O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
55. Esini kirgizdi
334887O'tkan kunlar — 55. Esini kirgizdi1926Abdulla Qodiriy

«Kundashlik uyda kunda janjal» deganlar. Albatta buni aytkuchi kishi o‘ylamasdan va bilmasdan aytmagandir. Jilla, har kuni janjal bo‘lmag‘anda ham haftada, o‘n kunda bir to‘polon chiqmasa albatta kundashni kundash, deb bo‘lmas. Nega desangiz, bizning ba’zi bir kundashsiz, chiqitsiz oilalarda ham ikki, uch kunda tovoq-qoshiq sinib, tog‘ora yangilanganini har qaysimiz bila-miz, bas, endi kundashlik oilalarimizga kelganda-chi, albatta yuqoridag‘i — «kundashlik uyda kunda janjal» maqolini to‘g‘rig‘a, chinga chiqarmasdan chora yo‘q.
Men — yozg‘uchi, «O‘tkan kunlar» hikoyalarini otam marhumdan necha qaytalab eshitsam ham zerikmas edim, faqat bir joyigina meni zeriktirar edi. Bu kun men shu «O‘tkan kunlar»ni qalamga olganimda ham o‘sha o‘zimni zeriktirgan faslini tashlab o‘tishka majbur bo‘ldim. Darhaqiqat, o‘z oramizda kundash janjalini kim bilmasin? Arzimagan gap ustida dunyo buzg‘an kundash to‘polonlari kimning qulog‘ig‘a yoqsin? O‘qug‘uchining qimmatlik vaqtini ayag‘animdek, qalamni ham bu g‘idi-bididan ozod qilishni muvofiq ko‘rdim. Meni kechirsinlar.
Zaynab xafaligi oshqan kezlarda qarindosh-urug‘lari-nikiga yurib chigilini yeshar edi. Uch-to‘rt oyning ichida ikki martaba egachisi Xushro‘ynikida ham mehmon bo‘lib ketdi. Ammo hozirgisi uchunchi martaba kelishi edi.
— Nuchuk xudo yarlaqadi! — deb Xushro‘y singlisini qarshiladi. Sunbula oyining mo‘’tadil havosiga qaramasdan Zaynab marjon-marjon terlagan edi.
— Nega muncha o‘zingni oldirib qo‘yding, Zaynab! Uyingdan tinchmisan, ering esonomon yuriptimi?
— Qurib ketsin, — dedi Zaynab va ko‘ziga yosh oldi. Xushro‘y achinish o‘rniga kuldi.
— Kel, ayvong‘a chiq, — dedi, — oyimnikida eding-mi?
— Yo‘q.
— Uyingdan keldingmi?
— Ha.
Xushro‘y singlisini o‘tqazib cho‘risiga choy buyurdi. Fotihadan keyin «pochcham eson, omonmilar?» deb so‘rag‘uchi singlisiga:
— Pochchang o‘lsin! — dedi achchig‘lanib Xush-ro‘y,— Najmiddinbek deganning dalasiga ketkan edi. To‘rt kundan beri dovu daraksiz, o‘ldimi, qoldimi — bilmayman. Zaynab uch-to‘rt oyning ichida kishi tanimasliq holga tushkan edi. Ilgarigi to‘lalig‘ining yarmisini yo‘qotqanidek tusiga qarimsiqlik kirgan, ko‘z harakatida ham bir besaranjomliq zohir va bularning ustiga har qachon unda ko‘rilgan «og‘irliq» o‘rniga asabiylikka yaqin bir vaziyat o‘lturg‘andek edi. Zaynab egachisining haligi gapiga rizosizliq bildirdi:
— Noshukur ekansiz, opa, — dedi, — pochchamdan nolishingiz yaxshi emas, sizning ham boshingizg‘a manim kunimni solsa nima qilar edingiz?
— Men ham Zaynab bo‘lsam, albatta solar edi, — deb kuldi Xushro‘y, — menga qolsa har kim o‘z nafsiga yaxshiliq yoki yomonliqni o‘zi hozirlaydir...
— Tavba deng, opa.
— Men shu choqg‘acha, — dedi Xushro‘y, — bandasiga bosh egishni va bandasi oldida tavba qilishni or bildim va orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim...
— Katta gapirmang.
— Katta gapirsam va gapirmasam, — dedi Xushro‘y,— manim fe’lim har kimga ma’lum va hammadan ham senga ochiq... Qo‘ychi bu gaplarni, o‘zing tinchmisan?
— Tinchligim qursin...
— Aytsang, aytmasang, — dedi opasi, — albatta tinchliging qurig‘an.
— Quritg‘an qurisin...
— Sening tinchlig‘ingni hech kim quritg‘an emas, Zaynab! Hamma jabrni o‘zingo‘ zingga qilayapsan!
— Hamisha shu gapni aytib qolg‘ansiz,— deb o‘pkaladi Zaynab,— dunyoda kim o‘ziga jabrni xohlaydir?
— Sen va senga o‘xshag‘anlar.
— Xudo urar...
— Aytsang, aytmasang xudo urib qo‘yipti.
— Shunday kunlarga men qolay dedimmi?
— Degansan!
Zaynab opasining istehzolik yuziga qaradi va uning nima demakchi bo‘lg‘anig‘a tushunolmadi:
— Degan bo‘lsam ayting...
— Sen manim qanday qilib erga tekkanimni bilasanmi?
— Bilaman...
— Bilsang bilganingcha tur, — dedi Xushro‘y, — endi kelaylik sening erga tegishingga: albatta tona olmassan, sening er qilishda tariqcha ixtiyoring va rizolig‘ing yo‘q edi, ehtimolki ixtiyor nima, orzu nima o‘zing ham payqamas eding. Balki ixtiyor va orzularing ham bo‘lg‘andir — biroq uni hech kim maydonda ko‘rmas edi. Shuning uchun tizgining oying bilan dadangning qo‘lida, boshqacha aytkanda ularning tuyaga ortqan yuki, kimga sotsa, qayerg‘a jo‘natsa ixtiyorsiz eding... Yodingda bormi, nikoh kunim men kulib, chaqchaqlab aravaga mindim, sen bo‘lsang, uydan yig‘lab chiqding va eringnikiga yig‘lab bording... Yaxshi, ering senga yoqdi, ammo ering faqat senga yoqqan bilan ish bitmasligini yana xotiringga keltirmading. Ering seni tashlab qo‘ydi, sen churq etmading, istiqboling to‘g‘risida o‘ylamading... Faqat g‘alvir suvdan ko‘tarilgandan so‘nggina, sen o‘zingni har tarafka tashlay boshlading... Lekin endi bir ming toblansang ham natija o‘zingning fe’lingcha— bitta: sening uchun har kun bir o‘lim yoki o‘sha uydan boshingni olib chiqish.
Xushro‘yning rahmsiz muhokamasidan oqg‘an bu haqiqatlar Zaynabni yig‘latdi.
— Men shunday bo‘lar, deb o‘ylamag‘an edim...
— Sen o‘ylashni bilarmiding? — deb kuldi Xushro‘y.
— Birav o‘lay desa, siz kulasiz!
— Men yig‘lashni bilmayman! Kishilar yig‘lag‘anda, manim kulgim qistaydir.
— Manim o‘rnimda bo‘lsangiz, siz ham yig‘idan bosh ko‘tarmas edingiz...
— Sening yeringda bo‘lsam bilasanmi nima qilar edim, Zaynab, — dedi Xushro‘y, — dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qo‘shib tashlar edim.
Zaynab keyingi gap bilan egachisining yuziga ko‘ta-rilib qaradi va Xushro‘yning yuzida zolimona bir istehzo ko‘rdi.
— Yaxshi, — dedi Zaynab bir xil siniq tovushda, — hamma do‘stlaringiz sizga dushman bo‘lsin, uch yildan beri sizning so‘zingizni aytib yoningizda kelgan qayin onangiz ham dushmaningiz yonig‘a o‘tsin: hatto sizni tuqg‘an ota-onangiz ham «sabr qil, bolam!» deb quruq so‘z aytib o‘ltursinlar... Bas, shu holatda siz yig‘lamay nima qilar edingiz?
Xushro‘y pinagini buzmay yana kuldi:
— Dushman o‘zi nima degan so‘z? — dedi, — men senga boya ham aytdim: kishining dunyoda do‘sti yo‘q, magar nafsiga o‘zi do‘st; kishining dunyoda dushmani yo‘q, magar nafsiga o‘zi dushman! Masalan sen o‘zing: otangg‘a, onangg‘a do‘stim, deb ishonding, ammo ulardan nima yaxshiliq ko‘rding? Bu kun ularning «sabr qil, bolam!» deb bergan kengashlari sening yarangga malham bo‘larmi? Albatta, bo‘lmas. Boshdayoq ering senga qaramay qo‘ydi. Ammo sen qayin onangning va’dasiga va tag‘in allanarsalariga ishonding... O‘zing o‘yla, bolani ona tug‘adir, lekin unga muhabbatni ham ona tug‘ib beradimi? Albatta bu mumkin emas. Sen bechora shunga ham ishonding. Endi gap nima? Otang senga sabr yediradir, qayin onang bo‘lsa kundashing duosida... sen bo‘lsang yig‘i quchog‘ida...
— Sizdan o‘zimni chaqdirg‘ali kelgan emasman! — dedi yig‘lag‘an ko‘yi Zaynab, — o‘z uyimda ham tegmay chaqadirg‘an gazandalarim bor... Siz ham manim kuygan jonimga o‘t yoqmang-da, agar qo‘lingizdan kelsa, bu o‘rtang‘an singlingizni tinchiting.
— Sen hech tinchiy olmaysan...
— Har narsaga aqlingiz yetadi... Loaqal bu baxtsiz singlingiz uchun birgina bosh og‘ritsangiz-chi... Ustimga shu balo kelgandan beri eshigingizga necha qayta kelib quruq qaytdim, endigina siz ham...
Xushro‘y bir oz Zaynabning yuziga qarab turg‘andan keyin:
— Manim kengashimga yurasanmi? — deb so‘radi.
— Jo‘yalik bo‘lsa nega yurmay.
— Yursang, — dedi Xushro‘y, — chiq eringdan.
Zaynab o‘krab yubordi:
— O‘zim ham shundog‘ deyarsiz, deb turg‘an edim...
Xushro‘y:
— Negaki sening dardingning davosi, menga qolsa faqat shu.
— Qanday qilib chiqay, axir...
— Erdan chiqg‘anlar qanday qilsa, sen ham shunday qilasan!
Zaynab javob bermadi. Cho‘ri xotin o‘rtag‘a dastur-xon yozib choy keltirdi, Xushro‘y xizmatchini o‘choqboshi yumishlariga buyurib choyni o‘zi quydi.
 — Dasturxonga qara, Zaynab!
— Ishtihom bo‘g‘ildi...
— Manim aytkanimni qilsang ishtihong ham ochiladir.
— Erim... erimni ko‘zim qanday qiysin.
— Javob so‘rasang, — dedi kulib Xushro‘y, — seni taloq qilish uchun eringning ko‘zi qiyadimi?
— Bilmayman...
— Albatta yaxshi bilasan, qiyadi! Ammo sen ahmoq-san, ko‘rpangga qarab oyoq uzatishni, qars ikki qo‘ldan chiqishini bilmaysan!
— Etagingni qoqib ketaber, deysizmi?
— Chunki shundan boshqa chorang yo‘q!
— Sen hasratda o‘l, kundashing yayrab-yashnasin, shumi maqsadingiz?
— Hozir hasratda emasmisan, kundashing yayramaydimi?
— Tuzik, — dedi Zaynab, — lekin har qadamda uning huzurini buzaman, bir cho‘qitib o‘n qarataman.
Xushro‘y kuldi:
— Bundan nima chiqadi?
— Ishqilib kelgindini tinchitmayman.
— Sen tinchitmasang, — dedi Xushro‘y, — boshqalar seni tinchitar...
— U nima deganingiz?
— Ya’ni rohatini buzaversang, ering seni qo‘yar?..
Zaynab bu haqiqat oldida o‘ylanib qoldi. Xushro‘y o‘zining vahshiy ko‘zlari bilan singlisiga qarab kulimsi-rar edi. Bu kulimsirash orasi «qo‘lingdan nima keladi?» degandek bo‘lar edi. Zaynabning tusi shu choqg‘acha ko‘rilmagan ravishda o‘zgarib ketdi. Negadir tinmay oqib turg‘an ko‘z yoshisi ham quridi va tovshida ham hanuz eshitilmagan keskin bir ohang bor edi:
— Esimni kiritdingiz, opa, — dedi, — rahmat sizga.
— Rahmatingni menga aytma, — dedi Xushro‘y, — ishonsang yuragingga aytarsan...