Qiz qo‘shig‘i
O‘ksiz ko‘ngil qushi
Tushdi qafasga.
Sira yetolmaydir
Erkin nafasga –
Qora kunlar tushdi menim boshimga.
Siqiq qafaslarda
Yayray olmayman.
Jannat bog‘lar bor-ku,
Sayray olmayman –
Yomon kunlar tushdi menim boshimga.
Qip-qizil qon bo‘lib
Kunlar botadir…
Yomon hidga to‘lib
Tonglar otadir… –
Og‘ir kunlar tushdi menim boshimga.
Jannat kabi bog‘lar
Bulbulsiz qolgan…
Osmon bo‘yi tog‘lar
Qulunsiz qolgan… –
Qiyin kunlar tushdi menim boshimga.
Ko‘z yoshimda yuvsam
Yurtning bag‘rini.
Tilim bilan so‘rsam
Oqqan qonini… –
Qonli kunlar tushdi menim boshimga.
Hasratim ko‘p, elga
Ayta olmayman.
Armonim ko‘p, dilga
Joylay olmayman –
O‘tli kunlar tushdi menim boshimga.
Qafaslarni buzib
Uchsam osmonga!
Kishanlarni uzib
Yetsam jononga!.. –
Yorsiz kunlar tushdi menim boshimga!
Andijon. 1923, 1-iyul
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|