Muncha ko'p
by Zavqiy
293557Muncha ko'pZavqiy

Zolim falak bisotida ozor muncha ko‘p,
Inson sharafli nomi bila xor muncha ko‘p,
Har ko‘chalarda qashshoq ila zor muncha ko‘p,
Tarhi jahon binosida badkor muncha ko‘p,
Xo‘qand aro baloga giriftor muncha ko‘p.

Hamrozu do‘st topilsayu jonlar fidosidur,
Orzu shukim: kamina ko‘ngil muddaosidur,
Xush suhbati majruh dilim davosidur,
Maqdami ko‘zuma ayni shifo xoki posidur,
Yo‘q andog‘ anisim, dunyoda ag‘yor muncha ko‘p.

Nodon sevar zamona, dod ilkidin netay,
Boshim olib fig‘on ila yo bir tomon ketay,
Ushbu diyori masxarani emdi tark etay,
Tinmay shikoyat ila yomonga raqam bitay,
Jumla falokat ahlig‘a g‘amxor muncha ko‘p.

Dorilamon bo‘ldi ajab fohishaxonalar,
To‘lmasmi kasofatdin oxiri paymonalar,
Dono ko‘rub bu kulfat o‘tida yonalar,
Qolsin fisqu fujuri boshidin ordonalar,
Qarg‘ishga nishon benomusu beor muncha ko‘p.

Ilmu hunarlar o‘rnig‘a puldor to‘ng bo‘yin,
Uch-to‘rti yig‘ilib qilishur it kabi o‘yin,
Ehson g‘aribg‘a yo‘q, shohona qilur to‘yin,
Aytsa ado bo‘lmas, sira minba’d fe’lu xo‘yin,
G‘ussa dilim sharh aylasam asror muncha ko‘p.

Qishloq eli shaftoli qoqi, non topolmagay,
Kiygan libosini tortsa (belini) yopolmagay,
O‘ldi sovuqda ko‘pi och, o‘tun yoqolmagay,
Ko‘rdiki bu mashaqqati hargiz yo‘qolmagay,
Qish chillasida yozga umidvor muncha ko‘p.

Kim tashna yer uchun, kimida ikki-uch haram,
Birovi bevatanu birovda bog‘i eram,
Birovni(ng) so‘zi zulfiqor, birovni(ng) qaddi xam
G‘addor falak, doim ishing bo‘ldi beshu kam,
Kajdor zamona, dog‘uli makkor muncha ko‘p!

Birov siymu zar ila o‘limdin omon bo‘lur
Yetib murodg‘a biri hakimi zamon bo‘lur,
Aqcha uchun kishi rohizan yomon bo‘lur,
Bechora kosib ahlig‘a, bilgil, ziyon bo‘lur,
Nohaq qon to‘karga bosmachi xunxor muncha ko‘p.

Derlar birov ulug‘u birini(ng) past taqdiri
Biri to‘qu biri och, balolarni(ng) sobiri,
Inson sharafli nomida emasmi har biri?
Yoxud ona tuqqanida bo‘lganmi bir siri,
Yolg‘on e’tiqod ila bid’at shior muncha ko‘p.

Zavqiy, kim aydi, muncha shikoyati daroz qil,
So‘zni muxtasar aylab, iboratni oz qil
Kim zimiston ko‘ngillarni bahoru yoz qil,
Qad rost turub, so‘z bila elni sarafroz qil,
Aytmay desang, munosibi ash’or muncha ko‘p.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.