O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
24. Ota-ona orzusi
334838O'tkan kunlar — 24. Ota-ona orzusi1926Abdulla Qodiriy

Ikkinchi bo‘lim
Azizbek Toshkanddan jo‘natildi. Uning yeriga Qo‘qondan Normuhammad qushbegi belgulanib keldi.
Azizbekni qo‘lg‘a tushurib berish bilan qipchoqlar nazdida ham Yusufbek hojining qadru qiymati yuqorilang‘an edi. Ammo o‘zining mansab suymasligi vajhidan yana eskicha «Yusufbek hoji» bo‘lib qola berdi. Shuning bilan birga Azizbek yonida qanday mavqi’ tutkan bo‘lsa, Nor-muhammad qushbegi oldida undan ham yuqoriroq va ma’noliroq e’tibor qozondi. Uning har bir ra’yiga Normuhammad qushbegi qonunan majbur bo‘lmasa-da, ammo ma’nan bir majburiyat his etar edi: o‘rinsizga kishi o‘ldirishlar, vaqtsiz ham o‘rinsiz soliq solishlar, behuda o‘rda usrofotlari, bo‘lmag‘ur taqiqlar va ortiqcha diniy takallufotlar bir muncha ebka olindilar.
Uch yillab Azizbek istibdodida ezilgan Toshkand xalqi erkin nafas oldi: savdo-sotiq, ekin-tikin va kasbikor ko‘tarilib boshladi. Odamlar jonlang‘andek bo‘lib bu holni:
«Zamon-zamon dorilamon,
Normat to‘ram bo‘lsin eson!» —
deb boshlag‘an ularning ashulalari ham ifoda qilar edi.


O‘zbek oyim elli besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabi’atlik bir xotin bo‘lsa ham, ammo eriga o‘tkirligi bilan mashhur edi. Uning o‘tkirligi yolg‘iz erigagina emas, Toshkand xotinlarig‘a ham om edi. O‘zga xotinlar uning soyasiga salom berib to‘ylarida, azalarida, qisqasi, tiq etgan yig‘inlaridag‘i uylarining to‘rini O‘zbek oyimg‘a atag‘an edilar. Bir bugina emas, qiz chiqaraturg‘an, o‘g‘ul uylantiradirg‘an, sunnat to‘yi qila-dirg‘an xotinlar o‘z to‘ylarini O‘zbek oyim kengashidan tashqari jo‘nata olmas edilar. O‘zbek oyim aralashqan to‘ylik xotinlarning ko‘ngillaridagi orzu havaslari ham erlari tomonidan kamchiliksiz bajarilar, chunki «O‘zbek oyim shundog‘ buyurdilar» degan so‘z erlar uchun ham farz kabi eshitilib, O‘zbek oyimning aytkanicha hozirlik ko‘rila boshlanar edi. Bu tomondan qarag‘anda O‘zbek oyimning o‘tkirligi erlar tomonidan ham tasdiq etilganligini iqror qilishg‘a to‘g‘ri keladir.
O‘zbek oyim uncha-muncha to‘yu azalarga «kavshim ko‘chada qolg‘an emas» deb bormas edi. Shuning uchun xotinlar o‘z to‘ylarini O‘zbek oyim ishtiroki bilan o‘tkazib olsalar, o‘zlarini shaharning eng baxtlik xotinlaridan sanab «maning to‘yimni bek oyim o‘z qo‘llari bilan o‘tkazdilar» degan jumlani majlislarda iftixor o‘rnida so‘zlab yurar edilar. O‘zbek oyimning obro‘si yolg‘iz shular bilangina cheklanib qolmas, uni o‘rda xonimlari ham ehtirom qilib o‘zlarining «onaxonlari» deb bilar edilar. Shunga ko‘ra qaysi bir vaqtlarda o‘rda yasovullari Yusufbek hojining eshigiga arava ko‘ndalang qilib «o‘rda begi oyim buyurdilar”, deb O‘zbek oyimning yasanib chiqishini kutar edilar. Bu tomon bilan qaysi bir majlislarda O‘zbek oyim xotinlarning eslarini ham chiqarib yuborar edi: «Kecha o‘rda bek oyimdan menga arava kelgan ekan, fe’lim aynab turg‘an edi, bormay aravadan bo‘sh qaytardim... Bo xudo, o‘rda bekachi bo‘lsa o‘ziga, dedim» der edi. Ikkinchi vaqtda: «O‘tkan kun o‘rdaga borg‘an edim; xonimlar yotib qolasiz deb qo‘ymadilar, noiloj bir kecha yotib keldim”, deb so‘z orasig‘a qistirib ketar edi. Bu so‘zlarni eshitkuchi xotinlar o‘zlarining qandog‘ bir xotinning suhbatiga noil bo‘lg‘anlarini o‘ylab, O‘zbek oyimning ehtiromini tag‘in ham kuchaytirar edilar. Ul o‘z uyida o‘lturg‘anida ham ustidagi atlas ko‘ynak bilan adras mursakni, oq shohi dakana bilan kahrabo tasbihni qo‘ymay, qish kunlari tanchadan par yostiqqa suyalib, yoz kunlari ayvonning to‘riga yoslanib Hasan-alining xotini bo‘lg‘an Oybodoqqa, cho‘ri qiz Hanifaga xamirni achitmaslikni, palovni qirmoch oldirmasliqni tanbihlabkina o‘lturar edi. Otabekning Marg‘ilondan uylanib qo‘yishi otasi uchun uncha rizosizlikka mujib bo‘lmasa ham, ammo uning o‘g‘ul to‘yisidan boshlab, Toshkand qizlarini ost-ust qilib u «buning qizi yaxshi bo‘lsa ham, uy-joylari yaramas ekan; buning uy-joylari tuzik bo‘lsa ham, qizi ko‘rksiz ekan; buning qizida, uy-joylarida tuzik, biroq zoti pas ekan» deb qiz, quda, uy, joy, nasl va nasab tekshirib yurg‘uchi O‘zbek oyimning Otabekni uylandirib buning orqasidan ko‘raturgan orzu-havas, to‘yu tomoshalarini shartta kesib qo‘yg‘an bu uylanishka nima deyishi va qanday qarashi albatta ma’lum edi. Bittayu bitta o‘g‘li Marg‘ilon degan joyda, allakimlarning qo‘lida, asli noma’lum kishilarning qizig‘a uylansinda, bu kun-erta o‘g‘lumning orzu-havasini ko‘raman, deb entikib o‘ltirg‘an va o‘g‘ul boqib katta qilg‘an ona — O‘zbek oyim ikki qo‘lini burniga tiqib qarab qolabersin... Bu xabarni Hasanalidan eshitkan kunlari ul bu ishka chidab turolmadi: «Endi menga mundog‘ o‘g‘ul kerak emas... Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim... Endi Toshkandga kelmasin ul o‘zboshimcha betiyuq!” deb baqirib-chaqirib, yig‘lab-sixtab, dardu hasratni boshig‘a kiyib oldi. Oradan o‘n besh kun o‘tar-o‘tmas Marg‘ilondan Otabek keldi. Uch oylab ko‘rmagan o‘g‘lini quchog‘ig‘a olib ko‘rishmak o‘rniga undan yuzini o‘gurib, san kimsan, keldingmi, deb so‘ramadi va salomiga alik ham olmadi. Go‘yo uxlamoqchi bo‘lg‘an tovuqdek hurpayib oldi. Otabek onasining araziga al-laqachon tushungan, ham shu holni Marg‘ilondayoq kutkan edi. Bir-ikki qayta uzr aytib ko‘rgandan so‘ng O‘zbek oyimning epaqag‘a kelishiga ishonmay qoldi va shuning uchun ul ham go‘yo bilmagan, tushunmagan kishidek yuriy berdi.
Turg‘an gap, Otabekning Marg‘ilong‘a uzoq bormay turishi mumkin emas edi. O‘rtadan ikki hafta o‘tar-o‘tmas otasig‘a allaqanday bahona ko‘rsatib, yo‘l hozir-lig‘ini ko‘ra boshlaydir va onasig‘a bildirmayoq Mar-g‘ilon jo‘naydir. O‘zbek oyim o‘g‘lining «o‘lganni ustiga chiqib tepish» qabilidan bo‘lg‘an bu harakatidan tutuni ko‘kka chiqib, borliq qahru g‘azabini eri ustiga to‘kadir: «Siz qarib esingizni yeb qolibsiz, o‘g‘lingizni marg‘ilonliqqa topshirib qo‘yib, yana el ichida boshingizni ko‘tarib yurmakchi bo‘lasizmi?..» deydir.
Yusufbek hojining qiziq bir tabi’ati bor: xotin bilan-gina emas, umuman uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo‘lsa bo‘lsin uzoq so‘zlashib o‘lturmaydir. Otabekmi, onasimi, Hasanalimi, ishqilib uy ichidan birartasining so‘zlari va yo kengashlari bo‘lsa, kelib hojining yuziga qaramasdan so‘zlab beradilar; maqsad aytib bitkandan so‘ng sekingina ko‘tarilib uning yuziga qaraydirlar. Hoji bir necha vaqt so‘zlag‘uchini o‘z og‘zig‘a tikiltirib o‘lturg‘andan so‘ng, agar ma’qul tushsa «xo‘b» deydir, gapka tushunmagan bo‘lsa «xo‘sh» deydir, noma’qul bo‘lsa «durust emas» deydir va juda ham o‘ziga noma’qul gap bo‘lsa bir iljayib qo‘yish bilan kifoyalanib, mundan boshqa so‘z aytmaydir va aytsa ham uch-to‘rt kalimadan nariga oshmaydir. Uy ichi uning bu fe’liga juda yaxshi tushunganliklaridan ko‘pincha bir og‘iz javob olish bilan kifoyalanadirlar. Ammo Otabek bilan birar to‘g‘rida so‘zlashmakchi bo‘lsa, uni aksar mehmonxonaga chaqirib yoki chaqirtirib oladir. O‘zbek oyim yuqoridag‘i o‘zining itob va xitobiga eridan bir iljayib qo‘yish javobini olib dami ichiga tushadilar va chor-nochor o‘ttuz kunlab bir zamonni o‘zicha marg‘ilonliqni qarg‘ash bilan kechiradir. Otabek Toshkandga qaytib kelib, «endi araz bitkandir» degan o‘yda onasig‘a salom beradir. Araz bitish qayerda, O‘z-bek oyimning o‘g‘lig‘a qarshi kinasi tag‘in bir necha qat ortqan, ammo bu gal salom berguchiga bir qaraydir-da, «O‘g‘lim, menga salom berib nima qilasan, marg‘ilonliq onangning duosini ol!» deb yuzini chetka o‘guradir. Ul onasining bu kinoyasini kulgulik bilan kechirib, yana eskicha arazda qolaveradirlar. Otabek yana o‘n besh kunni o‘tkazib, tag‘in bir nozik sababni o‘rtag‘a tashlab onasining ruxsatisiz Marg‘ilong‘a jo‘nab soladir. Tag‘in O‘zbek oyimning rangi o‘chkan, qoni qochqan: tovoqni kosaga, cho‘michni piyolaga urib dodi faryod: «Siz otamisiz, nimasiz axir, o‘g‘lingizni tiyib olish sira esingizga keladimi? O‘g‘lingizning bu ishi bechiz emas: marg‘ilonliq sihr qildimi, jodu qildimi, haytovur siz shu yo‘sunda yuruy bersangiz, erta-indin o‘g‘uldan ajralasiz. Bu kalvak o‘g‘lingiz marg‘ilonliqning eshigida qul bo‘lib yotib oladir...» Ammo Yusufbek hoji xotinning so‘zini bu gal ham elamaydir, faqat: «Qo‘yaber, xotin, o‘zi sog‘ bo‘lsa, bir kun esini topar», deb qo‘yadir. Bir yarim oylar vaqtni Marg‘ilonda o‘tkazib, tag‘in Otabek Toshkandga keladir. Tag‘in ona-bola oralarida kina-kudurat... Tag‘in araz... O‘n besh kun o‘tmasdan yana Andijon safari, yana O‘zbek oyimning fig‘oni falakka... Marg‘ilonliqning sihrchi-joduchisiga o‘lim tilash; meni o‘g‘limdan ajratsa o‘zi ham suyganidan ajrasin, qarg‘ish...
Nihoyat oradan bir yil chamasi vaqt o‘tib Marg‘i-long‘a qatnash yetti-sakkizga yetkach, O‘zbek oyimning g‘idi-g‘idisi bilan bo‘lsa kerak Yusufbek hojida ham bir o‘zgarish ko‘rila boshlaydir. Xotinining: «O‘g‘ul o‘sdirishni, o‘g‘ul tiyishni bilmaysiz» deb shiltalashiga: «Nima qil, deysan endi?» deb so‘raydir.
— Biz Otabekni Toshkanddan uylandirib boshini bog‘lamasaq, kun sayin uning Marg‘ilon yugirishidan qutila olmasmiz. Toshkanddan uylansa suv quyg‘andek tinarqolar;
Marg‘ilon balosini esidan ham chiqarar... — deydir O‘zbek oyim. Ya’ni hamisha yuragini shopirtirib, miyasini mashg‘ul qilg‘an muddaoni aytib solish fursatini qochirmaydir.
— O‘g‘ling qaytsin-chi, bo‘lmasa...
Erining bu so‘ziga O‘zbek oyim ortiqcha qizishadir, labi-labiga tegmay bobillab beradir:
— Siz shu kungacha barcha ixtiyorni o‘g‘lingizga topshirib, bolani bola qilmadingiz, bir xudbin qildingiz... O‘g‘ul o‘sdirish bu turda bo‘lmas; ul tilasin-tilamasin shartta-shartta tilaganingizcha qilingizda, qarab turaberingiz. Siz o‘zingizning shu «o‘g‘ling bilar» degan gapingiz bilan qancha yaxshi joylardan qolib, nihoyat marg‘ilonliq balosig‘a yo‘liqdingiz...
Endiki ixtiyor manda: ul kelguncha bir yaxshi joyga unashayin-da, kelgandan so‘ng to‘yni ham jo‘natib yuborayliq!
— Turatur-chi...
Hojining bunchalik bo‘sh kelishi O‘zbek oyimg‘a qanot-quyruq bergandek bo‘ldi va mundan so‘ng tinib-tinchib turolmadi. Shu gapning ikkinchi kuni Hasanalini qo‘yardaqo‘ ymay arava qo‘shdirib shaharning to‘rt tomonig‘a qiz ko‘rish uchun yurib ketdi. Marg‘ilonliq kelinning ta’rifini Hasanalidan ko‘b eshitkan edi. Otabekning ko‘nglini o‘sha go‘zal marg‘ilonliqdan sovitish yo‘lida undan ham ko‘hlik, undan ham suluk qiz topish ko‘yiga tushdi. Shunga ko‘ra unga uncha-muncha qiz yoqmay, shahardagi ko‘b eshiklarni sanashg‘a to‘g‘ri keldi. Yettinchi martaba ko‘chaga chiqishda Olim ponsad deganning qizi yoqa tushib hojiga arz qilindi. Hoji boshda xotinining bu gapiga kuldi, undan keyin «turatur, o‘g‘ling kelsin», dedi. O‘zbek oyimning bobillashi kuchayabergach: «Nima qilsang o‘zing bil, basharti o‘g‘ling ko‘nmasa men zo‘rlamayman!» dedi. O‘zbek oyim eriga yalinib boshladi:
— Bir so‘zlig‘ingizni qo‘ying, er; o‘zi aslzoda, loaqal bir og‘iz o‘g‘lingizga aytib o‘tishka va’da bering-chi,— dedi.
— Yaxshi. Va’da ham berayin, ammo san unashmay tur.
— Unashmayman, lekin o‘g‘lingizga unashdiq, deb eshitdirarmiz... Tuzikmi?
— Ma’qul.
Shu o‘lturishdan so‘ng O‘zbek oyim juda ham jonlanib ketdi va ertasiga Olim ponsadnikiga qarab yana arava qo‘shdirdi. Bu ikkinchi sovchiliqda go‘yo qudachalardek qarshi olindi. Olim ponsadboshilar: Yusufbek hojig‘a quda bo‘lar ekanmiz, deb juda ham tipirlashib qolg‘an va izzat-ikromni haddan oshirg‘an edilar. Yegan og‘iz uyalar qabilidan O‘zbek oyim ham muomalani qudalarcha qildi, hatto: «Bek otangiz bilan men so‘zni bir joyiga qo‘ydiq. Faqat ish Otabekning ke-lishiga qoldi» deb qo‘ydi. Kechqurun uyga qaytib bu aytkan so‘zini hikoya qilg‘an edi, hoji labini tishlab qoldi va: «Sanga sira aql bitmay ketar ekan-da», dedi.
Bir oylab kechikkandan so‘ng Otabek qaytib keldi va bu kelishining vijdon azobi va tilamagan bir taklifni eshitish uchungina emas, balki qabul qilish uchun bo‘lg‘anlig‘ini payqadi. Ul bu gapni onasining ilgarigi achimsiq so‘zlarini va arazlarini tugalganidan va o‘rniga chuchuk so‘zlar, silliq muomalalar bitib «eson-sog‘ kel-dingmi, bolam»laridanoq sezgan edi. Bunday bo‘lmag‘ur taklifni eshitmas uchun o‘zini chetka olib, otasi, ayniqsa onasig‘a yo‘liqishdan qochib yurishka majbur bo‘ldi. Ikki oradag‘i bu qochish-quvish ishi uzoqqa cho‘zilmay, bir kun mehmonxonada ota-o‘g‘ul so‘zlashib o‘lturganning ustiga O‘zbek oyim kelib kirdi va o‘lturmasdanoq hojiga imlab qo‘ydi. Bu imqo‘qni Otabek payqamag‘an bo‘lsa ham lekin anuv gapni aniq shu majlisda ochilishig‘a ko‘zi yetib, chiqib ketishning ilojini qilolmadi. O‘zbek oyim kelib kirgandan so‘ng Yusufbek hoji bir necha vaqt o‘ylab qoldi. O‘zbek oyim depsinib-depsinib eriga qarab olar edi. Anchagina so‘zsiz o‘lturg‘andan so‘ng hoji muloyimona so‘z ochdi.
— O‘g‘lim, hali san eshitdingmi, yo‘qmi haytovur biz saning ustingdan bir ish qilib qo‘ydiq...
Otabek ma’lumki, ularning «qilib qo‘ygan yoki qilmoqchi bo‘lg‘an ishlarini» albatta bilar edi. Shundoq ham bo‘lsa bilmaganga solindi:
— Aqllik kishilarning o‘g‘ullari ustidan qilg‘an ishlari albatta noma’qul bo‘lmas, — dedi. Hoji o‘g‘lining bu javobidan yerga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi. Istehzo aralash xotinig‘a qarab oldi. Yana orag‘a jimjitlik kirdi. Bu so‘zsizlik ma’nosig‘a O‘zbek oyim tushuna olmag‘an edi. Bir oz qarab o‘lturg‘ach, yuragi qaynab ketkandek bo‘ldi:
— Biz saning uchun Olim ponsadboshining qizig‘a unashib qo‘ydiq... Endi san bilan to‘y maslahatini qi-lishmoqchi edik...
Otabek onasig‘a bir og‘iz so‘z demay, ma’nolik qilib otasig‘a qarab oldi. Hoji uyatliksumon «shundog‘» deb qo‘ydi.
— Sizlarni ranjitib bo‘lsa ham bir martaba uylangan edim-ku? Endi...
— San uylansang biz ranjirmidik? — dedi kulib hoji.
— Ranjimasalaringiz...
Hoji tuzuklanib o‘lturib oldi:
— Bu ranjishdan emas, hojatdan o‘g‘lim.
— Nima hojat?
— Hasanalining so‘ziga qarag‘anda, qayin otang qizini Toshkandga yubormas ekan.
O‘g‘il o‘sdirib katta qilg‘an onangning bo‘lsa oldig‘a kelin qo‘yg‘usi keladir...
Otabek onasig‘a qaradi:
— Bu kungacha kelinsiz ham yashab keldingiz, bundan keyin ham shusiz turib bo‘lardi-ku, — dedi.
O‘zbek oyim marg‘ilonliq tomonidan sihrlangan o‘g‘lig‘a qarshi qizishib ketdi. Bir yillardan beri ichiga yig‘ib kelgan kinasini to‘kib berdi:
— Man sani bu umid bilan boqib katta qilmag‘an edim... San bizning naslimizni ko‘tarish o‘rniga, yerga urib bulg‘ading. Biz sani Marg‘ilon andisiga bunchalik mukkadan ketishingni o‘ylamag‘an edik, adabsiz... o‘zingga qolsa shu marg‘ilonliqni xoting‘a hisoblab ketaberar ekansan-da, uyatsiz!..
Otabek ham qizishdi:
— Xotin bo‘lmasa nima, axir?!
— Qoshliq, ko‘zlik bir andi!
— Andi deganingiz nima o‘zi?
Yusufbek hoji o‘g‘lini bosish o‘rniga javob ber, degandek qilib iljaygan holda xotiniga qaradi. O‘zbek oyim «andi» ma’nosini bildirib, andilarning sihrini rad qilish uchun bir oz tutiliqib qiynaldi:
— Andi... andi... o‘zi xitoymi, nima balo... o‘zi qalmoqdan tarqag‘an bo‘ladir...
Tushunmagan bo‘lsang, lo‘lilarning bir toyifasi...
Bu javobga Yusufbek hoji o‘zini xaxolab kulishdan to‘xtata olmag‘anidek, Otabek ham kulib yubordi. Xotinining tirnoq ostidan kir izlab va da’vosining isboti uchun g‘o‘ldirashidan ortiqcha kulib kayflangan Yusufbek hoji ko‘ziga chiqg‘an yoshlarni artar ekan, jiddiyat bilan o‘g‘lig‘a dedi:
— O‘g‘lim, san onangning gapiga achchig‘lanma. Ul har narsa desa faqat Marg‘ilondan uylanganingga qarshilig‘idan aytadir. Ammo mendan so‘rasang, Marg‘ilondag‘i na qudamiz va na kelinimizni hech bir vajh bilan kamsita olmayman, balki bizga quda bo‘lmoq-qa eng muvofiq kishilar edi, balli o‘g‘lim, deyman. Saning tinib-tinchishing, o‘sib-unishing uchun quvonmag‘an ota-ona sog‘qa hisoblanmaydir. San bunga yaxshi ishon. Ammo bizning hozirgi ba’zi bir ra’ylari-miz sanga yotishib kelmas ekan, bunga haqqing ham bor, lekin ikkinchi tarafdan bizni ham haqsiz tashlab qo‘yma. O‘g‘lim, bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yo‘q. Dunyoda ko‘rib o‘taturg‘an barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolg‘an. Biz xudoi taolog‘a minglab shukur aytamizkim, san boshqalarning farzandidek eslik-hushlik bo‘lding; kishilardek sen bilan iftixor qilolmasaq-da, san orqalik xijolat chekmasimizga ishondik. Ayniqsa onangning saning tufayli kechiraturgan umidlari tobora ortib bordi. Bu kun onang saning oldingg‘a tiz cho‘kib va onang ko‘ngli uchun men ham orag‘a tushib sandan so‘raymiz: san o‘z xohishing yo‘lida uylangan ekansan, rafiqang sanga muborak bo‘lsin. Eslilik da’vosida yurgan ota-onang tilagi albatta shundan boshqa bo‘lmas. Shu bilan birga sa-ning sababi vujuding bo‘lg‘an bir kishi o‘z hayoti ichida bolasi orqaliq bir orzu-havas kechirmakchi... Uning bu orzusig‘a haq berasanmi, yo‘qmi yana ixtiyor o‘zingda...
Hojining bu so‘zi O‘zbek oyimg‘a nechog‘liq yoqqan bo‘lsa, Otabekni shu qadar yerga qaratqan edi. Hoji o‘zidan oshirib so‘zlag‘an bu so‘zlarini shu gap bilan tamomladi:
— Bilgan topib so‘zlar, bilmagan qopib, deganla-ridek, onangning aytmakchi bo‘lg‘an so‘zi faqat shu edi. Boyag‘i gaplari bo‘lsa o‘z haqqini himoya yo‘lida uning popisalarigina bo‘lib, mendan ham ko‘ra onangning fe’lini o‘zing yaxshi bilasan...
Otabek hamon sukutda, O‘zbek oyim bo‘lsa boshi bilan «shundog‘» ishorasini berar edi. Yusufbek hoji yuqorida o‘tkan gaplarni quruq va asossiz so‘zlamag‘an, balki shu turmushning rukn va asosini bir daraja aytib o‘tkan, Otabek esa buni shu muhitning bir o‘g‘li bo‘lib eshitkan edi. To‘g‘risi ham ul dadasi tomonidan so‘zlangan haligi qonung‘a qarshi chiqish uchun lozim bo‘lg‘an kuchka molik emas; bas, kuchsizlikning natijasi esa sukut edi. Ul bir tomondan shunday orzu-havas uchun bola o‘sdirg‘an ota-onani mukofotlandirmakchi va otasi aytkan xijolat chekdirmayturg‘an o‘g‘ullardan bo‘lmoq-chi edi ersa ham, ikkinchi yoqdan o‘zini asir etkan shahlo ko‘zlar unga nafratlanib qarag‘andek bo‘lurlar, go‘yoki vafosiz, va’dasiz, deb qichqirarlar edi. To‘g‘risi ham uni ota-ona mukofotiga qarshi oyoqlandirmoqchi bo‘lg‘an narsa haligi ko‘zlargina, ammo uning bu isyonnamo harakatidan boshqa unsurlar qidirish va chiqarish o‘rinsiz tushar edi. Ota-ona orzusini ifo etishdan bir soniya ham o‘zining ko‘z o‘ngidan xayoli ketmagan anuv ilohiy muhabbat uchun hech bir turlik kamchilik kelmasiga ishonsa ham hozir uning yuragini boshqa bir haqiqat tirnay boshlag‘an va vijdonini faqat shu masala-gina o‘rab olg‘an edi. Otabekcha eng nozik sanalg‘an bu masala qaroshidag‘i javob kutib o‘lturg‘uchilarni nihoyat zeriktirdi.
— Bizni kutdirma, o‘g‘lim.
Otabek mag‘lub bir boqish bilan bu so‘zni aytkuchi otasig‘a qaradi va yalinchoq bir ohangda javob berdi:
— Men sizlarning orzularingizni bajarishka — agar xursandchilig‘ingiz shu bilan bo‘lsa — har vaqt hozirman. Ammo bir bechoraga ko‘ra-bila turib jabr ham xiyo-nat...
Hoji o‘g‘lining maqsadig‘a darrov tushuna olmadi va so‘radi:
— Kimga, xotiningg‘ami?
— Yo‘q, sizning oladirg‘an keliningizga. O‘g‘lingiz-ning vujudi bilan orzuingizni qondirish oson bo‘lsa ham keliningiz qarshisida meni bir jonsiz haykal o‘rnida tasavvur qilingiz.
Yusufbek hoji yalt etib xotinig‘a qaradi. O‘zbek oyimning bo‘lsa oladirg‘an keliniga e’timodi yuqo-rilig‘idan o‘ylab-netib turmadi:
— Mayli, bolam; buyoqni hozir san o‘ylamay qo‘y,— dedi.
Otabek bir og‘iz so‘z aytmay sukut qildi, Yusufbek hojining esa o‘g‘lining so‘zini to‘g‘rilig‘ig‘a, keyindan yuz ko‘rsataturg‘an ko‘ngilsiz ishlarga aqli yetsa ham, ammo bir mulohaza yuzasidan istiqbolning qorong‘i ishlarini hozir uncha mulohaza qilib ko‘rmadi:
— Juda to‘g‘ri aytasan, o‘g‘lim; biroq onangning bir mulohazasizligiga boshdayoq men labimni tishlab qolg‘an edim. Hozirda ham shu holda qolmoqqa majburman, — dedi va:
— Biz hozir andi-shaning bandasi, men emas onang biravni ishondirib qo‘yg‘an: biz-ning oiladan lafsizlik chiqishi menga ma’qul ko‘rinmaydir.
Otabek ota-ona orzusig‘a o‘z ta’biricha jonsiz haykal bo‘lib rizoliq berdi. Ammo o‘z rizolig‘ining sharti qilib to‘ydan ilgari Marg‘ilon borib kelishni va bir daraja ularga aytib o‘tishni, shundan so‘ng to‘y boshlashni ahd qildi. Ishning yengil ko‘chishiga so‘yingan ona Otabek-ning bu shartiga lom demasdan ko‘ndi va orzuliq to‘yni tez boshlash uchun o‘g‘lini Marg‘ilon ketmakka qistay boshladi.