Maskavda ikki turk san’atkori

Maskavda ikki turk san’atkori (1926)
by Abdulhamid Choʻlpon
334311Maskavda ikki turk san’atkori1926Abdulhamid Choʻlpon

(Maskavdan xat)

Bugungi Maskav ingichka san’ati yuksakligi jihatidan g‘arb poytaxtlarining hammasidan oldinda turadi. Uning «San’at teatri» (Xudojestvennny teatr) hozirgacha na yangi va na eski dunyodan o‘z juftini topa olg‘oni yo‘q. Ingichka san’atning yuksalishini maqsad qilib olib shu yo‘lda inqilobdan burun ham xolis va fidokorona cholishqon u tabarruk muassasa bugun o‘ziga qarashli bir nechta sho‘balari bilan birga yuksalishda davom qiladir. «San’at teatri» ko‘b to‘g‘rilarda faqat Rusiyadagi teatrlargagina emas, g‘arbdagi ingichka san’at muassasalariga ham ancha ta’sir qilg‘ondir. U ingichka san’atda tutqan yo‘li e’tibori bilan hali hozirga (qadar — D. Q.) yolg‘uz sanalib kelgan eski muassasalardandir. Ana o‘sha teatrning akturlaridan bir kuchli san’atkor — Vsevolod Meyerxo‘ld degan kishi inqilobdan so‘ng yangi bir teatr ta’sis qildi. O‘zining ismi bilan «Meyerxo‘ld teatri» deb yurgizilgan bu yangi muassasa ham san’atda tutqan yo‘li e’tibori bilan yana juftsiz va yolg‘uz sanalib keladir. Bu—chinakam inqilob teatri, uning har narsasi degundek yangi. Shu bilan birga u yangiliklar ham muqarrar o‘rnashmag‘on — «vaqtli» iarsalar. Shu uchun bu muassasani uqtirg‘on vaqtda «istash teatri», deb qo‘yadirlar, bu to‘g‘ri uqdirish: haqiqatan «Meyerxo‘ld teatri» har kunga, talabga qarab yangi yo‘l aqtaradir. Maskav hozir ingichka san’atda yangi-yangi yo‘llar aqtarguchi teatrlar bilan to‘lo‘g‘dir. U yillar va jarayonlar to‘g‘risida keyincha to‘laroq bir narsa yozishqa va’da berib maqsadga o‘taylik.

Bugungi Maskavning san’at jarayonlarini tekshirmak va o‘rganmak uchun duyoning har tomonidan juda ko‘b san’atkorlar keladirlar. G‘arbdan va Muhit dengizining narigi qirg‘og‘idan kelganlar to‘g‘risida bir narsa yozish emas bir narsa o‘ylash ham qiyin: ular shu qadar ko‘b… Qizil chegara ichidagi turluk-tuman milliy sho‘ro jumhuriyatlaridan kelganlarning, albatta haddi-hisobi yo‘q. Bizning O‘zbekiston maorif kamisarligi ham bu yerda alohida bir «san’at-drama studiyasi» ochib 20 qadar yigit va qizchalarimizni kelgusi sahnamizga tayyorlab yotadir. Mundan boshqa kino‘ kursida va musiqi maktablarida o‘qug‘uchi yigitlarimiz bor. O‘zimizning istudiyamiz va umuman bugungi san’at bilimlarini o‘rganishimiz to‘g‘risida alohida gaplashishga to‘g‘ri keladir, muni kelgusi safarlarga qoldiraylik. Maskavning bugungi ingichka san’ati bilan tanishmak va undagi turluk-tuman yangi jarayonlarni o‘rganmak uchun uzoq-yaqindan kelganlar orasida Turkiyadan ham ikki san’atkori bor: biri—kino‘ va teatr rejisso‘r (mualim) laridan Erto‘g‘rul Muhsinbek, yana biri — kino‘ va teatr aktrisa (xotin tamsilchi)laridan Nayira Nayir xonimdir. «Maorif va o‘qitg‘uvchi» majmuasining yozg‘uchilaridan biri sifati bilan ularni ziyorat qildim, ular bilan qilgan musohabamning natijasini qisqag‘ina arz qilamen.

Erto‘g‘rul Muhsinbek 1892 nchi yilda Istanbulda tug‘ilg‘on, Turkiyaning o‘zida o‘rta darajada tahsil ko‘rgandan keyin Parijga ketib, u yerda Fransiyaning va hatto dunyoning ulug‘ teatr olimlaridan bo‘lg‘on mashhur rejisso‘r Antuan qo‘l ostida 3 yil ishlagan. Undan keyin o‘sha domlasi Antuan bilan birga Istanbulga kelib «Dorilsadoye’ (oliy san’at maktabi) ni tashkil qilg‘on. Bu «Dorilbadoye’» degan muassasa Turkiya poytaxtining teatr-san’at hayotida ko‘b muhim o‘run olg‘on muassasadar. Turklarning o‘zlaridan (ayniqsa xotin-qizlardan) chinakam san’atkorlar ko‘paya boshlag‘on davr shu «Dorilbadoye’» davridir. Turkiyada so‘ng 10 yil orasida bosilgan teatr kitoblaridan ko‘pini ko‘rsangiz, birinchi yo ikkinchi betiga «bu asar Usmonli dorilbadoye’ san’atkorlari tomonidan birinchi marotaba tamsil qiling‘ondir», degan jumla yozilg‘on bo‘ladir.

Muhsinbek Istanbulda shu yo‘l bilan 3 yil ishlaganidan keyin yana Ovrupoga ketadir. Bu safar Germaniyaning eng mashhur san’at uylaridan «Lessing» kino‘ teatrida 5 yil rejisso‘rlik (muallimlik) qiladir. Mundan bir-bir yarim yil burun O‘zbekistonning ko‘b shaharlarida qo‘yulub o‘tgan mashhur «Milyo‘nchi xotin» kartinasi o‘sha muassasaning hosili bo‘lub, Muhsinbekning rejisso‘rligi bilan o‘ynalg‘ondir. Undan boshqa Muhsinbekning rejisso‘rligi bilan chiqqan german kartinalaridan yana bittasi u «Qora lola» degani — bizning sho‘ra jumhuriyatlarida qo‘yulub o‘tgan. Uning rejissurligi bilan Girmaniyada tayyorlangan kartinalarining hammasi 15—16 ga yetadir. Girmaniyadan so‘ng Muhsinbek Asvach mamlakatiga boradir va u yerda biroz qolib kino‘chilikni tekshiradir.

Undan keyin Muhsinbekning eng ko‘b ishlagan yeri yana Turkiya — Istanbuldir. Bu safar Istanbulda to‘rt yil qolib Turkiya kino‘chiligiga poydevor quradir. Istanbulda hammasi bo‘lub 10 tacha turk kartinalari hozirlag‘on. U kartinalardan biri mashhur turk adibasi Holida Adib xonimning «Otashdan gumlak» (Olovdan ko‘ylak) degan hikoyasidir. Uda Holida Adib . Turkiyaning so‘nggi istiqlol kurashlari davrini tasvir qiladir. Asarning bosh qahramonlaridan biri bo‘lg‘on Ehsonbek — Mustafo Kamolning kinoyali nusxasidir: ana o‘sha Ehsonbek ro‘lini Muhsinbek o‘ynaydir. U 10 kartinaning yana biri mashhur turk nasrchisi Ya’qub Qadribekning «Nurbobo» degan asaridir. Muhsinbek teatr-sahna uchun yozg‘on va o‘zgartirgan bir necha asar bor. Bizning Buxoro hayotidan olinib yozilg‘on bir asari hozir Istanbulda bosilib yotar ekan.

Muhsinbek qo‘l ostida ishlagan turk sahnasi bizning o‘rus adiblari (ko‘proq klassiklari) tomonidan yozilg‘on shoh asarlarni ham ko‘b ko‘rgan. Shu uchun bo‘lsa kerak, Istanbulning san’atga «o‘yun va ko‘ngil ochish» dsb qarayturg‘on tabaqalari (obivatel xalq) uning tegrasiga yaqinlashmag‘on. Uning sahnasi chinakam san’at deganlar va ingichkalikni sevganlarning joyi bo‘lub qolg‘on.

Muhsinbek sho‘rolar ittifoqining chinakam maorif va san’at boshlig‘i — rahbari o‘rtoq Lunacharskiy tomonidan Maskavga chaqirtirilg‘on. Bu yerda ingichka san’atning holini va unga berilgan favqulodda ahamiyatni ko‘rganidan keyin ham yshlamak va ham o‘rganmak maqsadi bilan Maskavda qoldi. Hozir bir tomondan «Davlat kino‘» ning kartina fabrikasida rejisso‘rlik qilmoqda ikkinchi tomondan, bu yerdagi inqilob yo‘lidagi teatrlarni tekshirmakdadir. Shu kunda, o‘zining gapiga qarag‘onda, hozirgi o‘rus yozg‘uchilaridan Tretyakufning «5 minut» degan (Amriqolilar turmushidan olinib yozilg‘on) asariga kino‘da rejisso‘rlik qilmoqdalar. Mundan boshqa o‘rtoq Lunacharskiyning bir asari va Fransiya adiblaridan Aleksandr Dushenning «Tamilla» degan asari ustida ham ishlab turadir.

Muhsinbek Maskavga kelishidan juda xursand bo‘lg‘on, «san’at Germaniyada o‘lgan, Fransiyada harakatsiz, bugungi Rusiyaniki esa yer yuzida birinchi bo‘lub turadir» deydir. Bu fikrini bu yerdagi «O‘zbek dram istudiyasi» talablari bilan qilg‘on musobahasida ham aytib o‘tdi. Unga eng yoqqan teatr — Meyerxo‘ld teatridir, u teatr to‘g‘risida juda qiziqib gapiradir, uni «inqilob va istiqlol teatri, ertaning san’ati», deydir. Bizning dram istudiya talabalarimizni ham tamoman o‘sha teatrga borib ishlashga da’vat qildi. Sho‘rolar mamlakatidagi kino‘chilik ishlariga ham katta umidlar bilan qaraydir va «Yaxshi, — astoydil ishlansa 2—3 yil orasida kino‘chilikda ham sho‘rolar mamlakati birinchi bo‘lub ketadir», deydir.

Bahor vaqtlarida bizning Samarqandimizni ham ziyorat qilmoq niyat bor. Biz ham O‘zbekiston ismidan da’vat qilg‘on bo‘ldiq…

O‘zining asl ismi Munira Ayyub bo‘lg‘on san’atkor turk qizi sahnada Nayira Nayir nomi bilan tanilgandir. Istanbulda «Dorilmuallimot» ni bitirganidan keyin ikki yil qadar yana o‘sha Istanbuldagi «Amriqa qo‘lleji»da o‘qug‘on.

1922 nchi yilda birinchi marotaba «Istanbulda kino‘ sahnasiga chiqib, Holida adibning «Otashdan gumlak» degan asarida birinchi ro‘llardan onato‘li qiz Qazbonning ro‘lini o‘ynaydir (kino‘da). Undan keyin fransuzchadan o‘zgartirilgan «Qiz qulasi» degan asarda turk qizi Zaynab ro‘lini o‘ynaydir (yana kino‘da). Undan so‘ng 1923 nchi yilda birinchi marotaba teatr sahnasiga chiqib ulug‘ Shekspirning «Otello‘»sida Ameliya ro‘lini o‘ynaydir. Asl turk xotinlaridan birinchi marotaba sahiaga chiqqon ham shu Munira xonimdir. Undan burun turk sahnasidagi xotin-qiz ro‘llarini arman, rum va «qibti» qizlari o‘ynab kelganlar.

Yaqinda Muhsinbekning da’vati bilan Maskavga kelib bu yerdagi teatr jarayonlarini o‘rganish ishiga kirishdi. Hozir mashhur o‘rus san’atkorlaridan Vaxtango‘f nomiga ochilg‘on san’at maktabida va ham Meyerxo‘ld teatrida ishlab turadir.

Bizning o‘zbek xotin-qizlari bilan tanishmak va ularning hayotlarini ko‘rub-bilmak orzusi oldingi safda turg‘on bu sharq qizida albatta bor. Lokin muning qalbidagi orzularni bizning xotin-qizlarimiz ham saqlag‘on bo‘lsalar edi…

Qani endi!


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"