O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas
Yaxshiliqqa o‘rgangan bir banda osonliq bilan o‘z yaxshilig‘ini qo‘ymaydir. A, yomon-chi, Xudo panoh bersun, it suyak chaynamasa, tishi qichiydir. Xulosa, yomon yomonlig‘ini, yaxshi yaxshiligini tashlay olmaydir. Mabodo tashlasa, boshi og‘riydir, ko‘zi chiqadir.
Demak, masalamizning falsafiy yog‘i tamom bo‘lib, jiddiy va amaliy tomonig‘a o‘tib, yomonlar xususida bir necha jumla tahrir etmakchimiz. Qisqasi, ommaning nazariga eski dahandan yangi va suvi qochmag‘an bir so‘z va matbuot olamida mo‘g‘ollamag‘an bir necha silliq ibora qoldirmoqchimiz.
Tabiiy, bu da’vomiz to‘g‘ri bo‘lsa bo‘lar, to‘g‘ri emas ekan, o‘zingiz ming martadan eshitkan so‘zlaringiz qatorig‘a kiritib qo‘yaqolursiz, chunki zamonamiz ezmalik, matbuotimiz chaynov bir zamondan hali judayam nariga jilgani yo‘qdir.
Ko‘rmaysizmi, o‘zgarishka yettinchi yil, hamon bir charxni aylantiramiz, hamon bir so‘z va bir qadam ustida jonbozliq qilamiz. A, yetti qironning biri bo‘lg‘an matbuotimiz bir so‘zni uzun bir muddat chaynaydir, g‘ajiydir. Subhonolloh!..
Shoirlarimizning bir qismi, muharrir va muharrirchalarimizning bir bo‘lagi hamon bir-biridan andoza olish va bir-birinikidan nusxa olish bilan mashg‘uldir. O‘qutuvchilarimiz bo‘lsa, saboq berish emas, saboq olishqa loyiq va sazovordirlar.
Endi maqolamizning sarlavhasi bo‘lg‘an «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas»ga kelayluk:
Muharrirchilik bo‘lg‘andan keyin qalam tutkan zamoning falsafa sotking keladir. Uzun-uzun monolog‘lar yozib o‘zingni maydong‘a tashlag‘ing keladir. Mana bu kasaldan kaminangiz ham qutula olmag‘animga hozirg‘i maqola jonliq shohid bo‘lsa-da, tarixni dunyo yaratilishdan yoki Nuh to‘fonidan boshlamag‘animg‘a, hech bo‘lmag‘anda xoin, zolim Nekalayning qonxo‘rlig‘idan boshlamag‘animg‘a o‘zim shukur qilg‘anim kabi sizning ham xolis shukur qilishingizni bir karra tavsiya etmakchiman.
Uh… men shu yerga yozib kelib edim, shoirligim esimga tushdi. Qanaqa shoirliq deng, kamina hozirg‘i zamon shoiri emasmanmi, she’rimga sarlavha qo‘ymoqchi bo‘ldim. Qanday sarlavha deng, umumiy qoidaga muvofiq sarlavhamni «Gul» deb qo‘ydim. «Gul» dedingmi, ketidan «Bulbul» kalimasi lop etib og‘zingga kelmasunmi. Gul va bulbul bilan qo‘shulib chiroyliq bir sarlavha ta’min etildi. Bu odat umuman shoirlarimizda bor bo‘lg‘ani meni taskin qildi. She’rni ham boshlab yubordim. Yozdim, chizdim. Bosh misra’ning oxiri gul keldi. Ikkinchi misra’ bevosita bulbul keldi. Chunonchi:
O‘zbek qizidir misoli bir gul,
O‘zbek yigiti u bog‘da bulbul.
Demak, she’rimning boshlang‘ichi ta’min etildi. Qolg‘an misra’lari meni uncha qiynamadi. Bitirib, she’rning ostiga taxallusimni qo‘ydim, gazeta idorasiga yugurdim.
Gazeta sarkotibi vuqor bilan olib, daftarga qayd etkan choqda she’rimning sarlavhasi qatordag‘i maqola sarlavhalarining belini bukkandek ko‘rindi.
Ertasiga haligi she’r gazetaning ikkinchi beti boshida bosilib chiqib, hammaning og‘zida qiroat qilindi. Elimiz o‘rgangan, bunday she’rlarni o‘qush elimizga uncha og‘ir emasligi belguli. Chunki she’rning sarlavhasi «Gul va bulbul» ekan, misra’alarning hammasi ham «Gul va bulbul» bilan tamomlanur.
Maqola yozishda ham boshqa muharrirlar kabi umumiy ixtisosqa molikligim bor. Sarlavhalar: «Etti yilliq o‘zgarish va biz», yoki «Ma’orif va qo‘shchilar» yoki «Fransiya buyuk inqilobi va bizning vazifamiz», deb shunday sarlavhadan birini qo‘yib oldingmi? Sarlavha ostidan chizib, maqolag‘a kirishkanda, xoin, zolim, qonxo‘r Nekalay va uning dumlarining bizga qilg‘an zulm va vahshati va ul xoin-zolimning axrannik va polisiyalarining bizga qilg‘an jabr-zulmi va hakozo… Bir necha jumla zolim, qonxo‘rlardan keyin maqsad ustida poyma-poy bir necha jumla tuzilib, maqola shu jumlalar bilan tamom bo‘la boshlaydir: bitsun zolim, qonxo‘r Nekalay, yashasun Sho‘rolar hukumati!.. Ostig‘a imzo chekib, buni ham gazeta idorasiga yuboriladir.
Demak, masalamiz «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa, qo‘ymas», ustida ekan, shoirimiz va yozuvchimizki shunday shoirliq va muharrirlikka o‘rgangan ekan o‘rganibdir. Bunda so‘z yo‘q. Men ham o‘rganganman. Bunda ham sizning ishingiz bo‘lmasun. «Gul va bulbul» she’rlarini, xoin, zolim Nekalayning zulmi to‘g‘risidag‘i maqolalarni yozaberaman va bemalol siz o‘qub tashlayberasiz, gazetalar ham bosaberadi. Shoirliq va muharrirlikka ko‘nglumiz o‘rganibdir. O‘rtansa nima qilayluk.
Eski shayton.
«Mushtum», 1924 yil, 8 aprel, 25-son, 22-bet.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|