Mey Lan Fon (1935)
by Abdulhamid Choʻlpon
334313Mey Lan Fon1935Abdulhamid Choʻlpon

Bu Xitoy san’atkorining SSSRga
kelib-­ketishi munosabati bilan

Qancha odam shirin kuyli so‘zlarin tinglab,
O‘yinini ko‘z olmasdan ta’qib etadi.
Talvasadan dengiz kabi qaynab-qimirlab
Alvon rangli sarpolarga ko‘zni tikadi.
Mey Lan Fonning Xitoy xalqi o‘rtasidagi ob­ro‘sini ko‘rsatish uchun bir shoirning yuqoridag‘i to‘rt yo‘l baytini keltirish kifoya. Bu to‘rtgina, lekin juda samimiy yozilgan yo‘llarda Xitoy tomoshabinining o‘z sevimli san’atkorining o‘yinlarini qanday berilib tomosha qilg‘ani tas­vir etiladi. Xitoyda Mey Lan Fonning «Yorug‘ yulduz» deb atalishi bejiz emas. Mey Lan Fon endigina dong chiqara bosh­lagan davr­lardayoq uning o‘yinlari to‘g‘risida bunday bir so‘z yurardi: «Uning bir kulumsirashi – ming yillik asirlar, uning bir «oh»i – ming yillik xazon».
Xitoyda xotin kishi ro‘lini o‘ynayturg‘an akto‘rlarni, umu­man, «tan» deydilar. Mey Lan Fon shu «tan»lardan. U fa­qat ayol ro‘lini o‘ynaydi. O‘tgan mart oyining 27-kuni Maskovning katta tomosha zallaridan «Muzik-xoll» zalida uning bir kechalik tomoshasini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Mey Lan Fonning gastrollari chog‘ida qo‘yilaturg‘an piyesalar uchun rus tilida alohida bir libretto kitobchasi chiqarilg‘an. O‘sha kitob­cha qo‘limda. Unda 6 piyesa, 6 raqs (oyoq o‘yi­ni) ko‘rsatilgan: shu 6 piyesaning hammasida ayol ro‘llarini Mey Lan Fon o‘ynaydi: 1. «Shubhali kavush»da Suyning xotini In Chun. 2. «Fey Chen O» va «Yo‘lbars general»da kanizak. 3. «Mazlumlarning o‘ch olishi» degan piyesada baliqchi cholning qizi. 4. «Yolg‘ondakam jinnilik»da bosh vazirning qizi. 6. «Nay kamalak dovoni»da esa general Sinning xotini1.
Xitoyda ayol ro‘lini o‘ynayturg‘an erkaklar ko‘p; unda ayol aralashmagan nuqul erkak tiyotr to‘dalari, shuningdek, hech bir erkak aralashmagan ayol tiyotr to‘dalari bor; unda mana bu so‘ng zamonlarda erkak va ayollardan iborat aralash tiyotr to‘dalari ham yuzaga chiqdi. Faqat butun shu to‘dalar orasida ayol ro‘lini o‘ynovchilarning oldini va zo‘ri Mey Lan Fondir. Uning sahnadagi joyini o‘z ahli tog‘ning cho‘qqisig‘a o‘xshatadi. Munda hech lof asari yo‘q. Bukun tiyotr-sahna san’a­tida butun dunyoga o‘rnak bo‘lub o‘lturg‘an Maskovda san’at shinavandalari ila liq to‘lgan zal o‘yin so‘ngida Mey Lan Fonni charchatar darajada ko‘p martabalar olqishlab chiqardi. San’at bilimdonlari uning san’atiga oshiq bo‘lganlarini aytdilar va yozdilar.
Umuman, Xitoy klassiq tiyotri yaponlarning «Kabuk»lari singari Ovrupo uchun, shu qatorda biz uchun ham juda qiziqtiruvchi san’atdir. Bu kungi xitoylarning o‘zlari ham tushunmayturg‘an bir tilda (VII – VIII asrlar tilida) yozilmish va feodalizm taraqqiyotini ko‘rsatuvchi asarlari, har bir asarga mutlaq jo‘r bo‘lub boruvchi besh tonli (tatar-mo‘g‘ul unqatoridag‘i) cholg‘isi va kuyi sahna bezalishi, o‘yinning qoida (priyem)lari, akto‘rlarning texnikasi – mana shularning barchasi xitoylarning o‘zlariga xos va biz qiziqaturg‘an narsalardir. Cholg‘ining ibtidoligi (primitiv bo‘lishi) uning tatar-mo‘g‘ullarda qo‘llanilaturg‘an va bizga yaqin unqatori o‘yin qoidalaridag‘i «shartlilik» (uslovnost)lar, ayol ro‘lini erkak o‘ynashi, ayniqsa, Buxoro boylarining naqshli va sharafli mehmonxonalarining ayni o‘zi bo‘lgan uy ziynati, albatta, bizga tanish va bizning yaqin o‘tmushdagi xalq o‘yinlarimizga bog‘liq; lekin, shu bilan birga, akto‘r texnikasi, repertuar boyligi va cholg‘ining mukammal jo‘r bo‘lub borish­lari bizga nasib bo‘lmagan yuksaklik­lardir.
Maskovda bir o‘zbek sahna xodimi mendan Mey Lan Fonning o‘yini to‘g‘risida fikr so‘radi. Men shunda «satang» degan so‘zni ishlatib kaltagina javob berdim. «Hech bir satang ba’zi ayol ro‘llaridagi Mey Lan Fon qadar satanglik qilolmaydi…» …Bu satang mening fikrim emas. Bu – tiyotr bilimdonlarining mushtarak fikridir.
Bir bilimdon Mey Lan Fonning qo‘l o‘yinlaridan bahs eta turib: «Shu o‘nta barmoq bor, boshqa a’zolar bilan hech narsa ko‘rsatmasa ham bo‘ladi», – deydi. Chinakam, uning o‘n barmog‘i o‘nta talantli akto‘rning vazifasini bajaradi, xususan, qo‘lini goh yeng ichiga olib, goh chiqarib, yeng bilan shunday o‘yinlar qildiki, ko‘zingizni uzolmaysiz! Men uning barmoqlarig‘a ko‘z tikkanim holda o‘z Akademik dramamizning o‘yin texnikasini o‘yladim, qancha achchig‘ bo‘lsa-da, aytish kerakki, biz hali bu xususda ko‘p olisdamiz. Abror, sahnamizning maqtaniqlig‘i bo‘lgan Abror «Zakmuk»da Jar Sivon ro‘lini o‘ynarkan, o‘n barmog‘ini barobar bir o‘ynatgan edi, men uni sira esimdan chiqara olmayman. Ammo Abror o‘zi allaqachon esidan chiqarg‘ang‘a o‘xshaydi.
Mey Lan Fon tiyotrida o‘ynalaturg‘an asarlardan ko‘pining tiliga bu kungi Xitoy ommasi tushunmaydi. U asarlarni tushunib tomosha qilaturg‘anlar juda oz, ko‘p tomoshachilar yo cholg‘i eshitish uchun, yo o‘yin ko‘rish uchun keladilar. So‘ngra ming yillardan beri o‘ynalib kelgan va, zotan, mazmuni soddagina bo‘lgan u asarlar tomoshachiga ko‘pdan yod bo‘lub ketgan. Tomoshachi o‘ziga tanish asarning o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir joyini ko‘rish uchun ham keladi. Yapon tiyotrida ba’zi asarlarning yolg‘iz bir pardasiga bilet sotiladi, shunda odam liq to‘la boshqa pardalarida tomosha zali butunlay bo‘sh deyarlik… Yapon tiyotrining bu xususiyati Xitoy tiyotrida ham yo‘q emas. Shu uchun Mey Lan Fon tiyotri o‘zining nuqul feodalizm jamiyatini tasvir etgan va, muning ustiga, feo­dalizm dunyo ko‘rishini aks etdirgan piyesalari bilan bizdan, bizning sotsialistik tiyotrimizdan juda olisda turadi. Bu jihatni olganda, biz Xitoy tiyotridan emas, Xitoy tiyotri bizdan o‘rganuvi kerak. Faqat shakl jihatidan olganda (yolg‘iz shakl jihatidan!) biz u tiyotrni o‘rganishimiz kerak. Uni o‘rgangan vaqtimizda uning nimasi bizbob, nimasi bizga begona va foydasiz ekani o‘z-o‘zidan anglashiladi. Sharq olamida o‘zicha bir o‘run tutgan yapon va xitoy tiyotrlarini o‘rganaylik. Rus tilida bor bo‘lgan asarlar bizga bu to‘g‘rida yordam etajaklar.
Har qalay, Mey Lan Fonning tiyotri juda ziyoli tiyotr. Uning direktori bilan direktor o‘runbosari professor darajasiga ega bo‘lgan san’at olimlari Mey Lan Fonning o‘zini ham «do‘qto‘r» deb ataydilar. Bu – ming yillarning tiyotri, bu – an’a­na tiyotri, bu – yuksak san’at tiyotri. Biz esa hali shakl jihatidan yoshmiz, 15 yilligimizni endigina o‘tkazdik. Faqat…
Faqat biz shunday bir o‘lkaning tiyotrimizkim, boshqa sohalarda o‘lkamiz yuz yillik yo‘llarni besh yilda, hatto bir yilda bosishga intiladi va muvaffaq bo‘lub boradi. Bizning 15 – 20 yashar sahnamiz sahna san’ati va madaniyatining ming yillik yo‘llarini besh-o‘n yilda o‘tishi kerak yoki biz ham uning hunarlarini ko‘rarkan, xitoylar singari deylik: «Muning bir qadami – yuz yillik yo‘l, muning bir hamlasi – tarix bo‘yi davom etgan hujumlari».


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"