Oshiq bo’libman, ey yori jonim...

Oshiq bo’libman, ey yori jonim...
by Muqimiy

Oshiq bo’libman, ey yori jonim,
Vaslingni izlab, yo’qdur majolim.

Bir yo’qlamaysan kuygan qulingni,
Ko’zlari jallod, nozik niholim.

Rahm ayla manga, ey bag’ri qattiq,
Diydam to’la qon, ey sho’xi zolim.

Lab tashnalarga ayla nazora,
Qaddi chu shamshod qoshi hilolim.

Olding ko’ngulni bir-ikki so’zlab,
Devona bo’ldim, to’ti maqolim.

Har dam kuyarman, yodimga tushsang,
Bir ko’rmaguncha yo’qdur majolim.

Necha zamondur, ko’zdin nihondur,
Oshiq Muqimiy, ey xasta holim.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse