O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
48. Zimnan adovat
334877O'tkan kunlar — 48. Zimnan adovat1926Abdulla Qodiriy

Shundan keyin O‘zbek oyim olding‘a tushib, qudasi bilan Kumushni uyga boshladi. Ularning ketidan bosh-qa mehmonlar yurdilar. O‘zbek oyim yo‘l ustidan Oybo-doqqa:
— Tezroq choyingga qara, bechoralarning aravada ichagi uzulg‘andir,— dedi va Oftob oyim bilan Kumushka,— men sizlardan juda xafaman,— deb qo‘ydi.
Oftob oyim Kumushka qaranib javob berdi:
— Aytsangiz, aytmasangiz biz juda uyatlik bo‘lg‘an-miz.
Uyning dahliziga kirdilar. O‘zbek oyim ularni to‘rga taklif qildi:
— Qani, yuqorig‘a! — dedi.
Oftob oyim to‘rga harakat qilsa ham, Kumush boshqa mehmonlardan uyalib to‘xtadi, O‘zbek oyim uni qistab tushdi:
— Iymanma, Kumush otin, bu kun-erta bizga yangi kelinsan, uchunchi kundan boshlab sen mug‘ombirning boshingda tegirmon yurgizishni o‘zim yaxshi bilaman! — dedi. Oftob oyim va keyindagilar kulishdilar. — Yana hali sen manim sobunimga kir yuvib ko‘rganing yo‘q! — deb qo‘ydi. Bu gal Kumush ham kulimsirab oldi. To‘rga Oftob oyim va Mohira qudachalar o‘lturdilar. Oftob oyimning so‘liga Kumush, Kumushning yonig‘a Xushro‘y, Mohira oyimning o‘ngiga Hanifa, undan keyin Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular qator chizilishdilar. Eng oyog‘da O‘zbek oyimning o‘zi o‘lturdi.
Karima otin qo‘l ochib duo qilg‘andan keyin, O‘zbek oyim «Xush kelibsiz» qildi. Mundan so‘ng hammaning ko‘zi ittifoq qilg‘andek Kumushka tushdi. Kumush uyalib yerga qaradi.
Bir necha vaqt jim qolishib Mohira oyim Oftob oyimdan so‘radi:
— Marg‘ilondan yetib kelguncha ham juda bir yerga yetkandirsizlar?
— Uncha charchag‘animiz yo‘q, — dedi Oftob oyim,— o‘zi Marg‘ilondan Toshkandgacha arava yo‘li o‘n kunlik ekan, biz charchamayliq, deb sekin-sekin o‘n ikki kunda keldik.
— Yo‘l loydir? — deb so‘radi Mahinabonu.
— Loy emas, — dedi Oftob oyim, — yo‘l juda yaxshi ekan — ikki yoqda ko‘m-ko‘k maysa, qirlarda lolalar, yo‘lning juda ham tomosha vaqti ekan.
So‘z navbati O‘zbek oyimg‘a keldi:
— Kelmaganlaringizda Otabekni endi sira ham yubormasliqqa qaror qo‘yg‘an edim, — dedi, — booo xudo, o‘g‘lim, uch yildan beri oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab zerikmadingmi, endi ular ham kelsin axir, deb yo‘ldan to‘xtatqan edim.
Kumush Otabek ismini eshitkach, sekingina ko‘tari-lib qo‘ydi. Oftob oyim Hasanalidan hamma sirni o‘rganib olg‘an, shuning uchun O‘zbek oyimning dovdirashiga tushundi:
— Yuzimizga solmasangiz ham juda uyatlik bo‘l-g‘anmiz, — dedi.
Zaynab dasturxon ko‘tarib kirdi va mehmonlarga «Xush kelibsiz» aytkandan so‘ng dasturxonni yozdi. Dahlizdan — Oybodoq qo‘lidan yasalg‘an barkashlarni olar ekan, birikki qayta yer ostidan Kumushka ko‘z yubordi va Kumushning ko‘zi ham uning keyingi qarashida to‘qnashib oldi. Barkashlar qo‘yilib bo‘ldi. Oybodoq to‘rt choydish choyni mis tekligi bilan kirgu-zib berdi. Zaynab choydishlar yoniga mehmonlarga choy quyish uchun o‘ltirdi. O‘zbek oyim chiqib borg‘an Oybodoqni to‘xtatib so‘radi:
— Qassob kelganmikin?
— Boya kelgan edi. Oyimlardin fotiha olib bersangiz, qo‘yni chiqarib berar edim.
O‘zbek oyim qudachasig‘a qaradi:
— Fotiha berasizmi, quda!
Oftob oyim Mohira oyimg‘a qaradi.
— Fotiha beringiz, oyi!
— Qo‘y sizga atalg‘an, — dedi Mohira oyim. — Fotiha berish sizning haqqingiz, biz bo‘lsaq fotihani ko‘b berganmiz...
O‘zbek oyim ham «siz bering» degandek qilib Oftob oyimg‘a imladi. Oftob oyim uyalinqirab fotiha berdi. Oybodoq chiqg‘andan keyin dasturxonga qaradilar va «olingoling » bilan bir-birlarini qistasha boshladilar. Boyag‘idek ko‘bchilikning ko‘zi Kumushda edi. Ayniqsa O‘zbek oyim suqlanib unga qarar va tomoqqa qistar edi:
— Ol bolam, ol! Men tomoqdan uyalaturg‘an kishini yomon ko‘raman. Yoki eshikdan kirishingdanoq sansi-ray boshlag‘anim uchun xafa bo‘ldingmi?
— Xafa bo‘lish emas, so‘yindim, — dedi Kumush va dasturxondan cho‘qindi.
Oftob oyim:
— Sansirashingiz uch yildan beri Kumushni bolam, deb yurganingizni bizga ochiq onglatdi. Ayniqsa men buning uchun sizdan minnatdorman.
Karima otin:
— Kishi o‘z bolasini sansiraydir, begonani ham sansirasin-chi.
Zaynab:
— Meni ham chimildiqdan chiqishim bilanoq sansi-ragan edilar...
O‘zbek oyim:
— Men yaqin ko‘rgan kishimni sizsiray olmayman.— deb maxtang‘an sumol bo‘lib oldi,
— hoy Kumush, ol, jilla qurisa anuv varaqidan bir-ikkita ye, yuraging uzilg‘andir.
Kumush uzr aytdi:
— Charchadim shekillik, — dedi, — ishtihom bo‘g‘il-g‘ang‘a o‘xshaydir...
 O‘zbek oyim kuldi:
— Ishtihong bo‘g‘ilg‘an bo‘lsa charchag‘aningniki emas eringni sog‘inganingniki, — dedi. Birdan hamma kulib yubordilar. Zaynab ham kulguga ishtirok qildi... Ammo Kumush yuzini chetka o‘girgan edi. Ehtimolki, qayin onasining zakovatiga ichidan tahsin o‘qur edi.
O‘zbek oyim Oftob va Mohira qudalarni dastur-xong‘a qistadi:
— Oling quda, siz yoshlarni qo‘yabering, bularni yigit asrasa, siz bilan meni tomoq asraydir.
Yana kulgi boshlandi. Oftob oyim o‘zini tutolmay kular edi. Kumush ham ochiq kulib, kulgi orasida Zay-nabka qarab oldi — Zaynab ham kular edi...
Kulgi bosilib tushkandan keyin, Zaynabning yangasi Kumushdan so‘radi:
— Begingiz bilan ko‘rishmaganingizga qancha bo‘l-di?
Kumush dahshatlanib onasig‘a qaradi. Oftob oyim javob berdi:
— Uch oy shekillik.
Xushro‘y o‘zining zolim ko‘zini o‘ynatdi:
— Ha, bo‘lmasa xolam aytkanlaridek ishtihongiz bo‘g‘ilg‘ani o‘shaniki.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri! — deyishdi xotinlar.
— Men o‘zim bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — jo‘rttaga Otabekni uch oy to‘xtatib
qo‘ydim-ku, axir!
Kumushning ko‘nglidan kechdi: «Aniq bilasiz, jo‘rt-taga to‘xtatdingiz!»
Oftob oyim kulib javob berdi:
— Jilla uniki bo‘lmasa kerak. Manim ham ishtihom bo‘g‘ilg‘andek...
O‘zbek oyimning esiga Otabek tushkan edi.
— Hoy, aytkandek, Otabekni ko‘rdingizmi? — deb Oftob oyimdan so‘radi:
— Yo‘q.
O‘zbek oyim Zaynabka qaradi:
— Tashqaridamikin?
— Yo‘q emishlar... — dedi Zaynab.
O‘zbek oyim ajablandi:
— Boya otang ham so‘rag‘an edilar... — dedi, — qa-yoqqa ketkan ekan, aqlsiz...
Ertalab senga hech narsa demabmidi?
Kumush Zaynabning og‘ziga tikildi, Zaynab ham unga qarab oldi:
— Ertalab mendan ust to‘nlarini so‘rag‘an edilar,— dedi, — men to‘nni berib qayoqqa borishlarini so‘rag‘animda, bir joyda ishim bor, degan edilar...
Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo‘shashib, Oftob oyim ham og‘ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgan sumol bir-birlariga qarashib oldilar. O‘zbek oyim oradan o‘tkan sirni payqadi: «Birarta zarur ishi chiqg‘andir», dedi. Shu vaqt darichadan Hasanali ko‘rindi, qo‘lida bir mesh qimiz ko‘targan edi, darichadan turib mehmonlarni «Xush kelibsiz» qildi» va qimizni uza-tib Oftob oyimg‘a qarab kuldi:
— Qimizni kuyavingiz sizga kirgizdi.
Oftob oyimning hushi o‘ziga kelib, Kumushning yuziga qon yugirdi. Anovilar bo‘lsa, endi bularning holiga tushib bo‘zrayishdilar.
Qimiz bilan yengillashkan O‘zbek oyim Hasanalidan so‘radi:
— Qachon keldi?
— Hozir.
— Qayoqqa yo‘qolg‘an ekan, ahmoq?
Hasanali izoh berdi:
— Kecha hoji unga ish buyurg‘an ekanlar. Bilmadim, kecha nima bilan ovora bo‘lib xizmatni unutkan va bu kun ertalab esiga tushib mehmonlar kelguncha borib kelarman, deb shunga ketkan ekan. Boradirg‘an joyi uzog‘roqda bo‘lib, kechikkan va yo‘ldan kelaturib bu gunohiga ikki mesh qimiz olg‘an... Hali qimizni menga berib: «Kirib ayting, juda uyatlik bo‘ldim kechirsinlar», deydir, — dedi va kuldi.
Karima otin:
— Kechirilmaydir, qimiz o‘zi nima degan gap, — dedi.
Oftob oyim mehmonlarga qarab chiqg‘andan keyin Hasanaliga kulib javob berdi.
— O‘zimiz juda cho‘llab kelgan edik, shuning uchun kechirdik.
— Balli-balli! — dedi Hasanali, — men kechirganingizni chiqib aytaman.
— Chiqib ayting, — dedi Oftob oyim.
— Siz-chi? — deb so‘radi Hasanali Kumushdan.
Kumush baqadek qotib o‘lturgan Zaynabka qaradi va uyalinqirab javob berdi:
— Men ham kechirdim...
— Sizning ikki boshdan kechirishingizni o‘zim ham bilar edim, — dedi Hasanali.
Bo‘g‘oz-qisir uy ichini kulgi bosdi.
Kulgidan so‘ng O‘zbek oyim:
— Nega o‘zi kirmadi? — deb so‘radi.
— Qayin otasi bilan so‘zlashib o‘lturibdir...
Hasanali ketkandan keyin O‘zbek oyim Oybodoqqa, qimizni mis tog‘orag‘a bo‘shatishka buyurdi. Qo‘y so‘yilib tayyor bo‘lg‘an edi. O‘zbek oyim qudachasining ra’yini so‘radi:
— Nima buyurasiz?
— Mendan so‘rab o‘lturmang, mehmonlar nimani xohlasalar biz ham o‘shanga yormiz.
O‘zbek oyim tomoq buyurish uchun havliga tushdi. Zaynab mis tog‘orog‘a ag‘darilg‘an qimizni cho‘michlab kosalarga quyib mehmonlarga tutdi.