Munaqqidning «munaqqidi»

Munaqqidning «munaqqidi» (1927)
by Usmonxon Eshonxoʻjayev
334750Munaqqidning «munaqqidi»1927Usmonxon Eshonxoʻjayev

(Ba’zi fikrlar va qo‘shimchalar)

“Adabiy pastlash shunda ham ta’birlanadirkim, mazmundan ko‘ra shaklini qadrlay boshlaydirlar. Biroq, mazmun shakl bilan shunday qattiq bog‘lang‘ankim, mazmuniga beparvolik qilish birinchidan tezda go‘zallikni yo‘qotadi va ikkinchidan shaklni ham rasvo qiladi”.

Plexanif – “Rus ijtimoiy fikrining tarixi”

Bu yilgi “Q. O‘zbekiston” gazetasining 109 nchi sonida Oybek tomonidan shoirni qanday tekshirish ishida bir “qo‘llanma” maqolasi bosildi. Bu maqola birgina “qo‘llanma” emas (shunday bo‘lsa-ku go‘rga edi), balki shoir Cho‘lponning mafkurasi haqida “Ayn” tomonidan yozilg‘an bir turli to‘g‘ri fikrlarning qiymatini tushirishga intiladi va maqolaning yozilmag‘an markaziy tilagi ham shundadir (“Ayn” maqolasi “Q.O‘.” 37-son). Bundan tashqari, Oybek o‘z maqolasidagi fikrlarni so‘ngg‘ig‘a dovur o‘ylamasdan, bu fikrlardagi bor chigalliklarni sezmasdan, xullasi, uning mavzuini yoziladurg‘an maqoladagi nozik javobgarlikni andisha qilmasdan yoza bergan. Mana shuning uchun bo‘lak yanglishlaridan boshqa, Oybek “Ayn”ni tanqid qilaman deb kelib-kelib o‘z mayliga qarshi, yana “Ayn”ning ostonasiga bosh qo‘yadi.

Oybek maqolasi to‘g‘ridagi bu da’volarimizning isbotiga kirishmasdan burun, mavzuimiz qanday ahamiyatga ega ekanligini belgilab olaylik.

Bizning o‘zgarish turmushimiz, xususiy mulk hukm suradurg‘an turmushlardan asosan farq qiladi. Bu asosiy ayirmaning tarkibiy unsurlaridan biri shundan iboratkim, agar xususiy mulk turmushida bu turmushning tuzilish oqimi kishining ongidan tashqari, boshvoqsiz (Stixiyno) ketsa, bizning o‘zgarish ijtimoiy turmushimiz borgan sari kishining ongig‘a bo‘yin sunib, oldindan tuzilgan rejaga solinib boradi. Sarvadorliq olamidan ijtimoiy olamning oshiqchalig‘i shundadirkim, birinchi olamda kishilik “taqdiri ilohiy”ga bo‘yin sunishga majbur bo‘lg‘an choqda, 2 nchi olamda bu kishilik o‘z baxtini o‘zi belgilashga qodir bo‘ladi. Biz ko‘rib va his bilan sezib turamizkim, kishilik bu g‘oyani muyassar qilmoq yo‘lida buyuk mehnat orqasida buyuk muvaffaqiyatlarga erishadi. Bu muvaffaqiyatlar ham fan va texnika olamida, ham ijtimoiy-siyosiy olamda turli-turlidirlar. Misol uchun ijtimoiy-siyosiy olamdagi muvaffaqiyatlarning eng buyugi yer yuzining 6 dan birida ijtimoiy hayot rahbarligi vositasiz ijtimoiyatni qurg‘uvchilar qo‘llarig‘a o‘tti va bu sababdan sho‘rolar ittifoqida kundan-kunga ijtimoiyatning asosi mustahkamlanib bormoqdadir.

Haqiqat shunday bo‘lg‘anidan keyin, bizga tabiiy bo‘lib ko‘rinsa kerakki, ijtimoiy hayot qurg‘uvchisi ishchi-dehqon va buning yo‘lboshchisi kommunist firqasi hayotda ko‘rsatadurg‘an katta va kichik hodisalarga betarafona qarab turmaydirlar; bu hodisalarga yo unday, yo bunday qilib o‘z munosabatlarini bildirib qo‘yadirlar va bu hodisalarning manbai g‘ayratni yo yo‘qotishg‘a tirishadirlar, yoki uni ijtimoiy turmush qurish ishini yengillatishga ishlatadirlar.

O‘zbek millatining madaniyati tarix marhamati bilan ishchi va dehqon rahbarligi ostida qurilmoqda. Bu kurilish oqimin kechiruvchi yosh madaniyatning tarkibiy unsurlari ishchi va dehqonlar va ularga yo‘lboshchiliq qilg‘uvchi kommunistlar firqasi tomonidan tekshirilib va isloh qilinib borilishi tabiiy va bu voqea yana o‘sha umumiy va asosiy tilagimiz bo‘lg‘an butun kishilikka mushtarak madaniyat, ya’ni ijtimoiyat qurish ishining bir shoxchasidir.

Bu unsurlardan adabiyotni olsak, uning ahamiyati to‘g‘risida shu yerda so‘z ochib o‘ltirishning hojati ko‘rinmaydi. Lekin biz jo‘rttanga bu yerda bir oz chetga chiqib qo‘ydiqki, “shoirning hurligiga tegish gunoh” deguvchilar yo‘q emas; hatto Oybek ham o‘z maqolasining bir yerida “shoirlarining quloqlaridan cho‘zib turib, yo‘qsillar shoiri bo‘l deyish mumkin emas” deb qo‘yadi. Yanglishasiz, Oybek, chunki shoirlar jismoniy quloqlaridan cho‘zilmasalar ham, “quloq”laridan cho‘ziladirlar! O‘zingiz ham haqiqatni inkor etadurg‘an ko‘rinasiz, lekin fikringizni so‘ngig‘a yetkiza olmaysiz, fikringiz chigal, nimagaki hech kim (“Ayn” ham) shoirlarning quloqlaridan cho‘zib turib yo‘qsillar shoiri qilmoqchi emas va bunday jinni da’voni hech kim ham qilg‘ani yo‘q.

Yuqorida chetka chiqib qo‘yg‘animizning yana bir sababi Cho‘lpondek shoir to‘g‘risida ijtimoiy fikrning ahamiyatini ham chuquri, ham to‘garagi bilan belgilamakchi bo‘lg‘animizdan iborat edi.

Cho‘lpon, o‘zbek millatining yangi adabiyotida bir turli nuqtai nazardan eng olding‘i o‘rinni tugadi degan da’voga qarshiliq yo‘q ko‘rinadi. Bu bir turli nuqtai nazar Cho‘lpon asarlarining soni bilan texnikasi nuqtai nazaridir. Tabiiy, adabiyot tevaragidagi munchalik ta’sir birgina son va texnika bilangina chegaralanmaydi; balki bu tevaraqdan juda keng bo‘lg‘an doirada hiyla vaqtlar bo‘ldikim, “cho‘lponchi”lar doirasi tuzilib qolg‘an. Shu bobla Oybek tomonidan ilmiy meto‘ddan “xabarsiz”liqda ayblanguvchi “Ayn” g‘oyatda to‘g‘ri muhokama qilib aytadirki: “Ul (Cho‘lpon – U.) bu sohada yoshlarni o‘z mafkurasi ta’siriga olib, millatchilik, vatanchilik hislarini payvand qilmoq maqsadida qisman muvaffaq bo‘lmoqdadir”. Shu bobda ilmiy meto‘d bilan “qurollangan” Oybekning soddaligini ko‘ring: “Bu kungi yosh nasl uning (Cho‘lponning – U.) sodda tilini, totli uslubini, texnikasini ko‘b sevadi; undan ko‘b go‘zalliklar oladi. Cho‘lponning mafkurasi emas (o‘lma “ilmiy meto‘d” – U.), balki yaratqan badiiy namunalari o‘quladi, voz kechilmaydi”. Quyiroqda Oybekning shu fikrining (agar shuni ham fikr deyilsa) butunlay bo‘shlig‘ini va bexudaligini ko‘rsatishta tarishamiz. Kechirasiz yana chetka chiqdiq. Bu yerda muddaomiz shundakim, Cho‘lpon va uning tuzgan “cho‘lponizm”i hozirg‘i ijtimoiy va adabiy hayotimizda shunday bir hodisakim, bunga sovuqqonliq qilish jinoyat, chunki bu hodisa firqamiz va Ayniqsa yosh kommunistlar va maktab o‘quvchilarining mafkuraviy tarbiyasi uchun O‘zbekiston sharoitida juda boy material bo‘lg‘usidir va bo‘la oladi. Shunday boy material bo‘ladikim, agar rus tilidan yuzlarcha siyosiy kitob tarjima qilg‘an bilan ham bunday sermeva material tug‘ilmaydi; chunki bu hodisa O‘zbekiston yerining hosili bo‘lib, bu hosildan yana hosil tug‘ilib, O‘zbekiston turmushiga tan va jon bilan bog‘lanib kelgan. Lekin bu hodisani tuqqan va u bilan bog‘lag‘an turmush O‘zbekistonga umumiy turmush bo‘lmasdan, o‘zgarishdan burun umumiy turmushning bir kichkina bo‘lagini tashkil etar edi va o‘zgarishdan keyin bu turmush o‘z “qonuniy” mavjudiyatini yo‘qotdi, lekin ingichka mafkuraviy shaklda davom etadi. Ishonmasangiz, shoirning o‘zidan so‘rang:

Men endi xuddi bir somon parchasi…
Lekin zo‘r dengizning cheksiz qo‘ynida,
Jimgina boradir kirsiz qo‘ynimda
Erkin ko‘piklarning alla qanchasi!

Chunki Oybek biladiki, “adabiyot ijtimoiy hayotning aks-sadosi (exo) va davrning mafkuraviy ko‘rinishidir” va bo‘laklar va bo‘laklar, lekin Oybek “Ayn”dan xafa bo‘ladiki, “Ayn” Cho‘lponni tanqid qilg‘an vaqtda haligi Oybek ko‘rsattan meto‘dlarni ishlatmagan va ishlata olmag‘an. Oybek maqolasining yozilg‘an mazmuni mana shu, lekin yozilmag‘an mazmunini yuqorida aytib edik. Oybek maqolasida bir katta ziddiyat bordirkim, u mana bundan iboratdir. Oybek “Ayn”ni eblamsizliqda va yuzakiliqda ayblagan vaqtda, tabiiy, o‘zi Cho‘lpon haqida fikr ochib bir yangi natijalarga kelsa edi. Yo‘q yangi natijalar emas, balki indamasdan ham qolmay, yana xuddi o‘sha “ilmsiz” “Ayn” natijalarini oqizmasdan – tomizmasdan takror qiladi. Oybek maqolasining boshida qilg‘an va’dasida turib (ya’na Cho‘lponni tekshirmaslik) Cho‘lpon to‘g‘risida hech bir fikr aytmay qola bersa ham tuzukrak bo‘lar edi.

Mana “Ayn”ning eng javobgarlik natijalari: “Cho‘lpon yo‘qsul xalqning shoiri emas, u millatchi, vatanparast, badbin ziyolilarning shoiridir; uning mafkurasi shularning mafkurasidir”.

“Qisqasi Cho‘lpon boylar, millatchi ziyolilarning mafkurachisidir, shularning shoiridir”.

Mana endi gazetning yarim betini qora qilib “Ayn”ni “tanqid” qilg‘uvchi Oybek nima deydi: “Cho‘lponda milliy parchalar yo‘q deb hech kim ayta olmas – bu fakt”; “Cho‘lpon bir shaxsdir. Shaxs esa ijtimoiy muhit chizgilarining kesishgan nuqtasidir, desak bo‘ladi. Cho‘lpon shu holda proletariat shoiri bo‘la olarmi edi? Albatta bo‘la olmaydi…” va hokazo. Bu ikki “qarshima-qarshi” nuqtai nazarda ayirma bormi? Elakdan o‘tkazganingizda ham bu ayirmani topa olmaysiz. Chunki ayirma yo‘q! O‘quvchining shu yerda yana bir “arzimagan” voqeaga diqqatini tortib qo‘yamizki, “yuzaki” “Ayn” “yo‘qsul eli” deb bor gapni ta’birlaydi. A chuqur Oybek bo‘lsa, “proletariat” deb yo‘q gapning boshini og‘ritadi. O‘sha vaqtda Turkistonda proletariat bo‘lsa ham, o‘z orasidan mafkurachisini chiqarishqa yetishgani yo‘q edi. Tekshirishdan tilak to‘g‘ri natijalar chiqarish bo‘lsa, bu natijalarda ko‘rganimizcha, hech ayirma bo‘lmadi.

Oybekning muddaosi nima? U Cho‘lponning nima uchun yo‘qsul elning shoiri bo‘la olmag‘anining sabablarini tekshirishni istaydi?

O‘rtoq Oybek! Tekshiring-tekshiring, lekin, baribir, haligi biz ko‘rsatgan natijalarga kelasiz-da, chunki u natijalarni oldin “ilmiy meto‘d” bilan xo‘b o‘ylab yozg‘ansiz – o‘zingiz yozg‘ansiz.

Bizga “Ayn” tomonidan jamiyat yoqlovchisining mandati berilgani yo‘q, lekin masalaning chuqur ijtimoiy va mafkuraviy ahamiyatini nazarda ushlab “Ayn”ning asosiy natijalariga qo‘l ko‘tarib qo‘yushni lozim topdiq.

Oybekning Cho‘lpong‘a qarshi asosan “Ayn”ning qarashidan ayirilmasa, Oybekning maqolasi quruqqa chopib qola beradimi? Yo‘q, Oybek o‘z ustozi Cho‘lpong‘a haq: yozishda bir narsani yozdi-da, lekin bu yozilg‘an narsa orqasida bo‘lak chin tilagin berkitadi. Oybekning mana shu berkitgan chin tilagi tahliliga o‘tmasdan turib, “munaqqidi”mizning bo‘lak fikriy evara-chevaralarini oyoq ostidan yig‘ishtirib qo‘yayliqki, bular erkin yurishga xalaqit bermasinlar.

Xayr eңdi munaqqidning “munaqqidi” Oybek nimadan kuyukadi. Oybekning shoirni tekshirishida ilmiy, sotsiyolog‘ichskiy va yana bilmadi, qanday meto‘dlarni ishlatish tomonida…

Eng oldin, Oybek fanniy istilohlarni ishlatishda ruslarning bir maqoliga misol bo‘ladikim, “tovushni eshitadi, lekin bu tovushning qayerdan kelishini bilmaydi”. Oybek “ilmiy meto‘d” deb “ijtimoiy (sotsiyolog‘ichskiy) meto‘d”ni tushunadi. Bu tushunganingiz xom; chunki “tovushning qayerdan kelishini” bilmagansiz, qaysi marksist adabiyotida “sotsiyologichskiy meto‘d” degan istilohni ko‘rdingiz? Bunday istiloh yo‘q va bo‘la ham olmaydi. Toki bu istiloh siz tomondan kashf etildimi? Unday bo‘lsa, uning to‘g‘rilig‘ini, ilmiyligini oldin isbot qilib, so‘ngra amaliy ishlatsangiz bo‘lar edi; nimaga desangiz, bu istilohga hozircha biz unamaymiz va bizimcha bu istiloh yanglish istilohdir. Meto‘d moddiy bo‘la oladi; mujodalaviy (dialekticheskiy) bo‘la oladi, lekin hech vaqt “sotsiyolog‘ichskiy” bo‘la omaydi. Sotsiyolog‘iya o‘zi mustaqil bir fan kim, o‘z-o‘zi meto‘dg‘a muhtoj, sotsiyolog‘iya meto‘d va dunyog‘a qarash tomonlaridan burjuaziya yoki ma’naviyun va marksist yoki moddiyun bo‘lib ikkita ayriladi. Agar Oybek kabi mana shu ayirmani idrok etmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri “sotsiyolog‘ichskiy” deb keta berilsa, ming martaba “marksistcha” degan bilan haqaqatda marksistcha bo‘lmaydi. Sotsiyologiya ijtimoiy fan sifatida bilan keskin suratda sinfiy fandir. Buning uchun burjuaziya sotsiyolog‘iyasi bilan marksizm sotsiyolog‘iyasi (ya’ni tarixiy moddiyunliq – istoricheskiy materializm) orasidag‘i ayirmani ochiq bilib olish lozim; teskari holda, bu istilohiy ishlatishda Oybek kabi ikki jahon ovorasi bo‘lib qolinadi. Meto‘d to‘g‘risida bo‘lsa, bizning (ya’ni marksistlarning) meto‘di moddiy mujodala (materialisticheskaya dialektika)dir.

Istiloh masalasida shu bilan kifoyalanamizda, Oybekning yana bir “kashfiyoti”ga o‘tamiz. U esa “munaqqid”ning xayol haqidagi tushunchasidir. “Ayn” maqolasida Cho‘lponning xayolparastlikda ayblagan. Mana bu yerni Oybek misolg‘a olib keladi: “Cho‘lpon xayolparastdir. Chunki, millatchilar, ziyolilar va shu mafkurani qabul qilg‘anlar uchun xayoldek shirin, xayoldek lazzatlik narsa yo‘q. “Shunga o‘xshash Cho‘lpon ham ming qabat ko‘klarda yuradi. U yerda “husni mutloq”ni axtaradi. Har haqiqatni xayol ko‘zi bilan ko‘radi va shundan zavq oladi”. Oybek “Ayn”ni shu da’vosi uchun yengilgan hisoblab sevinganligidan o‘zini esdan chiqarib qo‘yadi, mana bunday nido qilib yuboradi: “Ana “Ayn”ning mantiqiy tushunchasi!”.

Oybek, ko‘pam shoshilmang. Agar siz shu tamasxurona nidongizdagi “mantiqiy” so‘zini teskarisicha tushunsangiz, biz o‘ngicha tushunamiz va “Ayn”ning da’vosini juda to‘g‘ri deb topamiz.

Hatto Oybek “xayol” degan ma’noni tuzikkina tushina olmaydi. Bu to‘g‘ridagi Oybekning tushunchasizligini hozir fosh qilamiz. “Ayn”ning jumladagi “xayol” so‘zi juda belgilik ma’noga egadirkim, bu ma’nini bo‘lakcha tushunmak uchun Oybekning tushunchasi kerak. “Ayn” Cho‘lponni xayolparast deganda, Cho‘lpon realist emas, balki simvolist, ma’naviyun demakchi bo‘ladi. “Ayn”ning Cho‘lpon haqida shunday da’vosi foydasita qo‘yiroqda biz ham bir muncha qo‘shimcha fikrlarni keltiramiz. Baxtta qarshi Oybek bu to‘g‘ri da’voga hech unamagan va unamasligini shunday bir chatoq, boshi ham yo‘q, uchi ham yo‘q “isbot”lar bilan “asoslaydir”kim, bu “isbot”larni qaysi tomondan ushlashga odam gangib qoladi. Har holda mana bulardan boshlaymiz. Oybek “Ayn”ga qarab deydi: “Demak kimki millatchi bo‘lsa – xayolchi ekan”. Albatta O‘zbekiston sharoitida millatchi bo‘lsak, siyosatda xayolparast (ya’ni utopist) bo‘lishlik bilan barobardir. Yana “millatchi bo‘lmagan kishi xayolsiz”. Bekor aytibsiz “Ayn” bunday da’voni qilg‘an yo‘q. Yana: “Ehtimol – millatchilar o‘z “g‘oya”lariga erisha bilmay xayolot quchog‘iga otlang‘andirlar”. “Ehtimol” emas, balki bu haqiqat, chunki xayolparastlik, ma’naviyunlik manba’lari kishining tashqari dunyo hodisalari oldida kuchsizligidan iboratdir; kishi o‘z tilagiga haqiqatan yetolmasdan, ma’nan “yetadi”. Hamma dinlarning umumiy manba’si ham shunday belgilanadi. Bundan tashqari Oybekning bu so‘ngti jumlasi “Ayn”ni “tanqid” qilishi bog‘lanishidan qaraganda, har qanday ma’nodan mahrum qoladi va bu jumla bu yerda nima tilak bilan yozilg‘anlig‘i ma’lum emas. Yana: “Lekin bir shoirni tekshirib turg‘an munaqqidning shoirdagi yaratuvchi xayoli manbaini millatchilikka bog‘lab qo‘yish menimcha xato”. Xuddi sizcha xato, lekin bizcha va bo‘lak hamma masalalarni to‘g‘ri tushunadirg‘anlarcha xato emas. “Shoirni tekshirib turg‘an munaqqid” shoirning siyosiy nazariyasini, ya’ni hozirgi misolimizda uning millatchilikka munosabati haqida fikr aytmasligi shoirni tekshirishlik bo‘lmaydi, balki Oybek kabi chuchvarani xom sanashliq bo‘ladi. “Ayn” juda yaxshi qiladi va ilmiy meto‘dga durust rioya etadi, kim tanqid qilayotqan shoirining siyosiy nazariyasi haqida keskin fikrni maydonga tashlab qo‘yadi. Qani, Oybekning ilmiy kuchi bo‘lsa, “Ayn” tomonidan aytilg‘an da’voni rad qila olsin-chi, ko‘raylik, hay, qaysi go‘rda!

Yana: “Bashariy tuyg‘ular bilan toshqon proletariat shoirlarida xayol yo‘q deysizmi?” Oybekning “xayol” so‘zining ma’nosini chatoq qilg‘anlig‘i mana shu jumladan ko‘riladi. Oybek tanqid qilmoqmuchun mantiqiy isbotlar topolmasdan “Ayn”ga quruq tuhmat qila boshlaydi va “Ayn”ning jumlasidagi ma’nolarning oyog‘ini osmong‘a qila boshlaydi. “Agar millatchilik bilan xayol bir-biriga bog‘liq bo‘lsa butun shoirlar millatchi ekan-da”. Qanday boshu oyoqsiz fantaziya (Oybeknikidan boshqa) “Ayn”ning to‘ppa-to‘g‘ri fikrini shunday qarshi oladi?! Oybek o‘zingiz insof qilingki, xayolparastlik ma’nosi bilan umumiy xayol, ya’ni o‘ylashliq ma’nosi orasida ayirma bormi, yo yo‘qmi? Rost gapiring – siz shu ayrimani idrok etasizmi? Ko‘rqamenkim, siz muni juda kuchsiz holatda idrok etasiz, nimagaki mana bu jumlangiz buni ochiq ko‘rsatadir: “Dunyoda hech kim xayolsiz shoir va xayolsiz adabiyot tasavvur eta olmas, balki “munaqqid” “Ayn” tasavvur etmasa”. Oybek jumlangizning so‘ngg‘i bo‘limidagi kulish, juda vaqtsiz kulish va yarashmagan kulish! Xayolni o‘ylashliq ma’nosida olg‘an vaqtda faqat shoir va adabiyotni tasavvur qilishliq mumkin bo‘lmaydi emas, balki xayolsiz hech qanday tirik a’zoni (xoh odam bo‘lsin, xoh hayvon bo‘lsin, hatto o‘simliklar bo‘lsin) tasavvur qilish mumkin emas. Oybek bu xayol masalasida Leninni ham siqishtirib qo‘yadi, lekin, essizgina, yozg‘uchi Lenindan keltirgan iqtibosini qayerdan olg‘anlig‘ini ochiq ko‘rsatmaganligi uchun (Oybek qo‘lidan shu kelmagan!) biz Oybek Leninni qanday tushinganligini tekshira olmadiq, lekin biz amindirmizkim, “munaqqid” shunda ham chatoq qilg‘an.

Bizimcha, bu yerda o‘qug‘uvchi ham masalaning asosiy bo‘limiga o‘tish vaqti kelganini sezib turibdir. Masalaning asosi Oybekning Cho‘lpon haqidagi chin fikrining yanglish ekanligini ko‘rsatishdan iborat. Oybek o‘z maqolasida demakkim, “Cho‘lpon mana shu-mana shu sabablarga ko‘ra proletariat shoiri bo‘la olmay qolg‘an, uning mafkurasi ham proletariat mafkurasi emas. Lekin shunday bo‘lsa-da Cho‘lpon bizning hozirg‘i adabiy extiyojimizga (“adabiy ehtiyoj” deb qanday taqsimotga aytiladi?! – U.) javob bera olmas deb undan qo‘l yig‘amizmi? Menimcha bu narsa xato”. Ya’ni Oybekcha shoir Cho‘lpon bizning “adabiy ehtiyojimiz”ga keraklik, nimaga desangiz “Cho‘lpon yangi adabiyotda yangi narsalar yaratti. Muvashshah adabiyoti o‘rnig‘a bu kunning badiiy zavqiga yarasha yoqimli go‘zal she’rlar o‘rtag‘a chiqardi. Bu kungi yosh nasl uning sodda tilini, totli uslubini, texnikasini ko‘b sevali; undan ko‘b go‘zalliklar oladi. Cho‘lponning mafkurasi emas, balki yaratqan badiiy namunalari o‘quladi, voz kechilmaydi”. Mana Oybekning Cho‘lpondan voz kechmasligimizga ko‘rsattan “sabablari” va “isbotlari”. Bu “sabablar” va “isbotlar” go‘zal san’atning bir shoxchasi bo‘lg‘an adabiyotga yanglish qarash, yanglish, ya’ni ma’naviyunlarcha tushunishdan natijadirlar. Oybek (agar u o‘zini marksist chog‘lab yursa ham) adabiyotga burjuaziyacha qaraydi, nimagaki ko‘rganimizcha, u go‘zal san’atning shaklini mazmunidan butun ayirib tashlab, shaklini alohida va mazmunni alohida ko‘radi. “Cho‘lponning mafkurasi emas (tagini biz chizdik – U.) balki yaratqan badiiy namunalari (tagini biz chizdik – U.) o‘quladi…” degan jumla Oybek adabiyotga burjuaziyacha qaraydi, deganimizga qat’iy dalil bo‘la oladi. Chunki Oybek “mafkura” bilan “namuna” orasidagi bog‘lanishni ko‘rmaydi va unga keraklik ahamiyatni bermaydi. Bu haqda biz go‘zal san’atga marksizm qarashini asoslik tekshirgan Pelixanofning ochiq yozgan fikrini maqolamizga so‘zboshi qilib oldik. Pelixanofning o‘sha fikridan ochiq ko‘rilsa bo‘ladirkim, “marksist” Oybek marksizmdan aytib bo‘lmasliq darajada uzoqda turadi. Bu yerdan shuni aytib qo‘yishliq kerakki, Oybek Cho‘lponning mafkurasini o‘layotgan mayda burjuaziya, millatchilik mafkurasi bo‘lg‘anlig‘ini inkor etmaydi. Shu bilan (Oybek, sizga qulliq!) bizning vazifamiz yengillashadi, nimagaki, Cho‘lponning mafkurasi haqida “munaqqidi”miz bilan oshiqcha gap talashib o‘tirishg‘a hojat qolmaydi. Lekin shunday deb xotirjam bo‘lish ham yaramaydi, chunki Oybek Cho‘lponning “namuna”lariga uning “mafkura”sidan “tashqari” shu qadar ahamiyat beradikim, agar Oybek Cho‘lpondan zimnan mafkuraviy tomoq yemasa, uning shaklini bu qadar maxtamas edi. Oybek oldin Cho‘lponning mafkurasini sevgan, so‘ngra shaklini yoqtira boshlag‘an. Bu tabiiy, chunki mazmundan ayrim holda sevishlik “adabiy ehtiyoj” hiyla yerlarga yetib qolg‘anda bo‘ladurg‘an gap. Mana muning uchun Cho‘lponning mafkurasi haqida, kalta bo‘lsa ham indamasdan keta olmaymiz.

Cho‘lponning shoirliq sifati bilan noqislig‘i, uzrligi uning mafkurasidadir. Bu mafkura zamonimiz nuqtai nazaridan irtijo’ qiluvchi (reaksionnaya) mafkuradir. Lekin shoir orqag‘a qaytishdan umidi uzilgan vaqtidagina o‘z-o‘ziga tasalli bermakchi bo‘ladi:

Endi u kunlarim o‘tib ketdilar…
Endi turmushimda oydin kechalar yo‘q.
Vafosiz sevgilar uchib bitdilar…
Angladim: sevgida har ko‘ngil buzuq!

 * * *

Ko‘nglim quriq emas yana sevgi bor:
Faqat bu sevgida aldanish yo‘qdir.
Horg‘an ko‘zlarimda xayol yana bor:
Faqat bu xayollar nurdan tiniqdir.

Shoirning bu sevgisidan va bu “nurdan tiniq” xayollaridan kimga issig‘u kimga sovuq!

Shoir ma’naviyun va shaxsiyatparast (individualist), buning uchun har bir siyosiy va ijtimoiy hodisaga ko‘bchilik nomidan emas, balki o‘z shaxsiy tomonidan qaraydi. Shaxsiy tomonidan qarag‘anda ham aql ko‘zi bilan qaramaydi, balki ko‘brak yurak (tuyg‘u) ko‘zi bilan qaraydi. Hozir Oybekning ko‘zlari olayib, olayib ketgandirlar. Chunki Oybekcha, “shoir mantiqning qat’iy chizig‘idan chiqa olmaydurg‘an mutafannin emas” va “realniy faktlar tuzmasi she’r hisoblanmas”.

Shu marksizm bo‘lsa mening kallamni kesib yuboring! Cho‘lpon ma’naviyun-shaxsiyatparastlikda qari sharqning tasavvufiga yaqinlashib qoladi. Bu to‘g‘rida “Damlar” she’rida mana bu narsani o‘qiymiz:

Ba’zan xayol etagini tutquzmas,
Yot yerlarga o‘z boshicha yo‘q bo‘lur.
Shunda es ham qalb tiliga tushinmas.
Boshi qotar, qo‘pollanur, to‘nglanur.

Bundan tashqari, Cho‘lponda sharq klassik ma’naviyunlarning ta’siri katta. Cho‘lpon hozir ham “Hindiston Tolstoyi” Tag‘orga juda qiziqadi va Tag‘or so‘zlarini o‘z she’rlariga toj qiladi.

Cho‘lponda sabotlik, mustaqil dunyoqarash yo‘q, Chunki shoir shunday tabaqalar (mayda xo‘jayinlar va halokatga borayotqan kosiblar)ning holig‘a yig‘laydirkim, ularda mustaqillik bo‘lmaydi va bular o‘zgalarning ko‘magi bilan hayot kechiradi. Bu haqiqat Cho‘lponning u shoxdan bu shoxga qo‘nib yurishiga asosdir. Cho‘lpon bu kun umidsiz, ko‘z yoshi bilan bir she’r yozsa, ertagayoq kulib, iqbolga umid bilan tikilib, kishi fahmlamaydurg‘an shakli ma’nosiga yarasha she’r yozib qo‘yadi. Misol uchun: “Qo‘zg‘alish”, “Yana o‘t”, “Irfon keladir” va bo‘laklar.

Shuni ham aytish kerakkim, Cho‘lpon mana shunday mafkuraviy tomonidan tuzukrak narsa yozg‘anda ham, asari sinfiy tomondan kuchsiz bo‘lib, millatchilik va sharqchilik foydasig‘a yoziladir. Cho‘lponda sabot yo‘qlig‘ini uning “2 bosh 1 tana” she’ri yaxshiroq ko‘rsatadi. Misol uchun mana bu so‘zlar Cho‘lponniki desa, kim ishonadi?

Maqsad – oltun,

Oltun – qonun.

Haqiqat – o‘t,

Huquq – to‘p, pulimo‘t!

Cho‘lponda mantiqiy va aqliy (rasionalnыy) bir e’tiqod yo‘qlig‘i, bizning bilishimizcha, shoirning shaxsiy xususiyatlaridan boshqa undagi ijtimoiy muhitning kuchlik ta’siri, injiqliq darajasiga dovur boradurg‘an shaxsiyatparastliqdan natijadir. Cho‘lpon 1922 nchi yilda Toshkantda “Qo‘zg‘alish” she’rini yozadi:

Ay, sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ay, ustimdan bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan!
Ay, bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaring zaharlatib o‘ynatmag‘il, bas endi!

 * * *

Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur;
Tomirimda qo‘zg‘alishning, vahshiy qoni gupurdi,
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi,
Yo bitarman yoki sening saltanating buzilur! (Ha, bormisan, Cho‘lpon?! – U.)
Ay, sen meni qul o‘rnida ishlaguvchi afandi!
Titra, qo‘rqkim, bog‘liq quling bosh ko‘targan kuch endi!

Lekin bu yerdagi “afandi” sinfiy dushman bo‘lmasdan milliy dushman bo‘lsa ham, she’rdagi ruhdan hayotning va salomatlikning isi keladi.

Xuddi shu Cho‘lpon 1923 nchi yilga kelib Andijonda “Somon parcha” she’rini yozadirkim, “Qo‘zg‘alish”dag‘i shoirning tushinchasi bu bilan butunlay inkor etiladi.

Muhit kuchlik ekan egdim bo‘ynimni,
Chaqmoqdek yaltirab o‘chish yo‘q endi,
Yolg‘on xayollarga ko‘chish yo‘q endi.
Olqishning yo‘liga soldim o‘zimni.

 * * *

Kirmayman ko‘chaning boshi berkiga,
Chunki, “taslim” bo‘ldim muhit erkiga.

Qani bunda ruh, qani bunda faoliyat (aktivnost)?! Yo (Agar buni Oybek inkor etsa ham) “boshi berk xayol ko‘chasiga” kiradi, yo faqat “taslim” bo‘ladi, lekin kurashmaydi.

***

Maqolamizning yuqorirog‘ida Cho‘lponda belgilik mafkurani ko‘rsatib turib yana shoirda bir mantiqiy va aqliy e’tiqod yo‘q deyishimizda o‘quvchi ziddiyat ko‘rmasin. Chunki shoirning mafkurasi umuman o‘z turmushini so‘nggiga yetkizgan ijtimoiy va iqtisodiy madaniyat mafkurasi bo‘lsa, bunday mafkura biz aytgan mantiqiy va aqliy e’tiqoddan iborat bo‘la olmaydi, demak, bu yerdagi ikki ma’no har biri o‘z-o‘ziga mustaqil ma’nolardir. Mantiqiy va aqliy e’tiqodi bo‘lg‘an kishida mafkura ham sog‘lom bo‘lib istiqbolga umidi qattiq bo‘ladi. Julqunboy “Tong sirlari”ga yozg‘an so‘z boshisida yo‘q narsani bor qilishga intiladi; ko‘z yoshlardan “chechaklar ungusi”ni kutadi. Hech jahonda ko‘zyoshi bilan chechaklar undirib bo‘ladimi? Julqunboy shoirning o‘zi to‘g‘risida o‘ylag‘an.

…Men ko‘klarga berkingan yer qizidan xayolimni olmayman, degan fikriga suyalib turib, Cho‘lpon ko‘k shoiri emas, yer shoiri deb-da da’vo qiladi. Eng oldin bir shoir emas, balki har shaxs to‘g‘risidagi fikrda o‘sha vaqtga qadar bo‘la oladirkim, agar shu fikr shaxsning o‘zi to‘g‘risida o‘zining fikri bo‘lmasdan o‘zgalarning fikri bo‘lsa yoki Cho‘lpon to‘g‘risidagi xolis fikr uning asarlarining tahlilidan hosil bo‘lg‘an bo‘lsa.

Zamonimiz turmushining har bir unsurlaridan (shoirdan bo‘lsa-ku – erta bilan qatqalangda) mehnatkash ommasining foydasini ko‘zlab qimirlashni so‘raydir.

Hozirg‘i ijtimoiy inqilob davrida ilgari shaxslar “mulki” bo‘lib hisoblang‘an hodisalar va ma’nolar o‘zlarining asoslarini yo‘qotishg‘a yuz qo‘yg‘anlar. Umumiy iqtisod olamidan boshqa, turmush madaniyatida va mafkurada xususiy mulk in’ikosi borg‘an sari o‘zini yo‘qotib boradi va bizning har kungi amaliy siyosiy va iqtisodiy harakatlarimiz ham shu oqimni tyezlatish va tashkil qilish tilagidadir. Eski turmushdag‘i oila muassasasining bu kunlarda o‘zgarish usuli bilan buzilib borishi haligi umumiy oqimdan bir ko‘rinishdir. Bu oqim tarixiy zaruriyat ostida borayotgani uchun, eski oila buzg‘unlig‘i iflos unsurlar va qaro kuchlar tomonidan gunohsiz xotin-qizlarning qonlari to‘kilib tursa ham, to‘xtamaydir. Eski katta mulkdorlar va ulardan “mafkuraviy” qolg‘indi xunasalar keskin suratda xotirjam bo‘lsinlarkim, bu – buyuk tarixiy oqimni ularning burchak-burchakda ko‘rsatadurg‘an “mardlik”lari hech vaqt to‘xtata olmaydi va xususiy mulk moddiy yo‘qolg‘ani kabi ma’nan ham mafkuraviy yo‘qotiladi va xususiyat o‘rnig‘a albatta umumiyat quriladi.

Shoir Cho‘lpon o‘zining ruhiy tashkiloti va mafkuraviy mahsuloti bilan astaydil zamonimizning hukm surg‘uvchi intilishining oldig‘a tushib yugurib keta oladimi? Haqiqatni tasdiq qilib qo‘yishg‘a majburmizkim – yo‘q.

Maqolamizni yozib turg‘an vaqtda bir o‘rtoq kelib menga savol berdikim: “Ha, siz shoir “zakaz”ga she’r yozib bersin demakchi bo‘lasizmi?” deb. Bu “o‘rtoq”ning savolidan va aftidan ham mayda mulkdorlarga achinishi bilinib turar edi va o‘zining “aqliy” qarashi bilan burnidan bir qarich uzoqlikni ko‘ra olmas edi. Bu savolning biz yozib turg‘an mavzuga tegishligi yo‘q uchun javob bermadim; nimagakim, men shoirdan “zakaz”ga she’r yozib berishni talab qilmasdan, balki bor haqiqatni tasdiq qilar edim, xolos.

Cho‘lpon o‘zining shoirliq vazifasini to‘g‘ri tushunmaydi va uning she’riyatga qarashi Oybekning qarashi bilan birdir, ya’ni bu qarashcha, she’riyatning o‘zi, har qanday bog‘lanishdan tashqari, mustaqil mavjudiyatga haqi bor. Bu da’vomiz quruq bo‘lmaslig‘i uchun uni “Men shoirmi?” degan she’r bilan hujjatlay olamiz; bu she’rning ikkinchi bo‘limida, mana bu so‘zlarni o‘qiymiz:

Chunki, xayolimning ko‘zlari bilan,
Bir go‘zal holatni ko‘rib turamen;
Lazzatga g‘arq bo‘lib, o‘lib turamen.
U holni borliqning so‘zlari bilan.

 * * *

Anglatish, qo‘limdan kelmay qoladir.
Shu choqda tillarim kaldirab ketib,
Borlig‘im yo‘qliqqa g‘ildirab ketib,
Deymankim: “Boshqalar bilmay qoladir.

 * * *

Shunday go‘zallikni, attang, agar men
Rassom bo‘lsam edi, chizib berardim,
O‘xshash nusxa bilan yozib berardim,
Shu ojiz holimda shoirmanmi men?”
Shoirliq menda bir soyami deyman,
Har bir tushunchamni yoza olmag‘ach!
Rassomdek xayolni chiza olmag‘ach!
Haqir borlig‘img‘a ko‘b afsus yeyman.

 * * *

Xayolim yuksakdan tushib ketadir,
Shoirliq chang bo‘lib uchib ketadir.

Birinchidan, bu she’r shoirning xayolparastligini oshiqcha isbot qiladi va shoirning o‘zi “chizgan” shu holi (iboratimiz uchun kechirilsin) xuddi eski ko‘knorining sahar vaqtidag‘i kayfiga o‘xshaydi.

Shoirning xayoli yoqtiradurg‘an meshchanlar nuqtai nazaridan bo‘lsa, bu she’r shoirning “baland”ligini ko‘rsatadi. Haqiqat nuqtai nazaridan bu she’rning mazmuni imkoniyatdan tashqaridir, nimagakim, “tushuncha” bo‘lg‘anidan so‘ng kishi yozolmasdan va “xayol” bo‘lg‘anidan so‘ng chiza olmasdan mumkin emas. “Tushuncha” va “xayol” kishining miyasidan hosil bo‘ladurg‘an narsalar (bu yerdagi “narsa” moddiy bo‘lmasdan ma’naviydir – U.) emas, balki ular tashqi hodisalarning miyadagi in’ikosidirlar; haqiqat olamidagi narsalarning miya yordami bilan ma’nilashganlaridan iboratdir. Buning uchun shoirning “tushuncha”si va “xayoli” yozishg‘a va chizishg‘a kelmasalar, ular haqiqiy olam hodisalarining hosilati bo‘lmasdan yana shoirning o‘ziga bo‘lg‘an olam hodisalaridirkim, bu hodisalarning haqiqiyligi yo‘qliqqa musaviydir. Salim she’riyat nuqtai nazaridan “Men shoirmi?” she’rining “chizgan” holi hech qanday tanqidga arzimaydi, chunki g‘ayri haqiqiy unsurlar she’riyatta asos bo‘la olmaydirlar.

Cho‘lponning bu she’ri ko‘rsatadirkim, u shoirning hunari faqat xayoli (mayli qanday bo‘lmasin) shye’riy usulda gavdalashdan iborat deb tushunadi. Shu sababdan biz ham Cho‘lponning:

“Shoirlik menda bir soyami deyman” – fikriga juda qo‘shilg‘imiz keladi.

Cho‘lpon o‘z asarlarida tarixiy davrning ijtimoiy va siyosiy ehtiyojlarini qonarliq sabot bilan ko‘zlaya olmag‘anlig‘i uchun u Pushkin qatorida tura olmaydi. Rus adabiyotining klassigi Pushkin ham mafkurasi bilan, ham shye’riyati bilan o‘z davrining ko‘rkam taraqqiyparvari edi. Pushkin har bir asari tarixiy, siyosiy va she’riy jiddiyatga egadir. Pushkin quruq she’r yozg‘uvchi bo‘lmasdan, o‘sha vaqtda yaxshigina muarrix ham edi (“Kapitanskaya dochka”, “Boris Godunov”, “Istoriya Pugachyeva” va bo‘laklar).

Pushkin o‘z asarini o‘z davrining ijtimoiy va siyosiy nuqtai nazaridan qutilish va taraqqiyga yuz qo‘yish amallari bilan to‘lg‘azgandir. Shu intilish bilan rus haqiqatini rasm etgan. Oybek! Pushkinning quvvati o‘shandadirkim, uning she’riy asarlari “realniy fakt tizmasi”dan iboratdir. Pushkin rus turmushini eng oldin aql bilan tanig‘an, ya’ni u (sizga aytamen, marhamatli Oybek) “mantiqning qat’iy chizig‘idan chiqmagan mutafannin” bo‘lib shoir edi. Albatta, Pushkin mutaxassis olim emas edi, lekin uning so‘z bilan chizgan rasmi qancha “realniy fakt”ga yaqin bo‘lsa, o‘shancha chiroyliq bo‘lar edi. Oybek “Pushkin, inqilobdan so‘ng ham Pushkin bo‘lib qoldi” deydi; lekin nimaga shunday bo‘lib qolg‘anini aytmaydi. Aytadi, lekin yuzaki aytadi: “Balki hozirg‘i yo‘qsil yoshlar unga (Pushkinga – U.) yana katta qiymat beradirlar. Uni o‘qib asarlarida cho‘mmak istaydirlar”. Oybek nima uchun Pushkinning asarlari go‘zal degan savolni berib to‘g‘ri javob topsangiz, bu javob bizning foydamizga va Oybekning zarariga bo‘ladi; chunki Pushkin asarlarining go‘zalligi shundadirkim, shoir o‘zidan tashqarig‘a haqiqatni so‘z bilan to‘liq tasvir etti. Shoirning so‘zdan haqiqatning hech bir ingichka yeri qochib qutila olmadi. Biz “hech bir” deb bir oz lof qildiq. Lekin demakchi bo‘lamizkim, Pushkin asari o‘shancha go‘zal, o‘shanchalik kuchlik. Bu asar haqiqatni qancha to‘liq qoplasa, Oybekning “Rus shoirining (Pushkin – U.) badiiy namunalarini berdi” jumlasidagi “badiiy”likni biz Oybekcha tushinmaymiz, ya’ni bu “badiiy”lik moddiy asosdan mustaqil badiiylik emas. Balki u Pushkin o‘z asarlarini shoirni o‘rab olg‘an muhitga yarasha (“badiiy”roq) qilib pichkanligidan iboratdir.

Agar biz bu vaqtda Pushkinni o‘qusak va unga ibrat bilan boqsak, buni biz, Pushkinning she’rlariga ko‘r-ko‘ronasiga taqlid qilmoq uchun qilmaymiz, uning nusxalaridan nusxa ko‘chirmaymiz, Pushkin biz uchun she’riyatda o‘zgartirib bo‘lmaydurg‘an reja emas. Pushkin bizga rassom bilan tashqari dunyo orasida qanday munosabat bo‘lishi lozimlig‘ini bilmak uchun kerak. Xuddi mana shu nuqtai nazardan Pushkin bilan Cho‘lponni bir darajaga qo‘yish xato. Nimaga? Pushkin rassomlik sifati bilan o‘rnak bo‘lishg‘a yarasa, Cho‘lpon o‘z davrining haqiqatidan so‘rovidan ortdadir; mana shuning uchun ul taraqqiyparvar rassom bo‘lmasdan, tanazzulparvar xayolparastdir.

Go‘zal san’atning shakli, nusxasi va badiiyligi uning mazmuniga vobastadir. She’rning go‘zalligi uning amali bilan o‘lchanadir. Buning mazmuni va amal o‘zgarishi bilan go‘zal san’atning va adabiyotning shakli ham o‘zgaradi. Bunga so‘ngg‘i yosh o‘zbek adabiyoti kam-kam eski aruz vaznini siqib chiqarishi ko‘b dalillardan bittasidir.

Go‘zal san’atda shakl bilan mazmun oralig‘idag‘i munosabat haqida keraklik darajada to‘liq to‘qtashg‘a gazet betlari ijozat bermaganlari uchun maqolaga nihoyat berib, natijada shunigina deymiz: Oybekdan boshqa ham ko‘b o‘rtoqlar endi Cho‘lponni yaramaydi deb chiqarib tashlaymizmi, degan noto‘g‘ri savol oldida turib qoladirlar. Bizimcha, bu savolni chiqarib tashlay olamizmi, degan savolg‘a aylantirish kerak. Shu holda yangi yosh adabiy kuchlarimiz oldlarig‘a yangi-yangi ulug‘ vazifalar tug‘ilg‘usidir.

Usmonxon

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1927-yil 22-23-27-iyun sonlari.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"