Mujdakim keldi tuman nazhat bila fasli bahor...

Mujdakim keldi tuman nazhat bila fasli bahor...
by Tabibiy Ahmad
332833Mujdakim keldi tuman nazhat bila fasli bahor...Tabibiy Ahmad

Mujdakim keldi tuman nazhat bila fasli bahor,
Jannat oso yer yuzining fayzin etti beshumor.

Xulddek bo‘ldi safoda har gulistoni chaman,
Ochilib gullar tarovatlar bila laylu nahor.

Bog‘ sahni ichra bo‘lg‘och jilva oro sarvlar,
Qumrilar jonu dilidin oldi oromu qaror.

Har guli xushrang, bir mahbub yanglig‘ jilvasoz,
Bulbul anvoi ishini qilg‘oli faryodu zor.

Har shajar boshida yafrog‘lar zumurradgun o‘lub,
Ko‘rgan odamlar ko‘zini qildi ravshan har ne bor.

Bog‘ atrofig‘a necha nahrlar jadval bo‘lub,
Jori o‘lmish anda doim obi sofi xushguvor.

Havzlarg‘a borho labrez o‘lub shirin zulol,
Ichkan odam ko‘ngliga yetkurdi tafrihu mador.

Jo‘ylar atrofig‘a sabza bila rayhon tutub,
Dilkusho kelmish durur andoqki xatti la’li bor.

Har daraxt uzra namoyon o‘ldi shirin ming samar,
Kim aning har birisida ming azubat oshqor.

Bu jihatdin nozaninlar sayri gulzor etdilar,
Olgali ushshoqdin bil-kul inonu ixtiyor.

Sho‘xlar noz ila sayr etgach chaman shohidlari,
Bosh egib, ta’zim aylab bo‘ldilar farmon guzor.

Gulshan ichra har taraf esti nasimi jon fizo,
Jismlarg‘a toza jon bermamni qilmoqg‘a shior.

Alg‘araz bo‘lmish ayon bu lahza ahli dahrg‘a,
Oqil ersang, fikr qilsang qudrati parvardigor.

Aysh etarga ushbu mavsumni g‘animat anglabon,
Sen dag‘i kel men bila tuzmakka ishrat, ey nigor.

Ey Tabibiy, xisrovi odil duosin vird qil,
To bahor oso topib xurramlig‘ o‘lg‘ung komgor.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.