Men shoirmi
«Tarjimayi holim»ga
Xayolim bir uchib ketib qoladir,
Men ham tizginini qo’yib beraman.
Zotan, qandoq qilib tutib turaman?
Eng nozik qilimga tegib qoladir.
Uchadir... uchadir... ming qabat ko’kni
Bir boshdan siypalab o’ta beradir.
Zerikmay, erinmay keta beradir,
Ba’zan hovliqtirib jinni yurakni...
Ko’lanka kabidir, o’tgan yeridan
So’ngra qarasangiz, bir nishon qolmas.
Yurgan yerlaridan oziq ham olmas,
Shunda zerikaman uning sayridan...
Bir zamon bir shirin joyga yetganda,
Nariga o’tmasdan to’xtab qoladir,
Oshiqdek yastanib, yotib oladir...
Shu choqda qiynalish boshlanar menda.
Chunki xayolimning ko’zlari bilan
Bir go’zal holatni ko’rib turaman,
Lazzatga g’arq bolib, o’lib turaman.
U holni borliqning so’zlari bilan.
Anglatish qo’limdan kelmay qoladir,
Shu choqda tillarim qaldirab ketib,
Borlig’im yo’qlikka g’ildirab ketib
Demakki: «Boshqalar bilmay qoladir
Shunday go’zallikni! Attang agar men,
Rassom bo’lsam edi, chizib berardim.
O’xshash nusxa bilan yozib berardim.
Shu ojiz holimda shoirmanmi men?. . »
Shoirlik menda bir soyami, deyman,
Har bir tushunchamni yoza olmagach,
Rassomdek xayolga chiza olmagach,
Haqir borlig’imga ko‘p afsus yeyman...
Xayolim yuksakdan tushib ketadir,
Shoirlik chang bo’lib uchib ketadir...
1923
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|