O‘rtoq Kalinin Qo‘qonda

O‘rtoq Kalinin Qo‘qonda (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
335381O‘rtoq Kalinin Qo‘qonda1925Abdulhamid Choʻlpon

Kelaturg‘an kunida

Sho‘ro jumhuriyatlari ittifoqi markaz ijroqo‘mining raisi o‘rtoq Kalinin 9 nchi hut (fevral)da Qo‘qong‘a keldi.

O‘rtoq Kalininni “keladi, keladi!” degan xabarlar ikki kun burun yoyilg‘an edi. Ko‘chalarda ham bir-ikki kun burun ulug‘ mehmonni qarshi olish hozirliqlari ko‘rula boshlag‘an edi. Turli idora va tashkilotlarning binolari oldida ko‘m-ko‘k archalardan gullar, ulug‘ rahbarlarning suratlari, bayroqlar o‘rnatila boshlang‘an…

Xalq – el orasida ham gap-so‘z.

– Yana bitta Lenin kelar emish.

– Shuning uchun ko‘chalar tozalanib qolg‘an ekan-da!

– Bo‘lmasa har oyda bir kelib tursin-yey…

– Ko‘chalarni qara! Ozoda, toza, tep-tekis, gilam yoyg‘andak!

Ko‘chalar, muyulishlar, mahkama va tashkilotlar ko‘m-ko‘k archalar va qip-qizil bayroqlar bilan ko‘milgan kuni, 9 nchi hutda qizil Farg‘onada yozilg‘an bir e’lonning burun o‘ruscha, so‘ngra o‘zbekchasi yopishdirildi. To‘p-to‘p odam, ko‘zlarini devorlarg‘a tikib, pichir-pichir e’lomnoma o‘quydir. Savodi yo‘qlar kulgan va qiziqqon yuzlari bilan bir e’lomnomaga qaraydur va bir ark-ravoqlarg‘a tikiladurlar…

Ko‘chada odam demagan to‘lib qolibdur. Qiy-chu. Uyoqdan-buyoqqa, bu yoqdan-uyoqqa dengiz to‘lqunlarida katta odam to‘dalari oqadur, oqadur.

Bo‘yinlarig‘a qizil ro‘molcha tashlag‘an pioner bola va qizchalar, ko‘pikdak qaynashib, kulushub chopishadurlar…

Kelgan vaqtda

Temiryo‘l bekatining yoni-beri odam daryosi. Ko‘chaning ikki tomonig‘a qator-qator chizilg‘an necha saf odamlar rastadek kelishganlar…

Bayroq, bayroq, bayroq… har tomonda qizil bayroq.

Maxsus belatlar bilan temiryo‘l bekatining sahniga chiqdiq. Unda viloyatning firqa va sho‘ro bosh mutaxassislarining rahbarlari, xotun-qizlar, firqalilar, askarlar.

Soat 4 ga chorak qolg‘anda yiroqdan “tuv-tuv-tuv” degan cho‘zuq bir hushtak. Hamma tayyor bo‘lub, Xo‘jand tomong‘a tikildi. Askar muziqasi “Xush kelding!” mashqini urdi.

Kichkina, kelishgan, ziynatlik o‘txona kutganlar yonidan sekingina o‘tub ketadur…

Boboy chiqdi. Kutganlar yonidan o‘tdi.

– Bular kimlar? Boboy so‘raydur:

Viloyat firqo‘m javob beradur:

– Bular kammunarlar.

– Yashasun kammunarlar! – deydur boboy.

– Urra-urra!..

Shaharda

Bekatning orqa tomonidan 25-30 mingcha xalq. Boboy mayin va charchag‘an tovushi bilan bir necha og‘iz so‘z so‘zlab, markaz ishchi-dehqonlarining salomini atroq (okraina) mehnatkashlariga eshitdiradur. Charchag‘an tovushi bo‘g‘ulg‘an; ko‘plar, juda ko‘plar eshitmay qoldi.

Undan “Qizil o‘ktabr” yog‘ zovutig‘a jo‘naldi. U yerda nuqul ishchilar. Ularga ham boboy markazning salomini eshitdirdi. Qimmatbaho paxtaning chigiti va yog‘ini ishlab chiqaraturg‘an ishchilarga markazning samimiy salomi eshitdiriladur.

– Urra-urra!..

Jome’da

Jome’da 5-10 ming odam.

Uning keng sahni, ko‘cha mindi-mindi, bosdi-bosdi! Bir chekaga minbar tayyorlang‘an.

Salla, do‘ppi, telpak, qalpoq, shapka, ro‘mol, paranji… daryo!

Bir vaqt boboy kelib kirdi. Xuddi arizadan gilam yoydilar, arizadan choyshab yopdilar deysiz! Dodxoh kelgan, dodxoh!..

Soat raso 6 da o‘rtoq Alixo‘ja o‘g‘li majlisni ochib ulug‘ mehmonni qutuldi. Viloyat firqaqo‘m “xush keldingiz!” qildi.

Tubjoy xalq ishchi-dehqonlari, shahar aholisiga ham boboy markaz ishchi-dehqonlarining salomini erishdirdi. Mehnat asosig‘a qurulg‘an azamatlik soyuz (ittifoq)ning kundan-kun mahkamlanib borg‘anini gapirdi.

Paxtaning ahamiyatini, qishloq xo‘jalig‘ining tiklanishi lozimlig‘ini so‘zladi. “Atrof viloyatlarning taraqqiyotini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik deb keldik” dedi. “Burung‘i Rusiya imperatorlig‘ining zulm bilan xarob bo‘lg‘an keng mamlakati ustiga mehnat, ish asosida qurulg‘an sho‘ro jumhuriyatlari ittifoqining kundan-kun mahkamlanib borg‘anlig‘ini” so‘zladi.

– Urra-urra!..

Xon saroyida

“Dehqonlar uyi”ga aylantirilgan va o‘rtoq Kalinin ismi bilan atalg‘an burung‘i xon saroyida, o‘rtoq Kalinin dehqon, qo‘shchi va batraklarga so‘z qildi.

Ularga “yer islohotidan, uning zarurlig‘idan” gapirdi.

– Lekin, dedi boboy, – yer islohoti degan narsa mamlakatning iqbolig‘a zarar bermasligi lozim. Hozir bizning hamma kuchimiz mamlakatning iqboli, boylig‘i va barakalik bo‘lish uchun sarf qilinadur. Yer bo‘lsa davlatning o‘z yeri; davlat o‘zi reja bilan, yo‘l-yo‘rug‘i bilan, xo‘b oldi-ketini o‘ylab yer islohotini qilib beradur. Yer islohoti bahorda bo‘lmaydur. U kuzda bo‘ladur. Shu uchun men markaziy hukumatning ismidan hammaga eshitdiramankim, bu yil har kim bor yerini eksun, bir qarich ham ekinsiz yer qolmasun!”

Urra va olqishlar ostida boboy dehqonlar o‘rdasidan ketdi.

Q.

“Farg‘ona” gazetasi,

1925-yil, 11-fevral.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"