Poʻrtana (1920)
by Abdulhamid Choʻlpon
335052Poʻrtana1920Abdulhamid Choʻlpon

Po‘rtana qo‘zg‘aldi, po‘rtana yurdi,
Po‘rtana o‘zini qirg‘oqqa urdi,
Po‘rtana oldida bir kema ko‘rdi:
Ichida zich odam… o‘ynatdi, surdi!

Ul kuchli, ul botir, ul qo‘rqmas, yuraklik,
Ul mag‘rur, kerilgan ham majnun, hovliqma;
Faryod der qirg‘oqlar undan, shu tug‘rolik
Shahardek kemalar unga bir «luqma»!..

Ul o‘zi qon ichar, qon olar bo‘lsa-da,
Bag‘rida sevgisi kuchli.
Baqirib, o‘kirib, yugurib yursa-da,
Go‘zalni suyuvga o‘chli…

Suv qizi:
Chiroyli, sochlari qop-qora
Bo‘ynidan sochilgan, tarqoq.
Ko‘zlari dil tortar, yiroqdan bir qara,
Ilinding… rahmsiz ul tuzoq…

Ko‘zlari kiyikni ko‘r qildi, ko‘rmading,
So‘zlari – bulbulni tutqun;
Yuzlari oylarni botirdi, bilmading,
Bulutlar ostiga qochib kirdi kun!

Ana shu go‘zalni, ana shu malakni,
Yo‘q yanglish… falakni
Po‘rtana ko‘ksida saqlar;
Yerlar sarf etar g‘ayratni, emakni
Ish qilib malakni,
Yo‘q… jahon, falakni
Oq ko‘pik ichida oqlar!

Ba’zida hisobsiz oq ko‘pik ichiga
Sultondek tutqizar uni;
Dam ko‘kka irg‘itib, dam tortar ko‘ksiga.
Shu yo‘lda o‘ynatar qizni,
Kuldirib u nurli yuzni,
Suydirib u ohu ko‘zni,
Qul qilib sizni ham bizni…

Ko‘piklar… u oppoq sanoqsiz ko‘piklar
Yulduzdek jimirlab turalar;
Ko‘piklar… u kichik, chiroyli ko‘piklar
Oshiqning ko‘nglidan uralar…

Qichqirar, bo‘kirar – o‘kirar yo‘lbarsdek,
Yugurar, sekrar, otilar devdek.
Oldida hech to‘siq, hech mone qo‘ymasdek
Intilar… o‘ng-so‘lin ko‘rmay!..

Ko‘tarsa boshini, ko‘klarga tegadir,
Bulutlar, chaqmoqlar dahshatda;
Egsa ul bo‘ynini ko‘p vaqt egadir,
Suv tegin ko‘rasan vahshatda.

Jonvorlar qo‘rquvda… dahshatda titraydir,
Baliqlar o‘limni kutalar;
Kuchligi kuchsizni yutmaydir, sitmaydir,
Qo‘rquvdan og‘ular yutalar!..

Dengiz tinch, qo‘rquv yo‘q. Qiyomat uxlaydir.
Po‘rtana jimjitdir – o‘yda.
Shamolni po‘rtana qo‘zg‘atmay saqlaydir,
Qo‘zg‘almoq degan so‘z yo‘q o‘yda…

Bu mahshar, qiyomat, po‘rtana. To‘lqinlar –
Hammasi yo‘qsilning ko‘nglida.
Bir damda dunyoni kuydirar vulqonlar
Ojizning u o‘tli dilida…

O‘yna, ey to‘lqinlar, po‘rtana, dahshat sol,
Qirg‘oqlar titrasin qo‘rqib;
Ko‘k yuzi, yer osti tinch bo‘lsa – vahshat sol
Daryodan suv tashlab, purkab!

Bu menim keng ko‘nglim g‘alvani, janjalni,
To‘polon, qo‘zg‘alish, chuvalash,
Isyonli, to‘fonni
Suyadir; shuning-chun dunyoni, jahonni,
Tog‘ va tosh –
Hammasin ag‘darmoq istaydir,
Yonadir, kuyadir…

O‘yna, ey po‘rtana, to‘xtatma, quvvat ol,
Chog‘ kelgach, erinib yotma, uxlama,
Bo‘lmasni yo‘qlama.
Ko‘p ezgan dushmandan,
Past jondan
O‘chni ol, o‘chni ol, o‘ch ol!..

Toshkent. 1920, may


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"