Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat

Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat (1918)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334158Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat1918Mahmudxoʻja Behbudiy

Aziz qarindoshlarim! Musulmon birodarlar! Hammangizg‘a ma’lumdurki, Turkiston, demak — turkiy el bo‘lib, mundagi xalqning qozog‘i, qirg‘izi, sarti, o‘zbegi, turkmani, tatari — hammasi aslan… jahongir… Temurning avlodi yoki og‘a-inisidurlar. Turkistondagi arab, xo‘ja va sayidlar-da o‘z tillarini yo‘qotib, balki bil-kulli turklashib va hatto, arabliklarini eslaridan chiqorib… har jihatdan birlashib ketgandurlar. Turkistonning eng oz shaharlarida va ba’zi tog‘larida bir oz fors, ya’ni tojiklar borki, alar ham kamolan musulmon va siz ila hammazhabdurlar. Tirikchiliklarining o‘zbeklardan farqi yo‘q darajadadur.

Bourlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat e’lon qilindi va siz bilingki, haq olinur, berilmas. Inchunin, muxtoriyat-da olinur, berilmas. Ya’ni muxtoriyatni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib, g‘ayrat ila olurlar. Albatta, boshqalar tarafidan berilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa, bermaslar. Biz bo‘shlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yo‘lig‘a sa’y qilmasak, albatta, hozirgi qog‘oz ustidagi muxtoriyatimizni ham yo‘q qilurlar, bul albatta, shundaydur va bul so‘zga hech kim ixtilof qilolmaydur.

Endi ishlar shu holda ekan, biz hammamiz, ya’ni qirg‘iz, qozoq, o‘zbek, turkman, arab, fors, xullas, Turkistondagi, Qozog‘istondagi va Turkmanistondagi barcha musulmonlar va ham mundagi yahudiy va xristianlar birlashib, ittifoq ila shu muxtoriyatning amalg‘a kelishig‘a sa’y va ehtimom etmog‘imiz lozimdur. Agarda bizga o‘z boshimizg‘a, shariat, urf va odatimizg‘a muvofiq tirikchilik qilmoq kerak bo‘lsa, hammamiz vaqtli nizo’ va «manman»liqni qo‘yib, hamma narsani esimizdan chiqorib, yolg‘uz «muhtoriyat» uchun har nimarsamizni fido etmog‘imiz lozimdur. Munday fursat va zamonning bizg‘a qaytib kelishi ma’lum yo‘q, qadrini bilib ishlamoq kerakdur. Vaqt o‘tgandan so‘ngra o‘kinmoq foyda etmas.

Shuni-da bilingki, qozoq o‘z boshig‘a, shahar xalqi va atrofi o‘z boshig‘a oyrilib, boshqa-boshqa muxtoriyat qilmoqchi bo‘lganda, ikkisi ham muddaog‘a yetmaydur. Siz, qozoq qarindoshlarimiz, ore, cho‘ldasiz, ammo sizdan bir ko‘p, xalqlar ham shaharlarda va shaharlar tevaragindadur. Tirikchilik shunday nimarsaki, cho‘l ila shahar va qishloq xalqini bir-biriga bog‘lagandir. Bir-biridan ajralib yashayolmaydur. Shahar xalqi ila birlashib muxtoriyatni boshqarg‘anda sizlarg‘a zarar kelmay, balki foyda kelur.

Muxtoriyatni boshqarmoq uchun yolg‘uz siz-da kifoyat etmaganingiz kabi, yolg‘uz shahar va atrofidagi xaloyiq ham kifoyat emas, balki ikkingiz-da keraksiz. Shuni-da bilingki, sizlar turg‘un xalq ila birlashib muxtoriyat qilgan ila siz ila turg‘un xalq uchun birgina nav’ qonun bo‘lmay, balki sizning tirikchilik va odatingizg‘a muvofiq alohida siz uchun naf’lik qonunlar yozilur. Shariat ham ko‘chma va cho‘l musulmonlarining urf va odatlarig‘a kenglik berg‘ondir. Siz o‘ylamangki, turg‘un xalqi va yo shariati bizni qisadur. Yo‘q, bil’aks, sizg‘a keraklik odatlaringizni sizg‘a qoldirib, siz uchun sizning ziyoli vakillaringiz qonunlar tuzaydurlar. Tog‘ va shahar xalqlari uchun-da, boshqa-boshqa qonunlar tuzalur.

Hatto, Turkistondagi ba’zi uyezd va shaharlar uchun alohida qonunlar tuzalur. Na uchunki, hammaning tirikchiligi bir emasdur. Yahudiy va xristianlar uchun-da, boshqa qonunlar tuza olur. Har bir xalqning odat va mazhabig‘a rioya qilinur. Xulosa: muxtoriyatni millat majlisi har bir xalqning naf’ini ko‘zda tutub; qonun chiqarar. Agarda siz, qozoq birodarlar, turg‘un xalqdan ajralib, o‘zga muxtoriyat qilurmiz desangiz, mundan siz-da va turg‘un xalq-da zarar ko‘rar va ehtimolki, ikkingiz-da muxtoriyatdan nasib bo‘lmas, azbaski kuch taralur.

Bobokalonlarimizning mashhur nasihati bor, u o‘z o‘g‘ullarig‘a qilib ediki, birlashingiz. Masalan bir dasta tayoqni birga bog‘lasangiz, kimsa sindirolmas. Agarda ajratsangiz, birin-birin har kim sindurar. Mana, bobongizning buyrug‘i.

Chirog‘larim! Boshqa xalqlar, masalan, serblar, italyanlar, armanlar, slavyanlar, polyaklar va boshqalar, hatto, dunyoning u bir uchidagi qarindoshlari ila birlashur ekanlar, boshqa katta va quvvatli davlatlarga tobe’ bo‘lub, yutilub, hatto, tilini yo‘qotgan o‘z jinsdoshlarini ajratib olib, birlashmoqg‘a jon va kuchlarini sarf etar ekanlar, biz o‘z ichimizdagi qarindoshlarimizdan ayrilsak, uyatdur, ahmoqliqdur. Turk tomurig‘a bolta urmoqlikdur.

Ongli qozoqlar o‘ylasinlar, tarixga qarasinlar, ziyoli qozoqlar, Ovruponing ixtilof solib, millatlarni ajratmoq siyosatig‘a va ikki yuzligig‘a qarasunlar edi. Birlashg‘on Turkiston xalqining bo‘lunmoqig‘a o‘zimiz sabab bo‘lmasak edi. Barcha ixtilofchilar va boshqalar-da, albatta, zarar ko‘rarlar va alar ila barobar tatarlar-da, biz-da, mundan zarar ko‘rurmiz va ixtilofimizning jazosini tortarmiz. U kunlarimiza yig‘larmiz, ammo foyda etmas.

Chirog‘larim, birlashaylik! Ko‘rasiz, bu kungi ruslar-da birlashmoqdadurlar. Endi birlashmoq zamonidir. Agarda siz ayrilsangiz, turkman qarindoshlar-da ayrilsa, Turkiston turklari uch yerga bo‘linib ketar va barchag‘a muxtoriyatdan nasiba chiqmay qolur. Yettisuvdagi musulmon qarindoshlarga ham aytaturg‘on so‘zim shuldur.

Ondagi xristianlarg‘a kelguncha, alar bilsunlarki, Yettisuvda ko‘p bo‘lsalar-da, butun tevaraklarini musulmonlar aylantirib olg‘on va alarning-da bizning muxtoriyatg‘a qo‘shilmoqlari, albatta, o‘zlari uchun lozim bo‘lg‘onidek, Turkistonning boshqa joylaridagi ruslar uchun-da foydalikdur. Chunonchi, alar qo‘shilsa, millat majlisinda rus a’zolari ko‘payur. Bizning muxtoriyatimiz joriy bo‘lg‘ondan so‘ngra, Yettisuv ruslarining qo‘shulmasliklari aslo mumkin emasdur.

Yolg‘uz siz ila biz emas, butun Rusiya musulmonlarining birlashmoqlari shar’an va aqlan farzdur.

«Ollohning ipiga birlashingiz va tarqalib ketmangiz» Tangrining so‘zidur. Boshqa gazetalarning ko‘chirmaklari-da rajo o‘linur.

Samarqand, «Hurriyat» gazetasi, 1918 yil, 26 yanvar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.