Qonli va og‘ir-qayg‘uli kunlar

Qonli va og‘ir-qayg‘uli kunlar (1926)
by Lutfulla Olimiy
334557Qonli va og‘ir-qayg‘uli kunlar1926Lutfulla Olimiy

«Bir ming sart bir o‘ris soldotining etigining poshnasig‘a arzimaydir» (Farg‘ona gubernatori Ivanofning so‘zi)

1916 yil iyul oylarida, ro‘za vaqti, kunlar issig‘, har yerda ish, dala jonlang‘on, paxtalar chopiladir, bedalar o‘riladir, qovunlar uziladir, bozorda qiymatchilik boshlang‘on, xalqni ochliq dahshati qo‘rqutmoqda, dehqonlarning eng yaxshi otlari podshoh hukumati tomonidan oling‘on. Har yerda ochliq alomatlari ko‘rinadir.

Xuddi ana shu joyda xalqning og‘zida g‘ivir-shivir so‘zlar:

— 19 yoshdan 40 yoshg‘ocha musulmonlarni askarlikka olar emish.

— Yo‘q. Askarlikka emas, mardikorga olar emish. Ro‘znomada shunday yozilibdir.

Xalq orasida hayajon, butun fikr shu masala ustida yo‘natilgan. Ba’zi kishilar o‘z o‘g‘lining oyog‘ini sindirib askarlikka (mardikorlikka) yaroqsiz qilmoqchi, ba’zilari agarda hukumat ro‘yxatga olmoq uchun kelsa, ro‘yxatchining qorniga pichoq solmoqchi.

Pichoqlar, teshalar, boltalar, xanjarlar qayralg‘an. Machitlarda, xonaqohlarda yig‘i-sig‘i, onalarning bag‘ri qon, ko‘zlari yoshli.

Podshoh uchun boshlang‘on urushning oxiri ko‘rinmaydi. Qiymatchiliq, jabr-zulm, milliy qisinqiliq, xalqning butun tilagi har nechuk bo‘lsada, podshoh xukumatining og‘dorilishi. Buning ustiga «podshoh hazratlari»ning «farmon oliy»lari: «Urushning orqasidog‘i har xil qora ishlarini o‘tash uchun Turkistonda 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lg‘on barcha erkak zoti safarbarlikka chaqirilsin!»

Ko‘p o‘tmasdan 19 yoshdan 43 yoshg‘acha bo‘lg‘on kishilarning ro‘yxati boshlandi. Shuning bilan birga xalqning yuragiga 30 yildan beri podshoh istibdodiga qarshi hozirlong‘on isyon olovlandi, har yerda tashviqot:

— Podshoh eng avval otlarimizni olib piyoda qoldirdi, bizni kuchsizlantirdi. Endi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lg‘on butun yigitlarimizni olib, bizni butunlay bitirmakchi. Mamlakatimizni o‘ris unsuri bilan to‘ldirmoqchi!

Buni ziyolilar so‘zlaydi.

Imomlarningda bir fikri bor:

— Musulmonlarning dushmani bo‘lg‘on podshoh bizning naslimizni qurutib, islom dinini yo‘qotmoqchi.

Ertaga ro‘yxat boshlanadi… degan xabarga xalq mana bu xilda javob beradir:

— Biz ro‘yxat qildirg‘oli qo‘ymaymiz. Podshohga bolalarimizning tirnog‘ini-da bermaymiz!

Tong otdi; bu kungi issig‘liq boshqa kundagilarga qarag‘onda issiroq. Shamol ham yo‘q. Qushlar ham sayramaydilar. Bu dunyo allaqanday dahshatlar kutadir.

Ana pristaf, mingboshilar, palisalar mahallaga xalqni ro‘yxat qilish uchun chiqdilar, lekin mahallalarda, uylarda yosh bolalar, qari xotinlargina qolg‘on; yosh kishilar hammasi hukumatga qarshi kurash uchun bir joyga to‘plong‘on. Hammaning yonida pichoq, bolta, xanjar va boshqa o‘qsiz qurollar.

Yig‘ilg‘on xalq orasida so‘fiylar, zokirlar ham bor, ular zikrisamo’ bilan xalqning diniy hayajonini ortdiradirlar.

Mana hozir xalqqa qarshi soldotlar, miltiqlar, pulimutlar keladir. Lekin xalq qo‘rqish darajasidan o‘tgan.

Hokim tomonidan buyruq:

— Tarqalinglar!

Xalq javob beradi:

—Sen soldotlaring va pulimutlaring bilan ket, so‘ngra biz tarqalamiz.

Ko‘p-da o‘tmadi. Ellik mingdan ortiq xalqqa qarshi pulimutlar va miltiqlardan otish boshlandi. Xalq boshda o‘lganiga qaramasdan pulimutni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rsa-da, undan yomg‘ir singari yog‘ilib turg‘on o‘qlar xalqni yaqinig‘a keltirmadi. Pichoqlar miltiq bilan pulimutga qarshi kurasha olmadi. Xalq yengildi. Xalq qochdi. Soldotlar, palisalar ularni orqasidan quvlab borib ko‘rgan joyda otti, chopdi, maydonda, ko‘chalarda yigitlar, chollar, o‘spirinlar qonlarga bo‘yalib yotadir. Ikki qat xotunlarning qorinlari ustida podshoh soldotlarining nayzasi sanchilib turadir. Yiqilg‘on go‘daklarning qizil lablari ko‘kargan, yosh qizlarning kesilgan boshlaridagi qora sochlari yuzlariga o‘ralib, ularning betlarini qonxo‘rlarning ko‘zlaridan saqlaydilar. Yaradorlarning ingragan tovushlari yaqinda oqib shovullab turg‘on suvga qo‘shilib oqadir. Shahar qon ichida. Xalq qilar ishini bilmaydir. Maydonga chiqmoq uchun qo‘lida qurol yo‘q.

Lutfullo Olimiy, Farg‘ona

«Er yuzi», 1926 yil, 11-sonidan olindi.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Qonli_va_og%E2%80%98ir-qayg%E2%80%98uli_kunlar