Qiziqlar (1936)
by Abdulhamid Choʻlpon
334305Qiziqlar1936Abdulhamid Choʻlpon

Aytadilarki, burun zamonda bir xonning o‘ziga xos qizig‘i bo‘lar ekan. Bir kun xonga salom bergali kirganida u qiziq bilan xon o‘rtasida mana bunday bir so‘zlashuv bo‘lub o‘tgan:
X o n: – Xo‘sh, falonchi, qalaysan?
Q i z i q: – Otdek, taqsir.
Xon (kulib): – Otdekmi, itdekmi?
Q i z i q: – Bo‘lmasa, soyai davlatlarida itdek…
Xon (jiddiy): – Nimaga bo‘lmasa, ilgari «otdek» deb eding?
Q i z i q: – Unda, taqsir, soyai davlatlari boshimizga yetmagan edi.
Buni naql qiluvchilar undan narisini, ya’ni shu javobdan keyin bechora qiziqning boshi omon qolg‘anmi yo darhol tanidan judo qiling‘anmi – buni aytmaydilar. Odatda, saroy mojarolarini ko‘prak saroyning xos tarixchilari – «voqeanavislar» yozar edilar. Ularning ko‘pchiligi quruq maqtovchidan iborat bo‘lgani esa hammamizga ma’lum. Bir saroyning razolatlarini faqat ikkinchi saroyning voqeanavisi jur’at qilib yoza olardi. Podshohlarga til tegiza olmoq, ularni haq va haqiqat ustida bir oz tanqid qila bilmak uchun Firdavsiy va Fuzuliy kabi saroydan yiroq turgan va yuksak shoirlik maqomig‘a erishgan kishilar kerak edi. Tarixda bunday siymolar kam uchraydi.
Saroy voqeanavislari jim qolg‘an bo‘lsalar-da, yuqoridag‘i javobni bergan qiziqning xon hazratdan, har holda, siylov olmagani o‘z-o‘zidan ma’lum. Bunday nozik paytlarda jim qolishning o‘zi ham ko‘p narsani bildiradi. Xalqning o‘zi «indamaganim – nima deganim» demaganmi axir?
Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, xalq ko‘pchiligi o‘z dardini bir yulg‘un bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda (bu xususda ma’lum bir hikoya bor emasmi – «podshohning boshi kal ekan»), xalqning og‘ir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, ko‘pchilik fuqaroning dard va hasratlarini bironta saroy yoki xalq qizig‘i chiqib «hazil» yo‘li bilan yedirib yuborardi. Katta-katta izdihomlarda, yillik sayillarda, necha kecha-kunduzlik to‘ylarda so‘z qilaturg‘an qiziqlar necha ming­larcha xalqning juda zo‘r maroq bilan o‘zlariga tikilib turganini ko‘rsatganlaridan keyin jamiyatning fayzi bilan dadillanib, mamlakatning kattalarini, beklar, hokimlar, qozilar, raislar, muhrdorlar va hatto xonlarning o‘zlarini tanqid qilib tashlar edilar. Natijada ba’zilarining boshi ketib, ba’zi birlari «oq uylik» (badarg‘a) qilinib, bir xillari esa boshqa mamlakatlarga qochib, xonavayron bo‘lardilar. Faqat ularning og‘izlaridan chiqqan buyuk haqiqatlar haqiqatgo‘y shoirlarning o‘lmas asarlari kabi xalq ko‘ngliga yozilib qolardi va muchallardan muchallarga o‘tardi. Faqat shoirlarning asarlari qog‘oz betiga bitilgani uchun shu kungacha saqlanib qolg‘ani holda, u qiziqlar aytgan haqiqatlar tildan-tilga ko‘charkan, yuz yillarning uzun yo‘llari ichida o‘chib, yo‘q bo‘lub ketganlar.
Yaqin Sharqning mushtarak xazinasi demak mumkun bo‘lgan Nasriddin Afandi shu ulug‘ eranlarning ustozi emasmi? U ham shu «qiziq» degan sharafli nom ostiga kiradi. Qiziqliqni shariatga xilof deb uni past poyaga tushurganlar past poyali ruhoniylardan boshqalar emasdi! Hali o‘rganilmagan, tekshirilmagan va ochilmagan, feodalizm davriga oid tariximizda katta haqiqatgo‘y qiziqlar ko‘p bo‘lushi kerak. Ezilgan, jabr va zulm ostida ingragan xalqning ko‘ngul ochishga, xursand bo‘lushga, o‘ynash, kulush va yayrashga bo‘lgan tabiiy va kuchlik mayli, ruhoniy jandarmalarining sun’iy to‘squnliqlarini yemirib o‘tgan ana o‘sha kuchli mayl, ana o‘sha katta talab o‘ziga yarasha katta ustozlar yetishtirgan. Folklor adabiyotini yaxshigina tekshirayotgan ilmiy markazlarimiz u adabiyotning mana shu muhum qismig‘a ham keragincha ahamiyat bersalar, ko‘p qimmat narsalar qazib chiqarilajaq, bir qancha kulki xazinalariga ega bo‘lajaqmiz.
Burun o‘tgan ulkan qiziqlarni, shu topda hayot bo‘lub, keng ommani kuldirib kelgan katta va kichik qiziqlarni bir oz so‘rashtirdim.
Xudoyor davrining mashhur qiziqlaridan bo‘lgan Normat «og‘zi katta» bilan Abdulazizdan narisini hech kim bilmaydi. Ulardan keyin hozirgi Yusufjon aka (Marg‘ilon)ning ustozi bo‘lgan Matxoliq qiziq keladi, uning to‘g‘risida Yusufjon akadan ma’lumot olish mumkun. Balki, Yusufjon undan naridagilar to‘g‘risida ham ma’lumot bera olar. Har holda, bitta-­yarimta manbalarning borligini g‘animat bilib, biron narsa olib qolish kerak edi. Bu ham ilmiy tekshirish muassasalarimiz bo‘yniga tushaturg‘an vazifa.
Matxoliq qiziqni Farg‘onada eshitib bilganlar ko‘p. Bu odam o‘lar holatida ham qiziqchilig‘ini qo‘ymag‘an. Bu to‘g‘rida mana bunday bir latifa naql etadilar:
Matxoliq qiziq o‘lim to‘shagida yotadi: ahvoli og‘ir; na­fasdan nafasga uning uzulishini kutadilar. Shunda Yusuf­jon boshlaydi:
– Usta, shunaqa qilib safarga bel bog‘ladingiz, shekilli. U dunyoni ko‘p uzoq deydilar, charchamasdan, qiynalmasdang‘ina yetib oling-da, ishqilib… Salomat borib olsangiz bizdan ilgari ketganlarga – Normat «og‘zi katta», Abdulaziz qiziqlarg‘a salom aytib qo‘yasiz-da…
– Ha, salomingni ham aytaman. «Hech esi kirmadi shu Yusufning, nafasi borgan sari muzlaydi», – deb jindek maxtoving­ni ham qilib beraman.
– U dunyoda ham odam serob deydi. Ma’rakalarda so‘z qilib u yerlardagilarni ham kuldurib turarsiz?
– Ha, ma’rakani bor-yo‘g‘i o‘sha yerda quramiz-da!
– U yerning odamlari bu yerlarnikidan saxiyroq deydi. Ishlaringiz taraqlab, qo‘lingizg‘a ko‘p-ko‘p pul tushsa, bizga ham oz-oz uzatib turasiz-da!
– Ha, albatta, qo‘yamanmi? Bozor chaqqon bo‘lub ketsa, bir enlik xat yozib o‘zingni ham oldirib ketaman!
O‘layotib ham qiziqchilig‘ini qo‘ymag‘an bu odamlarning tirik vaqtlarida ko‘pchilikning ruhiy ahvoliga qanday ta’sir ijro qilg‘anlari o‘z-o‘zidan ko‘runib turadi.
Yusufjon hali hayot. Bugun Rishton rayonida ishlab turadi. Uni butun Farg‘onada bilmagan odam yo‘q. Toshkent, Samarqand, Buxoroda ham uning shuhrati bor. Qiziqchilig‘idan tashqari hamma kuylarimizni yaxshi bilgan, kuylarimizning cholg‘u qismidag‘i usul (zarb)lar xususida va ham milliy raqsda ustoz sanalgan bu odam o‘zining eski repertuari bilan kolxozchi ommani hali ham kuldurib keladi. Uning bosmachilar, ularning katta-katta qo‘rboshilari, shaharma-shahar qatnayturg‘an savdogarlari to‘g‘risidag‘i latifalari hali ham tildan-tilga o‘tib yuradi. Yusufjon akaning hayotida undan foydalanish (qiziqliq tarixiga oid materiallar olish, raqs va cholg‘u usullarini o‘rganish, yozib qolish) kerak edi.
Qo‘qonda mashhur askiyachilar (Yunus va boshqalar), Komil qori degan bir qiziq, uning yonida yana sheriklari bor. (Burunroq o‘tganlar Normat va Shamatlar.)
Marg‘ilonda Yusufjon akadan tashqari Mamajon maxsum, Sulaymon qori, Usmon qori degan qiziqlar, Jalil bo‘qoq, Mamajon qovoq, Mamat bobo degan askiyachilar bor.
An(di)janda Orif garmonchi bilan uning sheriklari.
Xorazmda burun o‘tganlardan Bolta qiziq, Bobo to‘q-to‘q, hozirgilardan Yusuf va Qurbonboy shallamalar, Avaz bobo. Bu so‘nggisi hozir shuhrat chiqarg‘an qiziqlardan.
Namanganda Mirzarahim surbet degan bir duradgor ko‘p majlislarni obod qilib yuradi.
Toshkentda Karim qiziqni bilmagan kim bor? Uning ancha boy repertuari bor. Bu odam rus klounlaridan eng mashhurlarini ko‘rgan, bir qadar ularning ta’siriga tushgan. Uning birinchi daf’a maydonga chiqishi 1905 – 1906 yillarda, 30 yildan beri tsirk olamida ishlaydi. Yolg‘iz qiziqchi emas, yaxshi muallaqchi, ot o‘ynatuvchi (uning xotini o‘ziga partner bo‘lub o‘ynaydi).
Burunroq Toshkentda Abdulla fonuschi, Said Ahmad askiya, Said Ahmad dukkibosh, G‘ozibek deganlar bor edi. Bulardan ba’zilari butun O‘zbekistonga tanilgan kishilar. Bu askiya­chilarning piri (ustozi) Askiyabiy degan odam, uning doimiy sherigi Ismat askiya, bular bir-birlariga nazm yo‘li bilan tegishardilar. Askiyachilik bir vaqtlar juda avj olgan san’at edi. Bu kungi Tekstilkombinatning bozorchasi bo‘lub turgan joy ilgari «Askiya» deyilardi.
Aka Buxoriy degan bir qiziq qanchadan beri Ikromov parkida xalqni kuldirib keladi. Respublika kolxozlarida qancha qiziq, askiyachi, payrovchi, chanduvchi yigitlar bor.
Shular hammasi san’at ishiga rahbarlik qilaturg‘an idoralarning diqqat va e’tiborlaridan yiroqda, o‘z boshlariga xalqni kuldurib keladilar. Keng omma tsirkni yaxshi ko‘radi; tsirk qiziqlarini, umuman, qiziqlarning o‘yinlarini sevadi. Bizning san’at idoralari, tiyotr rahbarliklari, yozuvchi, shoir va boshqa san’atkorlarimiz esa shu choqqacha keng ommaning ehtiyojiga xizmat etaturg‘an qiziqliq san’atini hech bir qaramay, u muhum san’atni pisand qilmay, nazarlariga ilmay keldilar. Qiziqlarimizning hammasida ko‘rulgan repertuar qahatchilig‘i, daqqi Yunusdan qolg‘an qiziqliqlarning hadeb qaytarila berishi, qiziqlik repertuariga mazmunlar kirmasligi – yolg‘iz qiziqlarning aybimi?
Masala faqat tekshirish va tarixga material olish ustida emas, bizda kundan-kun gullab kelayotgan, har yerda maxtalgan, o‘zini ko‘rsatgan, Shekspir asarlarini qo‘yush darajasiga erishgan tiyotr bor. Uning ozig‘i faqat klassiq va zamona asarlaridan, tarjumalardan iborat bo‘lub qolsa, to‘g‘ri kelmas.
Qozoq tiyotrining katta muvaffaqiyati, undan avval Uk­raina kollektivi qozong‘an g‘alabaning asosi xalq ijodiga suyanganida edi, achchig‘ bo‘lsa ham haqiqat shundaki, biz bu jihatga tiyotr ishlarimizda hozirgacha ko‘p ahamiyat bermadik.
Xalq qiziqlarini o‘rganish tiyotrimizning komediyachilik tomoni uchun katta oziq beradi. Buni kech bo‘lsa ham iqror qilib, shunga yarasha tadbirlar ko‘raylik. «Hamza»ning ilmiy laboratoriyasiga bironta qiziqning qadam qo‘yg‘ani ma’lummi? Biz bilmaymiz.
Qiziqlar hozir kulushga va yayrashga erishgan xalq uchun yanada kerakli kishilar. Ularni, ularning asarlarini, ularning ommaviy va yangi ijodlarini yolg‘iz sayillar, to‘ylar va ochiq maydonlardagina emas, o‘pera, dram, komediya sahnalarinda ham ko‘rmak istaymiz.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"