Nima
Bir-ikki yaxshi so‘z aytding,
Holimni anglaganingmi?
Ko‘zlarni qayg‘uli artding,
Holimga yig‘laganingmi?
Yotliklar bitdimi endi,
Ortiq men senga yaqinmi?
Qarg‘ishlar ketdimi endi,
Oldimmi eski haqimni?
To‘ydirgich qop-qora tunlar
Yopqichni oldimi bizdan?
Yurgaymi yog‘duli kunlar
Sen bosgan sevgili izdan?..
Ko‘klamning oldini to‘sgan
Zulmatlik qishmi yiqildi?
Bo‘yniga lolalar osgan
Ko‘klammi o‘rniga keldi?
Ko‘nglimga sirli qoqilgan
Ko‘nglingning sharpasidirmi?
Yo ko‘kda yanglish otilgan
Bir yulduz kurrasidirmi?
Bir so‘zla, birgina so‘zla,
Qoldirma shubha ko‘ngilda!
Qibray, Toshkent uyezdi.
1922, 22–iyun
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|