qurbon etdilar. Minglarcha gunohsiz mazlumlar va mazlumalar o‘zlarining ma’sum qonlari ila yer yuzini lolazor etdilar. Lekin hurriyat uchun ko‘rilgan shunday jabr va jafolar, to‘kilgan qonlar va berilgan qurbonlar janob Haq dargohida shul kungacha qabul bo‘lmag‘an tusli hurriyat yo‘lida ko‘rilgan butun plonlar yemirilib keldi. Hurriyatchilarni tutmoq, qamamoq, osmoq, kesmoq hozirgacha davom etdi.

Butun Rusiyada hurriyat uchun qilingan sa’y va harakat, to‘kilgan qon va berilgan qurbonlarga eng oz qo‘shilg‘on va hurriyat yo‘lida eng oz zarar ko‘rgan bir millat bor esa, ul ham yolg‘iz Turkiston musulmonlari edi.

Eski hukumatning 1916 yil 25 iyun farmoni xoinona va zolimonasi (Turkistonda harbiy mardikor olmoq farmoni) Turkiston musulmonlarining ham ko‘zlarin ochub, bilmajbur hurriyatchilar qatorina kiritdi. Zotan, avval farmon shunday hikmatsiz, mantiqsiz va nodonlik ila berilg‘on ediki, teleg‘romni o‘qigon har bir kishi hech o‘ylamasdan: «Bu farmon Turkiston musulmonlarini hukumatg‘a qarshi oyoqlandurub, qirmak va yerlarini qochoqlarg‘a bermak uchun maxsus chiqorilg‘on intibohnoma», — deb hukm qilmoqqa majbur edi. Chunki avval farmonda na xalqni hozirlamoq yo‘llari bor va na mardikorlikni necha adadligi bor va na muhlat bor? Faqat «Front orqasidagi xizmatlar uchun Turkiston, Sibiriya va Qofqoz inonarodetslaridan 19 dan 31 yoshgacha bo‘lgan er kishilarni chaqiraman», degan qisqacha so‘zdan iborat bo‘lgan ul farmonning hozirgacha askariy xizmat xayollarina ham kelmagan bir xalq orasida qanday hayajon tug‘dirmog‘i ishlar boshidag‘i kishilarg‘a, albatta, ma’lum bo‘lsa kerak edi. To‘satdan chiqarilg‘on bunday og‘ir farmon yolg‘iz insonlarnigina emas, hayvonlarni harakatga, qarshulikka majbur etmog‘i tabiiy edi. Shuni bilib turib avval farmonni istisnosiz, sharhsiz, plonsiz butun Rusiyaga nashr etdilar. Ham amaliy suratda xalqqa hech bir tushuntirmasdan, ishga kirishdilar. Ishning haqiqatini bilmoquchun mahkamalarg‘a borg‘an gunohsiz musulmonlarni otdilar, tutdilar, alhosil, Turkistonning zolim ma’murlari ma’lum 1916 yil iyul fojiasini qo‘ldan yasab maydong‘a chiqardilar.

Bu fojiada Toshkandda Kalkin, Kolesnikov va Mochalovlar, Jizzaxda Ivanovlar, Semirechinskiy viloyatida, bilmayman, tag‘in kimlar shul qadar «qahramonliq» ko‘rsatdilarki, uydagi xotun-qiz, beshikdagi bolalar, hech narsa qo‘lidan kelmaydurg‘on chol va kampirlar, tilsiz hayvonlar, jonsiz imoratlar va mollar hech biri istisnosiz suratda otildi, kesildi, yoqildi, yondurildi.

Faqat, barakat bersunga ba’zi kishilarning sa’y-harakatlari soyasida Turkistonga general Kuropatkin, Tevkelev va Kerenskiylar kelub, ishning bir oz oldini to‘sdilar. Avvalgi yuqorida ismlari yozilg‘on «qahramon»lar shul qadar g‘azabg‘a ming‘on edilarki, musulmonlarning go‘shtlarin kabob qilib yemak ul «qahramonlar»ning oshkora va ra’dzabonlari o‘lmish edi. Agarda yana bir oy bular o‘z hollarina qo‘yilganda, ehtimolki, Turkistonning ko‘p shahar va qishloqlari hozirda kishisiz, bo‘sh xarobazorlardangina iborat bo‘lib qolardi.

Alhosil, Turkiston musulmonlari zulm panjasining ostida shul qadar ezildilar va hurriyat, huquq yo‘lida shul qadar ko‘p qurbon berdilarki, bir-ikki oy ichida boshqa millatlarning 145 yil ichida bergan qurbonlariga quvlab yetishdilar.

Mana bu qurbonlar janob Haq dargohida eng maqbul qurbonlar bo‘ldi. Chunki bu shahidlarning otilg‘on, kesilg‘on, osilg‘onda to‘kilg‘on va mazlumlarning ko‘zlarindan oqqan yoshlari hanuz qurimag‘on, huqumatg‘a qarshulik tuhmat ila zindonlarga soling‘on minglarcha musulmonlarning sudlari hanuz tamom bo‘lmag‘on, voyenniy sudlarning adolatsiz hukmlari ila osilg‘on shahidlarning badanlari hanuz churumag‘on ediki, janobi Haq bu zulm va istibdodlarning amirlaridan tortib, ma’murlarig‘acha, shohlaridan tortib, qorovullarig‘acha yer bilan yakson qildi.

145 yildan beri tortishib kelg‘on hurriyat qahramonlari ishchilar va askarlar ila barobar Turkiston musulmonlarini ham onlarning vahshiyona zulm va jabrlaridan qutqarib, Hurriyat, Musovot va Adolat zamonlar yana bita ko‘rdi: «maqbul qurbonlar».

«Najot» gazetasi, 1917 yil, 26 mart


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"