Parichehralar ko‘p jafo qildilar...

Parichehralar ko‘p jafo qildilar...
by Xon
333248Parichehralar ko‘p jafo qildilar...Xon

Parichehralar ko‘p jafo qildilar,
G‘amu dard bilan mubtalo qildilar,
Muhabbat bila oshna qildilar,
Meni ro‘zgorim qaro qildilar,
Jafokorlardur, jafokorlar.

Alar ishqida xastayu zormen,
Qaro ko‘zlari birla bemormen,
Jafo tig‘idin bag‘ri afgormen,
Na zulm etsalar jonima, yormen,
Dilozorlardur, dilozorlar.

Shahi mulki Homun qilurlar meni,
Bu dasht ichra Majnun qilurlar meni,
Sirishkimni Jayhun qilurlar meni,
Ko‘zim yoshi gulgun qilurlar meni,
Sitamkorlardur, sitamkorlar.

Chu men qoshi yolarni qurboniyam,
Giriftori zindoni hijroniyam,
Bu qotillari asru hayroniyam,
Alar kushtai tig‘i parroniyam,
Bu xunxorlardur, bu xunxorlar.

Qadim xamligi qoshlari yosidin,
Xarob o‘lmag‘im chashmi shahlosidin,
Ko‘zim qoni la’li tamoshosidin,
Jununim o‘shal zulf savdosidin,
Nigunsorlardir, nigunsorlar.

Ko‘zingdur menga fitna barpo qilan,
Boshim uzra yuz sho‘ru g‘avg‘o qilan,
Meni olam ahlig‘a rasvo qilan,
Ko‘ngul maxzani ichra yag‘mo qilan,
Bu ayyorlardur, bu ayyorlar.

Chamanda xirom aylamish ul pari,
Qilib jilva andoqki kabki dari,
Yuz ustida gul bargidin chodari,
Boshi uzra solmish qizil me’jari,
Guli norlardur, guli norlar.

Ajoyib ki bu bir necha dilrabo,
Demaslarki bu shoh erur, yo gado,
Agarchand xoni zamonam, bango,
Hama eldin ortiq qilurlar jafo,
Ajab yorlardur, ajab yorlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.