O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
13. Qamoq
334826O'tkan kunlar — 13. Qamoq1926Abdulla Qodiriy

«Yormozor» mavzi’ida shahar qo‘rg‘onig‘a tiralib so-ling‘an o‘rda. O‘rda darbozasining sahni botmonlab hisoblang‘an mevazor bo‘lib, bunda olma, o‘rik, nok va tut yog‘ochlari xilig‘ina bor edilar. Darbozaning ikki biqinini o‘rab olg‘an loyig‘a gullar, naqshlar tushirilib ishlangan sakkiz gazlar yuksaklikda o‘rda qo‘rg‘oni, darbozaning ikki burjida alachami, bo‘zdanmi uzun choponlar kiyib, boshlarig‘a quloqchin qo‘ndirg‘an, qayish kamar ustidan qilich tiqinib miltiqlarig‘a suyang‘an ikki yigit ko‘rinadirlar — bular navbatchi o‘rda qorovuli, qorong‘i tushishka yaqinlashqanliqdan qiya yopilib turg‘an darbozani kimdir, ichkaridan bittasi zichlab yopdi-da, kuch sarf qilib darbozaning zo‘r zanjirini sharaqshuriq etib bog‘ladi. Hozir bizga o‘rda ichiga kirish mumkin bo‘lmag‘ani uchun qo‘rg‘onning tashqari tegrasida aylanib turayliq: darbozaning so‘l biqinig‘a qarab ikki yuz adim ketsak qo‘rg‘on devori tugalab, burja yetiladir. Qo‘rg‘on burjiga qorovul turish uchun maxsus manora shakilli joy yasalg‘an bo‘lsa ham hozirda navbatchidan xolidir. Shundan keyin bir bo‘shliq yer bilan qo‘rg‘onning janubiga qarab ketiladir. To‘rt yuz adimlab borilg‘ach, qo‘rg‘onning sharqi-janubi burjiga yetilib, bu burjini ham anovisidek qorovulsiz topiladir. Bu burjdan qarag‘an kishiga qo‘rg‘onning g‘arbi-janubi burji ham ko‘rinib, shu yo‘sunda o‘rdaning to‘rt burjini aylanib chiqilsa bir ming olti yuz adim bosilg‘an bo‘lib o‘rda-ning g‘arb tomonidan biz tanishqan o‘rda darbozasig‘a kelinadir. Hozir qorong‘i ham o‘bdan tushkanliqdan kishi-kishini tanimasliq darajada edi. Boyag‘i darboza ustida ko‘ringan qorovullar hamon qora haykal kabi qotib turar edilar. Shahar ichidan o‘rda darbozasig‘a qarab kelmakda bo‘lg‘an bir necha ot oyog‘larini eshitib qorovullardan bittasi — «tuyoq tovshimi?» deb, ikkinchisiga savol tashlab qo‘ydi. Ikkinchi qorovul mo‘ralab-mo‘ralab yo‘lg‘a qaradi:
— Uch otliq ko‘rinadir.
— Vaqtsiz kelguchi kim ekan? —
Bunday vaqtda qo‘rboshidan boshqa kishi kelmas edi, ehtimol, o‘shadir. Darvoqi’, qo‘rboshi o‘zining ikki yigiti bilan yetib keldi va otidan qo‘nib jilovini yigitining qo‘lig‘a berar ekan, qorovullarg‘a buyurdi:
— Darbozani ochsinlar!
Qorovullar ichkariga xabar bergandan so‘ng darboza ochilib qo‘rboshi ichkariga kirdi. O‘rdaning tevarak masohatini biz chamalab ko‘rgan edik, shuning uchun o‘rdaning qay daraja keng bo‘lishi ham bizga qiyosan ma’lum. Ammo o‘rdaning ko‘proq qismi darboza tomonida qoldirilib, janubka tortilg‘an xatti mustaqim bir devor bilan bo‘lingan edi. Narigi tomon o‘rdaning ichkari qismini tashkil etib, unda bek — hokim oilasi turar edi. O‘rdaning tashqarig‘i qismining uch tarafi (janub, sharq, g‘arb) binosiz, faqat qo‘rg‘on devorlari-ning zinalari edi. Ammo imorat qismi darboza bilan bir qatorda bo‘lib, so‘l biqinida devonxona, uning qatorida bo‘yiga qirq, eniga yigirma olchin joy olg‘an o‘n besh darichalik kattakon chorzari uy, ichida elli chog‘liq bek yigitlari gulxan solib o‘lturar edilar. Bu uyning qatori oshxona, otxona va shuningdek, hojat uylarini tashkil etar edilar.
Qo‘rboshi darbozabon yonida to‘xtab, undan so‘radi:
— Bek ichkaridamilar?
Darbozabon darbozani kuchanib yopar ekan, javob berdi:
— Bilmadim, taqsir.
O‘rdaning charog‘chisi darboza yaqinidag‘i mash’ala yog‘ochig‘a o‘t berib, butun o‘rda ichi yorib ketdi. Qo‘rboshi darbozaning o‘ng tarafiga qarab yurdi. Bu tomonda nihoyatda ziynatlanib bino qiling‘an oliy imoratlar bo‘lib, shahar ustalarining hamma san’at va mahoratlari shu binolarda gavdalanur edi. Qo‘rboshi bi-rinchi eshik yonida turg‘an yarog‘liq qorovuldan o‘tib, kichikrak, naqshliq bir uyga kirdi. Ikkinchi eshikdan o‘tib, ulug‘ bir zolga chiqdi. Zol juda nafis ishlangan edi: oltin qandildagi ellilab sham’larning nuri bilan munaq-qash devorlarning oltin, kumush, ko‘k-qizil, oq-pushti, sariq-qora gullari yulduzlardek yashnab, uyga bir xa-yoliylik berar edilar. Uyning ostig‘a to‘shalgan qizil lola gullik gilam kishini go‘yo bir chamanda his etdirar edi. Zolning to‘rida, kichkina haldor bir eshikcha yonida, atlas ko‘rpacha ustida o‘n besh yoshlar chamaliq, qizil duxobadan kiyingan ko‘rkam bir o‘g‘lon palov yeb turar edi.
Qo‘rboshi eshikdan kirar ekan, o‘g‘long‘a qarab kulimsiradi:
— Ha, Ahmadxon, siz shu yerda ekansiz, — dedi.
Ahmadxon joyidan qo‘zg‘almadi:
— Men hamisha shu yerda, qani, oshg‘a.
— Rahmat. Qushbegi ichkaridadirlar?
— Ichkaridalar, — dedi Ahmadxon, — men to‘yib qoldim, kelsangiz-chi.
— Bo‘lmasa, tabarruk qo‘lingiz bilan bitta oshatsangiz.
Ahmadxon qo‘lig‘a siqquncha osh olib qo‘rboshig‘a tutti, qo‘rboshi ixlos bilan Ahmadxonning qo‘lidan oshadi. Ul oshnig‘ina emas, hatto Ahmadxonning qo‘lini ham oshaydirg‘an edi.
Ko‘b fursat o‘tmadi. To‘rdagi kichkina eshik ochilib ichkaridan to‘la yuzlik, o‘siq qoshliq, og‘ir qarag‘uchi ko‘zlik, siyrak soqol, o‘rta bo‘yliq, ustidan kimxob to‘n kiyib, beliga qilich osqan qirq besh yoshlar chamasida bir kishi ko‘rindi. Ahmadxon bilan qo‘rboshining o‘rinlaridan turib ta’zim qilishlaridan bu zotning kim ekanligi bilinar edi. Bu kishi kelib atlas ko‘rpacha ustiga o‘lturdi va o‘zining salmoq tovshi bilan:
— Qalay, Xoliqbek, — dedi, — yurtlaringiz tinch-likmi, o‘lturing.
— Xudog‘a shukur, davlatlari ko‘lankasida, — deb qo‘rboshi tavozi’landi va qo‘l qovushtirib qushbegining yaqinig‘a cho‘kkaladi. Ahmadxon bo‘sh laganni dastur-xoni bilan ko‘tarib qushbegi kirgan eshikdan chiqdi.
— Kechagi o‘g‘rilar nima bo‘ldi, qo‘lg‘a tushirdingizmi?
— Davlatlari ko‘lankasida... O‘g‘rilardan bittasi tutildi, davlatlari yori bersa qolg‘anlari ham ushlanur, deb o‘ylayman.
— Boshqa nima xabarlar bor?
Qo‘rboshi yuziga jiddiylik holati berdi:
— Davlatlari yori bersa hukumatimiz uchun qo‘rqunch bo‘lg‘an buzuqilar uyasini topqandekman, — dedi.
Qushbegi o‘ziga o‘ng‘aysizliq bermakda bo‘lg‘an qilichini tizasiga olib hamon sovuqqonliliq bilan so‘ra-di:
— Qanday buzuqilar uyasi?
— Qanday buzuqilar uyasi bo‘lsin, taqsir, — dedi qo‘rboshi, — dunyoda qora choponliqlardan ham kuchlirak buzuqilar bo‘ladimi?
Qushbegi ko‘tarilinqirab oldi va ko‘zlari bir oz kattaroq ochildi:
— Xo‘sh?
— Ma’lumingiz, ulardan Azizbek bilan Yusufbek Toshkandda bilfe’l isyon chiqarib yotadirlar. Biroq ular shuning o‘zigagina qoniqmay, Marg‘ilonni ham buzish fikriga tushkanlar va shu maqsadda bu yerga odam ham ko‘ndirganlar.
— Odami kim, tanidingizmi?
— Tanidim, taqsir, — dedi qo‘rboshi mag‘rur bir ohangda,
— Yusufbek hojining o‘g‘li va o‘zimizning Marg‘ilondan ham yana bir necha buzuqilar.
— Yusufbek hojining o‘g‘li?
— Taqsir... ismi Otabek.
Qushbegining ko‘zi yondi... Manglay etlari tirishib, so‘l qo‘l bilan soqolini tutamlab fikrga ketdi. Bu xabar unga boshqacha ta’sir bergan edi: Toshkandning Qo‘qong‘a qarshi isyon qilg‘an bir zamonida, isyonchi-lardan biri ham birinchisi bo‘lib tanilg‘an Yusufbek hojidek bir kimsaning o‘z o‘g‘lini Marg‘ilonga yuborib, bunda ham isyon chiqarish qasdida bo‘lmog‘i uningcha juda yaqin va shubhasiz edi.
— Ul hozir qayerda turadir?
— Mirzakarim qutidor ismlik bir kishinikida.
— Mirzakarim bilan qanday aloqasi bor emish?
— Barakalla, taqsir, — dedi qo‘rboshi, — Otabekning Marg‘ilondan topqan eng yaqin kishisi shu qutidordir. Mundan bir necha kun ilgari Otabekka o‘z qizini berib kuyav ham qilibdir. Aytishlaricha, Otabekning barcha rejalari shu qutidor bilan kengashib bo‘lar ekan.
— Ularning tevaragiga kimlar yig‘ilg‘an? Qo‘rboshi qo‘ynidag‘i yozuvni olib qushbegiga uzatdi:
— Hozircha menga ma’lum bo‘lg‘an buzuqilar shunda. Qushbegi yozuvg‘a ko‘z yugurtirib ro‘yxatdagi kishilarni darhol keltirishga buyurdi. Qo‘rboshi qulliq qilib chiqg‘ach, yana bir qayta yozuvni o‘qub fikrga toldi.

* * *

O‘tabboy qushbegi hozirgina ichkari o‘rdadan qaytib chiqg‘an edi. Shu orada qo‘rboshi kirib unga qulliq qildi:
— Keltirdim, taqsir. Biroq ikkisini topolmadim.
Qushbegi chidamsizlik bilan:
— Otabekni-chi? — deb so‘radi.
Qo‘rboshi muzaffarona javob berdi:
— Tutdim, taqsir, qutidorni ham.
— Olib kiringiz.
Qushbegi tinchlandi, qo‘rboshi dahlizdan tashqarig‘a ishorat berdi va qaytib qushbegiga ruxsat qullig‘i ado qildi va undan izn olib o‘lturdi. Eshikdan ikki qurollik yigit muhofazatida Otabek va qutidor ko‘rinib bekka qulluq qildilar. Qushbegi yarog‘liq yigitlarni qaytishg‘a buyurib, gunohkorlarni yovoshg‘ina qilib o‘z oldig‘a chaqirdi. Otabekda tushunmaslikdan boshqa o‘zgarish sezilmasa ham qutidor juda qo‘rqqan, rangi o‘chkan edi. Ikkisi tenglikda qushbegiga qarshi cho‘kkaladilar. Otabekni ortiqcha bir diqqat bilan ko‘z tegidan o‘tkargach, qushbegi so‘radi:
— Otabek degan sizmi?
— Taqsir, man.
— Toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘lisiz?
— Taqsir.
— Hozir Marg‘ilonda turasizmi?
— Taqsir.
— Marg‘ilon kelganingizga ko‘b bo‘ldimi?
— Qirq kunlar chamasi.
— Marg‘ilonga nima yumish bilan kelgan edingiz?
— Savdogarchilik bilan, taqsir.
— O‘zingiz yolg‘izmi?
— Bir kishim bor edi.
Qushbegi qo‘lidagi ro‘yxatka qarab oldi va davom etdi:
— Hasanali kim bo‘ladir?
Otabekdagi boyag‘i tushunmaslik bir shubhaga alishindi. Ammo parvosizcha javobini beraverdi:
— Qulimiz bo‘ladir, Toshkanddan kelgandagi yo‘l-doshim shu siz aytkan Hasanali edi.
— Hasanali bu kunda qayerda?
— Marg‘ilonda.
— Siz bilan birga turadimi?
— Yo‘q. Saroyda bir muncha mollarimiz bo‘lar edi, saroyda mollarg‘a qarab turadir.
— Bu kishi kimingiz?
— Qayin otamiz.
— Ko‘bdan berimi?
— Bu kun sakkizinchi kun...
— Ilgari o‘zingiz uylangan edingizmi?
— Yo‘q.
— O‘zingiz toshkandlik bo‘laturib nima majburiyat ostida Marg‘ilondan uylandingiz?
Bu savoldan Otabek bir oz o‘ng‘aysizlanib to‘xtadi. Ammo bu o‘ng‘aysizlanishdan qushbegining oldida boshqa bir haqiqat ochilg‘andek bo‘ldi:
— Javob beringiz.
— Taqdir, taqsir.
Qushbegi bir oz o‘ylab olib yana savol berdi:
— Marg‘ilonda kimlarni taniysiz?
— Marg‘ilonda uch-to‘rt kishidan boshqa odamni tanimayman.
— Akram hojini tanirsiz?
— Taniyman. Uning bilan bir necha majlislarda o‘lturishkan edim.
— Bu kunda Akram hoji oshnangiz qayerda?
— Bilmadim, taqsir, — dedi va qayin otasig‘a qaradi.
Qutidor javob berdi:
— Akram hoji bu kunlarda Andijonda bo‘lsa kerak, taqsir.
— Xo‘b. Otabek, siz javob beringiz: Akram hoji bilan bo‘lg‘an majlislaringiz kimnikida edi?
Otabek bunday so‘roqlarning bekorga emasligini payqab, buning tegida qanday bo‘lsa ham bir gap borli-g‘ig‘a ishondi:
— Birinchi majlisimiz mundan bir oy chamasi burun Ziyo aka deganning uyida, ikkinchisi (qutidorg‘a imo qilib) bu kishinikida bo‘lg‘an edi. Shu majlislarda Akram hoji ham bor edi.
— Ziyo akanikida bo‘lg‘an majlisingizga kimlar ishtirok qildi?
— Men, Ziyo shohichi, bu kishi (qutidor), — dedi va bir oz o‘ylanib oldi, — Ziyo akaning o‘g‘li — Rahmat, Akram hoji, Hasanali, Homid ismlik yana bir kishi. Homid ismini eshitkan qo‘rboshi tasdiq qilg‘andek bir harakat yasab qo‘ydi. Qushbegi qo‘rboshig‘a yer tegidan ko‘z yuborib oldi-da, davom qildi:
— Ikkinchi majlisingizda kimlar bo‘ldi?
— Ikkinchi majlisimizda boyag‘i kishilargina bo‘ldi. Faqat Homid yo‘q edi.
— Boya, Marg‘ilon kelganimga necha kun bo‘ldi, dedingiz?
— Qirq kunlar chamasi.
— Yaxshi, — dedi qushbegi, — aytingiz-chi, qirq kunlab Marg‘ilonda qolishingizning sababi nima edi?
— Ma’lumki, hozir Toshkand qamal (muhosara) holatidadir. Shunday vaqtda
Toshkandga qaytish o‘zi aqlsizlik bo‘lar edi.
— Qorachoponchi bo‘lg‘aningiz uchun, — dedi isteh-zo qilib qushbegi, — qipchoq og‘aynilardan qo‘rqdin-gizmi?
— So‘zingizga tushunolmayman, — dedi kulib Otabek. Bu gapni oddiy kishiga aytkandek qilib so‘zladi. Qutidor uning bu aytkan gapidan emas, kulishidan nihoyat darajada qo‘rquvg‘a tushib o‘zida issiqliq-sovug‘liq bir holat his etkan edi. Hokimlarga garchi to‘g‘ri bo‘lg‘anda ham dag‘alroq so‘z aytish o‘limni tilash bilan teng edi. O‘tabboy qushbegi zamona hokimlarining tuzugi bo‘lsa ham, ko‘p bo‘lmasa ozroq ular-ning ta’siri bunda ham bor edi. Otabekning bu gapidan qizishdi:
— Qipchoq dushmani bo‘lg‘an otangiz Yusufbek hojini unutdingizmi? Otangizning sizga bergan vakolati qayerda qoldi?
— Qipchoq dushmani kim, otam kimga qanday vakolat bergan, xudo haqqi uchun ochib so‘zlangiz, yo‘qsa yorilaman, taqsir!
— O‘zingizni tag‘ofulga solmangiz, bek yigit, — dedi qushbegi, — otangizning kim ekanini, sizni Marg‘ilonga nima uchun yuborg‘anini, qutidor bilan munda qanday ishlar qilmoqda bo‘lg‘anlig‘ingizni, barchasini hujjatlari bilan bilamiz. Siz marg‘ilonlik og‘aynilarni qipchoqlarg‘a qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lasiz, buni ham yaxshi bi-lamiz!..
Otabek
Qutidor
Otabek azbaroyi bo‘g‘ilib ketkanidan ko‘kimtil tovlang‘an, qutidor bezgaklardek titray boshlag‘an edi. Otabek o‘zini kuch bilan yig‘ishtirdi: — Bunda zo‘r tuhmat bor, taqsir, — dedi, — otamni qipchoq dushmani va meni Marg‘ilon og‘aynilarini isyonga hozirlash uchun kelgan, deb o‘ylaysizmi? — O‘ylamaymiz, ammo yaxshi bilamiz. Qutidorning sizga nima uchun qizini berib, kuyav qilg‘anig‘a ham yaxshi tushunamiz.
— Bunda zo‘r tuhmat bor, taqsir, — dedi, — otamni qipchoq dushmani va meni Marg‘ilon og‘aynilarini isyonga hozirlash uchun kelgan, deb o‘ylaysizmi?
— O‘ylamaymiz, ammo yaxshi bilamiz. Qutidorning sizga nima uchun qizini berib, kuyav qilg‘anig‘a ham yaxshi tushunamiz.
Qutidor suratdek qotib qoldi, Otabek bo‘lsa o‘zidagi hayajonni kuch hol bilan tarqatishg‘a tirishar edi. Qushbegi bilan qo‘rboshi bu ikki gunohkorni ta’qib etar, ulardagi har bir harakatni o‘zlaricha bir narsaga yo‘yar edilar.
Uch-to‘rt daqiqalik sukutdan keyin Otabek tilga keldi:
— Biz bu daqiqada sizning fikringizcha go‘yo bir ig‘vogar, go‘yo bir isyonchi bo‘lib tanilib turibmiz, — dedi bek, — chindan ham shundog‘ kishilarmizmi, yo‘qmi, buni albatta sizning tekshirishlaringiz, haqiqat-laringiz ko‘rsatar. Men sizning qilichingiz ostida o‘lim-dan qo‘rqib yoki sizga xushomad uchun so‘zlamay hukumat kishilarimiz orasida tushunadirg‘an bir odam bo‘lg‘anlig‘ingiz vajidan otamning ham o‘zimning qanday fikr va maslak kishisi ekanligimizni aytib o‘tmakchi bo‘laman: biz na qipchoqlarg‘a tarafdor bir kishi va na shaharlik og‘aynilarg‘a. Bu ikki firqa bizning nazari-mizda bir-birisidan mumtoz, idora ishida biri-biridan ortiqroq xalqlar emasdir. Shunga binoan Turkiston xalqlarining istiqbollarini bu ikki firqaning bittasiga havola qilish baayni qo‘yni bo‘riga topshirish qabilida bo‘ladir. Nega desangiz, har ikki tomonning ish boshig‘a intilgan kishilarining ko‘kragiga qo‘l solib ko‘rsangiz, birisining faqat el talamoq, boyliq ortdirmoqqag‘ina bo‘lg‘an g‘arazini, ikkinchisining ko‘rkli xotinlar, yuqori turmishlar uchun bo‘lg‘an maqsadinig‘ina ko‘rib, ikki oradan «elni tinchitay, el ham rohat-tirikchilik qilsin» degan uchunchi bir oliy maqsadni charog‘ yoqib axtarsangiz ham topolmassiz. Mana biz, taqsir, shu keyingi ishda ko‘rilmasa ham faqat shirin xayollardagina yurgan oliy firqag‘a o‘zimizda tarafdorlik his etamiz. Otamning Azizbekka yaqin turishi qipchoq dushmani, qora chopon tarafdori bo‘lg‘anidan emas, balki boyag‘i maslakka bir xizmat qilmoq uchundir. Taassufki, otam-ning Azizbekdan bo‘lg‘an umidi bo‘shka ketdi: bu kun ul o‘zining yaramas xayoli yo‘lida xondan yuz o‘girdi va bu orada qancha gunohsizning qoni to‘kilishiga sabab bo‘lmoqdadir. Manim bu so‘zlarimga ishoning-ishonmang, ixtiyor albatta sizdadir. Ammo bundog‘ eng jo‘n bo‘hton bilan qoralanishimg‘a vijdonim qarshisida so‘ng daraja muazzabman, taqsir!
Qushbegi Otabekning bu gaplaridan yaxshig‘ina taraddudga tushkan edi, ammo — «Azizbekning otalig‘i va kengashchisi» bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi uning miyasini qotirg‘an, balki, bu gaplar shunday ehtimollarga qarshi dastur qilib berilgan bo‘lmasin, degan fikrga kelgan edi. Otabekning yuqoridag‘i gapla-ridan so‘ng bo‘lg‘an undagi o‘zgarish ham faqat bu ishni yaxshilab tekshirish va hozirdan bir hukm bermaslikkina bo‘ldi.
— Har holda sizning yaxshi niyatlik kishilar bo‘lmag‘anlig‘ingiz ko‘zimiz o‘ngidadir, — dedi qushbegi,— shuning uchun to haqiqat oshkor bo‘lg‘unchalik har ikkingiz zindonda qolarsiz.
Otabek bir so‘z aytmay sukut qildi. Qutidor «chora yo‘qmi?» degandek qilib kuyaviga qaradi. Qushbegining ishorati bilan yigitlar hozir bo‘lib, gunohkorlar zindonga jo‘natildilar. Qushbegining — «Ertaga uyida majlis qurilg‘anlarni va bu majlisda ishtirok qilg‘an boshqalarni ham qo‘lg‘a olib, huzurimga keltiringiz!» degan amridan so‘ng qo‘rboshi ham ruxsat olib chiqdi.