Qayerdan topqan ekanlar?!
Bu kun ba’zi bir bo‘lus ijroqo‘m boshliqlarining o‘g‘ullarini to‘y qilish niyatida o‘n kunlab to‘y-tamosho qilib, allaqandoq o‘rinsiz, behuda isroflarga urnab turg‘anliqlarini eshitmakdamiz.
Mana shular jumlasidan, Isfara bo‘lus ijroqo‘mining boshlig‘i Otaboy o‘g‘li degan bir “oliyhimmat” o‘rtog‘imiz Marg‘ilondan tortib qiziqchilar chaqirib, aqlg‘a to‘g‘ri kelmayturg‘an ishlar, dabdabalar bilan to‘y qilmoqdalar. Bu kishining qilg‘an sarflari, tutqan ishlarini eshitib: “Buncha pulni bu o‘rtog‘imiz qayerdan topqan ekanlar?” deb kishi hayron bo‘ladur. Voqean, bu kun qishloq, bo‘lus ijroqo‘mlarimiz oyliq ololmay, tuzukrak bir ta’minotga ega bo‘lmay turg‘anlari vaqtda Isfara volijroqo‘mining bu xilda pul chochib, dabdabali to‘ylar qilishi qiziq va sirli bir ishdur.
Mana bu to‘y, bizga ikki turli mas’alani keltirib chiqaradur:
1) o‘rtoq Otaboy o‘g‘li bunchalik to‘y qilishdan katta bir boyning bolasig‘a, meros boybachchasiga o‘xshaydur. Bu holda Isfara mehnatkashlarining ustida bu xilda boybachchaning ijroqo‘m bo‘lub o‘turishga kim yo‘l berdi?
2) O‘rtoq Otaboy o‘g‘li o‘turg‘an mansablaridan foydalanib, Isfara ishchi-dehqonlarining terisini sidirib cho‘ntaklarini to‘ldirg‘ang‘a o‘xshaydurlar. Isfara volijroqo‘mi to‘g‘risida bir vaqtlar gazeta betlarida yozilg‘an shikoyatlar shu ehtimolning haqiqat ekanligiga tonuqliq beradir. Mana bu hollar ko‘rsatadurkim, pastgi sho‘ro tashkilotlari mehnatkash dehqonlarning boshlig‘i va yo‘lboshchisi bo‘lush o‘rnig‘a, ularning kuchidan, peshona terisidan foydalanaturg‘an har xil chayqovchi kishilarning qo‘lida o‘yinchoqdur. Shuning uchun pastgi sho‘ro tashkilotlarini tozalash, yaxshilab va mustahkam yo‘lg‘a qo‘yish mas’alasi eng muhim va zarbali bir yo‘sung‘a qo‘yilishi kerak. Bu kungacha bu to‘g‘rida, og‘izda, qog‘ozda gapirib kelgan bo‘lsaq, endilikda ish va qat’iy harakat bilan hal etishimiz, pastki sho‘ro tashkilotlaridan shu xilda buzuq, yaramas unsurlarni haydashimiz lozim.
Shumg‘uya
“Farg‘ona” gazetasi,
1925-yil, 6-yanvar.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|