Qadrli mehmonlarni qarshi olish

Qadrli mehmonlarni qarshi olish (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
335386Qadrli mehmonlarni qarshi olish1925Abdulhamid Choʻlpon

Aqrab (o‘ktabr)ning 2 nchi kuni.

Jum’a.

Hamma bo‘sh. Shu uchun Eski shahar bir hayit (bayram) shaklini olg‘an. Odam degan narsa jimir-jimir qaynaydur. Tegirmon toshi bilan Charxi falakning orasi qiyoma-qiyomat!

Qishliq tiyotruning o‘ng biqinig‘a yoppa yig‘in kunlari uchun ataylab kichkinagina bir ko‘rgazma (vistavka) uyushdirilg‘an. Qator do‘kanlarning birida Farg‘ona paxtaqo‘m idorasining texnika bo‘lagi tomonidan paxtani ekib va uni ishlab chiqaraturg‘an turli-tuman moshinalar qo‘yulg‘an, uning yonida yana paxta idorasining o‘zi tomonidan paxtachiliqqa oid bir bo‘lim ochdirilg‘an. Uning yonida ipakchilik bo‘lumi ochilib, unda o‘zimizning tubjoy ipakchilar pilla qaynatib, ipak pishitib, yigirib, o‘rab o‘lturadurlar. Odamlar tiqilishib, bir-birini turtushub turub tamosha qiladurlar.

O‘sha o‘rtadag‘i samovorlar ham mindi-mindi. Odatdagi kabi qator-qator cho‘zulub ketkan kirakash izvoshlar yo‘q. Hammasi vag‘zalda, mehmonlarni kutadur: xalq ham – ko‘zi yo‘lda, katta ko‘chadan bitta ot qattig‘roq chopib kela boshlasa ham:

– Ana, ana kelib qoldilar! – deb bir qaynab oladur.

Temiryo‘l bekatining tor maydonchasini sira so‘ramang: qiyomat! Shaharning hamma mehnatkash tashkilotlari shunda – bayroqlari bilan istiqbolg‘a chiqqanlar. Qishloqlardan kelgan dehqon vakillar – ular ham qatorg‘a kirib, yo‘lg‘a ko‘z tikkanlar.

Avg‘on bog‘ning ro‘barasiga kelgan poyez, sevinchi so‘rab yotqan boladak o‘kiradur:

– Tuv, tuv! Tuv, tuvvvv… tuv!

To‘palang boshlanadur. Tartib saqlashqa imkon qolmaydur. Har kimning fikri: ulug‘ mehmonlarni bir nafas burun ko‘rub olish!

To‘palang, qiy-chuv ichida ko‘k adipli hipqit va o‘txona voshshillab bekatga kirib keladur: yana mindi-mindi!

Vag‘o‘ndan bir muncha hukumat a’zolari bilan birga tushgan ishchi-dehqon oqsoqoli o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li bekat sahniga chizilg‘an mehnatkash saflarini aylanib yurub, hammalariga bir qurdan “salom” beradur. So‘ngra bekatning yonig‘a soling‘an go‘zal minbardan tuman – shahar ijroqo‘mining raisi o‘rtoq Hakim Xo‘jayefning yo‘g‘on, lekin kuchi ozroq, bo‘shangroq ovozi ko‘tariladur:

– O‘rtoqlar! Men Andijon tuman – shahar firqa qo‘mitasi va ijroqo‘mi tomonidan shaharimizga marhamat qilg‘an aziz mehmonlarg‘a “xush keldingiz!” aytaman.

Olqish to‘foni.

“Urra!”, “Yashasun, O‘zbekiston markaz hukumati!” degan tovushlar.

O‘rtoq Hakim Xo‘jayefdan keyin viloyat ijroqo‘mi tomonidan o‘rtoq Alixo‘jayef so‘z olib mehmonlarni “xush keldingiz!” qiladur va Andijonda ochilaturg‘an majlisdan jumhuriyatimizning va shu jumladan Farg‘onaning xo‘jaliq jihatidan ko‘tarilishi yo‘lida jiddiy qarorlar umid qiladur. Undan so‘ng navbat bilan temiryo‘l ishchilari, qo‘shchilar, kasabachilar va qizil kashshoflar “xush keldingiz!” qildilar. Bularning hammasiga o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li javob berdi va yoppa yig‘inning ahamiyatini va uning ro‘znomasidagi mas’alalarning mohiyatini xulosa qilib o‘tdi.

Shundan so‘ng hamma hozirun Eski shaharga qarab jo‘naydur.


Eski shaharda ham o‘sha binoqat bo‘lub kutish, o‘sha “ana-ana!”lar o‘sha “mindi-mindi”!

Narimonif boqchasi qarshisidag‘i keng maydonga taqtadan o‘roq-bolg‘a haykali yasalg‘an. Haykalning yarim belidan turub Hakim Xo‘jayef majlisni ochadur va o‘zi tuman firqaqo‘m va ijroqo‘m tomonidan qutlag‘andan keyin, navbat bilan Muhammadali Otaboyef (qora ishchi, profsoyuz tomonidan), Badalboyef (yoshlardan), Qurbonif (uyg‘urlardan) “xush keldingiz!” qiladurlar. Ularga o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li javob berib – kammunistlar firqasining milliyat siyosatidan, milliy chegaralanishdan, O‘zbekistonning tuzulishidan, ochilg‘usi majlisdan va uning vazifalaridan gapiradur. Undan so‘ng O‘zbekiston markaz firqaqo‘m javobgar kotibi o‘rtoq Akmal Ikromif so‘z olib, O‘zbekiston kammunistlar firqasi va sho‘rolar hukumati qoshida turg‘an eng muhim mas’alalardan ma’lumot beradur.

Xalq orasida o‘rtoq Oxunboboyef to‘g‘risida, umuman yoppa majlis to‘g‘risida ko‘b gap bo‘lub turdi. Yig‘in (miting)ga to‘plang‘an xalqni, “mollarni arzon qilish” mas’alasi ancha qiziqtiradur. Bir kosib bir qo‘lidag‘i bir bog‘ piyozni u qo‘lig‘a olib turub yonidag‘i kishiga:

– Molni arzon qilish degan gap ham yaxshi gap. Hukumatimiz shundoq ishlarga bel bog‘lag‘an bo‘lsa – yaxshi, ish qilib… yaxshi! – deydir.

Yig‘in tugagach o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li o‘t aravaga o‘turub jo‘naydur, orqasidan bir muncha xalq uni ancha joyg‘acha uzatib, “yashasun!” qilib boradur.

Q.

“Farg‘ona” gazetasi,

1925-yil, 3-oktyabr.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"