O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
34. "Navo" kuyi
334862O'tkan kunlar — 34. "Navo" kuyi1926Abdulla Qodiriy

Xalqimiz ta’biricha, bu zamonlar «musulmonobod» bo‘lsa-da, biroq bu tantanalik ta’birni buzib qo‘ya-turg‘an ishlar ham yo‘q emas edi. Xon musulmon, bek musulmon, xalq musulmon, buning ustiga yurish-turish ham musulmoncha, hukmlar ham shari’atcha edi. O‘g‘irliq qilg‘an uchun qo‘l kesiladir va yo dorg‘a osiladir. Zoni bilan zoniyalar ham peshtoqdan tashlanadirlar, ichkulik ichkan uchun qirq darra uriladir. Rais afandi mulozimlariga darra ko‘tartirib, namoz-sizlarni tekshiradir, farzi ayn bilmaganlarni urdiradir edi. Ish shunchalik nozik bo‘laturib ham o‘g‘rilar o‘z tirikliklari orqasidan qolmaydirlar. Esh aka bilan Tosh aka-ning uylari orqasidan teshilib mollari o‘g‘irlana beradir, peshtoqdan qopqa bo‘g‘ilib tashlanmoq uchun fohishalar ham yetishib turadirlar.
Butun umrida peshonasi sajda ko‘rmaganlar ham ko‘b, ammo farzi aynning bosh tomonidan to‘rt-besh jumlani har kim qiynalmasdan sayriy olar edi. Ko‘b kishilarning uylarida musallas bilan bo‘zalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy suratda ichkulik sotish bilan tiriklik qilg‘uchilar ham yo‘q emas edilar. Toshkandning Chuqur qishloq degan yerida qozoqlar tomonidan ochilg‘an va hamisha rustamnamo kishilar bilan ayqirib yotqan bo‘zaxonalar ham yo‘q emas edi.
Besh oylab Oq masjid safarida yurib ketkach, Otabek to‘g‘ri shu Chuqur qishloq bo‘zaxonalaridan biriga kelib tushkandek bo‘ldi. Uni kunduz kunlari bo‘zaxonada uchratib bo‘lmasa-da, ammo bo‘zaxonag‘a kelmagan kechasi juda oz edi. Bo‘zagar Otabekning kim bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma ishni uning tilagiga qarab qilar, ul keldi deguncha oddiy bo‘zaxo‘rlar yonig‘a o‘tquzmay o‘zining maxsus hujrasiga olib kirar, boshqalarg‘a berilaturgan loyqa bo‘zadan bermay, bo‘za-ning guli bilan mehmon qilar edi.
Hozir ham ul shu bo‘zaxonada edi. Endi uchunchi kuvachani tugatib, to‘rtinchini chaqirg‘an edi. Bo‘zagar kirdi:
— Bo‘za beraymi, bek? — deb so‘radi.
— Bering, — dedi va: — mashshog‘ingizni ham kirgizing!
Vaqt yarim kechadan ham og‘qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag‘an xo‘randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo‘zaxona tinchigan edi. Qo‘lmaqo‘ l yurib charchag‘an mashshoq ham bo‘shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko‘rgani uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush qo‘lidan bir piyola bo‘zani ichkach, dutorini chertib so‘radi:
— Qanday kuyni chalay, bek aka?
Otabek sarxush tovush bilan jiddiygina qilib javob berdi:
— Bilsangiz, haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz!
Mashshoq ajabsing‘an edi:
— Dunyoda bunday kuylar borlig‘ini umrimda bi-rinchi martaba eshitaman, bek aka!
— Dunyoda bunday kuy yo‘q deb o‘ylaysizmi, siz eshitmagan bo‘lsangiz maning eshitkanim bor... Bilmasangiz, bilgan kuyingizni chalingiz!
Mashshoq dutorini sozlar ekan, yana so‘radi:
— Bu kuylar yangi chiqg‘anmi?
— Yangi chiqg‘an.
— Qayerda eshitdingiz?
Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, mashshoqqa qaradi:
— Bu kuylarni Farg‘onaning Marg‘ilonida eshitdim...— dedi.
Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turg‘an mashshoq, Otabek kutmagan joyda «Navo»dan boshlab yuborg‘an edi. Kuyning boshlanishi bilanoq uning vujudi zirr etib ketkandek bo‘lib keyingi piyolasini bo‘shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning munglik tovshig‘a berildi. Dutor tovshi qandaydir o‘zining bir hasratini so‘zlag‘andek, hikoya qilg‘andek bo‘lib eshitilar edi. Yo‘q, bu hasratni ul o‘z tilidan so‘zlamas edi — Otabek tilidan so‘zlar edi... Otabekning ko‘z o‘ngidan o‘tkan kunlari birma-bir o‘tib boshladilar-da, nihoyat «anuv» xotiralari, «anuv» hangomalari ham ko‘rinish berib o‘tdilar... Yo‘q, o‘tmadilar... uning ko‘z o‘ngida kelib to‘xtadilarda, shu ko‘yi turaberdilar... Dutor bu ko‘rinishni uning ko‘z o‘ngiga keltirib to‘xtatqach, bu foji’aga o‘zi ham chidab turolmag‘andek yig‘liy boshladi... Dutor quruqqina yig‘lamas edi, balki butun koinotni zirr etdirib va xasta yuraklarni dirr silkitib yig‘lar edi... Otabek ortiq chidab turolmadi-da, ro‘ymoli bilan ko‘zini yashirib yig‘lamoqqa kirishdi... Ul ko‘z yoshlarini to‘xtatmoqchi bo‘lar edi. Biroq hozirgi ixtiyor o‘zida emas edi — hamma ixtiyor dutorning hazin «Navo»sida, toqatsiz yig‘isida edi... Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik yuraklaridan chiqg‘an «Navo» kuyi o‘z nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. O‘z dardiga tushungan bu yigitka borg‘an sayin dardini ochib so‘zlar, yig‘lab va ingrab so‘zlar edi... Eshitkuchi esa dunyosini unutib yig‘lar, kuchini yig‘ishtirib yig‘lar va hasratu alamini ko‘z yoshisi bilan to‘kib yig‘lar edi...
Nihoyat «Navo» kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko‘zi orqaliq to‘kdirdi-da, falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo‘ydi va dunyoda yolg‘iz hasratkina bo‘lmag‘anligini bildirgandek o‘zining «savt» kuyini yer yuziga shodliq va so‘yinch yog‘dirib arz eta boshladi. «Navo»ning sihirlik «savt»i Otabekning ko‘z yoshlarini quritdida, bir yengillik bag‘ishladi. «Navo» bilan yuvilib ketkan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi...

* * *

Bu o‘lturishdan so‘ng ul bir oylab bo‘zaxonag‘a kelmay ketdi. Marg‘ilondan qaytib kelgach, yana eski odatida davom eta boshladi...

* * *

Otabekning o‘sha voqi’adan so‘ngg‘i Marg‘ilon qatnashlari faqat natijasiz quruqqina bir qatnash edi. Bu qatnashning har birisida usta Alimnikiga tushar, ammo hanuz undan o‘zining sirrini yashirib, Andijondan qaytib kelishini va yo borishini va yo‘l ustidan ko‘rib ketish uchun kirganini aytib usta Alimni minnatdor qilar edi. Ul Marg‘ilonda ko‘b to‘xtamas, bir kun, uzoqqa tortilsa ikki-uch kun turib qaytar, ba’zi vaqtlarda yo‘l ustidan «Xo‘ja Ma’oz» mozorini ham tunab ketar edi. Uning o‘n kunlab yo‘l mashaqqatini o‘z ustiga olib, Marg‘ilonda qilaturg‘an ishi shu mashaqqatlar evaziga arzug‘uliq edimi, yo‘qmi, o‘qug‘uchi buni quyidan onglar:
Marg‘ilondan natijasiz, tamoman bo‘shka qaytib Toshkand kelgach, Kumushni unutkandek bo‘lib uch-to‘rt kun u-bu bilan ovinib yurar, so‘ngra hafta, o‘n kundan so‘ng yana Marg‘ilon to‘g‘risida o‘ylab boshlar, o‘ylab o‘yining tegiga yeta olmag‘ach, o‘zini qayoqqa urishini bilmay qolar, shundan so‘ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola qilib, o‘n-o‘n besh kun bosim ichkanidan so‘ng ichkulukdan ham lazzatlanmay qolar va shuning yonida uning ko‘ngli bir narsaning bo‘yini olg‘andek sezinar, go‘yo Marg‘ilon borsa bir gap bo‘laturg‘andek, bormay qolsa keyinchalikda o‘zi o‘kinaturg‘andek... Shundan so‘ng to‘satdan Marg‘ilon yo‘lig‘a tushib qolar, yo‘lda borar ekan, o‘zini to‘rt ko‘z bilan kutib turg‘andek sezilgan Marg‘ilong‘a har nimadir, bir soat ilgariroq yetish uchun oshiqar edi. Le-kin... lekin Marg‘ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o‘zgarib boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o‘ynamoqqa olur, ayniqsa poyafzal rastasiga yaqinlashgach, uning bu iztirobi shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan bunchalik o‘zgarishda qolg‘an Otabek rastaning o‘zida qanday holg‘a tushmog‘ini tasavvurdan ojiz kelur va rasta ko‘rindi deguncha otining boshini chapka burib yuborar va orqasidan kimningdir «...boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz... uyatsiz!» tovshi eshitilgandek bo‘lar edi... O‘z-o‘ziga «haqiqatan men uyatsiz», deb qo‘yar va shuning ila hamma kutilgan-kuzatilgan gaplar, besh kunlik yo‘l mashaqqatlari havog‘a ketar, hatto xayolda emas, haqiqatda o‘ylab qo‘yg‘an qayin otasi bilan xotinini shari’atka chaqirish fikri ham unutilar va yo‘qolur, «hiylagarning yuzini qozixonada ko‘raymi, o‘zi ham qursin, yuzi ham!» der edi-da, otini to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab solar edi.
Otabek usta Alimni juda yuqori darajaga qo‘yg‘a-nidek, uning majlisi bilan ham ancha yengillashar, o‘n yillardin beri usta Alim yuragida saqlang‘an va qabrg‘a ham birga ketishi kutilgan ishq tarixini qayta-qayta eshitkusi kelaberar, usta Alim ham o‘zining o‘lgan Saodati to‘g‘risidag‘i ipidan-ignasigacha bo‘lg‘an xotiralarini takror-takror hikoya qilib, hikoyasi oxirida: «Peshonamga sig‘madi-da, o‘ldi», deb qo‘yar, bu so‘z Otabekning ham yuragiga sovuq suv sepkan ta’sirini berib, ul ham ko‘nglidan: «Manim ham peshonamga sig‘madi-da, tiriklayin o‘ldi» degan so‘zni o‘tquzar edi. Shu holda ikki-uch kun usta Alimnikida turg‘ach, eng so‘ngg‘i martaba Marg‘ilon bilan xayrlashkan kabi shaharning har bir narsasiga alvido nazari bilan boqar va boshi og‘qan tomong‘a ketkandek Marg‘ilonning o‘ng‘ay kelgan darbozasig‘a qarab yo‘l olur edi. Qo‘qonda birikki kun, Kirovchida uch-to‘rt kun, Qurama, Telov va shuningdek, qishloqlarda ham bir necha kunlab qo‘na-qo‘na nihoyat, Toshkandga kelib yetar yana... yana...
Otabekning Marg‘ilong‘a borib kelishi shu yo‘sunda edi. Uning sirri o‘zidan boshqa hech kimga ma’lum bo‘lmag‘anliqdan, orada uning holig‘a kulguchi va undan hisob olg‘uchi birav ham yo‘q, faqat ul hamma hisobni o‘z yuragidan olib, o‘z yuragiga berar edi. Shu yo‘sun oromsizlik va besaranjomlik ichida uning oy-kunlari o‘tib turar edi.