Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (2006)

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (2006)
320491Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida2006

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

MUALLIFLIK HUQUQI VA TURDOSH HUQUQLAR TO‘G‘RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan

2006-yil 23-martda qabul qilingan

Senat tomonidan 2006-yil 9-iyunda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

edit

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi fan, adabiyot va san’at asarlarini (mualliflik huquqi), ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlarini (turdosh huquqlar) yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilik

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

asar nusxasi — asarning har qanday moddiy shaklda tayyorlangan ko‘chirmasi;

asarni omma oldida namoyish etish — asarning asl nusxasi yoki nusxasini bevosita yoxud plyonka, diapozitiv, televizion kadr yordamida yoki biron-bir boshqa texnika vositalari orqali ekranda ko‘rsatish, shuningdek audiovizual asarning ayrim kadrlarini ularning ketma-ketligiga rioya etmasdan omma uchun ochiq joyda yoki ayni bir oila a’zolari bo‘lmagan shaxslarning keng doirasi hozir bo‘lgan joyda ko‘rsatish;

asarni oshkor qilish — muallifning roziligi bilan amalga oshirilgan, asarni chop etish, omma oldida namoyish etish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish yoki boshqacha usulda yuborish yo‘li bilan ilk bor asardan barchaning voqif bo‘lishi uchun imkon beradigan harakat;

audiovizual asar — bir-biri bilan bog‘langan (ovoz jo‘rligida yoki ovoz jo‘rligisiz) tasvirlarning yozib olingan turkumidan iborat bo‘lgan, tegishli texnika vositalari yordamida ko‘rib va eshitib (ovoz jo‘rligida bo‘lganida) idrok etish uchun mo‘ljallangan asar, shu jumladan dastlabki yoki keyingi qayd etish usulidan qat’i nazar kinematografiya asarlari va kinematografiyanikiga o‘xshash vositalar bilan ifodalangan barcha asarlar (tele- va videofilmlar, diafilmlar, slaydfilmlar hamda boshqa asarlar);

audiovizual asarni tayyorlovchi — shunday asarni tayyorlash tashabbusi va mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

barchaning e’tiboriga yetkazish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini simlar yoki simsiz aloqa vositalari orqali telekommunikatsiya tizimlaridan foydalanuvchilar o‘z tanloviga ko‘ra istalgan joyda va istalgan vaqtda ulardan foydalana olishi mumkin bo‘lgan tarzda barchaning e’tibori uchun yuborish;

barchaning e’tibori uchun yuborish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini efirga uzatish, kabel orqali yuborish, shuningdek ularni yuborish joyida vakillari bo‘lmagan omma eshitib va (yoki) ko‘rib idrok etishi uchun, shu tarzda eshitish yoki ko‘rish mumkin bo‘lgan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektlari amalda idrok etilishi-etilmasligidan qat’i nazar, har qanday boshqacha usullarda yetkazish (nusxalarni tarqatish bundan mustasno);

yozuv — ovozlar va (yoki) tasvirlarni qayta-qayta idrok etish, takrorlash yoki yuborish imkonini beradigan biron-bir moddiy shaklda texnika vositalari yordamida qayd etish;

ijro — asarni (shu jumladan xalq ijodiyoti asarini), fonogrammani, ijroni, sahna asarini o‘yin, ifodali o‘qish, kuylash, raqsga tushish orqali jonli ijro yoki texnika vositalari yordamida takdim etish;

ijrochi — aktyor, xonanda, sozanda, raqqos yoki rol o‘ynaydigan, kuylaydigan, o‘qiydigan, ifodali o‘qiydigan, raqsga tushadigan, talqin etadigan, musiqa asbobini chaladigan yoxud adabiyot yoki san’at asarini (shu jumladan xalq ijodiyoti asarini) o‘zgacha tarzda ijro etadigan boshqa jismoniy shaxs, shuningdek spektaklning sahnalashtiruvchi rejissori va dirijyor;

kabel orqali yuborish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini kabel, sim yoki shunga o‘xshash vositalar yordamida barchaning e’tibori uchun yuborish;

manzarali-amaliy san’at asari — asl nusxalari yoki nusxalari amalda foydalanish ashyolari sifatida qo‘llaniladigan yoki ana shunday ashyolarga ko‘chirilgan ikki o‘lchovli yoki uch o‘lchovli san’at asari, shu jumladan badiiy hunarmandchilik asari yoki sanoat usulida tayyorlangan asar;

ma’lumotlar bazasi — obyektiv shaklda ifodalangan va elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) yordamida topish hamda ishlov berish mumkin bo‘ladigan tarzda bir tizimga solingan ma’lumotlar (maqolalar, hisob-kitoblar va shu kabilar) majmui;

muallif — ijodiy mehnati bilan asar yaratgan jismoniy shaxs;

omma oldida ijro etish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini ijro etish yoki ma’lum qilishning har qanday boshqa shakli vositasida, bevosita yoki texnika vositalari yordamida, omma uchun ochiq joyda yoki ayni bir oila a’zolari bo‘lmagan shaxslarning keng doirasi hozir bo‘lgan joyda eshitib va (yoki) ko‘rib idrok etish uchun yetkazish;

prokatga berish — asarlarning asl nusxasini yoki nusxalarini yoxud turdosh huquqlar obyektlarini daromad olish maqsadida vaqtinchalik foydalanish uchun berish;

reprografik takrorlash — fotoko‘chirmasini olish yo‘li bilan yoki boshqa texnika vositalari yordamida yozma va boshqa asarlarning asl nusxalarini yoki ularning ko‘chirmalarini bir yoki undan ko‘p nusxada, har qanday o‘lchamda va shaklda faksimil takrorlash, tasviriy san’at asarlari reproduksiyalarini bosmaxona usullaridan foydalangan holda tayyorlash hollari bundan mustasno. Reprografik takrorlash mazkur ko‘chirmalarni raqamli shaklda saqlash yoki ko‘paytirishni o‘z ichiga olmaydi, reprografik takrorlash uchun foydalaniladigan texnika vositalarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq muvaqqat ko‘chirma nusxalar yaratish hollari bundan mustasno;

retranslatsiya — efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi bir tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishini efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi boshqa tashkilot tomonidan bir vaqtda efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish;

takrorlash — asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining yoxud ulardan bir qismining har qanday usulda va har qanday moddiy shaklda bir yoki undan ko‘p nusxalarini tayyorlash, shu jumladan ikki o‘lchovli asarning bir yoxud undan ko‘p nusxalarini uch o‘lchovda hamda uch o‘lchovli asarning bir yoki undan ko‘p nusxalarini ikki o‘lchovda tayyorlash, EHM va boshqa elektron qurilmalar xotirasiga yozib olish;

fonogramma — biron-bir ijroning, boshqa ovozlarning har qanday mutlaqo ovozli yozuvi, audiovizual asarga kiritilgan ovozli yozuv bundan mustasno;

fonogramma nusxasi — har qanday moddiy jismdagi, fonogrammadan bevosita yoki bilvosita tayyorlangan va shu fonogrammada qayd etilgan ovozlarning hammasini yoxud bir qismini qamrab olgan fonogramma ko‘chirmasi;

fonogrammani tayyorlovchi — ijroning yoki boshqa ovozlarning birinchi ovozli yozuvi uchun tashabbus va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

xalq ijodiyoti asarlari — aniq muallifi bo‘lmagan ertaklar, qo‘shiqlar, raqslar, manzarali-amaliy san’at asarlari hamda badiiy va havaskorlik xalq ijodiyotining boshqa natijalari;

chop etish — asarning, ijro yozuvining yoki fonogrammaning xususiyatidan kelib chiqqan holda ommaning oqilona ehtiyojlarini qondirish uchun yetarlicha miqdorda asarning, ijro yozuvining yoki fonogrammaning nusxalarini asar muallifining, ijrochining yoki fonogrammani tayyorlovchining roziligi bilan muomalaga chiqarish;

efirga uzatish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini radio yoki televideniye, shu jumladan sun’iy yo‘ldoshlar (kabel televideniyesi bundan mustasno) orqali uzatish vositasida barchaning e’tibori uchun yuborish. Asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini sun’iy yo‘ldosh orqali efirga uzatish deganda signallarni erdagi stansiyadan sun’iy yo‘ldoshga qabul qilish va sun’iy yo‘ldoshdan signallarni uzatish tushuniladi, ular vositasida asar yoki turdosh huquqlar obyektlari, ularni omma amalda qabul qilishidan qat’i nazar, barchaning e’tiboriga yetkazilishi mumkin;

efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot — efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish uchun tashabbus va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan hamda ularni belgilangan tartibda amalga oshiruvchi shaxs;

efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishi — efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘zi tomonidan, shuningdek uning buyurtmasi bo‘yicha va uning mablag‘lari hisobiga boshqa tashkilot tomonidan yaratilgan ko‘rsatuv yoki eshittirish;

huquq egasi — mualliflik huquqiga nisbatan muallif yoki uning merosxo‘rlari, turdosh huquqlarga nisbatan ijrochi yoki uning merosxo‘rlari, fonogrammani tayyorlovchi, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot, shuningdek shartnomada yoki ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa asos bo‘yicha asarlardan yoxud turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish huquqini olgan boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar.

2-bob. Mualliflik huquqi

edit

4-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi

Ushbu Qonunga muvofiq mualliflik huquqi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy turish joyiga ega bo‘lgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga;

mualliflarining fuqaroligi va doimiy turish joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi.

Agar asar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga O‘zbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davlatning qonuni bilan aniqlanadi.

5-modda. Mualliflik huquqi obyekti

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi:

yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo);

og‘zaki (omma oldida so‘zlash, omma oldida ijro etish va hokazo);

ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo);

tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo);

hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo); boshqa shakllardagi.

Mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

6-modda. Mualliflik huquqi obyektlari bo‘lgan asarlar

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlaridir:

adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);

drama va ssenariy asarlari;

matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;

musiqali drama asarlari;

xoreografiya asarlari va pantomimalar;

audiovizual asarlar;

rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari;

manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;

arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;

fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;

jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;

barcha turdagi EHM uchun dasturlar, shu jumladan har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda, chunonchi boshlang‘ich matn hamda obyekt kodida ifodalanishi mumkin bo‘lgan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;

ushbu Qonunning 5-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan boshqa asarlar.

7-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar

Ushbu Qonunning 5-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan:

asarning mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qismlari (shu jumladan uning nomi);

hosila asarlar (tarjimalar, ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar, soddalashtirishlar hamda fan, adabiyot va san’at asarlarining boshqa qayta ishlanmalari);

to‘plamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, ma’lumotlar bazalari) va materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga ko‘ra ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan boshqa jamlama asarlar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanadi.

Hosila va jamlama asarlar, ularning yaratilishi uchun asos bo‘lgan yoki ularning tarkibiga kirgan asarlar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, mualliflik huquqi bilan muhofaza qilinadi.

8-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lmaydi: rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar, to‘xtamlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;

rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);

xalq ijodiyoti asarlari;

oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;

insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

9-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga bo‘lgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir.

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasini ishlab chiqqan shaxs, agar bunday loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlangan bo‘lmasa, o‘zi yaratgan loyihani chop etishga haqlidir. Loyihani chop etishda uni ishlab chiqqan shaxs o‘z ismi-sharifini ko‘rsatishga haqlidir.

Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasidan, agar loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan chop etilgan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.

Loyiha asosida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Vakolatli organ loyiha asosidagi rasmiy hujjat, ramz yoki belgini qabul qilganidan (tasdiqlaganidan) keyin mazkur rasmiy hujjat, ramz yoki belgidan loyihani ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalaniladi.

10-modda. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi. Mualliflik prezumpsiyasi

Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Asarning asl nusxasida yoki nusxasida muallif sifatida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, asar muallifi hisoblanadi.

Asar imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarni chop etgan, asarda ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilgan noshir, agar boshqa dalillar bo‘lmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash huquqiga egadir. Bu qoida bunday asar muallifi o‘z shaxsini oshkor etguniga va o‘zining muallif ekanligini ma’lum qilguniga qadar amalda bo‘ladi.

11-modda. Mualliflik huquqining muhofaza belgilari

Mutlaq mualliflik huquqlari egasi o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun mualliflik huquqining muhofaza belgisidan foydalanishi mumkin bo‘lib, bu belgi asarning har bir nusxasida aks ettiriladi va quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “S” harfi;

mutlaq mualliflik huquqlari egasining ismi-sharifi (nomi);

asar birinchi marta chop etilgan yil.

Mualliflik huquqining muhofaza belgisida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlangan bo‘lmasa, mutlaq mualliflik huquqlari egasi hisoblanadi.

12-modda. Hammualliflik

Ikki yoki undan ortiq jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.

Agar asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi.

Hammualliflarning har biri, agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir.

Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda, asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Agar hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

13-modda. Hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Hosila asar muallifiga fan, adabiyot va san’at asarining mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan qayta ishlanmasiga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.

Hosila asar muallifi qayta ishlangan asar muallifi huquqlariga rioya etgan taqdirda, o‘zi yaratgan asarga mualliflik huquqidan foydalanadi.

Hosila asar muallifining mualliflik huquqi qayta ishlashga asos bo‘lgan asarni boshqa shaxslar ham o‘zlari qayta ishlashlariga to‘sqinlik qilmaydi.

14-modda. Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Jamlama asar muallifiga (tuzuvchisiga) ijodiy mehnat natijasini ifodalovchi, mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan, materiallarni tanlab olish yoki joylashtirishga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.

Tuzuvchi jamlama asarga kiritilgan asarlardan har birining mualliflari huquqlariga rioya etgan taqdirda, mualliflik huquqidan foydalanadi.

Agar mualliflik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, jamlama asarga kiritilgan asarlarning mualliflari o‘z asarlaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlarini jamlama asardan qat’i nazar saqlab qoladilar.

Tuzuvchining mualliflik huquqi boshqa shaxslarning o‘z jamlama asarlarini yaratish uchun ayni o‘sha materiallarni mustaqil ravishda tanlab olishlariga yoki joylashtirishlariga to‘sqinlik qilmaydi.

15-modda. Audiovizual asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Audiovizual asar mualliflari (hammualliflari) quyidagilardan iboratdir:

sahnalashtiruvchi rejissor;

ssenariy muallifi;

muayyan audiovizual asar uchun maxsus yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asari muallifi;

sahnalashtiruvchi operator;

sahnalashtiruvchi rassom.

Nomi yoki ismi-sharifi tayyorlovchi sifatida asarning asl nusxasida yoxud nusxasida ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqacha hol isbotlangan bo‘lmasa, shu audiovizual asarni tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

Audiovizual asar omma oldida ijro etilgan taqdirda, musiqa asari (matnli yoki matnsiz) muallifi o‘z musiqa asarining omma oldida ijro etilganligi uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.

16-modda. Intervyu mualliflari

Intervyuga bo‘lgan mualliflik huquqi intervyu bergan shaxsga va intervyu olgan shaxsga, agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, hammualliflar sifatida tegishlidir.

Intervyudan foydalanishga faqat intervyu bergan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

17-modda. Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari

Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb e’tirof etilmaydi. Biroq ushbu Qonunda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega bo‘ladilar.

Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda o‘z ismi-sharifi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir. Ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir o‘z ismi-sharifi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.

18-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari

Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:

asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi (mualliflik huquqi);

asardan muallifning haqiqiy ismi-sharifi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismi-sharifini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq);

asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga bo‘lgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi;

asarni, shu jumladan uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).

Muallif asarni oshkor qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilgan qaroridan, asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli ko‘rgan zararlarning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplash sharti bilan, voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Agar asar oshkor qilingan bo‘lsa, muallif uni chaqirib olganligi to‘g‘risida ommaga ma’lum qilishi shart. Bunda u asarning avval tayyorlangan nusxalarini o‘z hisobidan muomaladan olib qo‘yishga haqlidir. Bu qoidalar, agar muallif bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmat asarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar, so‘zboshi, xotima, sharhlar yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi.

Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lib, asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda ham uning o‘zida saqlanib qoladi.

Muallifning o‘z shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida biron-bir shaxs bilan kelishuvi va bu haqdagi arizasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

19-modda. Muallifning mulkiy huquqlari

Muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega.

Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

asarni takrorlash (takrorlash huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);

tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);

asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);

asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi); asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);

asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);

asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);

asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).

Muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqi) ega.

Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish orqali fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularni kelgusida muallifning roziligisiz va unga haq to‘lamasdan tarqatishga yo‘l qo‘yiladi, ushbu Qonun 23-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.

Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.

Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.

20-modda. Muallifning ayrim mulkiy huquqlarining o‘ziga xos xususiyatlari

Muallifning asarni tarjima qilishga va qayta ishlashga bo‘lgan mutlaq huquqlari tarjima qilingan yoki qayta ishlangan asarga nisbatan ushbu Qonun 19-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini o‘z ichiga oladi.

Muallifning dizaynerlik, arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish loyihalaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari bunday loyihalarni amalda ro‘yobga chiqarishni ham o‘z ichiga oladi. Qabul qilingan arxitektura loyihasining muallifi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachidan qurilishga doir hujjatlarni ishlab chiqish hamda bino yoki inshootni qurish chog‘ida o‘z loyihasini ro‘yobga chiqarishda qatnashish huquqini berishni talab qilishga haqlidir.

21-modda. Prokatga berish huquqi

Audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar, fonogrammaga yozilgan asarlar mualliflari asarning asl nusxasini yoki nusxasini prokatga berishga ruxsat etishda mutlaq huquqqa ega. Ushbu qismning qoidalari audiovizual asarlarga nisbatan, agar faqat shunday prokat ana shu asarlarni takrorlashga bo‘lgan mutlaq huquqqa jiddiy zarar yetkazadigan keng ko‘lamli takrorlashga olib kelmasa, shuningdek EHM uchun dasturlarga nisbatan, agar EHM uchun dasturning o‘zi prokatning asosiy obyekti bo‘lmasa, qo‘llanilmaydi.

Fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda muallif, fonogramma yoki audiovizual asarni prokatga berish huquqi fonogrammani tayyorlovchiga yoki audiovizual asarni tayyorlovchiga o‘tkazilganligiga qaramay, fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarining prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi. Mazkur haqning eng kam miqdori, uni to‘lash shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

22-modda. Asarlarni saqlash uchun topshirish

Agar asar saqlash uchun har kimning foydalanishi mumkin bo‘lgan saqlov joyiga (depozitariyga) topshirilgan bo‘lsa va depozitariy bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra mazkur depozitariyga murojaat etadigan har qanday shaxsning asar nusxasini olishi mumkin bo‘lsa, asardan bu tarzda foydalanish asarlarning qo‘lyozmalarini, har qanday moddiy jismdagi boshqa asarlarni saqlash uchun topshirish deb e’tirof etiladi.

Asarni saqlash uchun topshirish mutlaq mualliflik huquqi egasining depozitariy bilan tuzilgan, asardan foydalanish shartlarini belgilovchi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday shartnoma va depozitariyning foydalanuvchi bilan tuzgan shartnomasi ommaviy shartnomadir.

23-modda. Tasviriy san’at asarlaridan foydalanish huquqi. Ergashma huquq

Tasviriy san’at asarining muallifi asar mulkdoridan o‘z asarlarini takrorlash huquqini (foydalanish huquqini) amalga oshirish imkoniyatini berishni talab qilishga haqlidir. Bunda asar mulkdoridan asarni muallifga yetkazib berishni talab qilish mumkin emas.

Tasviriy san’at asariga bo‘lgan mulk huquqining muallifdan boshqa shaxsga (haq evaziga yoki tekin) o‘tishi bu asarning dastlabki sotilishini bildiradi.

Tasviriy san’at asarini oldingi narxdan kamida yigirma foiz yuqori narx bo‘yicha oshkora qayta sotishning (kimoshdi savdosi, tasviriy san’at galereyasi, badiiy salon, do‘kon va hokazo orqali) har bir holatida muallif sotuvchidan qayta sotish narxining besh foizi miqdorida haq olish huquqiga ega (ergashma huquq). Mazkur huquq boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va faqat muallifning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga mualliflik huquqining amal qilish muddatiga o‘tadi.

24-modda. Mualliflik huquqlarining cheklanishi

Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga ushbu Qonunning 25—33-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

25-modda. Asarlarni muallifning roziligisiz va haq to‘lamasdan shaxsiy maqsadlarda takrorlash

Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi, ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalari:

binolar va inshootlar shaklidagi arxitektura asarlarini takrorlashga;

ma’lumotlar bazalarini yoki ularning muhim qismlarini takrorlashga;

qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun dasturlarni takrorlashga;

kitoblarni (to‘laligicha) va notali matnlarni reprografik takrorlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

26-modda. Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish

Asardan muallifning ismi-sharifini va olingan manbaini albatta ko‘rsatgan holda hamda asardan normal foydalanilishiga zarar yetkazmaslik va muallifning qonuniy manfaatlariga putur yetkazmaslik sharti bilan quyidagi tarzda erkin foydalanishga yo‘l qo‘yiladi:

oshkor qilingan asarlardan asl nusxada va tarjimada ilmiy, tadqiqiy, munozaraviy, tanqidiy hamda reklama bilan bog‘liq bo‘lmagan axborot maqsadlarida ko‘zlangan maqsadga mos hajmda iqtibos olish, shu jumladan gazeta va jurnallardagi maqolalardan parchalarni matbuot sharhlari shaklida takrorlash;

oshkor qilingan asarlardan yoki bunday asarlarning parchalaridan ta’lim va o‘quv tusidagi nashrlarda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda, ovozli va video yozuvlarda ko‘zlangan maqsadga mos hajmda misollar tariqasida foydalanish;

kundalik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diniy masalalar yuzasidan gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar yoki efirga uzatilgan yoxud kabel orqali yuborilgan shu tusdagi asarlarni gazetalarda takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, shunday foydalanish muallif tomonidan maxsus taqiqlangan hollar bundan mustasno;

omma oldida so‘zlangan siyosiy nutqlar, murojaatlar, ma’ruzalar va shunga o‘xshash asarlarni ko‘zlangan maqsadga mos hajmda gazetalarda takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish. Bunda ana shunday asarlarni to‘plamlarda chop etish huquqi muallifda saqlanib qoladi;

kundalik voqealar jarayonida ko‘rish yoki eshitish mumkin bo‘lgan asarlarni ana shunday voqealarning sharhlarida fotografiya yoki kinematografiya vositalari yordamida efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish yo‘li bilan axborot maqsadiga mos hajmda takrorlash yoki barchaning e’tibori uchun yuborish. Bunda ana shunday asarlarni to‘plamlarda chop etish huquqi muallifda saqlanib qoladi;

daromad olishni ko‘zlamagan holda ko‘zi ojizlar uchun qabariq nuqtali harflar yoki boshqa usullar bilan chop etilgan asarlarni takrorlash, ana shunday takrorlash usullari uchun maxsus yaratilgan asarlar bundan mustasno.

Fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan asarlarning nusxalarini axborot-kutubxona muassasalari tomonidan vaqtinchalik foydalanishga muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda berishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda mualliflik huquqi obyektlari bo‘lgan, raqamli shaklda ifodalangan asarlarning nusxalari, shu jumladan axborot-kutubxona muassasalarining resurslaridan o‘zaro foydalanish tartibida beriladigan asarlarning nusxalari bu asarlarning raqamli shakldagi ko‘chirma nusxalarini yaratish imkoniyatini istisno etish sharti bilan faqat axborot-kutubxona muassasalarining binolarida vaqtinchalik foydalanishga berilishi mumkin.

27-modda. Asarlardan reprografik takrorlash yo‘li bilan foydalanish

Daromad olishni ko‘zlamagan holda, muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda, lekin asaridan foydalanilayotgan muallifning ismi-sharifini va olingan manbaini albatta ko‘rsatgan tarzda:

axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan — asarning yo‘qolgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan nusxalarini tiklash, almashtirish uchun, shuningdek o‘z fondlaridan bu asarlarni biron sabab bilan yo‘qotgan boshqa axborot-kutubxona muassasalariga, arxivlarga va idoraviy arxivlarga asarlarning nusxalarini berish uchun chop etilgan asarni;

axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan fuqarolarning o‘quv va tadqiqot maqsadlaridagi so‘rovlari bo‘yicha, shuningdek ta’lim muassasalari tomonidan auditoriya mashg‘ulotlari uchun to‘plamlarda, gazetalar va boshqa davriy nashrlarda chop etilgan ayrim maqolalar va kichik hajmli asarlarni, chop etilgan yozma asarlardan (suratli yoki suratsiz) qisqa parchalarni bir nusxada reprografik takrorlashga yo‘l qo‘yiladi.

28-modda. Hamma bemalol bora oladigan joylarda doimiy joylashgan asarlardan erkin foydalanish

Hamma bemalol bora oladigan joyda doimiy joylashgan arxitektura, fotografiya, tasviriy san’at asarlarini muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishga yo‘l qo‘yiladi. Bu qoida asarning tasviri shunday takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishning asosiy obyekti bo‘lgan hollarga, shuningdek asarning tasviridan tijorat maqsadlarida foydalaniladigan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

29-modda. Asarlarni omma oldida erkin ijro etish

Chop etilgan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lamagan holda omma oldida ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.

30-modda. Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish

Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlarini ko‘zlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lamagan holda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

31-modda. Efir orqali ko‘rsatuv yoki eshittirish beruvchi tashkilotlar tomonidan qisqa muddat foydalanish uchun erkin yozib olish

Efir orqali ko‘rsatuv yoki eshittirish beruvchi tashkilot o‘zi efirga uzatish huquqini olgan asarni muallifning roziligisiz va qo‘shimcha haq to‘lamagan holda o‘z uskunalari yordamida hamda o‘z ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari uchun amalga oshirish sharti bilan qisqa muddat foydalanish uchun yozib olishi mumkin. Agar bunday yozuvni saqlashning uzoqroq muddati muallif bilan kelishilgan bo‘lmasa, tashkilot uni tayyorlanganidan keyin olti oy ichida yo‘q qilib yuborishi shart. Agar bunday yozuv faqat hujjatli tusda bo‘lsa, yozuv asar muallifining roziligisiz arxivlarda va idoraviy arxivlarda saqlanishi mumkin.

32-modda. EHM uchun dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini erkin takrorlash va soddalashtirish

EHM uchun dasturning yoki ma’lumotlar bazasining nusxasiga qonuniy ega bo‘lgan shaxsning keyinchalik shaxsiy foydalanish maqsadida EHM uchun dasturni yoki ma’lumotlar bazasini erkin takrorlashga va soddalashtirishga bo‘lgan huquqi qonun bilan belgilanadi.

33-modda. Shaxsiy maqsadlarda takrorlaganlik uchun haq to‘lash

Audiovizual asarni yoki fonogrammani daromad olmasdan faqat shaxsiy maqsadlar uchun asar muallifining, ijrochining, fonogrammani va audiovizual asarni tayyorlovchining roziligisiz, lekin ularga haq to‘lagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi. Haq bunday takrorlash uchun foydalaniladigan uskunalarni (audio- hamda videomagnitofonlar va boshqa uskunalarni) hamda moddiy jismlarni (ovozli va (yoki) video plyonkalar va kassetalar, kompakt disklar va boshqa moddiy jismlarni) tayyorlovchilar va import qiluvchilar tomonidan to‘lanadi.

Tayyorlanadigan va import qilinadigan uskunalar hamda moddiy jismlar ro‘yxati, shuningdek yig‘iladigan haq stavkalari, uni yig‘ish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan haqni yig‘ish va taqsimlash mualliflar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning biri tomonidan ana shu tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Agar ushbu kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ko‘rsatib o‘tilgan haq quyidagi nisbatda taqsimlanadi: qirq foizi — mualliflarga, o‘ttiz foizi — ijrochilarga, o‘ttiz foizi — fonogrammalar va (yoki) audiovizual asarlarni tayyorlovchilarga.

Ushbu moddada nazarda tutilgan haqni yig‘ish va taqsimlash tartibini tekshirish hamda nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Eksport narsasi hisoblanadigan uskunalar hamda moddiy jismlarga, shuningdek uy sharoitlarida foydalanish uchun mo‘ljallanmagan professional uskunalarga tatbiqan yig‘im amalga oshirilmaydi va haq to‘lanmaydi.

34-modda. Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi

Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) bo‘lgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari asar muallifida saqlanib qoladi.

Xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish beruvchiga tegishlidir.

Xizmat asaridan foydalanishning har bir turi uchun mualliflik haqi miqdori va uni to‘lash tartibi muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’i nazar, muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.

Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi. Ish beruvchi xizmat asaridan har qanday tarzda foydalanishda o‘z nomini ko‘rsatishga yoxud uni ko‘rsatishni talab qilishga haqlidir.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshiriqlarini bajarish yo‘sinida ushbu Qonun 17-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlar, davriy va davomli ilmiy ishlar to‘plamlari, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlarning yaratilishiga ushbu moddaning qoidalari tatbiq etilmaydi.

35-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddati

Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.

Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Mualliflik huquqi, mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.

Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.

36-modda. Mualliflik huquqining meros bo‘yicha o‘tishi

Muallifning mulkiy huquqlari meros bo‘yicha o‘tadi.

Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari meros bo‘yicha o‘tmaydi. Muallifning merosxo‘rlari ko‘rsatilgan huquqlarni himoya qilishga haqlidir. Merosxo‘rlarning ushbu huquqlari muddat bilan cheklanmaydi.

Muallifning merosxo‘rlari bo‘lmagan taqdirda, uning shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilish maxsus vakolatli davlat organi zimmasiga yuklanadi.

Agar asarga bo‘lgan mualliflik huquqi bir necha merosxo‘rga birgalikda tegishli bo‘lsa, asardan foydalanish tartibi ular o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi. Bunda merosxo‘rlardan hech biri boshqa merosxo‘rlarning asardan foydalanishini yetarli asoslarsiz taqiqlashga haqli emas.

37-modda. Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi

Asarlarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddatining tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.

Ijtimoiy mulk bo‘lgan asarlardan har qanday shaxs mualliflik haqini to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak.

38-modda. Mualliflik shartnomasi

Ushbu Qonun 19-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yo‘li bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, ushbu Qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.

Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.

Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.

Mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mutlaq bo‘lmagan huquqlar hisoblanadi.

Asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq emas.

Moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga bo‘lgan biron-bir mualliflik huquqining o‘z-o‘zidan boshqa shaxsga o‘tkazilishiga sabab bo‘lmaydi.

39-modda. Mualliflik shartnomasi shartlari

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladigan konkret huquqlar);

asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.

Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan huquqning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Boshqa shaxsga o‘tkazilishi mualliflik shartnomasida bevosita nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazilmagan deb hisoblanadi. Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi mavzusi bo‘lishi mumkin emas.

To‘lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur mualliflik haqining eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko‘p adadi belgilab qo‘yilishi shart.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilgan huquqlar bunday shartnomada bevosita nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin.

Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Mualliflik shartnomasining ushbu Qonun talablariga zid bo‘lgan shartlari haqiqiy emas.

40-modda. Audiovizual asar yaratish va undan foydalanishga oid mualliflik shartnomasining o‘ziga xos xususiyatlari

Audiovizual asar yaratish va undan foydalanish uchun mualliflik shartnomasini tuzish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu asar mualliflari tomonidan audiovizual asarni tayyorlovchiga takrorlash, tarqatish, prokatga berish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga takroran yuborish, audiovizual asarni barchaning e’tiboriga yetkazish, shuningdek audiovizual asarga subtitr qilish va matnni dublyaj qilish bo‘yicha mutlaq huquqlarning o‘tkazilishiga olib keladi. Ko‘rsatilgan huquqlar audiovizual asarga bo‘lgan mualliflik huquqi amal qiladigan muddat mobaynida amalda bo‘ladi.

Audiovizual asar tarkibiga kiradigan asarlardan foydalanish mualliflik shartnomasi asosida va qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda amalga oshiriladi.

Asarni audiovizual asar tarkibiga kiritishga o‘z roziligini bergan huquq egasi, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, audiovizual asardan foydalanishni taqiqlashga yoki biron-bir tarzda cheklashga haqli emas.

Audiovizual asarga tarkibiy qism bo‘lib kirgan, ham ilgari mavjud bo‘lgan, ham uning ustida ishlash jarayonida yaratilgan asarlarning mualliflari, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida shartlashilgan bo‘lmasa, har biri o‘z asariga nisbatan mualliflik huquqidan foydalanadi.

41-modda. Buyurtmaning mualliflik shartnomasi

Muallif buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha asarni shartnoma shartlariga muvofiq yaratish va uni buyurtmachiga topshirish majburiyatini oladi.

Buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha yaratilgan asarga bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga tegishlidir.

Buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha asardan foydalanish uchun mulkiy huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda, ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalariga rioya qilinishi kerak.

42-modda. Mualliflik shartnomasining shakli

Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari nusxalarini sotishda mualliflik shartnomasi, agar uning shartlari (dasturdan va ma’lumotlar bazasidan foydalanish shartlari) dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxalarida tegishli tarzda bayon qilingan bo‘lsa, yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.

3-bob. Turdosh huquqlar

edit

43-modda. Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi

Ijrochining huquqlari quyidagi shartlardan biriga rioya etilgan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq unga tegishli deb e’tirof etiladi:

ijrochi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lsa;

ijrochining fuqaroligidan qat’i nazar, ijro birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilgan bo‘lsa;

ijro ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalariga muvofiq muhofaza qilinadigan fonogrammaga yozilgan bo‘lsa;

fonogrammaga yozilmagan ijro ushbu moddaning uchinchi qismi qoidasiga muvofiq efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning muhofaza qilinadigan ko‘rsatuv yoki eshittirishiga kiritilgan bo‘lsa.

Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari quyidagi shartlardan biriga rioya etilgan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq unga tegishli deb e’tirof etiladi:

fonogrammani tayyorlovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan eriga ega bo‘lgan yuridik shaxs bo‘lsa;

fonogrammani tayyorlovchining fuqaroligi yoki joylashgan eridan qat’i nazar, fonogramma birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari, agar tashkilot O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan eriga ega bo‘lsa hamda efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishni O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan uzatgichlar yordamida amalga oshirayotgan bo‘lsa, ushbu Qonunga muvofiq mazkur tashkilotga tegishli deb e’tirof etiladi.

Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan turdosh huquqlari ham ushbu Qonunga binoan e’tirof etiladi.

44-modda. Turdosh huquqlar obyektlari

Turdosh huquqlar obyektlari jumlasiga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi.

45-modda. Turdosh huquqlar subyektlari

Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar subyektlaridir.

Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar obyektini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga yetkazishga bo‘lgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.

46-modda. Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari

Fonogrammaga va (yoki) bunday fonogrammaga yozilgan ijroga bo‘lgan mutlaq huquqlar egalari o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin bo‘lib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda aks ettiriladi hamda quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “R” harfi;

mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi-sharifi (nomi);

fonogramma birinchi marta chop etilgan yil.

Nomi yoki ismi-sharifi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqa hol isbotlanmagan bo‘lsa, fonogrammani tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

47-modda. Ijrochining huquqlari

Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir:

ismi-sharifga bo‘lgan huquq;

ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi;

ijrodan har qanday shaklda foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga bo‘lgan huquq.

Ijrochining ijrodan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ijro yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi);

ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki ko‘rsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan bo‘lsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan bo‘lsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi).

Ijrochining ijro yozuvini takrorlashga bo‘lgan mutlaq huquqi quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi: ijroning dastlabki yozuvi ijrochining roziligi bilan amalga oshirilganda;

ijro yozuvini takrorlash ijro yozib olinayotganda ijrochining roziligi qaysi maqsadda olingan bo‘lsa, shu maqsadda amalga oshirilganda;

ijro yozuvini takrorlash ushbu Qonunning 53-moddasi qoidalariga muvofiq tayyorlangan yozuv maqsadida amalga oshirilganda.

Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ijrochining roziligisiz va unga haq to‘lamagan holda ularning bundan buyongi tarqatilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 34-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.

48-modda. Ijrochining huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish

Ijrochining ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrolardan foydalanish uchun ruxsatnomalar ijrochi tomonidan, ijrochilar jamoasi ijro etganda esa ijrochilar jamoasining vakolatli vakili tomonidan yozma shartnoma tuzish orqali beriladi.

Ijrodan foydalanganlik uchun haq miqdori va uni hisoblab chiqarish tartibi ijrochining yoki ijrochilar jamoasi vakolatli vakilining foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnomasida, bunday haqni yig‘ish ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan hollarda esa bunday tashkilotlar foydalanuvchilar bilan tuzadigan shartnomalarda belgilab qo‘yiladi.

Audiovizual asar yaratish to‘g‘risida ijrochi va audiovizual asarni tayyorlovchi o‘rtasida shartnoma tuzilishi ijrochi tomonidan ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlar o‘tkazilishiga sabab bo‘ladi. Ijrochi tomonidan bunday huquqlarning o‘tkazilishi audiovizual asardan foydalanish bilan cheklanadi va, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, audiovizual asarda qayd etilgan ovoz yoki tasvirdan alohida-alohida foydalanish huquqlarini o‘z ichiga olmaydi.

49-modda. Ijro yozuvini prokatga berish huquqi

Tijorat maqsadlarida chop etilgan, ijrosi ijrochi ishtirokida yozib olingan fonogrammani prokatga berish huquqi ijroni fonogrammaga yozib olish to‘g‘risida shartnoma tuzilganda fonogrammani tayyorlovchiga o‘tadi. Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma nusxalarini prokatga berishda ijrosi fonogrammaga yozib olingan ijrochi bunday fonogramma nusxalari prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.

Tijorat maqsadlarida chop etilgan audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda ijrosi audiovizual asarga kiritilgan ijrochi bunday audiovizual asar nusxalarining prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.

Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda haqni yig‘ish va taqsimlash ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Haq miqdori bunday tashkilot bilan prokatga beruvchi tashkilot o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi.

50-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari

Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Qonunga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

fonogrammani barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga bo‘lgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi);

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi); fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi).

Fonogrammani tayyorlovchi o‘z fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq to‘lamagan holda yo‘l qo‘yiladi.

Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Fonogrammalarni tayyorlovchilar o‘z huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.

51-modda. Fonogrammadan foydalanganlik uchun haq to‘lash

Tijorat maqsadida chop etilgan fonogrammani tayyorlovchining va ijrosi shunday fonogrammaga yozilgan ijrochining roziligisiz, lekin ularga haq to‘lagan holda:

fonogrammani omma oldida ijro etishga;

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, shu jumladan uni retranslatsiya qilish yo‘li bilan efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishga yo‘l qo‘yiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot yoki fonogrammalarni tayyorlovchilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan shunday tashkilotlar o‘rtasidagi kelishuvga binoan amalga oshirilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haq miqdori, shuningdek uni to‘lash tartibi haqni yig‘uvchi tashkilot bilan fonogrammadan foydalanuvchi shaxslar o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi.

52-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishda ushbu Qonunga muvofiq mutlaq huquqlarga ega.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvining asl nusxasi yoxud nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi); ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish (yozib olish huquqi);

kirish pulli joylarda ko‘rsatuv yoki eshittirishni barchaning e’tibori uchun yuborish (kirish pulli joylarda barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi); ko‘rsatuv yoki eshittirishni retranslatsiya qilish (retranslatsiya huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish (ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali yuborish yoki efirga uzatish huquqi).

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishi yozuvini takrorlashga bo‘lgan mutlaq huquqi quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning roziligi bilan amalga oshirilganda;

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash ushbu Qonunning 53-moddasi qoidalariga muvofiq tayyorlangan yozuv maqsadida amalga oshirilganda.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar o‘z huquqlarini foydalaniladigan asarlarning mualliflari hamda ijrolarning ijrochilari huquqlariga, tegishli hollarda esa fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan daromad olish maqsadida foydalanilganligidan yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ko‘rsatuv yoki eshittirishdan foydalanilgan deb hisoblanadi.

53-modda. Ijrochi, fonogrammani tayyorlovchi, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot huquqlarining cheklanishi

Ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda ijrodan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan hamda ularning yozuvlaridan foydalanishga, shuningdek fonogrammani takrorlashga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

kundalik voqealar sharhiga ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan unchalik katta bo‘lmagan parchalar kiritish yo‘li bilan;

faqat o‘quv yoki ilmiy-tadqiqot maqsadlarida;

ilmiy, tadqiqiy, munozaraviy, tanqidiy yoxud axborot maqsadlarida iqtibos olinishi sharti bilan ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan uncha katta bo‘lmagan parchalarni iqtibos shaklida keltirish. Bunda tijorat maqsadida chop etilgan fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish yoxud barchaning e’tiboriga yetkazish uchun har qanday takrorlash ushbu Qonunning 51-moddasi qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi;

ushbu Qonunda fan, adabiyot va san’at asarlari mualliflarining mulkiy huquqlarini cheklashga nisbatan nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Jismoniy shaxs tomonidan ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lamagan holda ijroning, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishining, shuningdek fonogrammaning yozuvini faqat o‘z shaxsiy maqsadlari uchun va daromad olishni ko‘zlamagan holda tayyorlashga yo‘l qo‘yiladi.

Agar qisqa muddat foydalanish uchun yozuv yoki takrorlash efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan o‘z asbob-uskunalari yordamida hamda uning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishi uchun amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ijroning yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishning qisqa muddat foydalaniladigan yozuvlarini amalga oshirish, bunday yozuvlarni takrorlash va tijorat maqsadida chop etilgan fonogrammani takrorlash uchun ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining hamda efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ruxsatini olishga nisbatan ushbu Qonunning 47, 50 va 52-moddalarining qoidalari quyidagi shartlar bilan qo‘llanilmaydi:

efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot ushbu qism qoidalariga muvofiq qisqa muddat foydalaniladigan yozuv yoki bunday yozuvni takrorlash amalga oshirilayotgan ijroning o‘zini yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish uchun oldindan ruxsat olgan taqdirda;

qisqa muddat foydalaniladigan yozuv fan, adabiyot va san’at asarlarining ushbu Qonunning 31-moddasi qoidalariga muvofiq efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan bajariladigan qisqa muddat foydalaniladigan yozuvga nisbatan belgilanadigan muddat doirasida yo‘q qilib yuborilgan taqdirda, o‘zining alohida hujjat xususiyatiga egaligi sababli arxivlarda va idoraviy arxivlarda saqlanishi mumkin bo‘lgan yagona nusxa bundan mustasno.

Ushbu moddada muallifning, ijrochining, fonogrammalarni tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning yoki boshqa huquq egasining huquqlariga nisbatan nazarda tutilgan cheklashlar ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan, shuningdek ularga kiritilgan fan, adabiyot va san’at asarlaridan normal foydalanishga zarar yetkazmagan holda hamda ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning, mazkur asarlar mualliflari va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini cheklab qo‘ymagan holda qo‘llaniladi.

54-modda. Turdosh huquqlarning amal qilish muddati

Ushbu Qonunda ijrochiga nisbatan nazarda tutilgan huquqlar ijro birinchi marta ijro etilgandan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi.

Ijrochining ismi-sharifga bo‘lgan hamda ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqlari muddatsiz muhofaza qilinadi.

Fonogrammani tayyorlovchiga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlar fonogramma birinchi marta chop etilganidan keyin ellik yil mobaynida yoxud, agar fonogramma uning birinchi yozuvidan keyin ellik yil ichida chop etilmagan bo‘lsa, shu muddat mobaynida amal qiladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishiga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlari bunday ko‘rsatuv yoki eshittirish birinchi marta efirga uzatilganidan yoki birinchi marta kabel orqali yuborilganidan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi.

Turdosh huquqlar obyektlariga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida turdosh huquqlarning amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat turdosh huquqlar obyektlari kelib chiqqan mamlakatda belgilangan turdosh huquqlarning amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt ro‘y bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarning qolgan qismi doirasida ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishni amalga oshirish yoxud foydalanishga ruxsat berish va haq olishga bo‘lgan huquq ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning merosxo‘rlariga (yuridik shaxslarga nisbatan — huquqiy vorislariga) o‘tadi.

55-modda. Turdosh huquqlar obyektlarining ijtimoiy mulkka aylanishi

Ijro, fonogramma, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishiga bo‘lgan turdosh huquqlarning amal qilish muddatining tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida hech qachon muhofaza berilmagan ijrolar, fonogrammalar va efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari ijtimoiy mulk hisoblanadi.

Ijtimoiy mulk bo‘lgan ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlaridan har qanday shaxs haq to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin.

4-bob. Mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqarish

edit

56-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar

Fan, adabiyot va san’at asarlarining mualliflari, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar yoki boshqa huquq egalari o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirish maqsadida o‘z mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar tuzishga haqlidir.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar notijorat tashkilotlari hisoblanadi va o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning ustavlari ushbu Qonun talablariga javob beradigan qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning faoliyatiga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklashlar qo‘llanilmaydi.

Huquq egalarining turli huquqlari va turli toifalari bo‘yicha alohida tashkilotlarni yoki bir toifadagi huquq egalarining manfaatlarini ko‘zlab turli huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlarni yoxud turli toifadagi huquq egalarining manfaatlarini ko‘zlab, huquqlarning bir turini boshqaruvchi tashkilotlarni tuzishga yo‘l qo‘yiladi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

57-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning faoliyati

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarish uchun vakolatlar bevosita huquq egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda yozma shartnomalar asosida, shuningdek mulkiy huquqlarni boshqarishni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar (shu jumladan chet el tashkilotlari) bilan tuzilgan tegishli shartnomalar bo‘yicha beriladi. Bunday shartnomalar mualliflik shartnomasi hisoblanmaydi va ushbu Qonunning 38—42-moddalari qoidalari ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Muallif yoki boshqa huquq egasi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotga shartnoma bo‘yicha o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirish uchun vakolatlar berishga haqlidir, tashkilot esa, agar bunday huquqlarni boshqarish shu tashkilotning ustavida ko‘rsatilgan faoliyatiga taalluqli bo‘lsa, bu huquqlarni jamoaviy asosda amalga oshirishni o‘z zimmasiga olishi shart. Muallif yoki boshqa huquq egasi o‘z mulkiy huquqlari yoki huquqini amalga oshirish vakolatlarini tegishli toifadagi huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi faqat bitta tashkilotga berishga haqlidir.

Haq miqdori va foydalanuvchilar bilan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish uchun shartnoma tuzish shartlari, yig‘ilgan haqni taqsimlash va to‘lash usuli hamda mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot faoliyatining boshqa muhim masalalari xususidagi qarorlarni qabul qilish faqat mualliflar yoki boshqa huquq egalari tomonidan umumiy yig‘ilishda kollegial tarzda amalga oshiriladi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot huquq egalaridan olingan vakolatlar asosida foydalanuvchilar bilan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish uchun shartnomalar tuzadi. Shartnomalarning shartlari foydalaniladigan asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining turi va hajmiga qarab aniqlanadigan bitta toifadagi barcha foydalanuvchilar uchun bir xil bo‘lishi kerak. Mazkur tashkilotlar foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzishni yetarlicha asoslarsiz rad etishga haqli emas. Bunday shartnomalar ularda nazarda tutilgan usullar bilan barcha asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishga ruxsat beradi hamda barcha huquq egalarining, shu jumladan ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va oltinchi qismlariga muvofiq tashkilotga vakolatlarini bermagan huquq egalarining nomidan hamda ularning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etiladi. Huquq egalarining foydalanuvchilarga nisbatan bunday shartnomalar asosida ularning asarlaridan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq barcha ehtimol tutilgan mulkiy e’tirozlari shartnomalar tuzgan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan tartibga solinishi kerak.

Foydalanuvchilar mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarga asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash uchun zarur bo‘ladigan boshqa ma’lumotlar hamda hujjatlarni taqdim etishlari shart. Ma’lumotlar va hujjatlarning ro‘yxati mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar foydalanuvchilar bilan tuzadigan shartnomalarda belgilanadi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar jamoaviy asosda boshqarish uchun olingan asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishni amalga oshirishga haqli emas.

58-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning huquqlari

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot o‘zi qaysi huquq egalarining nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, shu huquq egalarining nomidan va ulardan olingan vakolatlar asosida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

to‘lanadigan haq miqdorini va shartnomalarning tuzilishiga doir boshqa shartlarni foydalanuvchilar bilan kelishib olish;

bunday tashkilot boshqarayotgan huquqlardan foydalanish uchun foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzish;

tashkilot to‘lanadigan haqni yig‘ish bilan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda shartnoma tuzmasdan shug‘ullangan taqdirda, bunday haq miqdorini foydalanuvchilar bilan kelishib olish;

shartnomalarda nazarda tutilgan haqni va (yoki) ushbu qismning to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash;

bunday tashkilot o‘zi boshqarayotgan huquqlarni himoya qilish uchun zarur bo‘ladigan har qanday yuridik harakatlarni bajarish;

shunday tashkilot tomonidan belgilangan tartibda asarlarni va (yoki) turdosh huquqlar obyektlarini, shuningdek asarlarga va (yoki) turdosh huquqlar obyektlariga bo‘lgan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatga olishni va (yoki) saqlashga topshirishni amalga oshirish.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot huquq egalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

59-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning majburiyatlari

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarayotgan tashkilot:

haq to‘lash bilan bir vaqtda huquq egalariga ularning huquqlaridan foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobotlarni taqdim etishi;

ushbu Qonun 58-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisi qoidalariga muvofiq yig‘ilgan haqdan faqat huquq egalariga taqsimlash va to‘lash uchun foydalanishi. Bunda tashkilot yig‘ilgan haqdan bunday haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash bo‘yicha o‘zining haqiqiy xarajatlarini qoplash summalarini, shuningdek shu tashkilot tomonidan o‘zi qaysi huquq egalarining nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, shu huquq egalarining roziligi bilan va ularning manfaatlarini ko‘zlab tashkil etiladigan maxsus fondlarga yo‘naltiriladigan summalarni chegirib tashlashga haqlidir;

yig‘ilgan haq summalarini, ushbu qismning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan summalarni chegirib tashlagan holda, asarlardan va turdosh huquqlar obyektlaridan amalda foydalanilishiga mutanosib ravishda taqsimlashi va muntazam to‘lab borishi;

yig‘ilgan haqni bevosita huquq egalariga taqsimlashi hamda to‘lashi va (yoki) uni huquq egalariga taqsimlash va to‘lash uchun tegishli toifadagi huquq egalarining manfaatlarini ifodalovchi boshqa tashkilotlarga shu tashkilotlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida o‘tkazishi;

talab qilib olinmagan haqni huquq egalarini qidirish choralarini ko‘rgan holda, u tashkilot hisobiga tushgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida saqlab turishi shart. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, tashkilot talab qilib olinmagan haqni taqsimlanadigan summalarga qo‘shib yuborishga yoki uni tashkilot o‘zi qaysi huquq egalarining nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, faqat shu huquq egalarining roziligi bilan va ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa maqsadlarga qaratishga haqlidir.

Tashkilotga ushbu Qonun 58-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan haqni yig‘ishga nisbatan vakolatlar bermagan huquq egalari amalga oshirilgan taqsimlashga muvofiq ularga tegishli haqning to‘lanishini, shuningdek o‘z asarlarini yoki turdosh huquqlar obyektlarini bu tashkilot tomonidan foydalanuvchilarga taqdim etilgan shartnomalardan chiqarib tashlashni tashkilotdan talab qilishga haqlidir.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot zimmasida huquq egalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida va qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

60-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot maxsus vakolatli davlat organiga quyidagi axborotni takdim etishi shart:

tashkilotning ustaviga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risida;

tashkilot shunga o‘xshash huquqlarni boshqaruvchi chet el tashkilotlari bilan tuzadigan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlar to‘g‘risida;

umumiy yig‘ilish qarorlari to‘g‘risida;

yillik balans, yillik hisobot, shu jumladan talab qilib olinmagan haqlar haqidagi ma’lumotlar va tashkilot faoliyatining auditorlik tekshiruvi to‘g‘risida;

tashkilot nomidan ish ko‘rishga vakolatli shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi to‘g‘risida.

Maxsus vakolatli davlat organi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotdan uning faoliyati o‘z ustaviga va qonunchilikka muvofiqligini tekshirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha axborot talab qilib olishga haqlidir.

5-bob. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish

edit

61-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

62-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish

Quyidagilar:

mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish;

ijrochining ismi-sharifga bo‘lgan va ijroni har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz qilinishidan himoya qilish huquqlarini buzish;

huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish, ushbu Qonunga muvofiq shunday foydalanishga shartnoma tuzmasdan yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasno;

ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda haq to‘lash to‘g‘risidagi talablarni buzish;

asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda foydalanish;

huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqacha tarzda buzish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzishdir. Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafakt nusxalardir. Ushbu Qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining bunday asarlarni va turdosh huquqlar obyektlarini muhofaza qilish to‘xtatilgan yoki hech qachon muhofaza qilinmagan davlatlardan huquq egalarining roziligisiz import qilinadigan nusxalari ham kontrafakt nusxalardir.

63-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari

Asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishni nazorat qiluvchi, muallif, turdosh huquqlar egasi yoxud asarlarga yoki turdosh huquqlar obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarning boshqa egasi tomonidan ruxsat etilmagan harakatlar amalga oshirilishining oldini oluvchi yoki ularni cheklovchi har qanday texnik qurilmalar yoxud ularning tarkibiy qismlari mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari deb e’tirof etiladi.

Asarlarga yoki turdosh huquqlar obyektlariga nisbatan:

asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishga doir mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalarining qo‘llanilishi yo‘li bilan belgilangan cheklashlarni olib tashlashga qaratilgan harakatlarni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning ruxsatisiz amalga oshirishga;

har qanday qurilmani yoki uning tarkibiy qismlarini tayyorlashga, tarqatishga, prokatga berishga, vaqtinchalik tekin foydalanish uchun berishga, import qilishga, reklama qilishga, ulardan tijorat maqsadida foydalanishga yoxud xizmatlar ko‘rsatishga, agar bunday harakatlar natijasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalaridan foydalanish mumkin bo‘lmay qolsa yoki bunday texnika vositalari ko‘rsatilgan huquqlarning lozim darajada himoya qilinishini ta’minlamasa, yo‘l qo‘yilmaydi.

64-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida axborot

Asarni yoki turdosh huquqlar obyektini, muallifni, turdosh huquqlar egasini yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasini identifikatsiyalovchi har qanday axborot yoxud asardan yoki turdosh huquqlar obyektidan foydalanish shartlari haqidagi, asarning yoki turdosh huquqlar obyektining nusxasida mavjud bo‘lgan, ularga ilova qilingan yoxud bunday asarni yoki turdosh huquqlar obyektini barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud barchaning e’tiboriga yetkazish munosabati bilan paydo bo‘ladigan axborot, shuningdek shunday axborotni o‘z ichiga olgan har qanday raqamlar va kodlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi axborot deb e’tirof etiladi.

Quyidagilarga:

mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi axborotni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning ruxsatisiz chiqarib tashlash yoki o‘zgartirishga;

mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi axboroti ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning ruxsatisiz chiqarib tashlangan asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini takrorlash, tarqatish, tarqatish maqsadida import qilish, omma oldida ijro etish, barchaning e’tibori uchun yuborishga, barchaning e’tiboriga yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

65-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish usullari

Muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishga haqli:

huquqlarni tan olishini;

huquq buzilishidan oldingi holatni tiklashini va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini yuzaga keltiradigan harakatlarni to‘xtatishini;

huquq egasining huquqi buzilmagan taqdirda, u fuqarolik muomalasining odatdagi sharoitlarida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning o‘rnini qoplashini. Agar huquqbuzar mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlarni buzish oqibatida daromadlar olgan bo‘lsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam bo‘lmagan miqdorda qoplashini;

zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini;

ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar ko‘rishini.

Muallif va ijrochi o‘z huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan ma’naviy ziyon qoplanishini talab qilishga haqlidir.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot mulkiy huquqlarini boshqarish shunday tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan shaxslarning buzilgan mualliflik huquqlari va turdosh huquqlarini himoya qilib qonunda belgilangan tartibda o‘z nomidan ariza bilan sudga murojaat etishga haqlidir.

Mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlar buzilishining oldini olish yoki uni to‘xtatish uchun zarur choralar ko‘rish natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararlar, shuningdek bunday choralarni amalga oshirgan shaxs ko‘rgan zararlar huquqbuzar hisobidan undirib olinishi kerak.

66-modda. Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini musodara qilish

Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalari, shuningdek ularni tayyorlash va takrorlashda foydalaniladigan materiallar va asbob-uskunalar hamda sodir etilgan huquqbuzarlikning boshqa vositalari qonunchilikka muvofiq sud tartibida musodara qilinadi.

Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining musodara qilingan kontrafakt nusxalari yo‘q qilinishi kerak, ularni huquq egasiga uning iltimosiga binoan topshirish hollari bundan mustasno.

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1041-1081-moddalari bilan ham tartibga solinadi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

edit

67-modda. Nizolarni hal qilish

Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

68-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagi qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi 272–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 135-modda);

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 30-avgustda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 273–I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 136-modda);

O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 175–II-sonli Qonunining 15-bandi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 23-modda).

69-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

70-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi tartibi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ushbu Qonunning audiovizual asarlar prokati uchun haq olish huquqini nazarda tutuvchi 21-moddasining ikkinchi qismi va 49-moddasining ikkinchi qismi qoidalari ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin bir yil o‘tgach, amalga kiritiladi.

Asarlar, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlaridan foydalanish uchun ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar tuzilgan shartnomalar bunday shartnomalarning amal qilish muddati tugaguniga qadar o‘z kuchida qoladi hamda ularga nisbatan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikning ular tuzilgan paytda amalda bo‘lgan qoidalari qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2006-yil 20-iyul,

O‘RQ-42-son


 
Public domain in U.S.
This work is in the public domain in the U.S. because it is an edict of a government, local or foreign. See § 313.6(C)(2) of the Compendium of U.S. Copyright Office Practices, 3rd ed. 2014 (Compendium (Third)) . Such documents include "legislative enactments, judicial decisions, administrative rulings, public ordinances, or similar types of official legal materials."

These do not include works first published by the United Nations or any of its specialized agencies, or by the Organization of American States. See Compendium (Third) § 313.6(C)(2) and 17 U.S.C. § 104(b)(5).


 
A non-American governmental edict may still be copyrighted outside the U.S. Similarly, the above U.S. Copyright Office Practice does not prevent U.S. states or localities from holding copyright abroad, depending on foreign copyright laws and regulations.

English | español | français | italiano | 日本語 | +/−