Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida (1992)
321416Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida1992

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI TOʻGʻRISIDA

1-modda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqaviy tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.

3-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi:

1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng;

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sessiyalarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida;

3) O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida;

4) davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng, ko‘rsatuv va eshittirishlar kechayu kunduz olib borilganida esa soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida — soat 24 da;

5) respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san’at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chog‘ida;

6) davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida;

7) rasmiy safar bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin;

8) harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;

9) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida — yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida;

10) sport maydonlarida — O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida;

11) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8.00 da ijro etiladi.

4-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta’minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ijro etilishi mumkin.

5-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi orkestr, xor, ham orkestr ham xor tomonidan yoki o‘zga vokal va cholg‘u asboblari bilan ijro etilishi mumkin. Bunda ovoz yozib olish vositalaridan foydalanilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi vokal hamda vokal-cholg‘u asboblari bilan ijro etilgan taqdirda to‘liq ijro etiladi, cholg‘u asboblarining o‘zida ijro etilgan taqdirda esa madhiya qisman ijro etilishiga yo‘l qo‘yiladi — ashulaning boshlanishi va naqorat bir martadan aytiladi.

6-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi madhiyaning ushbu Qonun bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilmog‘i lozim.

7-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo‘lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.

8-modda.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini:

harbiy qismlarda, harbiy kemalarda ijro etish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda harbiy xizmatchilarning harbiy salom berishi — harbiy ustavlar bilan;

ichki ishlar organlarida ijro etish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda ichki ishlar organlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofitsyerlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning salom berishi — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari bilan belgilanadigan qoidalar bilan;

ta’lim muassasalarida ijro etish — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qo‘yadigan qoidalar bilan tartibga solinadi.

9-modda.

O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qo‘yadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.

Xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish marosimi xalqaro sport tashkilotlarining mavjud amaliyotini inobatga olgan holda belgilanadi.

10-modda.

Xorijiy davlatlar hududida O‘zbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari o‘tkazadigan tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi o‘sha mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilab qo‘yadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.

11-modda.

Ichki ishlar organlarida, ta’lim muassasalarida, sport musobaqalari vaqtida, shuningdek xorijiy davlatlar hududida O‘zbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari tegishli tadbirlar o‘tkazgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalari ushbu Qonun talablariga asoslanib belgilanadi.

12-modda.

Ushbu Qonunning ijrosini ta’minlash tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Ushbu Qonunning ijro etilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini hurmat qilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 10-dekabr,

№ 768-XII


O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi

Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!

Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!


Public domain in U.S.
Public domain in U.S.
This work is in the public domain in the U.S. because it is an edict of a government, local or foreign. See § 313.6(C)(2) of the Compendium of U.S. Copyright Office Practices, 3rd ed. 2014 (Compendium (Third)) . Such documents include "legislative enactments, judicial decisions, administrative rulings, public ordinances, or similar types of official legal materials."

These do not include works first published by the United Nations or any of its specialized agencies, or by the Organization of American States. See Compendium (Third) § 313.6(C)(2) and 17 U.S.C. § 104(b)(5).


A non-American governmental edict may still be copyrighted outside the U.S. Similarly, the above U.S. Copyright Office Practice does not prevent U.S. states or localities from holding copyright abroad, depending on foreign copyright laws and regulations.

English | español | français | italiano | 日本語 | +/−