Na qilay
Bu tani xokiyni-yu ruhi ravonni na qilay?!
Bo‘lmasa qoshimda jonon bu jahonni na qilay?!
Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?!
Ibrohimdin qolg‘on ul eski do‘konni na qilay?!
Urayinmu boshima sakkiz behisht-u do‘zaxin,
Bo‘lmasa vasli menga ikki jahonni na qilay?!
Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom,
Oshkora bo‘lmasa sirri nihonni na qilay?!
Arshning kungurasin ustig‘a qo‘ydum oyog‘im,
Lomakondin xabar oldim, bu makonni na qilay?!
Bir xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikanni na qilay?!
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |