Na xushdur har kishig‘a ishq o‘tdin asar bo‘lsa...

Na xushdur har kishig‘a ishq o‘tdin asar bo‘lsa...
by Mujrim-Obid
332992Na xushdur har kishig‘a ishq o‘tdin asar bo‘lsa...Mujrim-Obid

Na xushdur har kishig‘a ishq o‘tdin asar bo‘lsa,
Samumi oh birla yo‘q taajjub bahravar bo‘lsa.

Ko‘zi xunob ila to‘lg‘an, chiroyi za’faron bo‘lg‘on,
Muhabbat birla qon yutqan eranlardin nazar bo‘lsa.

Fano mayxonasidin no‘sh aylab har kishi jome,
Ko‘rarlar nash’ai dilhoh, kimning halqi tar bo‘lsa.

Xush ul rindeki molu mulki olam ko‘zga ilmaydur,
Qaro tufroqcha bilmas, oldida anbuh zar bo‘lsa.

Muhabbat ko‘nglung ichra bo‘lsa, qobil hamdaming uldur,
Yuroki dardsizni dema hamdam gar padar bo‘lsa.

Alam maydonida razm ayla Obid, himmating keng tut,
Na dersan el quloqig‘a eshitmak birla kar bo‘lsa.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.