Maskavdagi dramstudiyamiz
«Er yuzi» jurnalining o‘quvchilariga nafis san’at muassasalarimizdan studiyani tanitish zarur; chunki, biz o‘rtoq Mo‘min Xo‘ja aytganday, ingichka san’atimizga bino qurish kunlaridamiz. Hozir bu yo‘lda nechta qadam qo‘ysak, har bir qadamimiz kelgusi zamonda ming marotabalar tekshirilib, saralanadir. Undan keyin: mening bu kichkina musobaham bilangina elni bu muassasaga tegishincha oshno qilolmaymiz. Chunki, yana o‘rtoq Mo‘min Ho‘ja aytganday «O‘zbek teatrining asosidir». Maskavdagi teatr jarayonlari bilan chala-chulpa tanishib chiqmoq uchun studiya talabalari 7—8 oy lektsiya eshitdilar. Yaqin kelgusida bizning teatrimiz ham o‘sha darajalarga qarab ancha yo‘l bosib qolar. O‘sha vaqtda bu kungi yozilg‘on har bir xat (satr) yozuv, ko‘p chigallarni yechishga yordam qilar.
Studiya bundan ikki yil burun Maskavdagi «Stalin nomiga ochilg‘on o‘zbek bilim yurti» qoshida alohida studiya bo‘lib tashkil qiling‘on. Boshda unga Maskav davlat teatr maktabida o‘quvchi yigitlarimiz kirganlar; undan keyin o‘shal vaqtgacha sahnalarimizda o‘ynab kelgan atoqli san’atkorlarimiz kirganlar. Ularning orasida Toshkent bilan Buxoro va Farg‘onadan elga mashhur va maqbul bo‘lg‘on yigitlarimiz bo‘lg‘onlar. Xotin-qizlar hay’ati esa bizning tariximizda birinchi daf’a o‘laroq, o‘zbek qizlari bilan O‘zbekistonda tug‘ulib o‘sgan totor qizlaridan iborat bo‘ladir (keyingilardan faqat birgina kishi).
Birinchi yilda studiyada ingichka san’atga oid birmuncha darslardan boshqa rus tili, ona tili va ba’zi bir umumiy fanlar ham bo‘ladir. Sahna hunari (stsenicheskoye m:asterstvo) fanining mudarrislari u yil o‘sha fan ustida fransuzlarning klassik (qadim) adiblaridan Molerning mashhuri jahon bo‘lg‘on «Xasis» pesasini tayyorlaydilar. Bu pesa uzoq yil Samarqandda bir, Toshkentda bir qo‘yiladir-da, shu bilan studiyaning yozliq ishi tamom bo‘ladir..
Bu yil (1925—1926 yillarda) esa studiyadan umumiy fanlar bilan ona tili fani muallimsizlikdan chiqoriladir, boshqa ingichka san’at fanlari boyag‘iday davom etdiriladir. Ayniqsa, o‘tkan yil qadim zamon teatr tarixini o‘qutgan muallim va munaqqid Filippov bu yil studiya talabalarini Maskavdagi teatrlarning tarixlari va masalalari bilan tanishtiradir. «Sahna hunari»ning muallimlari esa bu yil «Xasis»ni bir oz tuzatmak bilan birga mashhur rus adibi Gogolning o‘lmas kulgusi bo‘lg‘on «Tergovchi»ni inqilobiy fojealardan «Labbay» (Exo) ni so‘ngra Xolxo‘ja qo‘rboshi turmushidan so‘zsiz o‘yin—«Qorovul uyqusi»ni tayyorlaydilar. Bundan boshqa o‘z muallimlarimiz o‘rtoq Uyg‘ur tomonidan kaminaning «Yorqinoy» («Sarkash qiyo») pesasi tayyorlandi. Bulardan «Yorqinoy», «Tergovchi» pesalari Farg‘onaning Namangandan boshqa hamma shaharlarida «Labbay» bilan «Qorovul uyqusi» Toshkentda, Samarqandlarda qo‘yildi.
Oldimizdagi bir qish tahsil bilan studiya tamom bo‘ladir. Undan so‘ng Maorif komissarligimizning fikriga qaraganda, o‘sha studiya talabalari asos qilingani holda markaziy va doimiy jumhuriyat teatrimiz tashkil qilinsa kerak. Shu yil teatrning qoshida o‘ziga maxsus studiyasi (maktabi) bo‘ladir. U holda, Maskav studiyasi, ehtimol, tamom berkitilsa.
Bu yil ingichka san’at fanlaridan ba’zilari chiqarilib, o‘rinlarig‘a boshqalari kirgiziladir. Chunonchi: yuz yasash (grim), sahna yasash (dekoratsiyachilik) va boshqalar.
Bu yilgi repertuarda milliy narsalar ko‘proq bo‘lsa kerak: «Yorqinoy» xomroq bo‘lgani uchun yana ishlanmakchi; kaminaning 4 pardalik «Uzun quloq bobo» degan pesasi ham repertuarg‘a kirsa kerak. Yana boshqa milliy pesalar topish harakati bor.
Studiyaning o‘zi bilan qisqacha tanishtirg‘ondan keyin endi uning sayohatidan ham ozroq gapirib o‘taylik. Toshkentda (teatr san’atining bu markazida) —studiyaning moddiy muvaffaqiyati mazasiz bo‘ldi. O‘zbek bazm to‘dasi moddiy jihatdan aqllar ishonmasliq muvaffaqiyat qozong‘on holda studiyaning muvaffaqiyatsizligi albatta sababsiz emas. U sabab hattoki ko‘pimizga ma’lum. Bizning milliy cholg‘uvlarimiz asrlardan beri bazmlarimizda tayyorlanib, xalqning ruhiga singib ketgan yengil bir shabada ham uni qo‘zg‘ay beradir. Teatr esa biz uchun yangi narsa, so‘ngra minglarcha to‘dalarimizning bema’ni va san’atsiz teatrlari xalqni bezdirgan. Shularni anglag‘on uchun studiyaning o‘zi ham moddiy muvaffaqiyatga ahamiyat bermadi; bu holatni hammadan ko‘ra ko‘proq tushungan Maorif komissarligimiz shu moddiy tejash davrida studiyaning moddiy kamchiligini yopdi.
Moddiy jihat shunday zaif bo‘lsa ham ma’naviy jihati ancha yaxshi bo‘ldi. San’atni tushungan kishilar keldilar, ko‘rdilar, harorat bilan olqishladilar. Ana shu olqishlar, ana o‘sha samimiy aloqa studiyaga ruh berdi; bu olqishlar bu kun bir hovuch bo‘lsalar ham, samimiy bo‘lg‘onlari uchun kelgusida u hovuchlarning hech qayerga sig‘may ketishiga qat’iy imon keltiradilar.
So‘z oxirida studiya talabalari to‘g‘risida ikki og‘iz gapirib o‘taylik: men, studiya bilan birga bir yarim oycha yurib chinakam san’at fidokorlarini ko‘rganimga ishonib suyundim. Moddiy muvaffaqiyatsizlik hali bizning ko‘p «fidokorlarimizni» yarim yo‘lda yo‘ldan uradir. Bular o‘z hayotlaridagi moddiy muvaffaqiyatsizliklarga ham e’tiborsiz qaradilar va ko‘zlarini qizil Maskavning toglar qadar teatrlarig‘a tikib turib: «— Bizning tilagimiz shunday!» deydilar…
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|