Muhyi haqida hajviya

Muhyi haqida hajviya
by Pisandiy
333486Muhyi haqida hajviyaPisandiy

Qur’a ochturmish afandim bir Eron rammolidin,
Qo‘rsa tole nahs chiqmish folbin shashqolidin.
Qancha savlat birla borgan Ushga az ro‘yi tama’,
Bexabar erkanmu mehmon nomai a’molidin?..
Xo‘b qilibdur hurmatini, balli, Ush mingboshisi,
Ko‘p havodis uchratibdur bu safar iqbolidin.
Kunduzi izvoshda sayru kechasi bazmi dutor,
Besaqol yonboshda, bo‘yni chiy qalamning nolidin.
Suhbat ichra alhazar, deb necha odam tong otar,
Chiqqan o‘xshaydir sezib bu bachchag‘ar ahvolidin.
Tun yarimda xonadon bonusi bu hangomani
Eshitib chiqdi, qo‘lida bir aso ko‘k tolidin.
Soldi xo‘p aylantirib boshu beliga onchunon,
Qarg‘adi, so‘kdi bu hojimni burab soqolidin.
Kafshi qolib, bosh yolon qochdi qorong‘u boqqa,
Boshga tekkanni so‘ranglar o‘rigu shaftolidin.
Shoiri sharmanda sendek bo‘lmag‘ay dunyoda hech,
Yo‘q vujudingda asar insof bir misqolidin.
Qayga borsang, ta’na senga, bizga isnoding sening,
Chiqmadik hargiz bu bad noming xunuk ishkolidin.
Nopisand qilgan ishing, ey Muhyi donish ahliga,
Bu g‘azal bir mukchayib qolgan mahalla cholidin.

Hasbi holi mullo Mirzo Akram a’lam hoji va talabi qazo ba iqtizoi Muhammadsolih ellikboshi va Mirehson sarkor va mullo Muhammadkarimjon qori.

Muhammadsolih otlig‘, ey birodar,
Bu rasvolig‘ni sen qilding sarosar.
Balolarga duchor etting mani san,
Ayog‘imda kishan, bo‘ynumda arqan.
Borolmasman tiriklik ishlarimga,
Emay-ichmay urubman tishlarimga.
Ueing bug‘doyga to‘lsun, ey Mirehson,
… O‘lsun sani, maxdum Karimjon.
Uyimda qolmadi sing‘on safolim,
Siza arz aylayin avvalgi holim.
Men erdim Yangiqo‘rg‘on manzilida,
Amin, mingboshnlarga nuridiyda.
Birinchi qozini oldida a’lam,
Yozar erdim, masoyil bo‘lsa mubham,
Eritmog‘likda elni o‘t kabi mum,
Olur erdim, bitib mazharni bir so‘m
Mabodo bir jin urganni hidoyat,
To‘lub kissam, agar qilsam rivoyat.
Qasam etsam akl jonib havola,
Yog‘ar boshimga ko‘pdin-ko‘p navola.
Birov da’vosi bo‘lsa bir namakdon,
Subut aylab anga bir yaxshi qumg‘on.
Qo‘noq arzancha bo‘lsa, moli da’vo,
Solib boshiga yuz janjolu g‘avg‘o.
Agar da’vosi bo‘lsa bir qazonni,
Boshiga to‘ntaribman osmonni.
Agar hukm etsa qozi bir eshak deb,
Biturman ruq’asinn Beshterak deb.
Rivojim ko‘p edi har ro‘zi bozor,
Sayoz kunga ko‘yub ish bo‘lsa dushvor.
Havoi qozilik boshimga tushti,
Mani itpashshalar oshimga tushti.
Tavoze’ aylabon ellikboshiga,
Turub ta’zim etib qosh qoqishiga.
Bu itlarga murosovu madoro,
Berib pinhoniy rishvat, oshkoro.
Ko‘fak itdek eshaklarni ag‘o deb,
Ayiq, to‘ng‘uzsifatlarni tag‘o deb.
Eshikdin kelsa nogah bir faliska,
Tutub og‘ziga avval fofiriska,
Ko‘tarmas anga itlar quyrug‘ini,
Salom aylab,so‘rarman buyrug‘ini.
Bilolmasdin tug‘ilgon manzilimni,
Yana hokim surushtirmish yilimni.
Xijolatdin chiqolmasman eshikdin,
Birov jirtak cholurmu deb teshikdin
Bu holatni so‘rar ul qaddi ra’no,
Kelurmukan debon qildim tamanno.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.