Men Qochmadim
(Toshkentdagi o‘rtoqlarimga)
Men qochmadim! – Nega meni «qochdi» deb
Yo‘qg‘a muncha shovqin-suron qildingiz?
Quchog‘ini «o‘zlik»iga ochdi deb
Oq ismimga qora zanjir ildingiz?
Men «o‘zlik»dan ko‘pdan beri uzilib,
«Ko‘plik» ichra botib ketgan tanaman.
U «ko‘plik»ning qayg‘usida cho‘zilib,
Quloch otib, suzib yurgan yana men.
Men yangilar o‘lkasidan sinmagan
Bir qanotni taqib olib qo‘zg‘aldim;
Shul yo‘limda yaproqlari so‘lmagan
«Yosh yog‘och»ning soyasida to‘xtaldim.
Ikki ko‘zim yalt-yult etib ko‘kimdan
Tilagimning yulduzini qaraydir.
Chog‘-chog‘ yig‘lab, o‘tib ketib o‘ngimdan
Qora bulut uning yuzin qoplaydir.
Biroq yana uning yuzi ko‘rinib,
Ko‘zlarimni qamashtirib qo‘yadir.
Qilich botib, xanjar dilga urinib,
Unga yana qaysi qarash to‘yadir?
Men qochmadim! – Men tilakni izlayman,
Qanot kuchlik, borgan sari tezlayman!
Buxoro. 1921-yil
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|