Qoqilg‘ang‘a javob

Qoqilg‘ang‘a javob (1926)
by Abdulhamid Choʻlpon
335241Qoqilg‘ang‘a javob1926Abdulhamid Choʻlpon

“Qizil O‘zbekiston”ning o‘tgan sonlaridan birida gazetaning Maskov muxbiri o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘lining Maskov sayohatidan yozib turib bu yerdagi o‘zbek dramstudiyasiga picha qoqilib o‘tgan. Albatta, yo‘l bilgan kishi, orqa-oldinga qarab qadam bosgan kishi qoqilmaydi. Muxbir o‘rtoq tiyotr san’ati ko‘chasidan g‘ofil bo‘lsa kerakkim, kulgu bulg‘unday yomon va xunuk qoqilibdir. Balki, u ko‘chadan o‘tgandir-da, lekin o‘t-arava yoki yaxshi otli izvosh bilan… Shuning uchun piyoda o‘tilmakchi bo‘linganda qoqilib ketilgandir. Mayli, hech bokiysi yo‘q. Istudiyaning mana bu qisqa “Spravka”larini xotirg‘a olib qo‘ysalar bo‘ladi:
1. Muxbir o‘rtoq o‘ltirgan kechada “Yorqinoy” pyesasidan ikki pardasi qo‘yilgan edi. Undan ilgari O‘zbekistonning turli shaharlarida suflyorsiz yetti marta qo‘yilib o‘tgan bir asarning o‘ynag‘uvchilari ro‘lni yod bilmaydi emas, biladi, faqat nima uchundir muxbirning ko‘ziga shunday ko‘rinib ketgan. Maskov bilim yurtining sahnasi ko‘p tor bo‘lub, o‘yinchilar sahnaning oldiga (suflyor joyiga) yaqin kelib o‘ynashga majbur edilar. Balki, shu sababdan muxbir o‘rtoq gumonga tushgandir. Yo‘qsa, o‘sha sahnada suflyor joyi yo‘q edi.
2. Siddiq hoji o‘zini allakim deb hech kimga tanitgani yo‘q. U istudiyaning bir talabasi. Ko‘pning talabi bo‘yicha chiqib “Mushtum”dan olingan ba’zi narsalarni o‘qib beradi. O‘sha kecha ham ko‘p kishilar (mas’ul ishchilar) xususiy suratda so‘radilar. Hatto o‘rtoq Oxunbobo o‘g‘li ham olqishlaguchilar orasida edi. “Tochka” masalasi ma’luf bir kayf (nastroyeniye)ni anglatish uchun qo‘llanilgan narsadir. Uning yomonligi to‘g‘risida shu choqqacha shu qadar talabalardan bir og‘iz gap eshitilmadi. Holbuki, tomoshachilar, siz aytganday, yosh bolalar emas, turli yuqori bilim yurtlarida o‘quvchi ongli talabalarimiz edilar.
Umuman, konsert qismida istudiyaning kamchiligi ko‘p bo‘lsa mumkin, chunki u dram tiyotridir. Ashula, o‘yin va yalla maktabi emas. Sizdak azizlarni xursand qilmoq uchun qo‘lidan kelgancha har doiraga kirib ketar ekan, bu qadar qattiq va mag‘rurlarcha qalam yurgizish, har holda, yaxshi fazilat emasdir.
Mahbubaxon to‘g‘risidagi xushomad (kompliment)ga biz jon deb qo‘shilamiz.

Cho‘lpon

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi,
1926 yil, 20-dekabr, №292.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"