O‘ylarim siz, mening o‘ylarim

O‘ylarim siz, mening o‘ylarim
by Taras Shevchenko, translated by Amin Umariy
334613O‘ylarim siz, mening o‘ylarimAmin UmariyTaras Shevchenko

O‘ylarim siz, mening o‘ylarim,
Mendir ado, siz kuydirasiz.
Nega qog‘oz betiga tushib,
Ko‘z oldimda g‘amgin turasiz?
O‘ylarim siz, mening o‘ylarim,
Nega sizni shamol chang kabi
To‘zitmadi cho‘llarga yozib?
Nega hasrat o‘z bolasiday
O‘ldirmadi, tagiga bosib —
Uyqusirab sizni, o‘ylarim?
Chunki hasrat bilan dunyoga
Tahqirlanish uchun keldingiz:
Qancha yig‘i-sig‘ilar bilan,
Ko‘z yoshlarda siz quyildingiz…
Nega axir o‘sha ko‘z yoshlar
Sizni yuvib va g‘arq etmadi?
Na dengizga to‘kdilar sizni,
Na dalalar chanqab yutmadi?
So‘rashmasdi ana o‘shanda
El-xaloyiq dard tortganimni…
So‘rashmasdi nega la’natlab,
Taqdirimga tosh otganimni,
Nega dunyo azoblar meni?
Entikaman, qalbimda yara.
«Laqillaydi bekordan-bekor!»
Deya etmasdilar masxara.
Bolalarim, sevgan o‘ylarim!
Sizni ekib, o‘stirdim nega?
Jahonaro bironta yurak
Sizning bilan yig‘laganimdak
yig‘larmikan botib qayg‘uga?
To‘g‘ri chiqar, balki o‘ylashim,
Mening kabi ko‘ksin tig‘lovchi,
O‘ylarim-la birga yig‘lovchi
Biror yurak topilar qizdan,
Qizdan, balki, quralay ko‘zdan?
Shundan o‘zga yo‘qdir hojatim.
Quralay ko‘z to‘ksa tomchi yosh,
Bas … shundadir baxtim, rohatim.
Uylarim siz, mening o‘ylarim,
Ado bo‘ldim, siz kuydirasiz.
Quralaydek ko‘zlar o‘yida,
Nafis, qora qoshlar ko‘yida,
Yuraklarim tolpindi shodon,
Yuraklardan so‘z oqdi ravon.
O‘z holicha va bilganicha
Tim qorong‘i kechalarni deb,
Olchazor-u bog‘chalarni deb,
Qizlardagi g‘amzalarni deb…
Ukrainadagi cho‘llarni,
Qo‘rg‘on-mozor tepalarni deb,
Yuraklardan so‘z oqdi ravon;
Yuraklarim achindi yomon,
Istamadi kuylaigni sira
Begona yer, g‘urbatlar ichra…
O‘rmonlarda, qirlarda turib,
Tug‘ ko‘tarib, gurzi ko‘tarib,
Yurgan o‘sha kazak ahlidan —
Bir chaqirib yordam olgani,
Yo maslahat, hamdam olgali,
Dil chopmadi, ko‘ngil bo‘lmadi…
Qo‘ying, mayli, Ukrainada
Kazak ruhi kezsin, sarfaroz,
Sahroday keng, cheksiz siynada
U boshidan bu boshigacha
Sevinch-quvonch to‘lgan, juda soz…
Oqib o‘tgan erkinlik kabi
Keng bir daryo Dnepr — dengiz.
Cho‘llar, cho‘llar, sahrolar cheksiz,
Qirday mozor tepalar-tog‘lar,
Pishqiradi harsang qirg‘oqlar,
U yerlarda tug‘ildi,o‘sdi
Ot sakratib sarbast kazaklar.
Unda shlyaxta, tatarlar bilan
Bo‘lgan jangda qonlar to‘kildi.
Horimadi kazaklar erki,
Dalalarga gavda ekildi…
So‘ngra tindi…
Ana o‘sha zamondan beri
Ko‘p qabrlar yerdan o‘sdi-da,
Qora burgut qorovul kabi
Uchib yurar uning ustida.
O‘sha janglar, ko‘plab qabrlar
To‘g‘risida aytalar hamon
Ko‘zi ojiz, kobzar faqirlar
Kuylaydilar tarixiy doston.
Chunki aql bilan to‘lgandir
O‘shalarning donishmand boshi…
Lekin men-chi? Lekin mengina,
Menda faqat bir yig‘igina,
Ukraina uchun faqat ko‘z yoshi…
So‘zlagani tilim kelmaydi…
Alam, hasrat!.. Hasrat deysizmi?..
Axir uni kim ham bilmaydi?..
Kimki xalqqa qadrdon bo‘lsa,
Ko‘ngil berib, jonajon bo‘lsa,
Og‘irlikka bo‘lsa u hamdam,
Unga ushbu dunyo va hayot
Ko‘rinadi do‘zax, jahannam,
U dunyoda, U dunyoda-chi…
Shuncha yonib, yutib hasratni,
Gar saodat menda bo‘lmagach,
Chaqirmayman baxt va qismatni.
Mayli, shuncha jafo, mashaqqat
Umr surar uch-to‘rt kun faqat,
Yashiraman jafo, fig‘onni,
Yashiraman yovuz ilonni —
Yuragimga, toki ko‘rmasin —
Dushmanlarim hasrat kulkisin…
Mayli, qo‘ying, o‘y qarg‘a kabi
Uchib yursin hamda sayrasin.
Lekin yurak bir bulbul kabi
Kuylasin ham fig‘on aylasin.
Bu yashirin — kishi ko‘rolmas,
Masxaralab, mazax qilolmas…
Ko‘zlarimdan yoshlar to‘kilar —
Kecha-kunduz, qo‘ying, artmangiz,
Oqsin-oqsin, hech to‘xtamangiz,
Toki-toki… begona qumlar
Bilan ko‘zim qachon yumilar,
Chet yerlarni sug‘orsin ular,
Oqsa-oqsin, mayli, artmangiz…
Shunday ekan… Endi ne chora?
Hasrat yordam qilolmas zarra.
Kimki menga qilsa g‘ayirlik,
Men yetimni etsa istehzo,
Xudo bersin o‘shanga jazo!
Uylarim siz, gul lolalarim,
Uylarim siz, jon bolalarim,
Parvarishlab o‘stirdim, netay?
Qayerlarga sizni uzatay?
O‘ylarim siz, jon bolalarim!
Boring o‘sha Ukrainaga,
O‘sha bizning Ukrainaga,
Devorlarning tagidagi zor —
Yig‘lab yurgan bo‘lib xokisor —
Etim-esirlarning oldiga.
Men uzoqda halok bo‘laman.
Siz u yoqda topa olasiz
Samimiy qalb hamda hurmatni,
O‘sha yerdan topa olasiz
Chin haqiqat, balki, shuhratni…
Ukrainam,
Sevimli ona,
Shu beaql bolalarimni,
Uz go‘daging, bolangdek qarab
Kutib olgin, sevib do‘stona.

1839

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.
Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"